•  
  •  
  •  
  •  

1. Ravshana Kurkova

Ravshana Bahramovna Kurkova (Matchanova)– 1980 yil 22 avgustda o’zbek aktyorlari oilasida dunyoga kelgan. Rossiya teatr, kino va dublyaj aktrisasi, prodyuser. Otasi – Bahrom Erkinovich Matchanov – teatr aktyori; onasi – Ra’no Kubayeva – aktrisa va kinorejissyor; tog’asi Rauf Djalilovich Kubayev – kinorejissyor va ssenariy yozuvchisi. Ravshana Toshkentdagi Uspenskiy nomidagi musiqa maktabida tahsil olgan. 12 yoshida “O’zbekfilm” kinostudiyasi tomonidan 1992 yilda suratga olingan Rashid Malikovning “Qirq Quloq Siri” artxaus falsafiy dramasida suratga tushgan. 90-yillarning oxirida Moskvaga ko’chib borgach, Ravshana Moskva pedagogika davlat universitetining filologiya fakultetiga o’qishga kirgan. Bugungi kungacha Rossiya va Gollivud kinolarida suratga tushgan. Ikki marta turmush qurgan. Hozirda erkin ayol.

2. Natalya Rudova

Natalya Rudova — mashhur rossiyalik aktrisa 1983 yil 2 iyunda Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida tug’ilgan. U 12 yoshigacha oilasi bilan Qozog’istondagi Aktau shahrida yashagan. Natalya onasi bilan birga Ivanovoga ko’chib o’tgan va u yerdagi madaniyat o’quv muassasasini tamomlagan. So’ngra Moskvaga borib, sport tovarlari do’konida menejer bo’lib ishlagan. Unga “Tatyananing kuni” va “Univer. Yangi yashash joyi” seriallaridagi rollari mashhurlik olib kelgan. Shuningdek, “Ayol erkakka qarshi”, “Farishtalar shahridagi sevgi” kabi filmlarda suratga tushgan. Aktrisaning hisobida turli filmlar va seriallarda ijro etilgan 50g yaqin rol mavjud. Bundan tashqari, Natalya videokliplarda ham suratga tushadi va shoularda ishtirok etadi.

3. Viktor Verjbitskiy

Viktor Aleksandrovich Verjbitskiy – 1959 yil 21 sentyabrda Toshkentda tug’ilgan – ajoyib sovet, o’zbek va rus teatr va kino aktyori, teleboshlovchi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist, Rossiya Fedaratsiyasi xalq artisti (2011). Verjbitskiyning aytishicha, bolaligi sana pardasi ortida o’tgan: uning buvisi teatrda liboslar bilan ta’minlovchi sifatida ishlagan. Shuning uchun u qanday kasbni tanlash borasida uzoq o’ylab o’tirmagan. A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr-badiiy institutiga o’qishga kirish tabiiy qadam bo’lgan. Shu yerdagi ssenografiya fakultetida buyuk kinorejissyor Timur Bekmambetov ham tahsil olgan. Verjbitskiy “Tungi qo’riqlash” va “Kunduzgi qo’riqlash”, “Admiral”, “Qora chaqmoq”, “Archalar” kabi ko’plab mashhur filmlar va seriallarda suratga tushgan.

4. Farhod Maxmudov

Farhod Maxmudov – teatr va kino aktyori, 2007 yilda “Rossiyada xizmat ko’rsatgan artist” nomiga sazovor bo’lgan. Farhod 1972 yil 9 mayda Toshkentda tug’ilgan. Bo’lajak aktyorning onasi Ma’rifat vazirligida ishlagan va shahardagi sport musobaqalarini tashkillashtirgan, otasi esa – mutaxassisligi bo’yicha aloqa muxandisi. Aktyorga taniqlik va muvaffaqiyat 2002 yilda, Rossiya ekranlariga “Brigada” seriali chiqqanida kelgan. Bu serialda Maxmudov Sasha Belovning (Sergey Bezrukov) armiyadagi do’sti Farxod Djurayevni o’ynagan. Mashhur aktyorning hisobida turli filmlar va seriallardagi 65dan ortiq rollar bor.

