Navro'zning kelib chiqishi tarixi

Navro'z (fors. نوروز‎ «yangi kun»), shuningdek Xalqaro Navro'z kuni (21 mart) - eron va turkiy xalqlarda astronomik quyosh taqvimi bo'yicha yangi yil bayrami hisoblanadi. Navro'z islom an'analariga bevosita aloqasi bo'lmagan milliy urf-odatdir. Navro'z qariyb 5 ming yillik qadimiy bayram bo'lib, zamonaviy dinlar va aksariyat davlatlar yuzaga kelishidan ancha avval paydo bo'lgan.

Ko'plab olimlar bayramning qadimiy ildizlari haqida gapirganda Abulqosim Firdavsiyning (X-XI asrlar) “Shohnoma” asariga murojaat qiladilar. Buyuk alloma o'z asarida olam yaralganidan boshlab to arab istilochilari (VII asr) tomonidan imperiyaning zabt etilgunicha bo'lgan davrda yashagan forslar to'g'risida so'z yuritadi. Biroq, Navro'zga oid dastlabki qaydlar yanada qadimiy bo'lgan “Avesto” kitobida yozilgan. “Avesto” – zamonaviy Markaziy Osiyo, Kavkazorti, Eron, Afg'oniston va Pokiston hududlarida islomdan avval keng tarqalgan dunyodagi eng qadimiy e'tiqodlardan biri – zardushtiylikning muqaddas bitiklaridir. Shu bilan birga, Navro'zning kelib chiqishi haqida Beruniy ham o'zining so'nggi asarlarida, at-Tabariy, qadimgi yunonistonlik tarixchi Strabon kabi qator adiblar yozib o'tganlar.


Navro'z qaysi davlatlarda nishonlanadi

Bugungi kunda Navro'z Eron, Afg'oniston, Qozog'iston, Tojikiston, Ozarbayjon, O'zbekiston, Hindiston, Turkiya, Albaniya, Gruziya, Makedoniya, Qirg'iziston, Turkmaniston, shuningdek Rossiyaning ayrim hududlarida (Shimoliy Kavkaz, Boshqirdiston, Tatarston), Bosniya va Gersegovina, Xitoy, Mo'g'uliston va Pokistonda nishonlanadi.

Ta'kidlash joizki, Yaqin Sharq hududida Navro'z faqatgina arablarning kirib kelishi, islomning tarqalishi va Arab xalifaligining paydo bo'lishigacha shu yerda yashab kelgan xalqlarning vakillari tomonidan bayram qilinadi. Muvofiq ravishda, Navro'z, masalan, arab davlatlarida va arablar tomonidan nishonlanmaydi.

Muhim sanalar

  • 2009 yil30 sentyabr kuni Navro'z YUNESKO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madamiy merosi reprezentativ ro’yhatiga kiritilgan bo'lib, shu vaqtdan boshlab 21 mart Xalqaro Navro'z kuni deb e'lon qilingan.
  • Turkiyada 1925 yildan to 1991 yilgacha Navro'zni nishonlash rasman ta'qiqlangan. Suriyada Navro'z bayramini o'tkazish shu kungacha mumkin emas.
  • Gruziyada Navro'z 2010 yilda milliy bayram sifatida e'lon qilingan.
  • Sovet davrida Navro'z norasmiy tarzda nishonlangan, chunki davlat organlari bahor kirib kelishini qutlashga ruhsat bermagan va buning uchun odamlarni kuzatgan.

Bayramning turli davlatlarda nomlanishi

Navro'zni nishonlash qadimda Fors imperiyasi va fors madaniyatining ta'sir doirasiga  kirgan Yaqin Sharq va O'rta Osiyoning aksariyat madaniyatlarida turli nomlar ostida keng tarqalgan. E'tiboringizga turli tillarda ushbu bayramning nomlanishi keltirilgan to'liq bo'lmagan ro'yhatni taqdim etamiz: ozarb. Novruz, fors. نوروز‎ — Now ruz, pushtu  نوورځ‎ — Naw wraz, kurd. Newroz, toj. Navrӯz, o’zb. Navroʻz turkm. Novruz, Nowruz, qoz. Nauriz, uyg’ Noruz, qirg’. Nooruz, tat. Nәүrүz / Näwrüz, tur. Nevruz, qrim-tat. Navrez, boshq. Nauruz, chuvash. Narăs. Shuningdek, bayram boshqa tillarda ham mahalliy nomlar ostida nishonlanadi.

Navro'zda turli davlatlarda qanday taomlar tayyorlanadi?

