Bugun hayotimizni mobil telefonsiz deyarli tasavvur qila olmaymiz: aloqa vositasi, yangiliklar, ish, kitoblar, filmlar, musiqa, o'yinlar, internet – hammasi bitta gadjetda. Biroq, ko'pincha akkumulyator quvvati bir kunga ham yetmaydigan tezlikda tugab qoladi.

  •  
  •  
  •  
  •  

E’tiboringizga telefoningiz quvvatining tez tugashi sababchilarini taqdim qilamiz. Ehtimol, batareya darajasiga salbiy ta’siringiz haqida o’zingiz bilmassiz.

Quvvatlagich portini tozalamaysiz

Mobil qurilmangizni tozalashni unutmang. Bunda faqat telefon ekranini emas, balki quvvatlagi tiqiladigan joyni ham artish kerak. Bu yerda chang va cho’ntaklardagi ifloslar to’planib qolishi mumkin. Tozalash uchun uchi o’tkir paxtali tayoqcha yoki tish kavlagichdan foydalaning.

Ekranga yorqin suratlar qo’yasiz

Vaqtni, kelgan xabarlarni yoki qo’ng’iroqlarni tekshirganda doim smartfonning asosiy ekraniga qaraysiz. Telefon ekranidagi yorqin, rang-barang suratlar quvvatni yaxshigina “yeydi”. Shu bois oq-qora rangli suratlardan foydalaning. Shu tariqa, energiya sarflanishini qisqartirasiz.

Telefonni doim qo’lingizda olib yurasiz

Issiq paytda telefonni doim qo’lda ushlamaslikka harakat qiling. Yuqori haroratli havo tufayli smartfon qiziydi, qo’lingizdan chiqadigan issiqlik esa batareyaning yanada qizishiga sabab bo’ladi va quvvatni kamaytiradi.

Ekranni avtomatik burish yoqilgan bo’ladi

 “Ekranni avtomatik burish” funksiyasini o’chirib, faqat zarur bo’lganida yoqing. Gap shundaki, bu funksiyaning ishlashi uchun katta quvvatni sarflaydigan maxsus datchik – akselerometr javob beradi.

Fondagi dasturlar ishlab turadi

Odamlar ko’pincha instagram, messenjerlar va boshqa ilovalarni tekshirganidan keyin ularni o’chirmaydilar. Lekin, dasturlar fon rejimida ishlab, batareya quvvatini “yemirishda” davom etadi. Shuning uchun vaqti-vaqti bilan barcha oynalarni yopishni unutmang.

Ekranda maksimal yorqinlikni yoqasiz

Xona ichida ekran yorqinligini hech bo’lmaganda 30-40 foizga pasaytiring. Odatda, displeydagi ma’lumotni ko’rish uchun bunday yorqinlik yetarli bo’ladi, shuningdek akkumulyatorning quvvat sarflashini qisqartirasiz. Tashqarida ham maksimal yorqinlikka qo’yish shart emas. Yaxshisi “Ko’chada” deb nomlangan maxsus funksiyadan foydalaning: u hattoki quyoshda ham ekranni ko’rish hamda 15 daqiqadan so’ng mustaqil o’chish imkonini beradi.

Vibratsiyani yoqib qo’yasiz

“Vibratsiya” funksiyasi batareyani ko’p ishlatadi. Shu bois, undan faqat zarur hollarda foydalanishga harakat qiling. Boshqa holatlarda tovush rejimini yoqing yoki butunlay tovushni o’chiring.

Avtomatik bloklashdan foydalanmaysiz

Smartfon ekrani avtomatik ravishda o’chishini sozlang. Blokka tushish uchun eng kam vaqtni tanlang. Shunda batareya sarflanishi qisqaradi. Telefonni blokka tushirishni unutgan bo’lsangiz ham, u mustaqil ravishda o’chadi.

GPS, Bluetooth va Wi-Fi yoqilgan bo’ladi

GPS-navigator, Bluetooth va Wi-Fi yoqilgan bo’lishi batareyaning tezda tugashiga sabab bo’ladi. Shuning uchun, agar joyni aniqlash yoki ma’lumot uzatish uchun bu funksiyalardan foydalanishning zarurati bo’lmasa, ularni o’chirib qo’ying.

Telefonni o’chirmaysiz

Akkumulyator uzoqroq xizmat qilishi uchun smartfonni tunda o’chirib qo’ying. Bu vaqt ichida batareya soviydi va gadjetni ishlatishda turli nosozliklar bartaraf etiladi.