5. Роксана Бабаян

Roksana Babayan – sovet va rus estrada xonandasi va aktrisasi. Rossiya Federatsiyasi xalq artisti (1999) 1946 yil 30 mayda Toshkentdagi muxandis Ruben Mixayloviy Mukurdumov hamda xonanda va pianinochi Seda Grigorevna Babayan oilasida dunyoga kelgan. 1970 yilda Toshkent temir yo’l transporti muxandislari institutining sanoat va fuqarolik qurilishi fakultetini tamomlagan. Institutda ta’lim olish bilan bir qatorda badiiy havaskorlik faoliyati bilan ham shug’ullangan va qo’shiq tanlovlarida sovrinli o’rinlarni egallagan.

6. Dmitriy Xaratyan

Dmitriy Vadimovich Xaratyan 1960 yil 21 yanvarda Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida tug’ilgan. Sovet va rus aktyori, teleboshlovchi, qo’shiqchi, musiqachi, kinoprodyuser. Rossiya Federatsiyasida xizmat ko’rsatgan artist (2000), Rossiya Fedaratsiyasi xalq artisti (2007). Otasi, Vadim Mkrtichevich Xaratyan – texnik oliygoh o’qituvchisi, texnik fanlar nomzodi. Onasi, Svetlana Olegovna Tizenko – quruvchi-muxandis. Dima 7 yoshligida uning ota-onasi ajrashishgan. Maktabda u o’rtacha ta’lim olgan, sport bilan shug’ullanib, gitara chalib qo’shiq aytgan. Shuningdek, Dima har yozda pionerlar oromgohiga borib, ko’pincha bolalar uchun gitara chalib, qo’shiqlar kuylagan. Shunday safarlarning biri Xaratyanning taqdirini o’zgartirib yuborgan va uning aktyor sifatidagi kelajagini belgilab bergan. Xaratyanning eng yorqin ishlari: “Yashil furgon”dagi (1983) tergovchi, SvetlanaDrujininaning “Gardemarinlar, olg’a!” (1987) afsonaviy serialidagi mushketyor Aleksey Korsak, “Xususiy izquvar yoki “Kooperatsiya” operatsiyasi” filmidagi (1989) havaskor izquvar obrazlari va boshqalar.

7. Nargiz

Nargiz – 1970 yil 6 oktyabrda Toshkentdagi musiqaga aloqador oilada tug’ilgan. Uning onasi, Luiza Karimovna Zokirova – 1960-1970 yillarda mashhur bo’lgan estrada xonandasi bo’lib, xususan o’z akasi Botir Zokirov bilan birga duetda ijro etgan. Otasi, Po’lat Sionovchi Morduxayev – Botir Zokirovning ansamblida zarbli musiqa asbobi cholg’uchisi bo’lgan. 1995 yilda ota-onasi va qizi bilan birga O’zbekistondan AQShga ko’chib ketgan. AQShga borganidan so’ng restoranlarda qo’shiq ijro etgan va tez orada etno uslubidagi albomini yozgan. Rossiyaning “Golos” shousida ishtirok etib, ikkinchi o’rinni egallagan. Nargiz turmushidan ajrashgan va turli erkaklardan uch farzandning onasidir.

8. Юрий Антонов

Yuriy Antonov – 1945 yil 19 fevralda Toshkentda tavallud topgan. Bastakorning otasi 1944 yilda frontdan Toshkentga kelganida Natalya Mixaylovna Litovchenko bilan tanishgan. Bir yil o’tib Yuriy Antonov tug’ilgan. Qo’shiqchi, shoir va bastakorning barcha yutuqlarini sanash juda qiyin. 2000 yilga kelib uning qo’shiqlari yozilgan 20dan ortiq plastinka va disklar sotuvga chiqarilgan. Yuriy Antonov boshqargan ko’plab jamoalardagi odamlar mashhurlikka erishgan. Turli tanlovlarda jyuri a’zosi sifatida ishtirok etadi, konsertlar beradi. Juda ko’p sonli unvonlar va mukofotlarga ega.

