E'tiboringizni oila va ishdan olib, birdan atrofingizda do'stlar qolmaganini anglagan bo'lsangiz, qo'rqmang – hamma kattalar bu holatdan o'tadi. Nima uchun shunday bo'ladi va haqiqiy do'stlik iliqligini yana his qilish mumkinmi?

So'nggi martta qachon yangi do'st orttirdingiz? Shunchaki gaplashish yoki hazil almashish mumkin bo'lgan ishdagi yangi tanish emas, balki haqiqatdan ham yaqin – eng murakkab vaziyatda qo'ng'iroq qilish mumkin bo'lgan odamni. Agar yoshingiz uchinchi o'n yillikdan o'tgan bo'lsa, bunday do'stlarni topish tobora qiyinlashib borishini sezgandirsiz. Nimaga shunday bo'ladi va nima qilish kerak?

 

Gumonlanuvchilar: ish, oila, «vaqt juda kam»

Barchamiz yosh kattalashishi bilan do'stlik chetga surib qo'yilishining yaqqol sabablarini bilamiz. Biz haftasiga 40 soatdan ishlaymiz, oilamiz va bolalarimiz bor, mansabda ko'tarilishini istaymiz, qolganiga esa shunchaki vaqt yetmaydi.

FamiliesWorkInstitute tomonidan o'tkazilgan tadqiqotda yozilishicha, 25 dan 54 yoshgacha bo'lgan aksariyat ayollar kuniga 90 daqiqadan kamroq erkin vaqtga, 29 foiz ayollar esa – kuniga 45 daqiqadan kamroq vaqtga ega bo'ladi. Bu vaqt yangi do'stlar orttirish u yoqda tursin, hattoki sevimli serialni tomosha qilishga ham yetmaydi.

Bu ko'rsatkich erkaklarda ham, iloji boricha ko'proq pul topish va oilaviy majburiyatlardan kelib chiqib, ancha farq qilmasa kerak degan fikrdaman.

Aleks Villiams TheNewYorkTimes ommabop nashrida o'rta yoshda do'stlar yetishmasligi holati haqida hikoya qiladi:

 

Inson hayotining o'rtasiga yetganida uning hayot ixtiro qilish kerak bo'lgan bo'sh xarita singari ko'ringan yoshlikdagi hamma narsani ketma-ket tadqiq qilishga oid intilishlari izsiz yo'qoladi. Ustuvorliklar o'zgaradi va ko'pincha odamlar do'stlariga nisbatan injiq bo'lib qoladi.

 

Do'stlaringiz qanchaligi muhim emas, baribir taqdirga tan berish hissi Sizni quvib yetadi va qo'rqita boshlaydi. Eng yaqin do'stlaringiz paydo bo'ladigan davr, o'sha o'smirlik va erta yigirma yoshlar o'tib ketgan. Endi “vaziyat ko'ra do'stlar” yoki shunchaki yaxshi tanishlar davri keldi.

Odamlar ulg'aygach oralarida ko'rinmas to'siq hosil bo'lgandek tuyuladi. Ular tanishadilar, muloqot qilish qiziq bo'ladi, lekin avvalgidek tez-tez uchrashib, birga vaqt o'tkazmaydilar.

Kaliforniyadagi Stenford markazining psixologiya professori Laura L. Karstensen o'tkazgan tadqiqotda aniqlanishicha, yoshi ulg'aygani sari odamlar do'stona munosabat o'rnatishga tobora kamroq urinadi, ammo mavjud do'stlariga ancha yaqinlashadilar.

Uning taxminiga ko'ra, bu holat insonning tabiiy soatlari 30 yosh kabi hayotidagi ahamiyatli voqealarga munosabat bildirishi sababli yuz beradi. Bu soat hayot qisqarib, tadqiq qilishni to'xtatish vaqti yetganligidan darak beradi va hozir hamda shu yerda mavjud narsaga murojaat qilishni eslatib turadi.

 

Omon qolish uchun endi do'stlar shart emas

Kattaroq yoshda qiyinchilik bilan do'st topishimizga yana bir sabab – bu endilikda zaruriyatning yo'qligi. Bolalikda va yoshlikda do'stlik ijtimoiy va shaxsiy rivojlanishmizning muhim qismi sanaladi. Bizga aslida kimligimizni anglash, ijtimoiy muammolarni qanday hal qilishni tushunish uchun do'stlar kerak.

Albatta, maktabda do'stlashish chog'ida hech kim bularni o'ylamaydi. Biz u qadar sinchkov bo'lmaymiz va shunchaki do'stlasha boshlaymiz (Men bilan bir partada o'tirib, o'qituvchini sen ham yoqtirmaysanmi? Demak yaxshi do'stmiz!).

