Sir emaski, aksariyat odamlar uchun avtomobil haydash – bu A nuqtasidan B nuqtasiga yetib olishning oddiy zarurati bo'lsa, ayrimlar uchun – shunchaki xobbidir. Biroq, Toshkent yoki umuman O'zbekistondagi yo'llarda A nuqtasidan B nuqtasiga yetib borish ba'zida juda murakkab ishga aylanadi! Sababi yo'llarda tartibsiz, mas'uliyatsiz va ko'pincha, xavfli haydash usullaridan kelib chiqadigan ko'plab muammolarga to'qnash kelib, belgilangan manzilga yetib borgunimizcha asabiylashish natijasida barcha tirnoqlarimizni chaynab bitirishimiz, sochlarimizni yulib tashlashimiz yoki bir litr tinchlantiruvchi dori ichib olishimiz tayin.

Xo'sh, “o'zimizning” – o'zbekona haydovchilik odobining xususiyati nimada? Haqiqat shundaki, u umuman mavjud emas! :)

Shunday qilib, LifeHaq.uz madaniyatli haydovchi bo'lish uchun nima qilish kerakligiga doir maslahatlarning dastlabki majmuini e'tiboringizga havola qiladi :)

Avvalo, bir qarashda ko'z ilg'aydigan yaqqol muammolar hamda o'zingiz va atrofdagilar tuzalishini nimadan boshlash kerakligi haqida gapirsak

NAVBATGA RIOYA QILING

  1. O‘Z YO‘L CHIZIG‘INGIZDAN HAYDANG. To‘g‘risi, bu O‘zbekistonda bir necha o‘n metr yurgach birinchi ko‘zga tashlanadigan holatdir. Aksariyat bir navbatdan boshqasiga o‘tib olishini va bu vaziyat haydovchi o‘z manziliga yetib olmagunicha uzluksiz davom etishini tan olishimiz kerak. Haydovchilik odobi bo‘yicha har kim o‘zining yo‘l chizig‘idan yurishi kerak, pirovardida bu yo‘l maydonidan samarali foydalanishga olib keladi. Bir tomondan harakatlanayotgan avtomobil bitta navbatda, boshqasi esa – qo‘shni navbatdan yursa, u ikkita avtomobil joylashishi mumkin bo‘lgan maydonni egallaydi, ya’ni tezroq yurayotgan mashinalar undan o‘zib ketishiga to‘sqinlik qilib, ularni qayta joylashishga majbur qiladi.
  1. YO‘L TORAYGANDA O‘TISH KЕTMA-KЕTLIGIGA AMAL QILING. Qator davlatlarda yo‘l torayganida haydovchilar ikkita navbatdan ketma-ket bitta navbatga joylashishi kerak: bittasi o‘ng navbatdan, boshqasi chapdan. Ayrim davlatlarda bu yozilmagan qoida. Yo‘lning tor qismiga bir-birini turtishning keragi yo‘q.

 

SIGNAL CHALMANG

O‘zbekistonda odamlar o‘ta betoqatligi tufayli oddiy narsalarga ham signal chala boshlaydi. Ba’zida bu odamning chindan ham qayergadir shoshayotgani va har bir soniyani sanab turganiga ishonging kelmaydi. Maslahat:

  1. Oldinda turgan mashina haydovchisini baland va uzoq signal tovushi bilan shoshirmang. Agar u svetoforning ruxsat etilgan rangida joyidan qo‘zg‘almagan bo‘lsa, unga faralar bilan “kiprik qoqing” – bu hurmatliroq va madaniyatliroq bo‘ladi.

 

SOKINROQ BO‘LING

Aslida boshqa megapolislarga solishtirganda bizning yo‘llarda avtomobil transporti u qadar ko‘p emas, ammo sirenalar chiqarayotgan tovushlar atrofdagilar istamagan holida asabiylashishiga sabab bo‘ladi. Bu noto‘g‘ri! Nima uchun shunday?

  1. Ba’zida ayrim “zo‘r”lar “Sanbuferlari”ni (aslida “Sabvufer” deyilsa to‘g‘ri bo‘ladi) baland qilish orqali o‘zining madaniyatsizligini ko‘rsatadi. O‘rtoqlar, bu noto‘g‘ri! Agar mashinani hovlida qoldirsangiz baland musiqa tinglamang. Avtomobilingiz yaqinida tozalik va jimlikni saqlang. Ishoning, mahalliy aholi yoki o‘tkinchilarga, o‘z bolasini uxlatayotganlarga oynasining ostida aynan sizning musiqangizni eshitish yoqimli holat emas :)
  1. Shuningdek, signal moslamasi o‘z-o‘zidan ishlab ketishining oldini olish uchun uni sozlab qo‘yish kerak.

