Har bir davlatda 1-raqamli, eng katta va rivojlangan shahar mavjud. O'zini hurmat qiladigan har qanday sayohatchi uni ko'rishni burch deb biladi. Har bir davlatda 2-raqamli (kattaligi va aholi soni bo'yicha)shahar ham bor. “Ikkinchi” shaharlarning tarixi, madaniyati va diqqatga sazovor joylari ham boshqalarnikidan qolishmaydi (ba'zan qiziqroq ham bo'ladi). Biroq ular har doim ham Bucket-ro’yxatlardan o'rin olmaydi. Biz mazkur shaharlarga hayotinigiz davomida albatta tashrif buyurishingiz kerakligini isbotlab beramiz.

  •  
  •  
  •  
  •  

Iokogama, Yaponiya

Iokogamada 3,7 million aholi istiqomat qiladi. Aholi soni va maydoni bo’yicha Yaponiyada Tokiodan keyingi ikkinchi o’rinda turadi. Iokogama XIX asrda kunchiqar mamlakatning asosiy porti hisoblangan. Shahar hozir ham kuchli iqtisodiy zaminga ega. Xususan, Nissan kompaniyasining bosh qarorgohi aynan shu yerda joylashgan. Iokogamada tomosha qiladigan joylar serob: “Kelajak porti”, “Yo’naltiruvchi minora” (Yokohama Landmark Tower — 296,3 metr), ulkan tomosha charhpalagi, Yaponiya va dunyodagi eng yirik xitoy kvartali, ramen muzeyi va yana ko’plab diqqatga sazovor maskanlar.

Kork, Irlandiya

Korkda (irland tilidan tarjima qilinganda – “botqoqlik”) 190 ming odam yashaydi. Dunyodagi eng katta shahar bo’lmasa-da, Irlandiyada maydoni bo’yicha ikkinchi o’rinda turadi. VI asrda asos solingan, ko’plab qadimiy cherkovlar va binolar mavjud. Bu yerning jozibasini Korkdagi asosiy ko’chani (avliyo Patrik) aylanish, avliyo Mariya va avliyo Finbarrning cherkovlarini tomosha qilish hamda mahalliy pablarning biriga tashrif buyurish orqali tushunish mumkin. Shahardagi barcha diqqatga sazovor joylarni ko’rib bo’lgach, shahar tashqarisidagi ajoyib qasrlarni tomosha qilish mumkin.

Gyoteborg, Shvetsiya

Tabiiyki, birinchilik Stokgolmga nasib etgan, ammo yarim million aholiga ega Gyoteborg ikkinchi o’rinni egallagan. Bu Shvetsiyadagi eng sanoatlashgan shaharlardan biri bo’lib, unda Volvo bosh qarorgohi joylashgan. Mamlakatdagi eng manzarali shaharlardan biri. Gyoteborg Kattegat bo’g’ozi qirg’og’ida joylashgan bo’lib, unda ko’plab hiyobonlar mavjud. Bu Shvetsiyadagi eng madaniy rivojlangan shaharlardan biri. Bu yerda xushohang det-metal paydo bo’lgan va har yili Skandinaviyadagi eng yirik kinofestivali o’tkaziladi.

Anqara, Turkiya

Aksariyat odamlar Turkiyaning poytaxti Istambul deya xato qilishadi. Aslida Istambul aholi soni va tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi bo’yicha birinchi shahardir, ammo mamlakatning ma’muriy markazi Anqara hisoblanadi. Qariyb 5 million aholiga ega shahar Turkiyaning madaniy poytaxti sanaladi. Misol uchun: qadimgi onodo’li tamaddunlari muzeyi (Xett muzeyi), Raxmi Kocha sanoat muzeyi, etnografiya muzeyi, tasviriy san’at va haykaltaroshlik muzeyi, urush muzeyi, fan va texnika muzeyi, yana o’nlab masjidlar, yunon hammomlarining vayronalari va boshqa san’at obyektlari.

Bergen, Norvegiya

Bergen XIII asr oxirigacha Norvegiyaning poytaxti, XIX asrning 30-yillarigacha esa mamlakatdagi eng yirik aholi punkti bo’lga. Hozirda Bergenda 278 ming aholi yashab keladi. Bu Norvegiyaning eng yirik sanoat markazi. Bergenning faxri – o’rta asrlarga mansub Bryuggen qirg’og’i YUNESKO Butunjahon merosi ro’yxatidan joy olgan. Shahar strit-art va Flyoybanen funikulyori bilan nom qozongan. Bundan tashqari, fordlar bo’ylab sayohatlar aynan Bergendan boshlanadi.

