Lyuk Besson – fransuz kinosini yangi bosqichga olib chiqishga muvaffaq bo'lgan rejissyordir. U tufayli samoviy Plavalagunaning ajoyib honishini tingladik. Rejissyor bizga yosh Natali Portman va go'zal Milla Yovovichning iste'dodlarini namoyon etdi. Bu inson mutlaqo zid holatlarni muvofiqlashtiradi, tajribalarni sevadi va qiziqtira olish qobiliyatini yo'qotmaydi.

1. Beshinchi unsur

The Fifth Element, 1997

Yaxshilik va yomonlik o'rtasidagi azaliy kurash, ammo voqealar XXIII asrda yuz beradi. Sobiq askar, hozirda esa taksi haydovchisi bo'lib ishlayotgan Korben Dallas o'ziga xos yo'lovchiga duch keladi – qiz uning avtomobiliga to'g'ri osmondan tushgani yetmagandek, mutlaqo notanish tilda so'zlashadi va uni shahar politsiyasi izlayotgan edi. Oldinda g'aroyib sarguzashtlar kutayotgan bo'lsa-da, bu mallasoch go'zalga yordam bermaslik mumkinmi axir?

 

2. Adelning g'aroyib sarguzashtlari

Les aventures extraordinaires d’Adèle Blanc-Sec, 2010

Adel Blank-Set — oddiygina qiz emas. U sarguzasht asarlar yozadi, qadimgi mumiyoni topish ilinjida jazirama sahroga yo'l oladi, qayta jonlangan milloddan avvalgi davrga mansub jonzotlardan qo'rqmaydi va ko'p sonli oshiqlarining mulozamatini qabul qiladi. Jak Tardining mashhur grafik asari mahoratli Bessonga shu qadar xush kelganki, u go'zal Adelni kino olamida aks ettirishni istagan.

 3. Nikita

Nikita, 1990

Nikita ismli qiz namunali tarbiyasi va munosib hayot kechirishi bilan maqtana olmaydi. U giyohvand, do'stlari esa – bosqinchilar. Jiddiy vaziyatga aralashib, “jang maydonida” oshnalaridan ayrilgan Nikita panjara ortiga tushib qoladi. Biroq, taqdir unga ikkinchi imkoniyatni hadya etadi. U tanlashi kerak – yo mahfiy xizmat bilan hamkorlik qiladi, yoki mavjudligini unutadi.

 

4. Farishta-A

Angel-A, 2005

Agar bir inson ko'prikdan sakrab joniga qasd qilishga tayyor ekan, demak u endi yashashdan ma'no ko'rmaydi. Ko'prik ustida Parij shahrida mavjud turli bosqinchilar tilkalashga tayyor bo'lgan 28 yoshli Andre turibdi. U jinoyatchilarning har biriga salmoqli qarzini to'lashi kerak. Boshqa yo'l yo'q – sakrash kerak. Lekin, Andre yolg'iz emas – sarg'ish sochli sohibjamol undan avval suvga sakraydi. Uni albatta qutqarish kerak. Keyin hayotini tugatishga qaror qilgan bu qiz kim o'zi?

 

5. Lyusi

Lucy, 2014

Lyusi ismli qiz Taybey shahri uning hayotini qanchalar o'zgartirib yuborishini tasavvur ham qilmagan edi. Tanishining iltimosi bilan oddiy keysni qandaydir notanish kimsaga yetkazib berishga rozi bo'lgan Lyusi koreys mafiyasining qo'liga tushib qoladi. Keysning ichida kuchli ta'sir qiluvchi giyohvand modda bo'lib, Lyusi ularni tashish uchun “maxsus idishga” aylanadi. Uning ichidagi xaltacha yorilib ketsa nima bo'lishini o'ylashning o'zi dahshat, ammo huddi shu narsa yuz beradi va qiz haqiqiy jonli mashinaga aylanadi.

 

6. Yer osti

Subway, 1985

“Yer osti” filmi Lyuk Bessonning uchinchi rejissyorlik ishi bo'lib, unga keng e'tirof keltirgan. Fred ismli bosh qahramon – aslida o'g'ri va tovlamachidir. U bazm o'tayotgan uylarning biridan qimmatli hujjatlar solingan papkani o'g'irlaydi va ularning yordamida go'zal Xelenani osongina qo'rqita boshlaydi. Fred Xelenaning do'sti uning ortidan yuborgan kallakesarlar guruhidan qochib metroga yashirinadi va mutlaqo boshqa olam – yer osti dunyosiga tushib qoladi. Bu yerda u yer ostida, odamlar olomonidan uzoqda ijod qilishni hush ko'ruvchi ko'plab iste'dodli va ajoyib qahramonlar bilan uchrashadi.

 

7. Malavita

Malavita, 2013

Mafiya a'zosi Jovanni boshchiligidagi Mansoni oilasi guvohlarni himoya qilish dasturiga kiritilgan. Ular sokin, shinam va tinch bo'lgan Normandiyaga ko'chib borib, yangi joyda kundalik turmushga moslashishga harakat qiladilar. Dushmanlar esa qidiruvdan to'xtamagan va qasos o'tida yonmoqda. Biroq, oila – bu muqaddas dargoh va dunyoda ahil oiladan kuchliroq narsaning o'zi yo'q.

 

8. Xonim

The Lady, 2011

Kuchli ayol – Lyuk Bessonning barcha filmlaridagi asosiy qahramonlardan biri. Rejissyor “Xonim” filmini ozodlik harakatining yetakchisi, o'ldirilgan Aun Sanning qizi Aun San Su Chjiga bag'ishlagan. Voyaga yetgan Aun otasining o'limidan so'ng Angliyaga ko'chib ketadi, turmush quradi va ikki nafar ajoyib o'g'lini tarbiyalaydi. Vatanida qolgan onasidan xabar olishga kelgan Aun yana o'tmishga g'arq bo'ladi, demokratiya uchun kurashda otasining kuchi va qudrati esa Aunda xotiralarni yangilab, o'z xalqi uchun kurashish istagini uyg'otadi.

 

9. Leon

Léon, 1994

“Leon” – asosiy rollar Jan Reno, Natali Portman va Geri Oldman tomonidan ijro etilgan mashhur asar. Leon – odamlarga nisbatan hech qanday tuyg'uni his qilmaydigan mahoratli qotil. U bor mehrini eski filmlar va xonasidagi guliga beradi. Yolg'iz yashaydigan kulbasida Matilda ismli qizaloqni qoldirishga majbur bo'lgan onida Leonning hayoti tubdan o'zgaradi. U shafqatsizlarcha o'ldirilgan qo'shni xonadon egalarining qizi.  Leon nima qilishini bilmaydi – axir u odamlar bilan yashashga emas, balki faqat ishlashga o'rgangan.

 

10. Janna d’Ark

The Messenger: The Story of Joan of Arc, 1999

“Janna d’Ark” – Lyuk Bessonning eng kuchli epik filmlaridan biridir. Asarda rejissyor fransuz milliy qahramon ayolining hayotini ortiqcha bo'rttirishlarsiz ko'rsatadi. Jasur va kuchli bu ayol Yuz yillik urushda fransuz lashkarini boshqarib, xalqining sharafini qat'iyat bilan himoya qilgan. Janna rolini akstrisa Milla Yovovich ijro etgan bo'lib, bu asar ekranga chiqishidan bir necha yil avval u Bessonning “Beshinchi unsur” filmida suratga tushgan.