Hamma ham to‘g‘ri ovqatlanish va organizmiga zarar yetkazmaslik uchun to‘g‘ri ma'lumotni olish imkoniga ega emas.

  •  
  •  
  •  
  •  

Bugun aksariyat odamlar chiroyli qomatga ega bo’lishga va sog’lom turmush tarziga amal qilishga intilmoqda. Lekin hamma ham buni to’g’ri qilish va organizmiga zarar yetkazmaslik uchun to’g’ri ma’lumotni olish imkoniga ega emas.

Lifehaq.uz mukammalik sari intilishni doim qo’llab-quvvatlagani bois yaxshi natijalarga erishishga to’sqinlik qiladigan uydirmalarni yo’qotishga qaror qildik.

11. Barcha mahsulotlar foydali va zararliga bo’linadi

Nazoratdan o’tib, do’konlardagi peshtaxtalarga yetib borgan mahsulotlar orasida zararlilari yo’q, shunchaki ularning ayrimlari boshqalariga nisbatan foydaliroq.

Muhimi – sog’lom ovqatlanish odatlarini shakllantirishdir, chunki zarar faqatgina u yoki bu mahsulotni iste’mol qilishga bog’liq bo’lishi mumkin. Masalan, tushlik chog’ida 2-3 tilim dudlangan kolbasani yeyish qo’rqinchli emas, ammo yarim kolbasani yeb qo’yish ortiqchalik qiladi.

10. Taomnomangizga albatta “superfudlar”ni qo’shing

Godji rezavorlari, noni, spirulin sharbati, chia, asai urug’lari – aksariyat odamlar go’yoki salomatlik bilan bog’liq ko’plab muammolarni hal etishga qodir bo’lgan mazkur “mo’jizaviy mahsulotlardan” juda ko’p narsalarni kutadi. Biroq, “superfudlar” so’zining o’zi ilmiy atama hisoblanmaydi va ularning oddiy mahsulotlarga nisbatan o’ta foydaliligi borasida hech qanday isbot yo’q.

Bu mahsulotlar foydali, ammo har bir odam uchun o’zi yashaydigan iqlim doirasida o’sadigan sabzavotlar, mevalar va rezavorlar yanada foydalidir. Shunga qaramay, odamlar aynan ekzotik mevalarning ulkan samarasiga ishonishni istaydilar. Nima bo’lganda ham bir turdagi yegulikni juda ko’p miqdorda iste’mol qilish zarur ozuqaviy moddalarni olishimizga to’sqinlik qilishi haqida unutmaslik zarur.

9. GM-mahsulotlar sog’liq uchun xavfli

Agar GM-mahsulotlar yaratilish bosqichida sifat nazoratidan o’tgan bo’lsa – ular xavfli emas. Bunday mahsulotlarning inson salomatligi va tabiattga ta’siri yigirma yildan ortiq davrdan buyon o’rganib kelinadi. Tadqiqotlarga ko’ra, ular xuddi oddiy mahsulotlar singari hech qanday xavfga ega emas. 

8. Glyutensiz pishiriq organizm uchun foydaliroq

So’nggi bir necha yil ichida sog’lom turmush tarziga amal qiladigan odamlar glyutensiz pishiriqlarni tanlamoqda.

Biroq tadqiqot natijalariga ko’ra, bunday mahsulotlar oddiy pishiriqlardan hech farq qilmaydi, shuningdek tarkibidagi oqsil miqdori bo’yicha hattoki pastroq ham turadi. Glyutenga allergiyasi bo’lgan odamlarning bunday yegulikka haqiqatdan ham ehtiyoji bor, ammo ularning soni juda kam. Kompaniyalarning glyutensiz mahsulotlar barchaga zarur ekanligiga oid ishontirishlari navbatdagi marketing hiylasidan ortiq narsa emas.

7. Qancha kam yesang, shuncha ko’p ozasan

Doimiy ravishda yetarlicha ovqatlanmaslik organizm uchun zarardir. Ozuqa yetishmasligi yo’g’on ichak disbakterioziga olib kelishi mumkin. Qaysidir mahsulotlar, ayniqsa oqsillilaridan mutlaqo voz kechish mumkin emas. Masalan, go’sht tarkibida mavjud triptofan aminokislotasining o’rnini boshqa hech narsa bosa olmaydi va u yaxshi kayfiyat uchun javob beradi. Biroq, triptofan bosh miyaga yetib borishi uchun organizmga mevalar va shirinliklarda bo’ladigan glyukoza kerak.

Xilma-xil to’yimli ovqatlanish – yaxshi kayfiyat va ruhiyatning garovidir. Tan oling, bunday holat yaxshi qomatimizni saqlab turish imkoniyatimizga kuchli ta’sir ko’rsatadi.

6. Salbiy kaloriyalik mahsulotlar mavjud

Salbiy kaloriyalik mahsulotlar mavjud emas, chunki hech bir mahsulotning hazm bo’lishi uchun ularning o’zida mavjud kaloriyalardan ortig’i kerak bo’lmaydi. Qovoqcha, bodring, selderey kabi mahsulotlarda kaloriya nolga teng bo’ladi va ularni odatda cheklovlarsiz iste’mol qilish yoqadi. Biroq, bunga cheklanmagan miqdordagi yuqori kaloriyali mahsulotlar qo’shilsa, organizm qayta ishlashga qodir bo’lmagan yog’larni to’play boshlaydi.

