•  
  •  
  •  
  •  

Moviy shahar, Andersen ertaklaridagi qirg’oq bo’yi, konfet-ko’cha – e’tiboringizga fotoapparat bilan borish kerak bo’lgan maskanlar ro’yxatini taqdim etamiz.

1. Moviy ko’chalar, Shefshauen

Shefshauen shahrida moviy uylar, o’tiradigan joylar, to’siqlar va gultuvaklardan iborat bir emas, o’ndan ortiq ko’chalar bor. Ispaniyada odamlar nasroniylik diniga e’tiqod qilishga majburlangan XV asrda aksariyat musulmonlar va yahudiylar quvg’inga aylanganlar. Ularning bir qismi Marokashga yo’l olgan va aynan shu yerda aholi maskani paydo bo’lgan. Yahudiylar o’z uylarini talit, ya’ni ibodat yopinchig’ining rangiga o’xshagan ko’kimtir tusda bo’yaganlar. Shu bois shahar ko’chalari yorqin va g’ayrioddiy qiyofaga kirgan.

2. Kremyo ko’chasi, Parij

Barcha uylar yorqin va mayin ranglar – moviy, pushti, yashil, sariq, siyohranglarga bo’yalgan kichkina va sokin ko’cha… Kremyo ko’chasida jami bo’lib 25ta uy joylashgan. Ular bir-biriga o’xshaydi, ammo Parijdagi boshqa me’morchilik uslublaridan keskin farq qiladi. Bu yerda sayr chog’ida nafasni bir oz rostlab olish uchun binolarning old qismlarida kichik maxfiy suratlarni izlash mumkin.

3. Xose Maria Eskverdo maydoni, Vilyaxoyosa

Vilyaxoyosa nomi valensiya tilidan “baxt shahri” deya tarjima qilinadi. Buning hayratlanarli yeri yo’q: bu maskan o’zining shokoladi va ajoyib rang-barang uychalari bilan mashhurdir. Qachonlardir qirg’oq bo’yidagi baland va tor uylar baliqchilarga tegishli bo’lgan. Ular dengizdan o’z uylarini ko’ra olish uchun yorqinroq ranglardan foydalanganlar.

4. El-Kaminito, Buenos-Ayres

Buenos-Ayresdagi eng hushchaqchaq ko’chalardan biri hisoblangan El-Kaminito qachonlardir qorong’i port bo’lgan. Kambag’al aholi mablag’i bo’lmagani sababli kulbalarini kemalardan qolgan bo’yoqlar bilan bo’yagan. Shu tariqa, o’ziga xos rang yechimlari hosil bo’lgan. Hattoki bir uyning ikki yarmi ham turli rangda bo’lishi mumkin edi. Bu an’ana davom etavergan. XX asr yarmiga kelib esa binolarning devorlarida mahalliy rassom Benito Kinkel Martinning kundalik turmush tarzi aks etgan suratlari paydo bo’la boshlagan.

5. Nyuxavn qirg’og’i, Kopengagen

Bu ko’cha haqiqiy emas, go’yoki Andersen ertaklariga chizilgan rasmga o’xshaydi (aytish joizki, mashhur ertakchi aynan Yangi Bardargohda yashagan). Nyuxavn – kanal qirg’og’ida joylashgan shahardagi eng go’zal joylardan biri. Qachonlardir boshqa portbo’yi maskanlarida bo’lganidek bu yerda ham nobop maskanlar ko’p bo’lgan, bugun esa – sayyohlar uchun ko’plab shinam kafelar va barlar xizmat ko’rsatadi.

6. Rangli ko’cha, Stavanger

Norvegiyadagi Øvre Holmegate ko’chasi – mutlaqo oddiy joyni ommabop sayyohlik maskaniga aylantirish mumkinligiga ajoyib misoldir. Stavangerda deyarli barcha uylar oq rangga bo’yalgan. Biroq, tadbirkor sartaroshlardan biri ajralib turish va mijozlarni jalb qilish uchun o’z muassasasini pushti rangga bo’yashga ruxsat olgan. Uning qo’shnilari ham shunga amal qilgan. Endilikda bu yer – doim sayyohlar bilan gavjum bo’lgan shahardagi yagona yorqin ko’cha.