Navro'z Osiyo davlatlarida oilaviy bayram hisoblanadi. Bu kuni bayramona dasturxon yoziladi. Eron va Afg'onistonda u “haft sin” deb nomlanadi, chunki dasturxonda nomi fors alifbosining “sin” harfidan boshlanadigan yettita (haft) mahsulot va buyum bo'lishi kerak: “sib” – olma, go'zallik timsoli; “sabze” – undirilgan bug'doy, yangilanish timsoli; “serke” – sirka, uzoq umr va sabr; “senjed” – yovvoyi zaytun yoki chakanda (oblepixa), muhabbat; “sekke” – tanga, boylik va farovonlik; “sir” – sarimsoq piyoz, salomatlik va bahtsizliklardan qutulish; “samanu” (sumalak, samanak) – undirilgan bug'doydan tayyorlangan taom. “Sumalak” (“sumalak”, “sumanak”, “sumelek”) so'zining nimani anglatishiga doir har bir qancha izohlar mavjud. “Suma” – qadimgi turkiy lug'atda “dimlangan bug'doy/arpa”, “laks” esa – “bug'doy uni” degan ma'noni bildiradi. Yana bir izohga ko'ra, taomning nomi “30 farishta”ni bildirib, uni afsonaga binoan farishtalarning o'zlari taom tayyorlashda yordam ko'rsatgan nochor ayol tomonidan o'ylab topilgan.

Qozog'istondagi an'anaga ko'ra bahoriy bayramda Nauriz koje taomi tayyorlanadi. Koje kelgusi yil unumdor bo'lishi uchun to'yguncha yeyiladi. Rivoyatga ko'ra Nauriz koje yetti xonadonda ta'tib ko'rilsa, yil omadli keladi. Nauriz koje – hayotning 7 ibtidosini bildiruvchi 7 ta majburiy mahsulotdan (suv, go'sht, tuz, yog', un, bug'doy (guruch, jo'hori) va sut) iborat an'anaviy bahoriy sho'rva. Har bir uy bekasi shaxsiy retseptiga ega bo'lsa-da, asos bitta hisoblanadi – mahsulotlar soni 7 soniga teng bo'lishi kerak.

 

Turkiyada 1925 yildan Navro'z (Nevruz)ni bayram qilish rasman ta'qiqlangan bo'lib, faqatgina XX asrning 90-yillaridan yana nishonlana boshlagan. So'nggi yillarda esa Turkiyada Navro'z hukumatning birinchi shaxslari ishtirokida o'tkaziladi. Bu davlatda bayramgacha ikki hafta oldin bug'doy donlarini undirib, patnisda yashil rangda ungan donni shirinliklar va yoqilgan shamlar hamda, qanchalar qiziq bo'lmasin, huddi pravoslavlar Pasxasida bo'lganidek, bo'yalgan tuxumlar bilan birga dasturxonga tortish urf bo'lgan. Agar Qozog'istonda bayramona taom Nauriz koje hisoblansa, Turkiyada – bu undirilgan bug'doydan pishirilgan sumalakdir. Bayram kuni albatta gulhanlar yoqiladi. Rivoyatga ko'ra, har kim olov ustidan yetti martta yoki yetti gulhon ustidan bir marttadan sakrashi kerak.

Ozarbayjonda shu kuni bayram stolida albatta nomlanishi “s” harfidan boshlanadigan yettita yegulik bo'lishi kerak. Bular – sumax, sked (sut), sirke (sirka), semeni (bug'doyli maxsus bo'tqa), sabzi (ko'katlar) va h.k. Sanab o'tilgan taomlardan tashqari stol ustiga ko'zgu, sham va bo'yalgan tuxum qo'yiladi. Bularning barchasi timsoliy ma'noga ega: sham – insonni yovuz ruhlardan himoya qiluvchi yorug'lik yoki olov. Tuxum va ko'zgu eski yilni yakunlab, yangi yilning dastlabki kunini nishonlash uchun kerak. An'anaga binoan ozarbayjonliklar bo'yalgan tuxumni ko'zgu ustiga qo'yadilar va tuxum chayqalishi bilan Yangi yil (Novruz) kirib keladi.

 

Turkmanistonda bayram arafasida uy bekalari an'anaviy yegulik – undirilgan bug'doydan semeni taomini pishiradilar va uylarni majnuntol, o'rik, olma shohlari bilan bezatadilar. Bayramning o'zi tong otmasdanoq boshlanib, butun oila yangi kiyimlarini kiygan holda yangi idishlar qo'yilgan stol atrofida jamlanadi. Navro'z (Novruz, Nowruz) sharafiga yoyilgan dasturxon “xaft-sin” deb nomlanadi. Stolda albatta nomi “sin” arab harfidan boshlanadigan yettita (haft) mahsulot bo'lishi kerak: ruta urug'lari – sipand, olma – seb, qora urug'lar – siyahdane, yovvoyi zaytun – sanjid, sirka – sirke, sarimsoq piyoz – sir va undirilgan bug'doy – sabzi.

