Jahon ummoni qa'rida yashiringan sirlar bizga orzu va tasavvur qilish imkonini beradi. Okean sayyoramizning qariyb 70 foizini egallagan bo'lib, suv makonining atigi 5 foizi o'rganilgan. Demak, Yerning suv qatlami ostida hamon aniqlanmagan ko'plab sirlar mavjud. Suv ostidan topilgan quyidagi 10ta obyekt bilan tanishing. Lekin bu dengizdan bir tomchi xolos. Suv tubida bizni nimalar kutishi mumkinligini hattoki tasavvur ham qila olmaymiz.

  •  
  •  
  •  
  •  

Katta moviy chuqurlik, Beliz

Katta moviy chuqurlik noyob tabiiy obyekt bo’lib, uning konturi bo’ylab marjon qoyalari joylashgan. Dunyodagi eng katta bunday shakldagi hosilaning chuqurligi 120 metr, maydoni esa 10ta futbol maydoniga teng.

Chuqurlik Beliz qirg’og’idan 100 km sharqda joylashgan. Hosilaning paydo bo’lish vaqti muzlik davri, ya’ni taxminan 65 mln. yilga tenglashtirilgan. Bu joy suvosti chuqurliklari tadqiqotchisi Jak-Iv Kusto tufayli mashhurlikka erishgan. Tadqiqotchi 1971 yilda Katta chuqurlikni dayving uchun eng yaxshi 10ta joy qatoriga qo’shgan.

Tektonik plitalarning harakatlanishi

So’nggi yillarda Shimoliy Amerika va Yevroosiyo tektonik plitalarining ko’chishi oqibatida ularning orasidagi masofa sezilarli ravishda kattalashdi. Ushbu g’aroyib hodisani ham quruqlikdan, ham suv ostiga sho’ng’ish orqali ko’rish mumkin. Hodisa bir nechta suvosti suratchilari tomonidan qayd etilgan.

Dengiz biologi Aleksandr Mastardning ta’kidlashicha, o’ta tiniq suv va jozibali manzara tashrif buyuruvchilarni hayratga solishi mumkin. Plitalarning harakatlanish tezligi yiliga qariyb 2,5 sm.ni tashkil etadi.

Qadimiy Geraklion shahri, Misr

Qadimiy Geraklion shahrining harobalari 2000 yilda Misr qirg’oq chizig’idan 6,5 km masofada hamda 50 metr chuqurlikda fransiyalik arxeolog Frank Goddio tomonidan aniqlangan.

Afsonaga ko’ra, o’z vaqtida bu shaharda troyalik Yelena va yunonistonlik qahramon Gerakl bo’lgan. Shaharga nom aynan shu qahramon sharafiga qo’yilgan. Olimlar bugungi kungacha sinchkovlik bilan tadqiqotlar o’tkazib, beqiyos arxeologik topilmalarni suv yuziga olib chiqmoqda.

Yonaguni suvosti piramidalari, Yaponiya

Yonaguni suvosti piramidalari Yaponiya hududidagi eng sirli maskan hisoblanadi. Ular 1987 yilda Yapon arxipelagidagi Yonaguni nomli orolning qirg’og’ida suvga sho’ng’igan g’avvoslar tomonidan topilgan.

Piramidalar turli hajmdagi ko’plab ayvonchalar va platformalardan tashkil topgan bo’lib, ularning yuzasi ariqlar va chuqurlar bilan o’yilgan. Topilmadagi devorlarning biri vertikaliga pastga, qariyb 27 metrga uzilgan. Mutaxassilarning baholashiga ko’ra, piramidalarning yoshi 10 ming yildan ortiq bo’lishi mumkin.

Qora dengiz tubidagi suvosti daryosi

Qora dengiz tubidagi antiqa suvosti daryosi britaniyalik olimlar tomonidan aniqlangan. Agar bu daryo quruqlikdan o’tganida, uzunligi bo’yicha dunyo 6-o’rinni egallagan bo’lardi. Uning kengligi qariyb 1 km, chuqurligi esa ayrim bo’laklarda 35 metrga yetadi. Shuningdek, sharsharalar, oqimlar va po’rtanalar uchraydi.

Olimlarning aytishicha, suvosti daryosi Marmar dengizining nisbatan sho’r suvi bir necha yuz yilliklar avval Qora dengizga quyilishi oqibatida paydo bo’lgan.

Shichen suvosti shahri, Xitoy

Qachonlardir Chjetszyan qishlog’ida Shichen nomli sirli shahar bo’lgan. Uning sirliligi bir kuni shunchaki g’oyib bo’lgani bilan bog’liq. Keyinchalik ma’lum bo’lishicha, shahar joylashgan vodiy yangi gidroelektr stansiyasi qurilishi uchun sun’iy suv havzasiga aylantirilgan. Hukumat 290 ming nafar odamni ko’chirgan. Shahar xududida to’g’on qurilishi natijasida, Shichen ko’l tubiga tushib qolgan.

Bunga ishonish qiyin, ammo yarim asrdan ko’proq vaqt o’tgan bo’lishiga qaramay, shaharning yog’och to’sinlari va zinalari yaxshi holatda saqlanib qolgan. Go’yoki vaqt umuman o’tmagandek.

Suvosti haykallar hiyoboni

Mazkur noyob muzey ingliz haykaltaroshi Jeyson Teylor tomonidan yaratilgan. U Grenada qirg’oqlari yaqinidagi Karib dengizi tubida joylashgan. Dastlabki eksponatlar 2006 yilda dengiz tubiga tushirilgan.

Bugungi kunda muzey eksponatlarining soni 65taga yetgan bo’lib, jamlanma har yili to’ldiriladi. Ushbu loyiha madaniy obyekt hisoblanishidan tashqari, jonli tabiat ekotizimining muhim qismi sifatida hamda foyda keltiradi.

Okean tubidagi “qora kashandalar”

Suv ostida ko’pincha uchrab turadigan bu kabi hosilalar dengiz suvining magma bilan birikishi natijasi hisoblanadi. Suv va suyuqlik otilib chiqadigan ushbu gidrotermal manbalardagi harorat 370 °C darajasiga yetadi. Ular temir sulfidi qatlamlari tufayli “qora kashandalar” deb nomlanadi.

Ular 2008 yilda Norvegiya va Grenlandiya orasidagi Shimoliy qutb doirasida aniqlangan. Ushbu hududda hosil bo’lgan 5ta “qora kashanda”ning bittasi deyarli 4 qavatli uy balandligiga teng. Bu holat uni eng katta gidrotermal manbaga aylantiradi.

Atlantika okeanidagi Apollo 11 qoldiqlari

2019 yilda Amazon  asoschisi Jeff Bezos 1969 yildan buyon Atlantika okeanining tubida yotgan Apollo 11 2ta raketa dvigatelining komponentlarini aniqlagan. Ular kosmonavtlarni birinchi marta Oyga yetkazgan kemaning qismlari hisoblanadi.

“Titanik” – yengilgan gigant

“Titanik”ning halokati voqeasiga qiziqmagan odam topilmasa kerak. Hanuzgacha uning atrofida ko’plab turli nazariyalar va ochilmagan sirlar mavjud. “Titanik” 1912 yilda aysberg bilan to’qnashib ketgan. Bu kema uchun so’nggi halokat edi.

Kema suv ostiga cho’kish chog’ida o’rtasidan bo’linib, 2 qismga ajralib ketgan. Bu qismlar hozirda bir-biridan 600 metr masofada yotadi.