Futbolga oid ishonish qiyin bo'lgan ayrim faktlar sizni lol qoldirmasin!

1. Xulio Iglesias yoshligida futbol darvozaboni bo'lgan va Madridning “Real” klubi uchun o'ynagan. Biroq, 20 yoshida avariyaga tushib, kasalxonada 3 yil yotganidan keyin uning futboldagi karerasi yakuniga yetgan. U falaj bo'lib qolgan va faqatgina qo'llarini ishlata olgan. Iglesias gitara chalishni o'rganib, keyinchalik mashhur ijrochiga aylangan. 

 


2. Braziliyadagi futbol matchi davomida kuchli shamol futbol maydoniga parashyutchilar guruhini uchirib kelgan. Parashyutchilardan biri aynan to'pni tutishga tayyorlanib turgan darvozabonning ustiga yiqilib tushgan. Natijada to'p darvozaga kirgan va hakam jabrlangan jamoaning noroziligiga qaramay, golni hisobga olgan hamda parashyutchilarning paydo bo'lishini “samoviy kuchlar aralashuvi” deya izohlagan. 

 


3. Futbol oltita davlat, jumladan Afg'oniston, Kampuchiya va Grenlandiyada rasman ta'qiqlangan. Qizig'i, AQShning Yuta shtatida futbol (sokker, ya'ni yevropacha futbol) o'ynash uchun maydon cherkovdan kamida 1,5 mil uzoqlikda joylashgan bo'lishi kerak. Beysbol, golf va amerikacha futbol uchun bu masofa – 0,5 milni tashkil etadi.

 


4. Ma'lumki, inglizlar qat'iy futbol muxlislari hisoblanib, o'z futbol klublariga kuchli bog'langan bo'ladilar va ular uchun har narsaga tayyor turishadi. Biroq, ingliz futbol muxlislari tomonlaridan xususiy va davlat mulkiga har yili yetkaziladigan zarar 40 million funt sterlingga baholanadi.

 


5. 1969 yilning 3 noyabrida Buyuk Britaniyada futbol tarixidagi “eng madaniyatsiz” match bo'lib o'tgan. «Tongxem yoshlar klubi» (Surrey) va «Xau-li» (Xants) jamoalari mahalliy kubok uchun shu qadar qo'pol kurash olib borgan-ki, hakamning barcha 22 o'yinchi, jumladan kasalxonaga yuborilgan bir o'yinchi va chizig'dagi hakamni ham jazolashiga to'g'ri kelgan.

 


6. Eng uzoq futbol matchi 1981 yilning 1-3 avgust kunlari Irlandiyaning Kerri shahridagi «Kallinafersi» futbol klubiga qarashli ikkita jamoa tomonidan o'ynalgan. G'olib faqatgina 65 soatu 1 daqiqadan so'ng aniqlangan. 

 


7. Britaniya orollarida tuman – odatiy holatdir. Biroq, ikki shotland jamoasi uchrashgan chog'dagi hodisa noodatiy bo'lgan. Tuman shu qadar quyuq bo'lgan-ki, futbolchilar uzoq vaqt davomida to'pni, sheriklarini va raqiblarini izlashgan. Qaysidir onda hakamga maydonda futbolchilar ko'payib ketgandek tuyulgan. Dastlab u zaxira o'yinchilar o'rindiqlariga yugurib borgan va ular bo'shligini ko'rgan. Hakam shu zahoti o'yinni to'xtatgan. Ma'lum bo'lishicha, maydonda bir vaqtning o'zida 30 ta o'yinchi bo'lgan.

 


8. Braziliyadagi ancha yaxshi natijalarga ega “Kakova” futbol jamoasi kutilmaganda ichki ishlar vazirining buyrug'i bilan tarqatib yuborilgan. Gap shundaki, jamoa asosan politsiyachilardan tashkil topgan va matchlar vaqtida stadionga politsiya formasidagi butun boshli “naryadlar” kelgan. Shaharda jinoyatlar ko'payib ketgan, ammo tribunalarda namunali tartib kuzatilgan. 

  


9. Polshaning Bidgosh shahrida ko'plab tomoshabinlarning e'tiborini tortgan qiziq match bo'lib o'tgan. Mahalliy gazetalarning muxbirlari faqat bir oila vakillari – g'isht teruvchi Osinskiyning o'g'illaridan iborat jamoa bilan uchrashganlar. 15 dan 28 gacha bo'lgan yoshdagi 11 yigit mag'lubiyatga uchragan bo'lsa-da, tomoshabinlar jamoa “asoschisini” iliq qarshilaganlar.

 


10. Buenos-Ayres stadionida bir safar tajriba o'tkazilgan bo'lib, uning maqsadi bo'ydoq futbolchilarning turmush qurganlaridan ustunligini ko'rsatishdan iborat bo'lgan. Hammasi turmush qurganlarning darvozasiga penalti urilishidan avval yaxshi borayotgan edi. O'n bir metrlik amalga oshirilganidan so'ng, maydonga ....rafiqalar chiqib kelganlar. Ular hakamni urib, g'alabani o'z erlariga olib berganlar. Bo'ydoqlar nohushlik bo'lmasligi uchun qarshilik qilmaganlar. Tajriba omadsizlikka uchragan.