 

MASHINANI TO‘G‘RI JOYLASHTIRING

Mashinani joylashtirish – yana bir mahalliy bosh og‘rig‘idir :) Birinchidan, hamma ham buni to‘g‘ri bajara olmaydi, ikkinchidan – hamma ham buni boshqalarga nisbatan to‘g‘ri qilmaydi.

  1. Agar to‘xtash joyida bo‘sh joylar kam bo‘lsa, bir yo‘la ikkita joyni egallamaslik uchun mashinani ixcham joylashtiring. Eng yomon harakat – begona mashinani “tirkab” qo‘yib ketishdir. Avtomobillar har qanaqasiga joylashtirilgan holat sizning ham g‘ashingizga tekkan vaqtlar bo‘lgani aniq. Kimdir o‘tish joyining chetiga burni bilan tiqilgan, boshqasi esa avtomobilni o‘tish joyiga qo‘ygan. Agar boshqa yo‘li bo‘lmasa – zarurat tug‘ilganda sizni chaqira olishlari uchun oyna ostida telefon nomeringiz yozilgan qog‘ozni qoldiring.

 

  1. Boshqalarning hayotini qiyinlashtirmang: avtomobilni maysa ustiga va tor yo‘lakka qo‘ymang.
  1. Agar boshqa avtomobil yonida to‘xtagan bo‘lsangiz, u mashinaning haydovchisi eshigini bemalol ocha olishi uchun ma’lum masofa qoldiring.

 

BOSHQALARGA YORDAM BЕRING

Biz o‘zbekistonliklar – mehmondo‘st xalqmiz, lekin nima uchun shu darajada faxrlanadigan xususiyatimiz hamda begonalar va mehmonlarga yordam hissi yo‘llarda yodimizdan chiqadi? Unutmang, xavfsiz harakatlanish haydovchilar o‘rtasida musobaqani emas, balki hamjixatlikni talab etadi.

  1. Doim yon yo‘laklardan yo‘lga chiqishga yordam bering. Oqimdagi uzilishni kutib yon yo‘lakda turgan avtomobil uchun zich mashinalar oqimi sekin o‘tadi. Bu vaziyat ancha ko‘p vaqtni olishi mumkin. Agar birinchi yo‘l chizig‘idagi birinchi avtomobilning haydovchisi bo‘lsangiz, bir necha soniyaga tormozlashga urinib ko‘ring. Bu vaqt kutib turgan avtomobil oqimga kirib olishiga yetarli bo‘ladi.
  1. O‘zib ketishlariga yordam bering. Agar avtomagistralda kimgadir yetib olayotgan bo‘lsangiz, madaniyatli haydovchi albatta o‘ng tomonga yuradi va o‘zib ketishingiz uchun maksimal qulay sharoit yaratadi; sizga quvib yetayotganlarida ham huddi shunday xatti-harakatni kutishadi. Agar professional va shunchaki xayrixoh haydovchi bo‘lsangiz sizdan o‘zib ketishlariga imkon bering.
  1. Muammoga uchragan hamkasblaringizga mashinani yurgizishga yordam bering, nasos yoki domkratni berib turing, bir necha litr benzinni qizg‘anmang. Hech kim noxushliklardan sug‘urta qilinmagan, jumladan siz ham.
  1. Avtomobili zich oqimda turib qolib, oqimga kira olmayotgan yoki o‘z navbatida yuzaga kelgan to‘siq tufayli qayta joylashishi kerak bo‘lgan haydovchiga yordam bering.
  1. Tajribasiz (orqa oynasida “!” belgisi bor) yoki avtomaktabda o‘qiyotgan (orqa oynasida “O‘” beligisi bor) haydovchi boshqarayotgan avtomobilga yordam berishga harakat qiling.

 

RULDA KIM O‘TIRGANINI ANIQLANG

  1. Norozilik bildirishdan avval nima uchun oldinda ketayotgan mashinaning haydovchisi o‘zini bunday tutayotgani haqida o‘ylab ko‘ring. Raqamlariga (mehmon), haydovchiga (ayol kishi, pensioner), mashinaning holatiga e’tibor bering.

