O'zgarishlar – doim murakkab kechadigan jarayon. Ayniqsa, odatiy turmush tarzini alishtirish bilan bog'liq o'zgarishlar. Bir odam go'shtni, pivo ichishni yaxshi ko'rardi, keyin esa ma'lum lahzada o'zini go'sht va alkogol iste'molidan cheklashga qaror qildi. Balki u o'zi uchun barchasini hal qilib, hayolan tartibga solib bo'lgandir, ammo atrofidagi odamlar uchun barchasi oson kechmasligi mumkin. Ayniqsa, bu masala shu odam bilan birga yashaydigan oila a'zolariga taalluqlidir.

Agar sog'lom ovqat iste'mol qilishga va har kuni sport bilan shug'ullanishga qaror qilgan bo'lsangiz, oilangiz ham huddi shunday qiladi degani emas. Boshqalarni ko'ndirish qiyinroq, chunki ularning bu borada shaxsiy fikrlari bor. Sanab o'tilgan barcha o'zgarishlar esa o'ylanganidek oson kechmaydi. Oilangiz uchun yangi turmush tarziga o'tish qiyin bo'lsa nima qilish kerak? Axir, yangi oilaga ko'chib ketmaysiz-ku!

Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, bu holat haqiqatdan ham juda murakkab. Slava go'sht iste'molini minimal darajaga yetkazib, shirinliklardan deyarli to'liq voz kechishga qaror qilganida men uzoq vaqt qarshilik qildim. Birinchidan, men shirinliklarni yaxshi ko'raman, ikkinchidan esa – shirinlik tayyorlashni sevaman. Men uchun shirinliklar va pishiriqlar bilan ovora bo'lish – huddi san'at... musavvirlik kabi narsa. Shuningdek, nima uchun endi oyijon mazali pecheneni u qadar ko'p pishirmasligini bolaga tushuntirish yanada qiyin. Biroq, asta-sekin bir murosaga keldik va har kim qoniqish hosil qildi.

Har doim ham bunday o'zgarishlar oson kechmaydi. Asta-sekin boshini to'ldirib turgan axborot chiqindilaridan, tanasini ifloslantirgan ozuqaviy axlatdan hamda uyini egallab, oilasi harakatlarini cheklab turgan ko'p miqdordagi buyumlardan hayotini to'liq tozalagan Leo Babauta ham shu kabi sinovdan o'tgan. U o'zining blogida tajribasi bilan o'rtoqlashdi.

Hamma bortga!

Odatda, ssenariy odatdiy bo'ladi: Siz qandaydir kitob yoki maqolani o'qib ilhomlandingiz. Uzoq yurib, bu haqida o'yladingiz va nihoyat, sinab ko'rishga qaror qildingiz. Biroq, oilangizga bu haqida eng oxirida xabar berdingiz va boshqalarning birdan va o'ylamasdan turib Sizni yangi g'oyalarda qo'llab-quvvatlash qiyin bo'lishi tayin. Siz hammasini o'ylab, bir necha martta turli holatlarda bosh qotirib bo'ldingiz. Ular esa – yo'q. Shu bois, ulardan bir zumda ijobiy munosabatni talab qilish, kamida, adolatsizlik bo'ladi.

Leo bir oz boshqacha usulni taklif qiladi. Uning tajribasi ko'rsatganidek, agar qiziq nimadir topib olgan bo'lib, bu tizimni sinab ko'rish ajoyibligi haqida fikr paydo bo'lsa, o'ylaringizni iloji boricha yaqinlaringiz bilan o'rtoqlashing. Shu tariqa, ular jarayonning boshida bo'lishadi. O'zingiz qaror qabul qilib bo'lganingizdan keyingina ularga xabar berish noto'g'ri. Eshitgan narsangiz haqida darhol ularga so'zlab bering. Ular bu haqida nima o'ylashlarini so'rang. Siz bularning barini birgalikda muhokama qilib, har bir qadamda birga xulosaga kelishingiz, ya'ni birgalikda qaror qabul qilishingiz kerak.

