Ishxonangda pochta qutisini ochasan va kutilmaganda noma’lum kompaniyadan xabarnoma olasan. U yerda katta chegirmalarni taklif etayotgan yangi internet do‘kondan xat ekan. Isming, kredit karta raqami va parolingni tersang, ularning bazasiga kirasan. 

Mikserni 70 foizli chegirma bilan xarid qilish uchun u qadar mushkul emas, shunday emasmi? Ma’lumotlaring ularga oshkor bo‘ladi – buning bariga o‘zing aybdorsan, senga achinmaymiz.

Shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘rilash darajasi ortib bormoqda. Dunyoda har yili o‘n million kishi internet-qaroqchilar qurboniga aylanmoqda. Zararli dasturlar foizi har yili o‘sib boryapti va hech qanday qonunchilik tarmoqning tinchliksevar foydalunvchilarini aldovdan asrab qolmaydi.

Bugun senda barcha omonatlaringni bitta klik bilan bir necha soniyada sarflab yuborish imkoniyati bor. Tentaklargina bunga chuv tushadilar deb o‘ylaysanmi? Unday emas. Bu kabi jinoyatlar darajasi juda tez o‘sib boryapti hamda himoya tizimlari uning ortidan yetib olishga ulgurmayapti.

Biroq bir necha oddiy qoidalar borki, ular shaxsiy ma’lumotlaring o‘g‘irlanishi imkoniyatini minimallashtiradi. Biz aynan ular haqida gaplashamiz.

 

1. Elektron pochtadan foydalanish qoidasi

Mazkur yolg‘onlar dunyosida o‘zlashtirishing zarur bo‘lgan birinchi narsa – xatda Afrika qirolligining vorisiga aylanganing aytilgan bo‘lsa ham, shubhali havolalarga o‘tma. Firibgarlarning asosiy qismi havolalarni ana shu yo‘l bilan berkitishga urinadilar, ular rasmiy manbalardan olingan bo‘lib ko‘rinadi. Yodingda bo‘lsin, jinoyatchilar ataylab qalbaki saytlar yaratib, ular orqali login va parol kabi yashirin ma’lumotlarni to‘plashda foydalanishadi. Odatga ko‘ra, bunday xatlar obro‘ga ega va mashhur saytlarning reklama xabarnomalari bilan birga yuboriladi.

 

2. Murakkab parollar tuz

Nechta paroling bor? Agar barcha manbalar uchun bitta paroldan foydalansang, yovvoyi bo‘lma, hech bo‘lmasa, ulardan birini almashtir. Xotirang bir necha parolni eslab qolishga qodir ekaniga ishonamiz. Ularni murakkabroq qilib, yuqori va pastki registrlar, raqamlar va takrorlanmaydigan belgilardan foydalangan holda tuz.

 

3. Anti-virusga sarmoya kirit

Umr bo‘yi qalbaki dasturiy ta’minotdan foydalanib keldim, biroq litsenziyalangan antivirusni o‘rnatib, bunga nuqta qo‘yishga qaror qildim. Umuman olganda, barchaga aynan shunday yo‘l tutishni maslahat beraman. Litsenziyadan pul yo‘qotasan, biroq qaroqchilarda doimo mavjud bo‘lgan ko‘plab muammolardan xalos bo‘lasan. Virusga qarshi yaxshi dastur – har doim yaxshi tanlov.

 

4. Fishingdan qo‘rq

Fishing — qalbaki saytlarda ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy ma’lumotga ega bo‘lish usuli. Firibgarlar “baliq”ni ko‘pincha turli aksiya, xizmat va chegirmalar bilan qarmoqqa ilintiradilar. Ba’zida ishonchga kirib olish uchun davlat organi bo‘lib ko‘rinishga harakat qilishadi.

 

5. Ommaviy Wi-Fi’dan ehtiyot bo‘l

Ommaviy Wi-Fi nuqtaga ulanishdan oldin ikki marta o‘ylab ko‘r. Jinoyatchilar jamoat tarmog‘ini buzib, unga ulangan qurilmalardan ma’lumotlarni olish imkoniga bo‘lishadi. Bepul Wi-Fi ga ulangan barcha odamlarning parollarini ko‘rsata oladigan dasturlar bor.

 

6. Ma’lumotlaringni hech kim bilan bo‘lishma

Shaxsiy ma’lumotlarni telefon yoki internet orqali ma’lum qilma. Jinoyatchilar bank, mobil operator xizmatchisi yoki hatto onang nomi ortiga ham yashirinishi mumkin. Ko‘chalarda tez-tez o‘tkaziladigan so‘rovnomalarda ishtirok etish tavsiya etilmaydi. Raqaming, elektron pochtang yig‘ilgan ma’lumotlarni reklama takliflari orqali mijoz yig‘adigan kompaniya bazasiga kiritiladi. Senga shu kerakmi?

 

7. Hujjatlarni xavfsiz joyda saqla 

Hujjatlaring nimjon papkaga solib qo‘yilgani, yoki butun uy bo‘ylab yoyilib yotganiga ishonchimiz komil. Sug‘urta polising, diploming qayerda ekanini eslay olasanmi? Hujjatlarni saqlash uchun ishonchli seyf xarid qilishni tavsiya qilamiz. Agar hujjatni tashlab yuborsang, begonalar qo‘liga tushmasligi uchun uni yoqish yoki majag‘lab yuborish kerak.