Jahonning eng yopiq davlatida nimalar mumkin emasligi yoki cheklanganligi haqida bilib olishni takliq qilamiz. Tan olish kerak, ularning ko'pi bizni hayratga soldi.

  •  
  •  
  •  
  •  

Jahonning eng yopiq davlatida nimalar mumkin emasligi yoki cheklanganligi haqida bilib olishni takliq qilamiz. Tan olish kerak, ularning ko’pi bizni hayratga soldi.

1. Ko’k jinsi kiyish mumkin emas

Agar jinsi olishga qurbingiz yetsa, hech kim buni ta’qiqlamaydi. Biroq, u faqat qora rangda bo’lishi mumkin, chunki mamlakatda ko’k rang jinsi ta’qiqlangan – butun dunyoda ommalashgan shimlar jahon imperializmining aksi sifatida ko’riladi. Shunga qaramay, sayyohlar moviy rang jinsilarda yurishlari mumkin, ammo Kim Ir Sen va Kim Chen Ir haykallarini ko’rishga borish uchun baribir boshqa rangga kiyinishga to’g’ri keladi.

2. Internetga kirish va Wi-Fi ishlatish imkoniyati yo’q

Shimoliy Koreyada kompyuterlar va internet bor. Aniqrog’i, intranet – «Kvanmyon» kompyuter tarmog’i bo’lib, turli hisoblarga ko’ra, unda 1 000 dan 5 500 gacha saytlar qayd etilgan. Tabiiyki, boshqa davlatlarning saytlariga kirish haqida gap bo’lishi mumkin emas, bu faqatgina yuqori mansabli shaxslarga ruhsat etilgan. Shuningdek, mahalliy “Qizil yulduz” operatsion tizimi so’nggi versiyada MacOS X tizimini eslatadi. Aytishlaricha, bu Apple mahsulotlariga mehri bo’lakcha bo’lgan Kim Chen Inning hoxishiga ko’ra amalga oshirilgan.

Biroq, Shimoliy Koreyada Wi-Fi mavjud emas. Oddiy aholida hattoki «Kvanmyon»ga kiradigan mobil qurilmalar ham yo’q. Bundan tashqari, KXDR uchun moslashtirilgan Xitoy planshetlarida shunchaki keraksiz bo’lgani uchun Wi-Fi va Bluetooth modullari o’chirib tashlanadi.

3. Xorijliklar mahalliy valyutadan foydalana olmaydi

Shimoliy Koreyaga kelgan sayyohlarga milliy valyuta – shimoliy koreys vonlaridan foydalanish ta’qiqlangan. Chet elliklar uchun mo’ljallangan mahalliy do’konlarda faqat yevro, yuan, janubiy koreys voni va, qanchalar g’alati bo’lmasin, dollarda hisob-kitob qilinadi. Lekin, koreyaliklarning o’zi xaridlar amalga oshirayotgan do’kondan nimadir sotib olish mumkin emas. Chet elliklarga, hattoki, ularning ostonasiga qadam bosish ham ta’qiqlangan.

4. KXDRda ko’chmas mulk sotib olish mumkin emas

Shimoliy Koreyada xonadonlar sotilmaydi (har holda rasman), ularni davlat taqsimlab beradi. Qishloqdan Pxenyanga ko’chib kelishning deyarli imkoni yo’q – bunday imkoniyat faqat ma’lum shaxslarga alohida xizmatlari uchun beriladi. Shunga qaramay, bugun mamlakat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan qora bozorda 70-90 ming dollarga xonadon sotib olishning iloji bor. Faqat qochoqlarning ta’kidlashicha, oddiy koreyalikning rasmiy maoshi oyiga 4 dollardan oshmaydi.