Shaxs shakllanib bo'lganidan so'ng bizga do'st bo'lish uchun kattaroq narsa kerak bo'ladi va do'stlik yuzaga kelishi uchun vaziyatning o'zi yetarli bo'lmay qoladi. Sizda boshqa odam bilan bir xil muammolar va qarashlar bo'lishi mumkin, Siz ularni o'rtoqlashasiz, so'ngra abadiy ajralasiz va shunchaki hurmat yuzasidan salomlashasiz. Demak, bu qaytarib bo'lmaydigan jarayonmi?

 

Buni qanday hal qilish mumkin

Eski do'stlarim borku, yangilarini nima qilaman, dersiz. Lekin, yoshlikdan so'ng odam birdan vaziyat taqozosi bilan boshqa shaharga ko'chib o'tsa yoki eski do'stlarini yo'qotsa, unda nima qilish kerak?

Hamma juda band va bizda psixologlar yaqin do'stlik uchun zaruriyat sifatida tan olgan uchta muhim narsa yo'q: ruhiy yaqinlik, qaytalanadigan, rejalashtirilmagan munosabatlar va ishonch.

Bu nima degani? Agar 30 yosh atrofida bo'lsangiz endi haqiqiy do'stlaringiz bo'lmaydi? Mutlaqo noto'g'ri.

Jezebel saytining muallifi Treysi Murning fikricha, shunchaki do'stlikka nisbatan munosabatni o'zgartirish kerak:

Faraz qilaylik, Siz yangi shaharga ko'chib o'tdingiz va bu yerda bironta ham tanishingiz yo'q, yoki eski do'stlaringiz endi Sizga shu qadar surbet bo'lib ko'rinyaptiki, ular bilan so'nggi 10 yil davomida qanday muloqot qilib kelganingizga hayron qolyapsiz. Nima bo'lganda ham bu yoshda Siz barcha fikrlaringiz bilan do'st izlashni qiziqarli jumboq sifatida qabul qilishingiz kerak.

Albatta, buning uchun uydan chiqish va o'xshash qiziqishlarga ega odamlar bilan muloqot qilish kerak.

Quyida bir nechta misol keltiramiz:

  • shahringizda mavzuga doir uchrashuvlarni izlang – qiziqishlaringizga bag'ishlangan jamiyatni ijtimoiy tarmoqdan toping va shunday yig'ilishga boring;
  • qiziqishlar bo'yicha qandaydir kurslarga yoziling: raqs, yoga, dekoratorlik san'ati bo'yicha mahorat maktablari, hattoki jangovar san'at. Yangi narsani boshlash hech qachon kech emas;
  • it Itlari bor odamlar har doim birga sayr qiladilar, “to'dalarga bo'linadilar” (agar itlar ziddiyatga bormasa) va bir vaqtda ko'chaga chiqishadi;
  • sayohat qilish, yangi xobbi tanlash, qayergadir ko'ngilli bo'lib yozilish va ijtimoiy faollikning barcha turlarini namoyon etish mumkin.

Oddiy qilib aytganda, odamlar bor joyga intiling. Do'stlik – o'tkinchi, ammo bir vaqtning o'zida qimmatli narsa. Siz do'stlikni huddi mansabda ko'tarilish singari boshqara olmaysiz, zero odamlar orasidagi iliqlik yo bor yo yo'q.

Asosiysi – turli odamlar bilan muloqot qilishga bo'lgan istak. Siz eng kam kutgan vaqtingizda do'st topishingiz mumkin.

 

Afzalliklar ham bor

Katta yoshda do'st orttirish qanchalar qiyin bo'lmasin – bu arzirli ish. Kattalar orasidagi do'stlikda bolalikdagiga qaraganda ko'proq afzallik bo'ladi:

  • munosabatlar maktabda yoki oliygohda ta'lim olganingizda hali bo'lmagan umumiy qiziqishlar asosiga quriladi;
  • faqat yoshingizga mos va bir shahardan bo'lgan do'stlarni orttirishga majbur emassiz (internet orqali muloqotni hisobga oling);
  • do'stligingiz tashqaridan bosimsiz ancha erkin bo'ladi, chunki har bir katta odam hammaning o'z ishi borligini biladi va uchrashishning iloji bo'lmasa arazlamaydi;
  • avval tashkil etilgan oddiy o'tirishlarga nisbatan do'stlar bilan uchrashuvlarning qadriga yeta boshlaysiz.

O'zingizni anglab to'laqonli shaxsga aylanganingizda, do'stona munosabatlar maktab yillarida qolganlariga nisbatan yanada chuqur bo'ladi. Hattoki, bu oson bo'lmasa ham. Har qanday yaxshi munosabatlar singari vaqt o'tishi bilan ular yanada chuqur va mustahkam bo'lib boradi.