Shu kunga qadar fan uchun jumboqligicha qolayotgan uyqu buzilishi va boshqa o'xshash holatlarni taqdim etamiz.

Uyqu falajligi

 

 

His qilinishi: Odam tunda uyg‘onib qimirlay olmaydi. Bunga qo‘rqinchli gallyutsinatsiyalar va xonada begonaning borligi hissiyoti qo‘shiladi. Qadimda bu holatni qora kuchlarning makri bilan bog‘lashgan.

 

Nimadan yuz beradi: Me’yoriy jihatdan uyquga ketganimizda tushda harakatlanmasligimiz uchun falajlanamiz. Uyqu falajligida esa miyamiz hali uxlamay turib yoki uyg‘onib bo‘lganida mushaklarimiz «o‘chib qoladi».

 

Taxminan 7% aholi bir marotaba bo‘lsa ham uyqu falajligini his qilgan (fakt). Aytishlaricha, bu ko‘proq tepaga qarab yotganda yuz beradi.

 

Gipnagogik gallyutsinatsiyalar

 

 

His qilinishi: Odam uyqu va bedorlik o‘rtasidagi ingichka chegarada bo‘lganida, u ongli ravishda ko‘z oldida nazorat qilib bo‘lmaydigan tasvirlarni ko‘radi. Ko‘pincha bu qo‘rqinchli qiyofalar va tasavvuriy mavjudotlardir.

 

Nimadan yuz beradi: Bu ruhan sog‘lom odamlarda kuzatiladigan kamyob gallyutsinatsiya turlaridan biridir. Odatda ularga bolalar ko‘proq to‘qnash keladi (fakt), va bu ularning uxlashni istamasligi sababi bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha bunday gallyutsinatsiyalar charchoq tufayli hamda shunchaki tasavvuri yaxshi odamlarda yuzaga keladi. Shuningdek, mast holda uyquga ketganda ham paydo bo‘lishi mumkin.

 

Uyquda gapirish

 

 

His qilinishi: Odatda somnilokviyadan (uyquda gapirish) aziyat chekuvchi odam bundan umuman bexabar bo‘ladi. Bu holat ruhiy jihatdan mutlaqo havfsiz. Shunchaki, bu muammoga ega odam ortiqcha gapirib yuborganidan tashvishlanishi mumkin.

 

Nimadan yuz beradi:Ko‘pincha somnilokviya erkaklar va bolalarda kuzatiladi (fakt). Sababi – o‘sha mashhur charchoqda. Inson ruhiyati haqiqiy hayotda rozi bo‘lmagan narsaga qarshi chiqishga urinadi.

 

Tush ichidagi tush

 

 

His qilinishi: Odam tush ko‘radi, so‘ngra uyg‘onadi, ammo g‘alati narsalar ro‘y berishda davom etadi. Ma’lum bo‘lishicha, uyg‘ongani uning tushiga kirgan bo‘ladi. Bunday tushlar mavzusi «Ibtido» filmida aks ettirilgan. Keyinchalik aksariyat odamlar shu kabi holatni his etgani aniqlandi.

 

Nimadan yuz beradi: Ezoteriklarning fikricha, bunday tushni ko‘rish Sizdagi ruhiy amaliyotlarga moyillikdan darak beradi. Biroq, rasmiy fan buning nega sodir bo‘lishini izohlay olmaydi.

 

Oyparastlik (somnambulizm)

 

 

His qilinishi: Bu holat uyqu falajligining aksi bo‘lib, ong uxlaydi, ammo mushaklar falajligi yuz bermaydi. Odamlar uyqusida yurishi, narsalarni yig‘ishi yoki uydan chiqib ketishi mumkin va ko‘pincha bu juda xavfli. Ertalab ular hech narsani eslay olmaydilar.

 

Nimadan yuz beradi: Oyparastlik taxminan 4,6–10,3% aholida uchraydi, lekin ko‘proq bolalar aziyat chekadi (fakt). Uyquda yurishning sababi va buni davolash usullari shu paytgacha ma’lum emas.

 

Portlayotgan bosh sindromi

 

 

His qilinishi: Odam baland portlash yoki qarsak tovushi hissidan uyg‘onib ketadi. Ba’zida, tovush quloqni kar qiladigan darajada baland bo‘lgandek tuyuladi. U o‘sib boruvchi shovqin yoki chaqnash bilan birga kechishi mumkin. Hodisa xavfli emas, ammo odamlarda qo‘rquv yuzaga keladi va ba’zilar insult yuz berdi deb o‘ylaydi.