Eng yaxshi birikma – past kaloriyali sabzavotlar va yog’siz go’sht, baliq, tovuqdir. Bunday tushlik mushaklar qurilmasi uchun yetarlicha miqdorda vitaminlar, minerallar va ozuqaviy moddalarni ta’minlaydi.

5. Ishqorli yegulik kislotaliga nisbatan foydaliroq

Ishqorli mahsulotlar (sabzavotlar, mevalar, dukkaklilar) organizm uchun kislotali mahsulotlarga (go’sht, baliq, sut mahsulotlari, yong’oq, pishiriq) nisbatan foydaliroq va taomnomada ko’proq birinchilari bo’lishi kerak, degan fikr mavjud. Go’yoki bu organizm uchun zararli hisoblangan yuqori kislotalilikka qarshi kurashishning eng yaxshi usuli emish.

Haqiqatda inson organizmi shu qadar yaxshi ishlaydigan tizimki, unda hech qanday “bijg’ish” yuz berishi mumkin emas. Agar shifokor ko’rsatmasisiz, mustaqil ravishda oshqozon sharbatining kislotasi kamaytirilsa, faqatgina ovqat hazm qilishdagi buzilishlardan to zaharlanishgacha yetib borish mumkin. Chunki ishqorli muhit tushayotgan yegulikni hazm qilish uchun mo’ljallanmagan.

4. Odamlarni keskin ozdiradigan mo’jizaviy mahsulotlar mavjud

Professional parhezshunoslarning fikricha, iste’mol qilishning o’zigina ozishga yordam beradigan mo’jizaviy mahsulotlar mavjud emas. Hech bir mahsulot inson oza boshlaydigan hajmlarda yog’larni erita olmaydi. Ananasda ham, yashil qahvada ham ko’plab foydali moddalar bor, lekin ularning ozishga aloqasi yo’q.

Bundan tashqari, bu kabi mahsulotlarni ortiqcha iste’mol qilish zarar yetkazishi mumkin. Masalan, yashil qahva oddiy qahvaga nisbatan ozishda foydaliroq hisoblanadi. Bu holat yashil qahvalarni qovurishda yog’larni eritishga yordam beradigan xlorogen kislotaning darajasi pasayishi bilan izohlanadi. Biroq, bu sohaga oid ishonchli ilmiy tadqiqotlar mavjud emas, ammo xlorogen kislotasini ko’p miqdorda iste’mol qilish organizm uchun aniq zarardir.

3. Yuksak oqsilli ovqatlanish organizm uchun juda foydali

So’nggi paytda yuksak oqsilli parhez turlari juda ommalashgan bo’lib, hattoki aksariyat odamlar muntazam ravishda shunday ovqatlanadilar. Minimal darajadagi uglevodlar va kletchatka quvvatni yog’ to’qimasidan olib, organizmga uni sarflash imkonini beradi va ortiqcha kilogrammlar tezda yo’qoladi. Lekin bunday ovqatlanish uchun nafaqat hazm qilish muammolari, balki umr davomiyligining qisqarishi va turli xastaliklarning tez-tez yuz berishiga ham olib keladi.

Mutaxassislar o’rtacha miqdordagi yuksak oqsil (15-20% kaloriya), nisbatan past yog’lar va ko’p miqdordagi murakkab uglevodlardan iborat parhezga rioya qilishni tavsiya etadilar.

2. Go’zal qomatni istaganlar uchun tanani “quritish” zarur

Tanani “quritish” aslida faqatgina professional bodibilderlar hamda fitnes-bikini qizlarga kerak. Ular musobaqalarda hakamlar oldida mushak massasining tuzilishini chiroqlar ostida alohida qayd etish uchun deyarli uglevodlardan xoli parhez tutadilar.

Lekin organizm uchun bunday rejim haqiqiy sinov hisoblanadi. Zero, organizmni uglevodlarsiz qoldirish orqali quvvat manbaimizni yo’qotamiz. Bu orada mazkur davrda mashg’ulotlar soni doim ortadi. Bundan tashqari, “quritish” organizmga zarar yetkazadi: gormonal fon o’zgaradi, keyinchalik ortiqcha vazn to’plash, soch to’kilishi, teri holatining yomonlashishi, tushkunlik yuz berishi mumkin.

1. Toksinlardan qutulish — parhez boshlashning eng yaxshi usuli

Parhez oldidan organizmni tozalashga hech qanday zarurat yo’q. Bizning tanamizda zararli moddalarni samarali yo’qotadigan shaxsiy filtrlash tizimi mavjud bo’lib, bular – jigar va buyraklardir. Buyraklar qonni tozalab, taomdan olingan har qanday chiqindilarni yo’qotadi. Jigar dorilarga qayta ishlov berib, oshqozonga tushadigan kimyoviy moddalarni yo’qotadi.