Yillar o'tishi bilan voz kechish juda qiyin bo'lgan odatlarga ega bo'lamiz. Biroq, vaqt bir joyda turmaydi va qachonlardir naf keltirgan go'zallik uslubi endilikda Sizga qarshi ishlashi mumkin.

  •  
  •  
  •  
  •  
FavoriteLoadingYoqdi

Ogohlantiramiz: quyidagi holatlarda qiyofangizga ortiqcha yosh qo’shilishi mumkin:

 

1. Mutanosiblikka rioya qilmaysiz

 

Zamonaviy modaga amal qilganda doim mutanosiblikni yodda tutish kerak. Agar erkin bichimdagi shim kiysangiz, ustingizga yopishib turadigan top tanlang va aksincha – oversayz-koftani ixcham jinsi bilan kelishtirish mumkin. Asosiysi: barcha kiyimlar o’lchamingizga mos bo’lishi kerak. Kichkina narsa keraksiz burushiqlarni ko’rsatadi, o’ta kattasi esa pala-partish ko’rinib, asosiy ustunliklarni yashirib qo’yadi.

 

2. Akssesuarlarni bir xil rangda tanlaysiz

 

Bir xil rangdagi sumka, poyabzal va kamar juda eskirgan moda yo’nalishidek ko’rinadi (ayniqsa, aksessuarda zamonaviy print bo’lsa). Ko’rkam obrazni yaratish uchun bitta zamonaviy buyumni qo’shish, qolganlarni esa neytral ranglarda tanlashning o’zi kifoya.

 

3. Kamar haqida unutasiz

Qopsimon libos qomatga qandaydir shaklsiz va og’ir ko’rinish berib, aslida mavjud bo’lmagan ortiqcha yosh va kilogrammlarni qo’shadi. O’zingizga har qanday obrazda «qum soati» qiyofasiga intilishni odat qiling va ko’rinishingiz doim benuqson bo’ladi.

 

4. Retro uslubini yoqtirasiz

Moda qaytariladi, ammo o’nlab yillar davomida bitta uslubda qotib qolish yaramaydi. Hattoki, jinsi kabi universal buyum ham modellar ko’rinishi kuzatib borilmagan holda keksa ko’rsatishi mumkin. Masalan, klyosh jinsilar eskirgan ko’rinishga ega va faqatgina yoshingizga yosh qo’shadi. Bu modelni 20 yoshga kirmaganlarga qoldiring va o’zingizga qomatingizni ijobiy tomondan ko’rsatadiganini tanlang.

 

5. O’smirlarga mos kiyimlarni sotib olishda davom etasiz

Yosh o’tishi bilan uslub ham albatta o’zgarishi kerak. 16 yoshingizda juda yarashgan kiyimni 20 yoshda ham kiyish to’g’ri emas. Toshlar yopishtirilgan shim va multfilm suratili futbolkalar obrazni yoshroq ko’rsatmaydi, aksincha yoshdagi farqni yanada kuchaytiradi. Siz eng oddiy jinsi va suratlarsiz futbolkada yosh va navqiron ko’rinasiz.

 

6. Eskirgan ko’zoynak gardishidan foydalaniz

Ko’zoynaklar anchadan buyon yuzingiz qiyofasini ham ijobiy ko’rsatib beradigan, ham butun obrazni buzishi mumkin bo’lgan zarur va foydali akssesuarga aylanib bo’lgan. Dizaynerlar mumtoz modellarga ko’plab zamonaviy muqobil modellarni taklif qilmoqda, shu bois aynan Sizga jilo beradigan chiroyli gardishni tanlash qiyin emas.

 

7. Sochlaringiz uzun va tekis

Uzun tekis sochlar yuzdagi yoshga doir o’zgarishlarga urg’u beradi. Yaxshisi zamonaviy kalta turmaklarga e’tibor qarating. Agar keskin o’zgarishlarga tayyor bo’lmasangiz, yuzni nisbatan dumaloq va yosh ko’rsatadigan ko’p qatlamli turmaklar ham mos keladi.

 

8. Tirnoqlar uchun shaftolisimon rangli lakni tanlaysiz

Qo’llar inson yoshini yaqqol aks ettirishi mumkin. Nafarmon, shaftolisimon va sadafsimon pushti ranglar teringizga salbiy urg’u berib, qo’llarga ortiqcha yosh qo’shadi. Parvarishlangan va yosh qo’llarga ega bo’lish uchun yaltiroq oq, oqartirilgan pushti (ko’rinishidan terini yorqinlashtiradigan barcha ranglar) ranglarni tanlash hamda tirnoqlarning oval shakli va o’rtacha uzunligini qoldirish maqsadga muvofiq bo’ladi.

 

9. Rumyanani noto’g’ri surasiz

Ko’pchilik rumyanani yanoqlarning o’rtasiga surish kerakligi haqida ko’p eshitgan. Biroq, bu qoida faqat juda yosh qizlarga mos keladi. Yosh o’tishi bilan yuz ovali o’zgara boshlaydi va rumyanani bu tarzda surish o’zgarishlarni ko’rsatib qo’yadi. Rumyanani yonoq suyagining ustki qismiga surib, chiziqni deyarli gorizontal ravishda yoyish kerak – bunday usul lifting ta’siridek ko’rinadi.

 

10. Bronzerni butun yuzga ishlatasiz

Burun, peshona va iyakdagi bronzer qora nuqtalarni ko’rsatib, ortiqcha yosh qo’shadi. Bronzerni 3 raqami shaklida suring – peshona o’rtasidan boshlab chakka orqali suyak bo’ylab, so’ngra dahan chizig’i bo’ylab iyak tomon harakatlangan holda. Shu tariqa, yuzingizning ustun tomonlariga urg’u berib, yaxshi dam olgan ko’rinishda bo’lasiz.

 

11. Umuman bo’yanmaysiz

Insonning yoshini aniqlashda lablar, ko’zlar va qoshlar katta ahamiyat kasb etadi: odatda, lablar ingichkalashadi, qoshlar esa vaqt o’tishi bilan rangini yo’qotadi. Makiyaj yordamida tabiiylik ko’rinishini berish orqali yuzingizdan barcha yoshga doir o’zgarishlarni yo’qotasiz. Kosmetik vositalardan foydalanishni unutmang, ammo notabiiy ranglar bilan tajriba qilmang.

 

12. To’q rangli lab bo’yoqlarini yoqtirasiz

To’q rangli lab bo’yog’i lablarni kichiklashtiradi va bir qarashda ortiqcha yosh qo’shiladi. Agar ushbu zamonaviy trenddan voz kecha olmasangiz, yorqin mevali ranglarga e’tibor qarating, sovuq tondagi bo’yoqlarni esa kichik singlizga sovg’a qiling.

 

13. Kam kulasiz

Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, jilmayish notanishlar ko’zida yoshroq ko’rinishga yordam beradi. Bu yanada ko’proq kulishga juda yaxshi sabab!

Asosiy surat: yekophotostudio/depositphotosVivaLuxuryStyle