Eronda “haft-sin” deb nomlanadigan bayramona dasturxonga sekke – tanga; serke – sirka; sir – sarimsoq; sumax – ziravor; samanu (boshqa xalqlarda sumalak) – undirilgan bug'doy donlaridan tayyorlanadigan taom; sanjed – lox doni; sabze – ko'katlar, tabiatning uyg'onishini anglatuvchi suvda undirilgan zig'ir va boshoqlilarning urug'lari qo'yiladi. Bundan tashqari, stolda ko'zgu turadi va oila a'zolarining soniga teng shamlar yoqiladi. Bu shamlarni oxirigacha yonib bo'lmagunicha o'chirish mumkin emas. Tehronda va Eronning ayrim boshqa shaharlarida Navro'z (نوروز‎ — Now ruz — fors.) arafasida baliqli palov tayyorlash udum bo'lib, bayram kuni vermishelli guruch pishiriladi.

Navro'z kuni Markaziy Osiyoda (O'zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston) palov tayyorlanadi, zero hech bir bayram bu taomsiz o'tmaydi. Biroq, stoldagi asosiy yegulik halim (ayrim xalqlarda go'ja yoki halisa) va sumalak (sumalyak, samanu) hisoblanadi. Bu taomlarni tayyorlash jarayoni juda uzoq va murakkab bo'lib, Navro'z arafasidagi kechada davom etadi. Sumalak faqat ayollar tomonidan tayyorlanadi, go'ja yoki halim (halisa) esa – erkaklarning zimmasida bo'ladi. Go'ja yetti turdagi boshoqlilardan go'sht qo'shilgan holda pishiriladi va barcha mahsulotlar bir xil massa holatiga kelgunicha qaynatiladi. Halim (halisa) bug'doy va go'shtdan tayyorlangan, ayrim xalqlarda no'hat va sabzavotlar qo'shiladigan bo'tqadan iborat. Sumalak esa – undirilgan bug'doydan tayyorlangan holva bo'lib, bug'doy avval maydalanadi, so'ngra qozonda paxta yog'iga un qo'shib pishiriladi (ayrim xalqlarda suv qo'shiladi). Bu taomlar salomatlik uchun juda foydali, chunki vitaminlar va aminokislotalarga boy bo'ladi.

Afg'onistonda sumalak pishiriladi. Uni tayyorlash uchun ulkan qozonlar atrofiga katta oiladagi barcha ayollar, shaharlarda esa – qo'shni ayollar yig'ilib, navbatma-navbat taom tagiga olmasligi uchun kavlab turishadi. Tun ayollarning suhbati, qo'shiqlari va hattoki raqslari bilan birga o'tadi. Tongda sumalak uni tayyorlashda ishtirok etgan yoki o'z mahsulotlari bilan hissa qo'shgan barchaga ulashiladi. O'z navbatida, bu odamlar qarindoshlari va tanishlarining uylariga piyolalarda sumalak olib borishadi.

Tatarlar va Boshqirdlar, chamasi, Navro'zni (Nərz, nәүrүz) nishonlash udumini qadimda Ural daryosi bo'yida istiqomat qilgan eroniy qabilalardan meros qilib olgan ko'rinadi. Butun jamoa tomonidan saylangan tantanalar rahbari yosh yigitlar hamrohligida navbat bilan qishloqdagi barcha honadonlarni kezib chiqadi. Bayram kuni nomi fors tilidagi “s” harfidan boshlanadigan 7 narsaning bo'lishi shart – sirka, sumax (ekzotik ziravor), sarimsoq piyoz, sumalak, olma, chakanda (oblepixa) donlari va yangi ko'katlar. Shuningdek, fors tilida “sh” harfidan boshlanadigan yana 7 ta buyum ham bo'lishi kerak – vino, shakash, sharbat, asal, konfetlar, sut va guruch.

Xitoyning g'arbiy qishloqlarida Navro'z turkiyzabon qabilalar va xitoyliklarning o'zlari tomonidan nishonlanadi. Bu kuni odamlar quvnoq rang-barang liboslarni kiyib, qo'llarida gullar bilan ibojatxonaga yo'l oladilar. Deyarli hamma loydan ishlangan buqa haykalini olib boradi. Bayramning asosiy buqasi esa bambukdan yasaladi va besh rangga bo'yalgan qog'oz bilan qoplanadi: qora, oq, qizil, yashil va sariq. Bu ranglar dunyo yaralishining besh unsurini – olov, suv, metall, yog'och va tuproqni bildiradi.