Bunday usul bilan tayyorlangan tovuqni iste’mol qilish afzalliklari talaygina. U oson kesiladi va bo‘laklarga bo‘linayotganda idishdan dasturxonga sirpanib ketmaydi. Mehmonlar uni tozalab yeyishadi va stolga qoldiqlar uchun ishtahani bo‘g‘adigan tarelka qo‘yishga to‘g‘ri kelmaydi. Yaxlit go‘sht bo‘laklanganiga qaraganda arzon turadi. Suyaklarni olib tashlash jarayoni u bilan avval shug‘ullanib ko‘rmagan bo‘lsang ham 15 daqiqadan ortiq vaqt olmaydi.

- 1 -

Tovuqning tomir urushini sezishga harakat qil va u uxlamayotgani, haqiqatan ham o‘lgani haqida ishonch xosil qil. Ko‘krak qismi bilan tepaga qaratib, qanotlarini ikkinchi bo‘g‘imga qadar kesib ol. Qanotda uchta bo‘g‘im bor, shuning uchun qaysi tarafdan ikkinchisini sanashing ahamiyatsiz.

- 2 -

Bo‘yindagi terini tortib, vilka suyakni kesib ol. Agar iloji bo‘lmasa, tosh holatiga qadar qotgan tovuq go‘shti muzdan erishini kutib tur.

- 3 -

Yanada chuqurroq jarrohlik aralashuviga o‘t. Qushni o‘girib, bo‘yindan dumg‘azaga qadar kesishni amalga oshir. Dumg‘azani yaxlit holda qoldir.

- 4 -

Pichoqning qisqa va keskin harakatlari bilan go‘shtni suyaklardan ajrat. Go‘sht zargar aniqligi kabi bo‘laklarga bo‘linishi haqida qayg‘urma. Muhimi, tovuq terisini yirtib yuborma. Oyoq va qanotlar u orqali suyakka mahkamlangan bo‘g‘imlarga yetib kelganingda ularni ikkiga ajrat. Hamma tomondan tovuqni qush karkasidan ozod qilib, uni ehtiyotkorlik bilan chiqarib ol. Bo‘ldi. Ortga yo‘l yo‘q. Endi skelet go‘shtni ushlab turadigan qilib qaytarib qo‘yishning iloji yo‘q.

- 5 -

Qanotga yaqin joylashgan bumerang shaklidagi suyakni kes. Biroq uni yana ortga qaytib keladi degan umidda oshxonaning uzoq burchagiga tashlashga harakat qilma. Ortga qaytib kelishi uchun ularni kimgadir qarata otgan bo‘lishing kerak.

- 6 -

Aslida shu bilan tugatsa ham bo‘ladi. Suyaklar faqat oyoq va qanotda qolgan go‘sht qiymalash uchun tayyor. Biroq umuman charchamagan bo‘lsang, o‘qishda davom et. Yakuniy bosqichga oz qoldi.

- 7 -

Qanotni ushlab turib, tig‘ni suyak yaqinidagi teri ostiga shunday kiritgin-ki, uning uchi boshqa tarafdan chiqsin. Ehtiyotkorona harakatlar bilan suyakni ajratib ol va uni tashqariga qarab tort. Aynan shu usulni boshqa qanotga nisbatan ham qo‘llashni unutma. Agar gen orqali yetishtirilgan jo‘ja sotib olgan bo‘lsang, uchinchisi bilan ham aynan shu usuldan foydalan.

- 8 -

Tovuq boldirini oddiy pichoq bilan ajratib ol va ikkigacha sanab uzib ol.

- 9 -

Oyoqda qolgan suyaklarni olib tashla, bunda 7-bandda o‘rganilgan usuldan foydalan. Albatta bu qism bo‘yicha tajribaga egasan. Biroq endi ko‘proq vaqt talab etiladi, oyoqlar ichida ikkitadan suyak qoldi. Ularni birdaniga olib tashlashga harakat qilma. Dastlab ularni ushlab turgan bo‘g‘imni kesib tashla, keyin esa ularning har birini alohida olib tashlaysan.

- 10 -

Qanot va bo‘ksadan xosil bo‘lgan bo‘sh “yeng”larni ichki tarafga o‘girib, go‘shtning ichiga qayirish lozim.

- 11 -

Vujudga kelgan go‘shtni sevimli masalliqlaring – yong‘oq, olma, bulg‘or qalampiri, qo‘ziqorinli qiymaga to‘ldir. Ichi to‘lgan qush ag‘darilib ketmasligi uchun chetlarini maxsus ip bilan tikib chiq yoki tishkavlagich bilan mahkamla. Agar mehmonlarni lol qoldirmoqchi bo‘lsang, tovuq ichiga yana bir tovuqni suyagi bilan solib qo‘y.