5. Avtoulov sotib olish deyarli imkonsiz

Shimoliy Koreya mezonida shaxsiy avtoulov egasi – juda badavlat yoki juda nufuzli odam hisoblanadi. Bu yerda hashamat sanalgan to’rt g’ildirakli harakatlanish vositasining qiymati koreyaliklar uchun haddan tashqari baland narxni tashkil etadi – mazkur sayt ma’lumotlariga ko’ra, u taxminan 40 ming dollarga teng. Hattoki, velosiped ham barchaning qurbi yetadigan vosita emas va Pxenyandan tashqari, boshqa hududlarda kamdan-kam uchraydi. Ularning shu qadar kamki, har birida huddi avtoulovda bo’lgani kabi o’z raqami bor.

6. Kutubxonadan bir necha yil avval chiqqan gazetani olish mumkin emas

Kutubxonadan bir necha avval chiqarilgan gazetani topish imkonsizdir. Gap shundaki, Koreya Mehnat partiyasining yo’nalishida yuz berishi mumkin bo’lgan o’zgarishlar haqida koreys xalqining bilishi shart emas. Tushunarli sabablarga ko’ra, xorijiy nashrlar, ayniqsa, jurnallar haqida gapirishga hojat ham yo’q. Biroq, kundalik gazetalarni sotib olishning kerakgi yo’q – ularni ko’chalar yoki metrodagi maxsus peshtaxtalarda o’qish mumkin.

7. Diniy adabiyot sotib olishning iloji yo’q

Shimoliy Koreya – 100% dunyoviy mamlakat. Albatta, bu yerda din ta’qiqlanmagan, har holda qonuniy darajada. Bundan tashqari, Pxenyanda, hattoki, nasroniylar uchun cherkovlar ham bor. Biroq, ular qat’iy davlat nazorati ostida bo’lgan qorong’u o’rmon kabidir.

Boshqa tomondan, nasroniylik chuchxe “dinining” raqibi hisoblangani bois, u qadar hushlanmaydi. Mamlakatda buddaviylik ibodatxonalari ham bor, ammo ular ko’pincha tarixiy va madaniy obidalar sifatida qabul qilinadi.

8. Mahalliy sim-kartadan chet elga qo’ng’iroq qilish mumkin emas

Shimoliy Koreyada uyali telefonlar kamyob narsa holatidan chiqdi. Biroq, mobil aloqa mavjudligiga qaramay, KXDR hududida bo’lgan oddiy koreyalik boshqa davlatga yoki chet ellikka qo’ng’iroq qila olmaydi. Barcha mahalliy sim-kartalar faqat mamlakat ichidagi qo’ng’iroqlar uchun mo’ljallangan. Axir, ogoh bo’lish kerak.

9. Uyda issiq dush qabul qilish imkonsiz

Shimoliy koreyaliklarning uylarida va xonadonlarida issiq suv ta’minoti mavjud emas – ular cho’milish uchun, odatda, mamlakatda ancha ko’p bo’lgan hammomlarga borishadi. Bundan tashqari, markaziy isitish batareyasida qo’llarni isitib olish ham ilojsiz, chunki ular shunchaki mavjud emas. Isitish uchun o’tinda ishlaydigan pechlardan foydalaniladi. Hattoki Pxenyanda ham.

Kimdir boshqa Osiyo davlatlarida ham markaziy isitish tizimi yo’qligini ta’kidlashi mumkindir. Biroq, u davlatlarda zamonaviy elektr isitgichlar ishlatiladi, ammo KXDRda, hattoki poytaxtda ham elektr tanaffuslar bilan uzatiladi.

10. Do’konlardan koka-kola sotib ololmaysiz

2015 yilgacha jahonda ushbu ommabop gazlangan ichimlik savdosi rasman ta’qiqlangan 2 davlat bo’lgan: Kuba va Shimoliy Koreya. Ozodlik orolida ichimlik sotilishi ruhsat etilganidan so’ng Koreya yarim orolining shimoliy qismi faqatgina g’oyaviy sabablarga ko’ra do’konlarda ushbu ichimlik bo’lmagan jahondagi yagona hududga aylandi.