Rio-de-Janeyro, Braziliya

6,4 million aholi va bitta ulkan Iso haykali – bu Riodir, do’stlar. Braziyalada San-Pauludan (u yerda qariyb 12 million odam) keyin ikkinchi, Janubiy Amerikada uchinchi va jahonda 26-shahardir. Rio – bayramlar shahri. Zero aynan shu yerda sayyoramizdagi eng rang-barang karnaval o’tkaziladi. Aynan shu shaharda mashhur Kopakabana plyaji joylashgan. Aynan shu yerda o’tgan yilning yozida argentinalik muxlislarning ko’z yoshlariga guvoh bo’lgan “Marakanda” stadioni qurilgan. Va aynan shu  shaharda keyingi yil yozgi Olimpiya o’yinlari bo’lib o’tadi.

Rotterdam, Niderlandiya

Rotterdam – Amsterdam. O’xshaydi, to’g’rimi? Biroq Amsterdam birinchi o’rinda (813 ming odam), Rotterdan esa ikkinchi (631 ming). Shunga qaramay, shaharning ahamiyatiga past baho berib bo’lmaydi. Axir u Yevropadagi eng yirik port hamda muhim transport yechimidir. Rotterdam o’zining kubsimon uylari, Yevropa machtasi, Erazm ko’prigi, “Blyaydorp” hayvonot bog’i, muzeylari, shuningdek ko’p sonli tungi klublari bilan mashhurdir.

Koshitse, Slovakiya

Koshitse – uncha katta bo’lmagan Yevropa shaharchasi bo’lib, unda 241 ming aholi yashaydi. Biroq u ajoyib tarixga ega. Koshitsega XII asrda asos solingan, XIV asrda esa shahar Yevropada birinchi bo’lib o’z gerbiga ega bo’lgan. Hozirda Slovakiyaning yirik ilmiy-ma’rifiy markazi hisoblanadi: Pavel Yozef Shafarik (atoqli olim) universiteti shu yerda joylashgan. Koshitsedagi yana bir nomdor joy – Ferens Rakotsining maqbarasi joy olgan avliyo Elizabet cherkovidir. Ushbu cherkovning ichida XV asrga mansub qaydlar yozilgan noyob mehrob, uning yonida esa ko’zni qamashtiradigan kuylovchi favvora o’rnatilgan.

Pusan, Janubiy Koreya

“Dengiz poytaxti”, “yozgi poytaxt” – Pusanning ko’plab faxrli nomlari mavjud, ammo aholi soni bo’yicha u Seuldan (3,6 million odam) keyin ikkinchi o’rinda turadi. Pusan – boshni aylantiradigan osmono’parlar (“Lotte Super Tauer” dunyodagi eng baland binoga aylanishi mumkin) hamda g’aroyib mollarga (“Sinsege Sentum Siti” hozirdanoq dunyodagi eng katta mol) ega odatiy zamonaviy megapolis. Shuningdek, shaharda oltita hashamatli plyaj bo’lib, ularning eng mashhuri – Xeundedir. Pusanda nafaqat dengiz, balki faol hordiq muxlislari ham o’zlariga qiziq mashg’ulot topishlari mumkin: shaharja ko’plab barlar, restoranlar va liskotekalar mavjud.

Portu, Portugaliya

Portuda 1,3 million aholi istiqomat qiladi, ammo shahar aholi soni 1,7 millionga yetadigan yanada katta aglomeratni (Katta Portu) hosil qiladi. Shaharni ko’pincha Portulagiyaning shimoliy poytaxti deb ataydilar. Zero u madaniy va iqtisodiy ahamiyati bo’yicha Lissabonga yon bermaydi. Portudagi asosiy diqqatga sazovor joy – balandligi 76 metrga teng Klerigush minorasidir. Shahar Doru daryosi ustida joylashgan bo’lib, ko’priklari bilan mashhur. Nihoyat, Portu – portveynning vatani hisoblanadi.

Krakov, Polsha

Krakov – nafaqat Polsha, balki Yevropadagi eng qadimiy shaharlardan biri. Hozirda unda qariyb 760 ming odam yashaydi. Shahardagi me’moriy yodgorliklarni sanashga ikkala qo’ldagi barmoqlarning soni yetmaydi. Ularning aksariyati YUNESKO himoyasida. Eng mashhur joylar qirollik qasri, Kazimej, bozor maydoni sanaladi. Eski shahar hiyobonlar halqasi – mashhur Krakov plantlaribilan o’ralgan. Shuning uchun Krakov piyoda yurishga undaydigan shaharlardan biridir.