 

HADDINGIZDAN OSHMANG

  1. “Bezbetlik – ikkinchi baxt”, degan gap bor. Biroq, bu vaziyatda emas, chunki qanqalar ko‘p bezbetga aylansangiz, baxtsiz hodisaga sabab bo‘lish ehtimoli ham shuncha ortadi. Shunga qaramay, bizda hamma bezbet! Jumladan, orqa oynasida poshna surati tushirilgan xotin-qizlardan tortib, bir qarashda mahoratli bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida signal belgisini yoqmasdan uchinchi yo‘l chizig‘idan birinchisiga yoki aksincha qilishni afzal ko‘radigan oqsoqol-nuroniylar ham haddidan oshishadi. Nima uchun ular qolganlar ularga yo‘l berishi kerak, deb o‘ylashadi? Yodda tuting, qoidalar barcha uchun birdir! Agar tezkor manevr qilish zarurati yuzaga kelsa, shunchaki iltimos qiling va sizni o‘tkazib yuborishadi yoki o‘rin bo‘shatishadi :)

 

MINNATDORLIK BILDIRING

  1. Albatta, bu masalada vaziyat nisbatan yaxshi hamda eng yoqimlisi odamlarimiz minnatdorlik bildirishni o‘rniga qo‘yishadi. Shu bois LifeHaq.uz jamoasi sizni nima uchundir ogohlantirganlari yoki oddiy qo‘l ko‘tarish, bosh chayqash yoki avariya signali bilan harakatda ustunlik bildirganlari uchun minnatdor bo‘lishni unutmaslikka chaqiradi.

 

TORTISHUVNI BOSHLAMANG

Bu xususiyat aynan bir millat yoki davlatga emas, ko‘proq vaziyatga va temperamentga xosdir. Ayniqsa, yo‘nalishli transport vositalari hamda shaxsiy avtomobil haydovchilari o‘rtasidagi nizo eng xavfli vaziyatlardan biri sanaladi. Shaxsiy avtomobil egalariga mahorat yetishmagani uchun ko‘pincha yo‘llarda to‘siqlarni hosil qiladilar. Yo‘nalishli transport vositalarining haydovchilari ham o‘z navbatida ularga nisbatan tushunish va sabr ko‘rsatmaydi. Bundan tashqari, ko‘p hollarda shu haydovchilarning o‘zlari ham daromad ortidan quvib, keskin tormoz bosadilar va yo‘lovchilarni olish yoki tushirish uchun taqiqlangan joylarda, ikkinchi va hattoki uchinchi yo‘l chizig‘ida, piyodalar o‘tish yo‘lagida, chorraxalarda to‘xtab, o‘tish joyini toraytiradilar va xavfli vaziyatlarni yaratadilar. Bu holatda bir nechta hayotiy maslahatni taklif qilish mumkin:

  1. To‘g‘ri bo‘lgan taqdiringizda ham qat’iy talab qilish kerakmas. Shunchaki, vaziyatni to‘g‘ri tushunishga emas, balki o‘zining haqligini isbotlashga urinayotgan tajribasiz haydovchi yoki har doimgi ahmoqqa yo‘l bering.
  1. Janjal qilmang.

 

BOSHQALAR SIZNI TUSHUNA OLSIN

Ex...Bu bizdagi haydovchilarga taalluqli emas :) Yo‘l harakati qoidalarining qayeridadir juda mayda qilib “Boshqalar seni tushunmasin” deb yozilgandek go‘yo. Kutilmaganlik, shoshqaloqlik va tushunarsiz bo‘lish – aynan bizga xos xususiyat :) Boshqalar sizni tushuna olishlari uchun:

  1. O‘z manevrlaringiz haqida harakatning boshqa ishtirokchilarini avvalroq ogohlantiring. Uchinchi yo‘l chizig‘idan birinchisiga keskin o‘tmang va qayta joylashishni sekinlashtirmang. Ikkala holat ham boshqa haydovchilar harakatlaringizni tushunishini qiyinlashtiradi.
  1. Burilish signalini chorraxaga bir necha metr qolib, ortingizdagi to‘g‘ri ketayotgan haydovchini to‘xtatib qo‘yadigan vaqtda emas, balki oldindan yoqing. Boshqalarning g‘ashiga tegish shartmi?

Xulosa o‘rnida:

Hech kim yo‘lda yuz berishi mumkin bo‘lgan barcha vaziyatlarni oldindan ko‘ra olmaydi. Biroq aksariyat hollarda yo‘l harakati ishtirokchilaridan Qoidalar tomonidan qonuniylashtirilgan harakatlarni bajarish talab etiladi. Agar hamma haydovchilar va piyodalar o‘zaro hurmat bildirganida, qancha fojialarning oldi olingan bo‘lardi!

Oltin qoidani unutmang: boshqa ishtirokchilarga o‘zingizga ravo ko‘rgan munosabatda bo‘ling.

Yaqin vaqt ichida LifeHaq.uz jamoasidan yo‘llarimizda haydovchilik odobiga oid maslahatlarning davomini kuting.

O‘qing, layk bosing, obuna bo‘ling, izohlar yozing!