11. Boshqa davlatlga sayohat qilish mumkin emas

Shimoliy Koreya aholisi samoyoltga chipta olib, boshqa davlatga dam olishga ketishi mumkin emas. Bu qimmat ekanligi bilan bir qatorda, shunchaki ta’qiqlangan.

Aytish kerakki, ta’qiq mamlakat ichida erkin harakatlanishga ham ta’sir qiladi – boshqa qishloq yoki shahardagi qarindoshlarnikiga mehmonga borish uchun ruhsat olish kerak. Ba’zida koreyaliklar xorijga, Xitoy yoki Rossiyaga borishadi, ammo faqat pul topish uchun.

12. Xorijliklar ruhsatsiz suratga olishi yoki mahalliy aholi bilan gaplashishi mumkin emas

Albatta, keng tarqalgan fikrga zid ravishda chet ellik bilan suhbat uchun Shimoliy Koreyada qamoqqa olinmaydi va otib tashlanmaydi. Biroq, shu kabi muloqot yuz bergan taqdirda “aybdorning” mahalliy maxsus xizmat vakili bilan jiddiy suhbatdan o’tishiga to’g’ri keladi. Agar o’zingiz o’tib ketayotgan odam bilan gaplashishga yoki uni suratga olishga urinsangiz, uning tezda qochib ketishi turgan gap.

Umuman olganda, KXDRda hamma narsani suratga olish mumkin emas – barcha xorijliklarga biriktiriladigan gid bunga yo’l qo’ymaydi. Ayniqsa, harbiy ob’ektlar (deyarli hammasi shu maqomga ega) yoki mamlakat hayotining “yopiq” tomoni shular jumlasidandir.

13. Homiladorlikka qarshi va gigiyena vositalarini sotib olish deyarli imkonsiz

Bunga ishonish qiyin, ammo aksariyat shimoliy koreyaliklar homiladorlikka qarshi vositalar mavjudligidan ham behabardir. Bunday buyumlar bir necha o’n yilliklar avval qora bozorda paydo bo’lgan, ammo yuqoridagi sabab tufayli ommalashmagan. Endilikda ularni mamlakat ichida sotib olishning deyarli imkoni yo’q – chunki talabning o’zi yo’q.

Bundan tashqari, butun dunyoda muammosiz xarid qilish mumkin bo’lgan oddiy tamponlar kabi shaxsiy gigiyena vositasini koreys do’konlaridan topa olmaysiz – har holda mahalliy aholi uchun mo’ljallanganlarida. Hozirgi vaqt uchun qanchalar g’alati eshitilmasin, ammo bu yerlik ayollar oddiy matodan foydalanishga majbur va u hattoki, bir marttalik ham emas.

14. KXDRda o’ziga xos turmakka o’rin yo’q

Bu holat bir oz bo’rttirilgan desak ham bo’ladi. To’g’ri, mahalliy sartaroshxonalarda ayollar va erkaklar soch turmaklarining suratlari bo’ladi, ammo ular tavsiya ma’nosida osib qo’yilgan. Boshqa tomondan, modani ko’p jihatdan malakat yetakchisi belgilab beradi, shu bois aksariyat erkaklar huddi Kim Chen Indek turmakka ega. Ayollarda esa yana o’sha Kim Chen In tashabbusi bilan uzunligi dahangacha tushadigan kare urfga aylangan. Xususan, yetakchi koreys xonimlariga aynan shu turmak juda yarashishini aytib o’tgan.

Bonus: Shimoliy Koreya radiosi

Shimoliy Koreyada dasturlar, filmlar, teatr postanovkalari va boshqa ko’plab narsalarni uzatib beradigan bir nechta televizion va radio kanallari mavjud. Biroq, ular ham u yoki bu darajada siyosiylashtirilgan, mamlakat va uning tashqarisidagi vaziyat bilan bog’liq bo’lib, uchchala Kimlarni sharaflaydi. Mana bu havola orqali rus tilidagi “Koreya ovozi” radiosini tinglab, bunga ishonch hosil qilish mumkin.

Asosiy surat: depositphotos