 


11. Italiyaning Asti shaharchasidagi o'rtoqlik futbol uchrashuvida mahalliy jamoaning markaziy hujumchisi Maskio to'pni nishonga ololmay yerni tepgan. Zarba shu qadar kuchli bo'lgan-ki, u oyog'ini jiddiy jarohatlagan. Tuproq tekshirilganida qimmatli tarixiy topilma bo'lgan skelet aniqlangan. Maskio pul mukofotini va “arxeologik tadqiqotlarga bo'lgan qiziqishi” nishonini olgan.

  


12. Braziliyalik futbol himoyachisi Pineyroni o'z darvozasiga urilgan gollar bo'yicha rekordchi deb atashgan. Birgina mavsumning o'zida u jamoasining darvozasiga 10 ta gol kiritgan. Pineyro hujumga o'tkazilgan. Birinchi matchda “rekordchi” yana o'z darvozasini ishg'ol qilishning uddasidan chiqqan. Futbolchi 25 yoshga kirganida jamoadoshlari unga “Unutma, raqib qarshi tomonda” deb yozilgan kompasni sovg'a qilganlar.

  


13. 2005 yildagi Angliya ligasi kubogining finalida stadiondagi shovqin rekordi qayd etilgan. «Liverpul» o'yinchisi Riisening «Chelsi» darvozasiga kiritgan golidan so'ng mersisaydlik muxlislar 130,7 detsibel kuchga ega hayqiriqni chiqarganlar. Bu holat “Ginnes kitobi”ga kiritilgan. Avvalgi 128,74 detsibellik rekord 2000 yil Amerikaning «Denver Bronkos» klubi matchida qayd etilgan.

  


14. 60-yillarning o'rtalarida Italiyaning «Breshia» klubi uchun o'ynagan himoyachi Matssia o'ziga xos rekordchi sanaladi. U «Mantova» jamoasi bilan uchrashuvning 38-soniyasida o'z darvozasiga to'p kiritib, eng tezkor avtogol egasiga aylangan.

  


15. Hakamlar o'zlariga qizil kartochka ko'rsatgan ikki holat ma'lum: «Piterboro Nort End» — «Royal Meyl» matchiga hakamlik qilgan Endi Ueyn va «Sautgempton Arms» — «Xerstborn Tarrant British Legion» matchining hakami Melvin Silvestr. Birinchisi darvozabon bilan nizoni bartaraf qilish uchun o'yin vaqtida o'zini chetlashtirgan, ikkinchisi esa – o'yinchi bilan janjal tufayli.

  


16. 1959 yilda Germaniyaning Gelzenkirxen shahrida stadion ma'muriyati xato tufayli gandbol va futbol matchlarini bir vaqtga belgilagan. Sportchilarning hech biri o'yinni o'tkazish huquqidan voz kechishni istamagan. Natijada matchlar bir vaqtda o'tkazilgan va oxiriga yetkazilgan, maydonda esa to'rtta jamoa va ikkita to'p bo'lgan.

  


17. Isroil parlamentida shanba kunlari futbol o'yinlariga ruhsat berish to'g'risidagi qonun loyihasi rekord son, ya'ni 36 marotaba appelyatsiyaga berilgan. Ushbu qonun loyihasini ko'rib chiqish mana yetti yildirki davom etmoqda.

  


18. Botsvana milliy jamoasi yigirma sakkiz yillik tarixi davomida bironta ham xalqaro matchda g'alaba qozonmagan. Jamoada ellikdan ortiq asosiy murabbiy almashgan bo'lib, ulardan to'rttasi sovet davri sportchilari bo'lgan.

  


19. Italiyalik darvozabon Grosso o'yin vaqtida hakamga ko'zoynak taqishni maslahat qilgani uchun maydondan chetlashtirilgan. Ushbu holat tekshirilganida ma'lum bo'lishicha, Grosso optika do'konining egasi bo'lib, hakam haqiqatdan ham yaxshi ko'ra olmagan. Shu bois, intizom komissiyasi darvozabonning hakamga qarata aytgan so'zlarini haqorat emas, balki foydali va o'ta oqilona maslahat sifatida baholagan. Natijada, darvozabon kechirilgan, hakam esa uning do'konidan ko'zoynak xarid qilgan.

  


20. 50-yillarning oxirida Italiyaning Siyena shahrida futbol hakamlari o'zlari o'ynashga qaror qilganlar. Ikkita jamoa tuzilib, maydonga chiqqanlar va match boshlangan. Jamoalardan birining darvozasiga munozarali to'p kiritilguniga qadar hammasi yaxshi davom etgan. Ana shunda xizmat burchi tufayli har biri qoidani yaxshi bilgan 22 o'yinchi o'zining haqligini isbotlay boshlagan. Oxir-oqibat ish shu qadar keskin tus olgan-ki, politsiyaning aralashishiga to'g'ri kelgan.