 

Nimadan yuz beradi: Qandaydir sababga ko‘ra miyaning tovushga ishlov berish uchun mas’ul qismlarida neyronlar faollashuvining chayqalishi yuz beradi (fakt). Ba’zida sindrom bedorlik yoki uzoq masofalarga parvozdan so‘ng soat kamari o‘zgarishi tufayli kuzatiladi.

 

Uyqudagi apnoe

 

 

His qilinishi: Uyqudagi apnoe — bu uyqu vaqtida birdan nafas olishning to‘xtashi. Odam bunda uyg‘onib ketadi. Uyqu sifati pasayib, miyaga kislorod yetishmaydi, to‘yib uxlash qiyinlashadi. Huruj vaqtida qon bosimi oshadi va yurak bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin.

 

Nimadan yuz beradi: Uyqu vaqtida tomoq mushaklari bo‘shashadi, ayrimlarda bu nafas o‘tkazish yo‘llarining yopilib qolishiga olib keladi. Asosan semirish xastaligiga ega, chekadigan va keksa odamlar hatarga uchraydi. Apnoe yuz berganida Avstraliyaning dijeridu nayini chalish yordam beradi (fakt).

 

Qaytarilanuvchi tushlar

 

 

His qilinishi: Fikrimizcha, doim bitta hodisa ro‘y beradigan g‘alati tushlar deyarli hammaga tanish bo‘lsa kerak.

 

Nimadan yuz beradi: Psixologlarning fikricha, shu kabi tushlar yordamida miya o‘zimiz anglamagan hodisalarga e’tiborimizni qaratishga urinadi. Bu syujetlar vaziyat o‘nglanmagunicha qaytaveradi (fakt).

 

Karavotga qulash

 

 

His qilinishi: Ba’zida bizga huddi balandlikdan karavotga qulagandek tuyuladi, biz cho‘chib tushamiz va uyg‘onib ketamiz. Ba’zida shu holatdan oldin tushimizga uchayotganimiz yoki qoqilib yiqilganimiz kiradi – ancha nohush hissiyot.

 

Nimadan yuz beradi: Tush holati o‘limni eslatadi – yurak urishi va nafas olish sekinlashadi, mushaklar tonusi kamayadi. Miya «qo‘rqib ketadi», buni haqiqiy o‘limdek qabul qiladi va mushaklarga impuls yuborib odamning tirikligini tekshiradi.

 

O‘zga dunyoga chiqish

 

 

His qilinishi: Ushbu neyropsixologik hodisada odam uyqu va bedorlik o‘rtasida bo‘lib, o‘zini tashqaridan ko‘radi. Tasavvuf va afsungarlikda ruhning mavjudligiga isbot tariqasida qabul qilinadi.

 

Nimadan yuz beradi: Bu hodisa o‘rganish uchun juda murakkab. Hozircha olimlarga tanadan chiqish tasavvuri haqiqatdan ham mavjudligi ma’lum, ammo uning qanday ishlashi va nimaga yuz berishi tushunarsiz. Shuningdek, bunga qarshi qanday kurashish ham ma’lum emas. Ayrim odamlar bilim imkoniyatlari chegarasini kengaytirish uchun atayin shu holatga kiradi.

 

Tushda birdan yechim topilishi

 

 

His qilinishi: Ba’zida qandaydir muammoning yechimini uzoq vaqt topa olmaymiz va doim u haqida o‘ylaymiz. Ana shunda miyaning o‘zi tushda yechimni aytib beradi, asosiysi – uni eslab qolish.

 

Davriy tizim ustida ko‘p bosh qotirgan va bir kuni uni tushida ko‘rgan Dmitriy Mendeleyevning misoli barchaga ma’lum. Shunga o‘xshash voqea kimyogar Kekule bilan ham sodir bo‘lgan – u tushida benzol formulasini ko‘rgan.

 

Nimadan yuz beradi: Ba’zan ongimiz anglab yetmagan bo‘lsa-da, javobni allaqachon biladi. Aynan shu paytda, tushda yechim ham topiladi. Nima ham derdik, ba’zida uyqu ana shunday yoqimli kutilmagan bonuslarni ham taqdim etadi.