Tarbiya – ota-onalarning eng hayotiy muhim va mas'ulyatli vazifalaridan biridir. Sizning o'ylamasdan aytib yuborgan so'zlaringiz bolada hayot haqida noto'g'ri tasavvurlar shakllanishiga sabab bo'lishi mumkin.

Bolalarning ruhiy rivojlanishiga salbiy ta'sir qiladigan iboralarni bilib oling va biz ularga muqobillarni topdik.

 

«Kattalarga quloq solish kerak»

 

 

Bu iborani eshitgan bola o'ylaydi: «Hamma kattalar aqlli va yaxshi. Men ular aytganini qilishim kerak». Bu gapning xavfli tomoni shundaki, bola barcha kattalarga, jumladan notanishlarga ham ishona boshlaydi va ulardan yomonlik kutmaydi.

 

To'g'ri ibora: «Ota-onaga quloq solish kerak». Shu tariqa, bolada tanqidiy fikrlash va notanishlarga nisbatan sog'lom ishonchsizlik shakllanadi.

 

«Yig'lama»

 

Bu iborani eshitgan bola o'ylaydi: «His-tuyg'ularni ko'rsatish – bu yomon, ko'z yoshlari uchun meni faqat urshishadi». U kamgap va odamovi bo'lib o'sishi mumkin. Yashirin hislar esa ertami yo kech tajovuzkorlik yoki ko'z yoshlari orqali chiqadi.

 

To'g'ri ibora: «Ayt, seni nima tashvishga solyapti», «Nega yig'layapsan?». Agar bola yiqilib tushgan yoki zarba olgan bo'lsa — «Og'rigani uchun yig'layapsanmi yoki qo'rqib ketdingmi?». Shunda bola vaziyatni aniqlay olishi va unga to'g'ri baho berishi mumkin.

 

«Qizg'anchiq bo'lma»

 

 

Bu iborani eshitgan bola o'ylaydi: «Men hamma narsani bo'lishishim kerak. Bu yerda mening narsam yo'q». Vaqt o'tishi bilan bu fikrlar qurbonllikka aylanadi, inson o'zini nomunosib hisoblab o'z qadriyatlarini, jumladan moddiylarini ham ayamaydi.

 

To'g'ri ibora: «Kel, u bir oz sening o'yinchog'ingni o'ynab tursin?», «Balki, bir ozga o'yinchoqlaringizni alishib turishni istarsiz?». Bolaga o'z narsalari haqida mustaqil qaror qabul qilish imkonini bering; agar u berishga qarshi bo'lsa, majbur qilmang.

 

«Kim senga buni o'rgatdi?»

 

Bu iborani eshitgan bola o'ylaydi: «Ota-onam buni men o'ylab topganimni bilmaydi». Bunday bola aybini boshqalarga to'nkash orqali jazosiz qolishi mumkinligini o'ylaydi.

 

To'g'ri ibora: «Nega bunday qilding?». Bu orqali Siz bola bu ishni o'zi yoki kimningdir tashabbusi bilan qilganini bilib olasiz. Unga o'z qilmishini tushuntirish imkonini bering.

 

«Qara, qanday yaxshi qizcha»

 

 

Bu iborani eshitgan bola o'ylaydi: «Men boshqalardan yomonroqman, urinish ma'nosiz, baribir ish bermaydi». Boshqa odamlar bilan taqqoslash bolaning o'zini baholashiga ta'sir qiladi, u oldindan hech narsaning uddasidan chiqa olmaydigandek o'ylaydi.

 

To'g'ri ibora: «Sen ham shunday qila olasan». Xarakterning ijobiy tomonlarini ko'rsating, unga bo'lgan ishonchingizni namoyon eting. Unutmang, farzandingiz o'ziga xos va uning ham o'z qobiliyatlari va qadri bor.

 

«Sen bilan uyda gaplashamiz»

 

Bu iborani eshitgan bola o'ylaydi: «Ota-onam xohlagan ishini qilishlari mumkin, ular meni yaxshi ko'rishmaydi, uyga borishni istamayman». Ota-ona yaxshi ko'ruvchi yaqinlardan bola uchun nazoratchiga, uy esa bola jazoni kutadigan joyga aylanadi.

 

To'g'ri ibora: «Meni nima hafa qilganini senga aytib beray». Bola faqat o'z hissiyotlarini o'ylashni bas qiladi va biron ishni sodir etishda u qanday oqibatlarga sabab bo'lishi mumkinligini o'ylay boshlaydi.

 

«Bu haqida o'ylashingga erta»

 

 

Bu iborani eshitgan bola o'ylaydi: «Axir bu qiziqku, boshqalardan so'rayman!» Agar farzandingiz noqulay savollar berib, ma'lumot olmasa, u javobni kamroq mas'uliyatli bo'lgan boshqa manbalardan oladi.

 

To'g'ri ibora: «Hozir javob bera olmayman, menga bir oz vaqt kerak». Bolaga e'tiborsiz bo'lmang; agar u sizga savol bergan bo'lsa, javob berishga harakat qiling. Shu tariqa, siz bolaning ko'zida e'tiborli odam bo'lib qolasiz va uning ishonchini yo'qotmaysiz.

 

Suratlarni Natalia Kulakova chizdi