Insholar yozish qobiliyati nafaqat maktabda yaxshi baholar olish, balki shaxsning umumiy ijodiy rivojlanishi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Biroq, rus tili va adabiyoti darslarida bolaga yaxshi insho yozish qoidalarini o'rgatishning imkoni yo'q. Ushbu ko'nikmani shakllantirish uchun ota-onalar va o'qituvchilar o'ziga xos usulda yo'l tutishlari kerak.

Darslarda bolalarga mavzuni ajratish, reja tuzish, kompozitsiyaga amal qilish va hokazolar haqida so'zlanishi mumkin. Biroq, o'qituvchilar eng asosiy narsa – badiiy qimmatga ega matnni qanday hosil qilish haqida hech narsa aytmaydilar. Bunday ko'nikmalarni takomillashtirish bo'yicha o'z-o'zidan yuzaga kelgan uslublar esa mutlaqo samarasizdir. Masalan, bir tadqiqotda aytilishicha, inshoni tekshirish vaqtida o'qituvchi unda qoldiradigan tuzatishlar va qaydlar vazifasini bajarmaydi va o'quvchilar shunchaki ularga ahamiyat bermaydi.

Biroq, bu ota-onalar va o'qituvchilar umuman kuchsiz degani emas. Yozuvchilik ko'nikmalarini shakllantirishga turli omillar ta'sir qiladi va ularni yodda tutgan holda bolaga o'zining ijodiy usulini topishda yordam berishingiz mumkin.

1. Qiziqish

Bu insholarni yozish bilan birga, faoliyatning istalgan boshqa turida ham muvaffaqiyatga erishishning kalitidir. Agar odam qilayotgan ishiga qiziqish bildirsa, ko'nikma o'z-o'zidan hosil bo'ladi. Bunda gap manfaatli qiziqish haqida borayotgani yo'q. Faoliyat jarayonining o'zi shaxs tomonidan ahamiyatli va qiziqarli sifatida baholanishi kerak.

Xususan, bu bolada ijod, o'z fikrini bayon etish, intellektual mehnat asosiy o'rinlarni egallaydigan ma'lum qadriyatlar tizimini tarbiyalashni nazarda tutadi.

Insho — shunchaki fikrlar bayoni emas. U ijodiy faollik natijasidir.

Bolada yozuvchilik san'atiga nisbatan ehtirom tarbiyalanishi zarur, buyuk adiblar u uchun hurmatga loyiq namunaga aylanishi kerak. Eng asosiysi – bola ular nima uchun hurmat qozonganini tushunib yetishi lozim. Ya'ni, u adabiyotning estetik qadrini, til go'zalligini anglashi zarur.

Masalan, tadqiqotlarda ta'kidlanishicha, o'quvchiga bitta uzun gap bir nechta qisqalariga nisbatan chiroyliroq eshitilishini ko'rsatish muhim. Unga gaplarni birlashtirish, bunga qanday vositalar orqali erishish mumkinligini o'rgatish kerak. Tilning boshqa badiiy jihatlari ham huddi shunga bog'liq.

2. Adabiyotga nisbatan hurmat

Buning uchun bola, albatta, mutolaa qilishi kerak. Biroq, bu uni maktab dasturini to'liq o'zlashtirishga majburlash degani emas – ko'pincha bunday usul aks ta'sir ko'rsatadi. Ko'pchilik odam qancha ko'p o'qisa, shuncha yaxshi yoza oladi, deya xato fikr yuritadi. Bu mutlaqo noto'g'ri. Hattoki so'zlar lug'atini boytishi nuqtai nazaridan ham: yangi so'zlar faol nutqdan o'rin olishi uchun ularni doim ishlatish kerak. Faol nutqni boyitish uchun yangi so'zlarni taqdim etish va ularni inshoda qo'llash vazifasidan iborat usul samaraliroq bo'ladi.

Adabiyot “yuklangan vazifa” bo'lgani uchun o'qilishi kerak emas. Maktab dasturi mumtoz adiblar asarlarini sifat emas, balki son jihatidan o'rganishga qaratilgan.

Odamda asarga nisbatan qiziqish va uning badiiy qadri tushunchasi paydo bo'lishi uchun tashqaridan bosim o'tkazilmasligi kerak.

Yakka tartibdagi yondashuv ancha samaraliroq bo'ladi: bolaga qaysi janr yoqishini aniqlash va shu yo'nalishga urg'u berish. Masalan, unga fantastika yoqsa-da, darslarda esa u hech qiziqmaydigan Pushkin o'tilayotgan bo'lsa, uning qiziqishlaridan kelib chiqib adabiyot olamini ochib berish eng to'g'ri yo'l bo'ladi, misol uchun, bolaga Gibson yoki Lem kabi ilmiy fantastika mumtoz asarlarini taklif qilish, ushbu kitoblarda ko'tarilgan muammolarni muhokama qilish, unga mustaqil fikrini bildirish va qiziqarli mavzularda muloqot qilish imkonini berish.

3. Fikrlashga rag'batlantirish

Albatta, bu maktab dasturini unutish kerak jegani emas: unga nisbatan ham o'qituvchilik usullari yordamida ma'lum qiziqish uyg'otish mumkin. Bizning maktabda hamma adabiyot darsini juda yaxshi ko'rardi, chunki o'qituvchimiz darslarni har doim darsliklarga murojaat qilmay o'tardi. U birgina asarning o'zisha deyarli butun chorakni bag'ishlashi mumkin edi. Lekin, asarni shu qadar puxta o'rgatardiki, muhokama jarayoniga barcha jalb etilardi. U tanqidiy “standartlarga” qarama-qarshi bo'lgan o'z nuqtai-nazarini aytib, bizni muhokamaga undardi.