Odamlar majburan o'zgarishni yoqtirmaydilar. Ulardan o'zingiz bilan birga o'zgarishni so'rash o'rniga, boshlanishiga o'zgarishingizda yordam berishlarini so'rang. Ularning ko'magi va maslahatlariga muhtoj ekanligingizni ayting. Ana shunda, ular jarayon davomida Sizga yordam berish orqali o'zlari bilmagan holda yangi tizimga kiradilar. Ularga mustaqil qaror qabul qilish imkonini bering. Voqealarni jadallashtirmang.

Shaxsiy o'rnak ko'rsating

Tabiiyki, taklif qilingan usulga hamma birdan rozi bo'lmasligi muqarrar. Shuning uchun shubhadagilarni o'z tomoningizga og'dirishning eng yaxshi yo'li – taqlid qilish uchun munosib o'rnak ko'rsatishdir.

Shaxsiy o'rnak – doim eng yaxshi o'rnak. Ayniqsa, bu bolalar va ota-onalarga taalluqli. Agar farzandingizga sog'lom turmush tarzi doim televizor ro'parasida o'tirish va har qanday keraksiz narsalarni yeyishdan ko'ra yaxshiroq va qiziqarliroq ekanligi haqida so'zlab, ammo o'zingiz tunu kun kompyuter oldida pivo ichib o'tirsangiz, bolaning sport mashqlariga yugurib borishi ehtimoldan yiroq. Bizning o'g'limiz ota-onasi doim sport bilan shug'ullanayotganini, dadasi bemalol 21 km. yugura olishi yoki velosipedda orol atrofini aylanib chiqishi mumkinligini ko'radi. Shuni o'zi yetarli! Unga boshqa hech narsa kerak emas! U dadasi bilan birga yugurishni istaydi, uyga qaytganimizda ikki g'ildirakli velosipedda uchishni qanday o'rganishini so'zlaydi va katta qiziqish bilan txekvando mashqlariga qatnaydi. Bizning bir tanishimiz doim marafonlar va triatlon bo'yicha musobaqalarda ishtirok etadi. Uning o'g'li ham otasidan ortda qolmagan va bolalar marafonlaridagi ishtiroki uchun bir qancha yorliqlarni qo'lga kiritgan.

Qanchalar zo'r bo'lishi haqida so'zlab, ko'ndirish shart emas. Shunchaki uni o'zingiz bilan bir necha martta birga olib keting. Buni majburan amalga oshirmang va natija Sizni ko'p kuttirmaydi.

Agar oila hamon bort ortida bo'lsa

Agar shu paytgacha yaqinlaringizni rejalaringizga qo'shilishga ko'ndira olmagan bo'lsangiz, shunchaki ulardan tushunishni va kamroq tanqidni iltimos qiling. Qo'shilishni istamas ekansan, halaqit berma. Ziddiyatga bormang. Ularning odatiy turmushini tushunishingiz va hurmat qilishingizni, ammo o'zingiz o'zgarishni istashingizni ko'rsating.

Buni qiziqarli o'yinga aylantiring

Butun oilani jalb qilishning yana bir qiziq va foydali vositsi – bu “oilaviy da'vatlar”. Ya'ni, Siz birgalikda maqsadlarni belgilab, ularga birgalikda erishishingiz kerak. Ayrim odamlar yangi qoidalarga oddiy amal qilishda qiziq narsa ko'rmaydi. Ularning o'zgarishi uchun ma'lum chegaraga solingan maqsad kerak. Ana shunda yangi qoidalarga o'tish qiziqarli musobaqaga o'xshab ketadi. Bunday musobaqalar ayniqsa bolalarga yoqadi. Bu to'siqlarni yengib o'tadigan o'yinga aylantirilsa, ular yangi qoidalar bo'yicha mamnuniyat bilan o'ynaydilar. Hattoki, to'plangan ochkolarni ham yozib boradilar.

Bu qiziq, bu quvnoq va asosiysi, Siz buni birgalikda amalga oshirasiz!