  


21. Ispaniyadagi «San Isidro» va «Olimpiko Karrante» ikkinchi liga jamoalarining o'yini chog'ida noyob holat yuz bergan. O'yin oxiriga 3 daqiqa qolganida hakamlikdan norozi bo'lgan ikkala jamoaning o'yinchilari arbitrni o'rab olib, unga aql o'rgata boshlaganlar. Ular faqat so'zlar va imo-ishoralardan foydalanmaganlar... Mazkur keskin vaziyatda sovuqqonlikni saqlab qolgan hakam qizil kartochkani olib, uni matchning barcha 22 o'yinchisiga ko'rsatgan!

  


22. 1978 yil Gretsiyadagi birinchilik uchun o'tkazilgan o'yinda «Etnikos» klubi «PAOK»ni qabul qilgan. Mehmonlar hisobni ochgach, hakamning uchrashuvni davom ettirish taklifiga e'tibor qilmay, zaxiradagilar o'rindig'iga yugurib borib hursandliklarini nishonlay boshlaganlar. «Etnikos» futbolchilari uzoq o'ylab o'tirmay, raqiblari yo'qligida markazdan boshlab to'siqlarsiz darvozaga yetib, hisobni tenglashtirganlar.

  


23. 1891 yilda futbol qoidalari bo'yicha irlandiyalik ekspert Jon Penalti himoyalanayotgan jamoaning o'yinchisi tomonidan atayin sodir etilgan qo'pol yoki qo'l bilan o'ynaganlik uchun shu jamoaning jarima maydoni chegarasida o'n bir metrlik jarima zarbasi joriy etilishini taklif qilgan. Birinchi martta ana shunday zarba Irlandiya futbol ligasida amalga oshirilgan. Endilikda u butun dunyoda penalti deb nomlanadi.

  


24. Ispaniyaning Fuente shahrida mahalliy jamoa «Gonsha» klubi o'yinchilarini qabul qilgan. Bir necha daqiqa o'tgach mehmonlar 2:0 hisobi bilan yetakchilik qilayotgan bo'lgan. Birdan maydonda, huddi korrida manejida bo'lganidek, quturgan buqa, so'ngra ikkinchisi va uchinchisi paydo bo'ladi. Matador ko'nikmalariga ega bo'lmagan o'yinchilar va hakamlar qocha boshlaganlar. Tomoshabinlar ham shu yo'lni tutishgan. Kiyinish xonasida zo'rg'a bekinishga ulgurgan hakam ehtiyotkorlik bilan derazadan qaragan: buqalar hamon maydonda yugurib yurishar edi. O'yinni bekor qilishga to'g'ri kelgan. Tez orada aniqlanishicha, korrida uchun tayyorlangan buqalarni sevimli jamoasi mag'lubiyatga uchramasligi uchun mahalliy klubning chin muxlisi chiqarib yuborgan.

  


25. Buxarest-Belgrad ekspressining mashinisti faqat oxirgi lahzada relsda yotib olgan erkakni urib ketishning oldini olishga ulgurgan. Bu dovyurak odam yugoslaviyalik futbol ishqibozi Radanovich bo'lgan. U Belgraddagi futbol matchiga kech qolmaslik uchun poyezdni to'xtatgan. 

 


26. 1969 yildagi futbol bo'yicha Chempionatning saralash bosqichidagi pley-off matchlarida Gonduras terma jamoasining Salvador jamoasiga mag'lub bo'lishi ushbu davlatlar o'rtasida olti kun bevosita urush kelib chiqishiga sabab bo'lgan.

  


27. Ma'lumki, Lev Yashin nafaqat futbol, balki xokkeyda ham darvozabon bo'lgan. 1953 yilda u xokkey bo'yicha SSSR Kubogi va SSSR chempionatining bronza medali sohibiga aylangan. Yashinni jahon chempionati uchun xokkey termasiga chaqirishga qaror qilishganida, u futbolga e'tibor qaratishni xohlagan.

  


28. 1976 yilning 20 martida «Aston Villa» o'yinchisi Kris Nikoll «Lester Siti»ga qarshi o'yinda raqibning hamda o'zining darvozasiga ikkitadan to'p kiritgan. Match 2:2 hisobida yakunlangan.

  


29. 1939 yilda Venaning «Rapid» klubi birlashgan Germaniya chempionatining final matchida «Frankfurt» bilan uchrashgan va so'nggi 15 daqiqada hal qiluvchi uchta to'pni kiritgan. Shu vaqtdan boshlab «Rapid»ning uydagi matchlarida an'ana yuzaga kelgan – matchning so'nggi 15 daqiqasida muxlislar bir maromda va uzluksiz qarsak chaladilar.