Kito, Ekvador

Kito – Ekvadorning poytaxti. Mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Biroq aholi soni bo’yicha Guayakildan ortda qoladi: bu yerda 2,6 million aholi mavjud. Kito Janubiy Amerikadagi eng go’zal shaharlardan biri sanaladi. Uning me’morchiligi – ispan, golland va hindu me’morchilik an’analarining mutanosib aralashmasidir. Shahar ulkan tepaliklar bilan uch qismga bo’lingan: eski shahar (muzeylar, haykallar va boshqalar), janubiy tuman (sanoat) va shimoliy tuman (banklar, muassasalar, hashamatli do’konlar va turar-joylar).

Milan, Italiya

Milan – uzoq vaqt va tutilmasdan so’zlash mumkin bo’lgan shahar. Biroq aholi soni bo’yicha u ikkinchi o’rinda (birinchi o’rinda kimligini topingchi?) – 1,3 million odam. Milan – dunyoning madaniy poytaxtlaridan biri. Bu yerda ikkita buyuk Amvrosiy va Lavrentiyo’rta asr bazilikasi, shuningdek afsonaviy La Skala teatri joylashgan. Leonardo da Vinchining “Xufyona uchrashuv” surati Milanda saqlanadi. Milan – dunyodagi moda poytaxtlaridan biri. Bu yerda Gucci, Prada, Valentino, Armani va boshqa “go’zallik hukmdorlarining” bosh ofislari joylashgan. Milan – jahonning sport poytaxtlaridan biri. “Milan” va “Internatsionale” – Yevropa futbolining grand klublaridir. Shuningdek, Milan yaqinida “Formula-1” Italiya Gran-prisi o’tkaziladi.

Sankt-Peterburg, Rossiya

Shimoliy Palmira, Shimoliy Venetsiya, yorug’ tunlar shahri, madaniy poytaxt, Rossiyaning eng go’zal shahri (sharhlarda bahslashishingiz mumkin) – bularning bari Sankt-Peterburg to’g’risida. Neva ustidagi shaharda 221ta muzey, 80ta teatr, 2 000ta kutubxona, 45ta galereya va yuzlab tarixiy binolar joylashgan. Biroq bu quruq statistika, Piter esa – she’riyatdir. Shahar mamlakat mumtoz va avangard madaniyatining yuragi. Mazkur o’ziga xos muhit ko’plab shoirlar, rassomlar, adiblarni dunyoga keltirgan… Saroy maydoni, Vasilev oroli, ko’tariluvchi ko’priklar – bularni hayotingizda bir marta bo’lsa ham ko’rsangiz arziydi.

Melburn, Avstraliya

Melburn aholi soni bo’yicha Sidneydan bir oz ortda qoladi (muvofiq ravishda 4,5 va 4,7 million). Jahondagi eng yashash uchun qulay shaharlardan biri sanaladi. Buning hayratlanarli yeri yo’q, axir Melburnda Avstraliyaning tijorat, sanoat va madaniy kuchlari birlashgan. Yevropa o’lchovlari bo’yicha kamtarona tarixiga (XIX asr boshidan) qaramay, Melburnda ko’plab diqqatga sazovor joylar mavjud: “Evrika” minorasi, “Janubiy yulduz” tomosha charxpalagi, qirollik ko’rgazmalar markazi, Viktoriya davlat kutubxonasi va boshqalar. Shuningdek Melburn ajoyib shaffl raqsining vatani. Everyday I’m shuffling!

Abu-Dabi, BAA

Abu-Dabi – Birlashgan Arab Amirliklarining poytaxti. Shaharda 1,1 million odam istiqomat qiladi, ammo uning mamlakat yalpi ichki mahsulotiga qo’shadigan hissasi 56 foizni tashkil etadi. Shahar Fors ko’rfazi qirg’og’ida joylashgan bo’lib, uning asos solinishi bilan bog’liq go’zal afsona mavjud. Ortidan ovchilar tushgan ohu uzoq vaqt cho’lda sarson bo’lgan va oxirida ovchilarni chuchuk suv manbaiga boshlab kelgan. Ovchilar shu joyda shahar qurib, uni Abu-Dabi, ya’ni “ohuning otasi” deb nomlaganlar. Zamonaviy Abu-Dabi, bu – shayx Zaydning ulkan masjidi, Al Bahar osmono’par minoralari, Capital Gate qulayotgan minorasi va boshqa yorqin maskanlardir.