7. Sariq ko’chalar, Isamal

Ushbu Meksika shaharchasidagi deyarli hamma binolar sariq rangga bo’yalgan. Afsonaga ko’ra, shaharda o’lat avj olgan vaqtda tasodifiy yo’lovchilarni karantindan ogohlantirish uchun Isamal yorqinroq rangga bo’yalgan. Epidemiya o’tib ketgan, ammo mahalliy aholining sariq rangga bo’lgan ixlosi hozirgacha saqlanib kelmoqda.

8. Konfet-ko’cha, Sent-Jons

Kanadadagi Sent-Jons – Nyufaundlend va Labrador provinsiyalarining poytaxti bo’lishi bilan birga, mamlakatdagi eng qadimgi shaharlardan biri sanaladi. Sent-Jonsdagi markaziy ko’cha Jelly Bean Row nomi bilan tilga olinadi: uzoqdan qaraganda uylar chindan ham rang-barang konfetlarga o’xshab ketadi. Ko’chaga eng chiroyli manzara okean tomondan ochiladi.

9. Xershtrasse, Bonn

Germaniyada bu ko’cha bo’yoq tufayli emas, balki shahar ma’muriyatining antiqa tashabbusi tufayli yorqin tus oldi. Ishbilarmon nemislar shahar havosining tozaligi uchun kurashishga qaror qilib, markazga yapon olchalarini ekib chiqdilar. Bahor boshida daraxtlar gullaganida ko’cha o’zgacha qiyofa aks etadi: shox-shabbalar Xershtrasseni mayin qoplab turuvchi gumbazni hosil qiladi.

photo by headshot.be

10. Qirg’oq bo’yi hududi, Valparaiso

Huddi Buenos-Ayresda bo’lgani kabi Valparaisoda ham qachonlardir uylarni bo’yashda kemalardan ortib qolgan bo’yoqlar ishlatilgan. Bugunga kelib uylar odatiy bo’lib qolgan rangli suvoq bilan qoplanadi. Shuning uchun shahar manzarasi shu qadar yorqin. Aslida uni qirg’oq Kordilera qiyaligi bo’ylab o’tadigan kanat yo’lidan tomosha qilish juda maroqlidir.

11. Pelourino, Salvador

Mazkur qadimiy shahar – Braziliyadagi Salvadorning asosiy me’moriy maskani hisoblanadi. Bu yerda XVII va XIX asrlardan buyon saqlanib qolgan yorqin binolar zamonaviy muassasalar va klublar bilan yonma-yon turadi. Pelourinoga rang-barang uylar yonida chiroyli suratlarga tushish maqsadida emas, balki ko’ngilochar tomoshalarni ko’rish uchun ham tashrif buyurish zarur. Asosiy maydonda doim nimadir tashkil etiladi: raqslar, musiqiy chiqishlar, kapoeyra.

12. Moviy ko’chalar, Jodxpur

Hindistondagi Jodxpurni moviy shahar deydilar: bu yerdagi aksariyat binolar aynan shu rangda. Dastlab diniy qarashlar tufayli alohida uylar bo’yalgan: moviy – ma’naviy murabbiylar sanalgan braxmanlar kastasining rangi hisoblanadi. Biroq, keyinchalik qolgan aholi ham uylarini ko’k tusda bo’yay boshlagan. Bir necha yuz yilliklar davomida deyarli butun shahar bir rangli bo’lib qolgan.

13. Steyner-strit, San-Fransisko

Bu yerda mashhur “Pardozli xonimlar” – viktorian uslubida qurilgan oltita uydan iborat me’moriy ansambl joylashgan. Ular shu yaqin orada yashagan me’mor Metyu Kavan tomonidan loyihalangan. Siz bu uylarni albatta ko’rgan bo’lsangiz kerak: “Pardozli xonimlar” 70-yillar filmlarida va o’nlab reklama roliklarida ko’rsatilgan. Biroq, San-Fransiskoga yo’lingiz tushib qolsa, ularni albatta yaqindan tomosha qiling. Eng yaxshi manzara Alamo-skverdagi yashil tepaliklardan ochiladi.