Xususan, “Tom Soyer”ni erkatoy bezori haqidagi voqea sifatida o'qisak, “Anna Karenina” romani ruhiy yordamga muhtoj bo'lgan jazavali qiz haqida so'zlardi. Uy vazifalari ham shunga muvofiq bo'lgan: “Sizningcha, Andrey Bolkonskiy zodagonlar hayotining shodliklaridan to'ygan tekinxo'r emas, balki ruhan murakkab shaxsmi? U holda mana bu bobni o'qing va o'z nuqtai nazaringizga qanday bo'lsa ham isbotlar topishga urinib ko'ring. Menga osmon haqidagi abzayni o'qishning keragi yo'q: biz hammamiz osmonni ko'rganmiz va uning qandayligini bilamiz”. U keskin va etirozga o'rin qoldirmaydigan tarzda, mutlaqo “maktabchasiga” bo'lmagan bir asnoda fikr bildirardi, ammo aynan shuning uchun biz o'qishni va fikr yuritishni istardik. Ota-onaning o'zi ham darslarga shunday tayyorgarlikni amalga oshirishi mumkin.

Insho yozishda standart qadamlar mavjud:

  • mavzuni tanlash;
  • reja tuzish;
  • mavzu taqdimoti ko'rsatilgan kirishni yozish;
  • inshoning asosiy qismini yozish;
  • xulosali yakuniy qism.

Bu istalgan insho ustida ishlashning mantiqli tuzilishi bo'lib, u aslida to'g'ri va ketma-ket fikrlashni aks ettiradi. Uni zo'rganish kerak, ammo uni asos qilib olish shart emas. Bolani quruq abzatslarni qaytarishga majburlash, ijodiy energiyasini jilovlash, begona qoidalar bo'yicha o'ynashga majburlash orqali unda qiziqish uyg'otish qiyin kechadi.

Aksincha, bola o'zini qiziqtiradigan mavzuda cheklovlarsiz o'z fikrini bildirish erkinligi va so'zlash imkoniyatiga ega bo'lsa, bu ish samaraliroq kechadi. Inshoni yozish jarayonida esa, Siz uni tuzatishingiz yoki matnni yaxshiroq tuzish bo'yicha maslahatlar berishingiz mumkin. Bola tuzilishni o'zlashtiradi, ammo buni shaxsiy tajribasida o'rganadi.

4. Kattalarga taqlid

Tadqiqotlarda qayd etilishicha, amalda keng tarqalgan usul – o'quvchini qog'oz bilan yolg'iz qoldirib, so'ngra tayyor natijaga tuzatishlar kiritishga qaraganda insho yozish jarayonining to'liq monitoring qilinishi, o'quvchiga real vaqt rejimida ko'mak berish yaxshiroq samara beradi.

Siz bolangizni huddi kattalardek fikrlash va so'zlashga o'rgatmoqchisiz.  Ishoning, uning o'zi ham shuni o'rganishni istaydi.

Lekin, bunga erishish uchun Sizning fikrlashingiz doim uning fikrlashiga tutashgan bo'lishi kerak.

Ko'pincha odamlar avval o'zlarini ma'lum obrazga o'xshatib, keyingina uning sifatlariga ega bo'ladilar. Xususan, badiiy maktabni a'lo baholarga bitirgan odam “Men iste'dodli rassomman” deb o'ylaydi. Va, ancha yillik tajribadan so'ng, keyingchalik uning suratlari yoshligida o'zini loyiq deb topgan maqomga mos kela boshlaydi.

Har bir bola katta bo'lishni istaydi. Agar unga katta bo'lish – noodatiy fikrlash va fikrlarini chiroyli bayon etishni bilish ekanligini uqtira olsangiz, bola muvofiq ravishda o'sib boradi. Buning uchun insholar dastavval Siz bilan birga yozilishi kerak.

5. Doimiy amaliyot

Umuman olganda, fikrlarini tushunarli ravishda bayon etishga o'rganish uchun mana shu bandning o'zi ham yetarli. Agar odam nimanidir muntazam ravishda bajarsa, vaqt o'tgani sayin uning ishi takomillashib boraveradi. Hattoki, yozishni umuman istamasa-da, ammo uy vazifasini bajarish ustidan qat'iy nazorat va doimiy amaliyot natijasida bola insholarni yoza olishi va yaxshi baholar olishi mumkin.

Biroq, bunday yondashuvdan qanday ma'no va qurbonlik kutiladi? Maktabda kimyo fanidan uch baho olgan aksariyat odamlar hayotlarida biron martta ham o'zlarini bolalikdagi bekorchiliklari uchun koyimagan bo'lsalar kerak. Chunki, ularga kimyoning baribir keragi bo'lmasdi.

Maktabdagi baho hayotdagi muvaffaqiyat ko'rsatkichi emas. Hech qachon bolaga buning aksini aytmang, yo'qsa u kelajakda shaxsiy ijodiy energiyasini topa olmay, sun'iy, boshqalar tomonidan yaratilgan maqsadlarga intiladi.