Kordova, Argentina

Kordova shahriga 1573-yilning 6 iyulida konkistador Xeronima Luis de Kabrer tomonidan asos solingan. U o’z nomini ispan aholi punkti sharafiga olgan. Hozirda Kordova aholi soni bo’yicha Argentinadagi ikkinchi shahar bo’lib (1,3 million odam), mamlakatning harbiy-sanoat markazidir. Kordovaning tarixiy qismida saqlanib qolgan iyezuitlarning inshootlari YUNESKO Butunjahon merosining obyektlari hisoblanadi.

Durban, Jar

Durbanga 1835-yilda asos solingan. Hozirda unda 600 mingga yaqin odam yashaydi. Shahar Janubiy Afrikadagi eng yirik port, shuningdek plyaj hordig’ining eng jozibali markazi sanaladi (qulay plyajlar, iliq dengiz). Durbandagi diqqatga sazovor joylar qatoridan “Siti-Xoll” meriya binosi, Juma masjidi, Tabiat tarixi milliy muzeyi, “Fitssimmons” sudralib yuruvchilar hiyoboni va boshqalar o’rin olgan.

Brno, Chexiya

Ming yildan ortiq tarixga ega bo’lgan Brno shahri go’zallikda Pragadan qolishmaydi, ammo hajmi bo’yicha kichikroq. Unda atigi 378 ming odam yashaydi. “Atigi” deb yozishimizning sababi shundaki, Chexiya poytaxti million hajmida o’lchanadigan aholiga ega. Brnoda ko’plab tarixiy va me’moriy obidalar saqlanib qolgan. Masalan, avliyo Pyotr va Pavel cherkovi, Shpilberg qasri, ratusha, Kaputsinlar monastiri va boshqalar.

Gamburg, Germaniya

Kattaligi bo’yicha Germaniyadagi ikkinchi va Yevropa Ittifoqida sakkizinchi shahar.

Gamburg aholisining soni 1,8 milliondan oshadi. Shuningdek, bu Yevropadagi eng katta (va eng boy) port shaharlardan biri. Shahar o’rta asrlarga mansub qurilmalarning bir qismini saqlab qolgan: shahar ratushasi, opera teatri, avliyo Nikolay cherkovi va boshqa diqqatga sazovor joylar. Gamburgda 60dan ortiq muzey mavjud. Shu bilan birga Gamburgda yuzdan ziyod hiyobonlar va “Xagenbek” hayvonot bog’i joylashgan.

Marsel, Fransiya

Marselda 869 ming aholi yashab keladi. Ular baxtli odamlar! Zero Marsel – O’rta yer dengizi qirg’og’idagi eng go’zal port-shahardir. La-Kanber ko’chasi bo’ylab sayr davomida nozik yaxtalarni tomosha qilish va dengiz havosidan nafas olish mumkin. Tarix va me’morchilik shinavandalari Sen-Viktor abbatligi, Notr-Dam-de-la-Gard cherkovi, Lonshan qasri, If qal’asi, kafedral cherkov va boshqa maskanlarni e’tiborsiz qoldirmaydilar.

Gvadalaxara, Meksika

“Atirgullar shahri” degan shoirona nomga ega Gvadalaxara shahrida 1,5 million aholi istiqomat qiladi. Unga 1542-yilda asos solingan bo’lib, Meksikaning madaniy markazi hisoblanadi. Taxminlarga ko’ra, Meksikaning mariachi halq musiqasi aynan shu yerda paydo bo’lgan. Shaharda ispan kolonial me’morchiligiga mansub bir nechta obidalar mavjud (San-Farnsisko cherkovi, Santa-Monika cherkovi va boshqalar), shuningdek charriada deb nomlanuvchi Meksika rodeosi o’tkaziladi.

Pekin, Xitoy

Pekin – Xitoyning ma’muriy, siyosiy, madaniy va ma’rifiy markazidir. Bu orada Shanxay iqtisodiy markaz hisoblanadi. Ehtimol, aynan shu sababli Shanxayda aholi soni 3 millionga ko’proqdir. Pekindagi aholi soni – 21 148 000 odam. Bunday katta va qadimiy shaharda (Pekin tarixi 3 ming yildan ortiq yoshda) ko’plab diqqatga sazovor joylarning bo’lishi tabiiy. Ularning orasida eng mashhurlari – Taqiqlangan shahar yoki Gugun, Tyananmen maydoni, Pekin imperatorlik saroyi, Yuanminyuan, Osmon Ibodatxonasi.