9. Irina Viner

Irina Viner – bo’lajak murabbiy va sport yulduzi 1948 yil 30 iyulda Samarqandda dunyoga kelgan. Ko’p o’tmay uning ota-onasi quyoshli O’zbekistonning poytaxtiga ko’chib o’tganlar. Ota-onasi qizaloqning erta yoshida musiqiy qobiliyat, artistlik, ajoyib raqs mahoratini sezganlar. Irina balet studiyasi, teatr drama to’garagiga qatnashgan. O’shandayoq qizchada mashhur aktrisa bo’lish orzusi uyg’ongan. U o’zining ijodiy salohiyatini rivojlantirish uchun badiiy gimnastikaga yozilgan. Irina uch marotaba Respublika chempioni bo’lgan va Vinerning sport karerasi hal bo’lgan edi. Maktabni tugatganlik haqidagi shahodatnomani va oltin medalni olgach, Irina tibbiyot oliygohi o’rniga jismoniy madaniyat institutiga topshirgan. Qo’lida diplomi bo’lgan qizni shu zahoti Olimpiya zahirasi yoshlar jamoasiga taklif qilganlar. Viner 1992 yilgacha 20 yil davomida O’zbekiston badiiy gimnastika bo’yicha terma jamoasiga murabbiylik qilgan va buning uchun O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan murabbiy maqomiga ega bo’lgan. 90-yillar boshida Respublika terma jamoasi bilan parallel ravishda britaniyalik gimnastikachilar bilan ham shug’ullana boshlagan.

10. Alina Kabayeva

Alina Maratovna Kabayeva – 1983 yil 12 mayda Toshkentda tug’ilgan. Uning otasi, Marat Vazыxovich professional futbolchi bo’lgan va Toshkentning “Paxtakor” jamoasida ishtirok etgan, so’ngra murabbiy sifatida ishlagan. Onasi, Lyubov Mizaylovna basketbolchi bo’lib, O’zbekiston terma jamoasi tarkibida o’ynagan. Alina Kabayeva ota-onasining hayoti sport bilan bog’liq bo’lganligi uchun, qizlari ham sportchi bo’lishini istaganlar. Natijada, ular Alinani badiiy gimnastikaga berganlar va qizcha darhol sezilarli yutuqlarga erishgan. Alina 11 yoshida iste’dodini rivojlantirish uchun onasi bilan birga Moskvaga ketgan. Adina Kabayevaning birinchi murabbiyi Rossiyaning badiiy gimnastika bo’yicha eng yaxshi mutaxassisi hisoblangan Irina Viner bo’lgan. 2 yil ichida Alina Rossiya terma jamoasi safidan o’rin olgan. Alina individual ko’pkurash bo’yicha 2004 yildagi Olimpiada chempioni hamda individual ko’pkurash bo’yicha 2000 yildagi Olimpiya o’yinlarining bronza medali sohibasidir. Ikki karra mutlaq jahon chempioni bo’lgan (1999 va 2003).

11. Temur Bekmambetov

Temur Bekmambetov – 1961 yil 25 iyunda Qozoq SSRdagi Gurev shahrida dunyoga kelgan. Maktabni tamomlagach, moskva energetika institutiga o’qishga kirgan: otasi uning energetika sohasidan borishi istagan edi. Ko’p o’tmay Bekmambetov san’atga qiziqa boshlagan va oliygohni tark etgan. So’ngra armiyada xizmat qilgan. 1982 yilda Timur Toshkentdagi “O’zbekfilm” kinostudiyasida ish boshlagan. Taxminan shu paytda A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr-badiiy institutiga o’qishga kirgan va “teatr va kino rassomi” mutaxassisligini tanlagan. Timur ta’lim olayotgan vaqtda faoliyatini endi boshlayotgan aktyor Viktor Verjbitskiy bilan tanishgan va do’stlashgan. Bu tanishuv keyinchalik uzoq muddatli hamkorlikka aylanib, ikkovi uchun samara keltirgan. Ko’plab Rossiya va Gollivud filmlariga rejissyorlik qilgan.