Sog'lom ovqatlanish

Tajriba ko'rsatganidek, sog'lom ovqatlanishga o'tish eng murakkab vazifalardan biri sanaladi. Shu bois, buni, ayniqsa, bolalar borasida asta-sekin amalga oshirish zarur. Siz ularni faqat o'simlik taomlari yeyishga majburlay olmaysiz. Axir, ular hali bola va organizmlari endigina shakllanmoqda.

  • O'zingiz uchun alohida ovqat pishiring. Leoning aytishicha, u turmush o'rtog'i bilan bir necha kun davomida bir xil ovqat yeyishi mumkin, ammo bolalari uchun alohida taom tayyorlashadi, chunki ular turli ovqatlarga muhtoj. Bolalar orasida pishirilgan brokkoli yoki suvda pishgan yormaga ixlos qo'yganlarini topish qiyin.
  • Bolalarni o'zlari o'rganmagan ovqatni yeyishga majburlash qiyin. Hamma bolalar ham sabzavotlar va ko'katlarni yaxshi ko'rmaydi. Shuning uchun ularni asta-sekin, shu mahsulotlarni turli taomlarga qo'shgan holda, o'rgatib borish kerak. Bolalarni ovqatni tatib ko'rish va turli ta'mlarni ajratishga o'rgatish kerak. Bu albatta ish beradi. Vanya barcha kattalarning taomlarini yeydi deya olmaymanu, ammo echki sutidan qilingan pishloqli va yashil no'xatli rizottoni yaxshi ko'rib yeydi.
  • Agar bolalar shirin narsa (masalan, pitssa) yeyayotgan bo'lsa, ahamiyat bermaslikka harakat qiling. Agar ahamiyatsiz qolish qiyin bo'lsa, sayrga yoki yugurishga chiqib keting.
  • Oxirida mukofot sifatida shirinlik va'da qilingan bo'lsa, bolalar istalgan restoranga borib, oldilariga nima qo'yilsa shuni yeydilar. Axir Siz o'yin o'ynayapsiz va ochko to'playapsiz, yodingizdami?
  • Hamma ham vegetarianlikni qabul qilmaydi. Agar Siz go'shtdan to'liq voz kechishga qat'iy qaror qilgan bo'lsangizu, oilangiz buni u qadar istamasa, ularni majburlamang. Shunchaki mazali vegetariancha taomlarni izlab tayyorlang va ularni mehmon qiling. Agar taom haqiqatdan ham mazali bo'lsa, oilangiz uni rad etishga sabab topa olmaydi. Agar go'sht yoki pitssa yeyishni juda xohlayotgan bo'lsangiz, haftaning bir kunini ajratib, masalan pitssaxonaga borishni rejalashtirish mumkin. AppStore да вегетарианча таом рецептлари келтирилган яхши илова —GreenKitchen (4.99$).

Oilangiz qarorlarini qo'llab-quvvatlang

Agar oilangiz Sizni qo'llashini xohlsangiz, o'zingiz ham ularning g'oyalarini qo'llashingiz kerak. Agar rafiqangiz (yoki eringiz) yoki farazanlaringiz nimagadir qiziqsa, ularni qo'llang, yordam bering. Ular uchun foydali kitoblar va manbalarni izlang, loyihalarni bajarishda ko'maklashing. Ularga qanchalik yordam berayotganingizni ko'rishsa, Sizga ham kerakli ko'makni berishadi. Yuqorida aytilganidek, eng yaxshi o'rnak – bu shaxsiy o'rnak.

Boshqalarni o'qitish orqali o'rganing

Va so'nggi maslahat. O'zgarishning eng yaxshi usuli boshqalarga o'zgarishda yordam berishdir. Oilangizga yangi rejalarda yordam bering, yaqinlaringiz bilan birga o'rganing va o'zingiz aniqlangan narsalarni o'rtoqlashing. Ularga nimalarni o'rganganingiz haqida so'zlash orqali tobora ko'proq yangi narsalarni bilib olasi.