12. Oleg Ternovoy (Terry)

Oleg Ternovoy — reper, musiqachi, Black Star leyblining artisti. 1992 yil 1 noyabrda Toshkentda tug’ilgan. Maktabni tugatgach, tibbiyot o’quv muassasasiga o’qishga kirgan va bir oycha feldsher bo’lib ishlagan. Vaqt o’tgach Oleg teatr institutiga kirgan va 2016 yilda O’zbekiston Akademik rus teatri truppasiga qabul qilingan. Bu yerda Oleg ikki yil ishlagan. STS kanalidagi “Yosh avlod” va TNT kanalidagi “Qo’shiqlar” shoularining ishtirokchisi. “Qo’shiqlar” loyihasida reper bir nechta qo’shiqlarini yozgan va g’olibga aylangan. Hozirda ijod bilan shug’ullanishda davom etmoqda, uning treklari Rossiya chartlarida yetakchilik qiladi.

13. МC Doni

Dostonbek Islamov (MS Doni) — xip-xop ijrochi, Black Star leyblining artisti. 1985 yil 18 dekabrda Farg’ona shahrida dunyoga kelgan. Bola musiqiy qobiliyatni otasidan meros qilib olgan. Uning otasi o’zbek milliy cholg’u asbobolarini chalgan. Biroq, bolakay avvaliga musiqaga qiziqmagan. Dostonbek ko’proq sport, ayniqsa jangovar san’atni yaxshi ko’rgan. U boks bo’yicha seksiyaga qatnashgan va maktab yoshiga yetganida harbiylashtirilgan kadetlar korpusiga o’qishga kirgan. Keyinchalik musiqa sanoatiga yaqinroq bo’lish uchun Moskvaga ko’chib ketgan. “Yilning eng yaxshi klub MSsi” maqomiga ega. 2014 yilda MC Doni taxallusi ostida birinchi klipini suratga oldirgan.

14. Djanik Fayziyev

Djanik Fayziyev – 1961 yil 30 iyulda Toshkentda, rejissyor Xabib Fayziyev va aktrisa Svetlana Norbayevaning oilasida dunyoga kelgan. Bo’lajak artist bolaligidanoq televizion filmlarda epizodik rollarda suratga tushgan. Maktabdan so’ng Fayziyev Butunrossiya davlat kinematografiya institutining (VGIK) aktyorlik fakultetiga o’qishga kirgan. 90-yilllarning ikkinchi yarmida ORT kanalida “Muhim narsalar haqidagi eski qo’shiqlar 2” musiqiy filmi namoyishidan so’ng o’zbek rejissyori mashhurlikka erishgan. Uning eng nom qozongan rejissyorlik ishi “Turkcha gambit” filmi hisoblanadi.

15. Sogdiana

Sogdiana (Oksana Vladimirovna Nechitaylo) – 1984 yil 17 fevralda Toshkentda, ijod bilan bog’liqligi bo’lmagan oilada tug’ilgan. Xonandaning otasi, Vladimir Nechitaylo – “Kompressor” zavodida direktor o’rinbosari lavozimida ishlagan, onasi, Larisa Fedorinskaya esa ma’lumoti bo’yicha tibbiyot xodimi bo’lib, kasalxonada ishlagan. Qizcha bolaligidan sahnani orzu qilgan, rasm chizish, raqs va vokal bilan shug’ullangan. Sogdiana ko’plab xalqaro va respublika tanlovlarida faol ishtirok eta boshlagan. 2006 yilda musiqiy prodyuseri Viktor Drobыsh bo’lgan “Yulduzlar fabrikasi” iste’dodlar shousining oltinchi mavsumi ishtirokchisiga aylangan. Shu yil oxirida qo’shiqchi “Yurak Mahzun” – “Serdse-magnit” qo’shig’ining rus tilidagi ijrosi bilan birinchi marta “Oltin grammofon” mukofotini qo’lga kiritgan.

16. Aziza Muhamedova

Aziza Muxamedova – 1964 yil 10 aprelda Toshkentda musiqachilar oilasida tug’ilgan. Xonandaning onasi O’zbekiston Davlat akademik xor kapellasida kuylagan, otasi, Abdurahim Muhmedov esa mumtoz musiqa bo’yicha mashhur sozanda bo’lgan. 1988 yilda konservatoriyaning fortepiano bo’limini tamomlagan qo’shiqchi Yurmalada umumittifoq tanlovida g’olib bo’lgan. U yerda Aziza tomoshabinlar hayrixohligi sovrini va maestro Raymond Pausning “Miss ekstravagantnost” sovriniga loyiq topilgan. Aziza mashhurligi davrida Moskvaga ko’chib borgan va “Sening tabassuming” nomli qo’shig’i bilan yakkaxon karerasini boshlagan. Bu qo’shiq unga butun ittifoqda mashhurlik keltirgan. Keyinchalik xonanda yana oltita disk yozgan. 

17. Talgat Nigmatulin

Talgat Nigmatulin – 1949 yil 5 martda Qizil-Qiya shahrida o’zbek-tatar oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi konchi bo’lgan va bolakay ikki yoshga to’lmasidan fojiali halok bo’lgan. Onasi uni bolalar uyiga topshirgan. Bo’lajak artist o’smirlik chog’ida ko’pincha yashash joyini, shuningdek qiziqishlarini o’zgartirgan: bal raqsi, yengil atletika, karate bilan shug’ullangan va drama to’garagiga qatnagan. 60-yillar oxirida u Moskvaga borgan va ikkinchi urinishda Kinematografiya institutiga o’qishga kirgan. Artist urinishlar orasidagi tanaffuslarda Sirk va estrada san’ati o’quv muassasasiga borgan hamda “Mosfilm”dagi ommaviy sahnalarda suratga tushgan. 1979 yilda “XX asr qaroqchilari” nomli jangari film ekranlarga chiqqach, Nigmatullin mashhurlikka erishgan. Talgat Nigmatullinning hayoti 1985 yil 11 fevralda fojiali yakun topgan: aktyor reketda ishtirok etishdan bosh tortgani uchun sekta a’zolari tomonidan o’ldirilgan.

18. Artem Artemyev

Artem Artemyev – 1973 yil 25 iyunda Toshkentda tug’ilgan. Artyomning ota-onasi arxitektorlar bo’lgan. Ular o’g’lining tarbiyasiga jiddiy va ijodkorona yondashganlar. Artyom yetti yoshida musiqiy maktabga borgan: violonchel sinfida o’qib, xorda kuylash mashg’ulotlariga qatnagan. 1995 yilda Artyom A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr-badiiy institutining aktyorlik bo’limini tamomlagan. 1997 yilda esa “Ilxom” teatri drama san’ati maktabini bitirgan. Moskvaga ko’chib borganidan so’ng, yosh artist Artyom Artemyevning ishi omadli boshlanmagan. Ma’lum vaqt davomida shou-dasturlarda ishtirok etib pul topishiga to’g’ri kelgan. Kinodagi debyuti 2003 yilda epizodik roldan boshlangan. Artemev faoliyatidagi muhim davr “Tatyananing kuni” serialidagi me’mor Igor Gonsalesning obrazi bilan kelgan. Artyom ushbu 221 seriyali kartinada 2007-2008 yillarda suratga tushgan.

kinopoisk.ru

19. Arsen Petrosov

Arsen Petrosov – sovet va rus estrada xonandasi, bastakor, shoir-qo’shiqchi, estrada rejissyori, musiqiy prodyuser, aranjirovkachi va ovoz rejissyori. Los-Anjeles (AQSH)da yashaydi. Arsen Leonovich Petrosov 1975 yilda Toshkentda tug’ilgan. Bo’lajak yulduzning bolaligi va o’smirligi iliq ijodiy muhitda o’tgan. Arsenning ijodiy hayoti 1989 yilda boshlangan. O’shanda Arsen qo’shiqlarga matnlar yozib, aranjirovka bilan shug’ullangan. 1993 yil Petrosovlar oilasi AQShga ko’chib borgan. Rossiyada Petrosov “Kayfuyem” qo’shig’i bilan nom qozongan. Bu qo’shiq, barcha xitlar singari, ijodiy hamkorlikda paydo bo’lgan.