Iskandariya, Misr

Nil deltasida joylashgan va O’rta yer dengizining qirg’og’i bo’ylab 32 kilometrga cho’zilgan mazkur shahar Misrning asosiy dengiz porti sanaladi. Iskandariyaga eramizdan avvalgi 331-yilda asos solingan. Qachonlardir u boyligi va kuchi bo’yicha faqat Rimdan ortda qolgan. Hozirda Iskandariyada 5 millionga yaqin odam yashaydi. U Misrning muhim iqtisodiy markazidir. Shaharda tomosha qiladigan joylar (Kayt-Bey qal’asi, Pompey ustunllari, Kom-el-Shukaf g’orlari va h.k.) va mashg’ul bo’ladigan narsalar (ko’p sonli qumli plyajlar) ko’p.

Dehli, Hindiston

Dehlida yashovchi aholining soni 11 milliondan oshadi. Bu chumolilar uyasi singari shovqinli, ko’p millatli va juda o’ziga xos shahar. Unda eskilik zamonaviy hayot bilan yonma-yon mavjuddir. Xususan, eski shaharda YUNESKO Butunjahon merosi ro’yxatiga kiritilgan ko’plab me’moriy yodgorliklar joylashgan. Xumoyun maqbari, Kutub-Minor, Qizil fort – albatta ko’rish shart bo’lgan joylar. Bundan tashqari, eski Dehli o’zining bozorlari bilan ham mashhur bo’lib, ulardan eng nomdori – “Chandi Chouk”dir. Yangi Dehli nisbatan zamonaviyroq bo’lib, bu yerda megapolisning ishbilarmon hayoti mujassam bo’lgan: biznes-markazlar, supermarketlar. Biroq shaharning shu qismida ham diqqatga sazovor joylar bor. Jami bo’lib Dehlida qariyb 1 375ta madaniyat va san’at obyekti mavjud.

Antverpen, Belgiya

Belgiyada Bryusseldan keyingi ikkinchi shahar. Unda yarim milliondan ortiq odam istiqomat qiladi (ixcham Yevropa o’lchamlari bo’yicha kam emas). Antverpen jahondagi eng yirik yigirmata port qatoridan o’rin olgan bo’lib, Yevropadagi ikkinchi port sanaladi (undan oldinda faqat Rotterdam). Antverpen – san’at shahri. Bu yerda ko’plab muzeylar, galereyalar, badiiy salonlar va boshqalar joylashgan. Hayratlanishga sabab yo’q: Antverpen – Rubens, Brauers, Matses, Breygel va boshqa musavvirlarning vatani. Antverpen – qimmatbaho shahar. Gap faqat me’morchilik va boy ko’ngilochar maskanlar haqida emas, balki dunyodagi shahar eng yirik qimmatbaho toshlarni egovlash markazi ekanligida.

Los-Anjeles, AQSH

Los-Anjeles Kaliforniyadagi eng katta (qariyb 4 million odam) va aholi soni bo’yicha AQShda ikkinchi shahar. Shahar ancha yosh bo’lib, unda qadimiy me’moriy obidalar mavjud emas. Markazda XX asr boshiga mansub ar-deko uslubida qurilgan bir nechta bino joylashgan. Shunga qaramay, LA – ertak-shahar, orzu-shahar. Zero bu yer Gollivud vatanidir. Shaharda jahon yulduzlarini uchratish va superyulduzga aylanish mumkin.

Orxus, Daniya

Daniyada ikkinch o’rindagi shahar – Yutlandiya yarim oroli sharqida, huddi shu nomdagi bo’g’oz qirg’og’ida joylashgan Orxus. Shahar mamlakatning asosiy porti hisoblanadi. Orxus shahrida 310 mingga yaqin odam yashaydi, lekin aglomeratsiyalar bilan birgalikda bir milliondan ortadi. Orxusdagi eng muhim diqqatga sazovor joylar – XIII–XV asrlarning kafedral cherkovi (Daniyadagi eng yirik), ratusha, universitet. Jami bo’lib Orxusning qadimiy qismida ellikdan ortiq tarixiy obyektlar mavjud.

Tel-Aviv, Isroil

Tel-Avivni barpo etishda Bauxaus nemis maktabining me’morlari ishlaganlar: uylar ikki yoki uch qavatli, betondan ishlangan bo’lib, ko’chalar qirg’oqqa nisbatan qat’iy perpendikulyar ravishda joylashgan. Mazkur uylar sababli YUNESKO Tel-Avivni “Oq shahar” nomli madaniy qadriyatlar ro’yxatiga kiritgan. Tel-Aviv Isroilning madaniy markazidir. Unda o’nlab konsert va teatr zallari, muzeylar va galereyalar mavjud. Shahar aholi soni bo’yicha mamlakatda ikkinchi o’rinda turadi – 443 600 odam.

Jeneva, Shveysariya

Jenevada istiqomat qiluvchi 200 ming odamning 44 foizi xorijliklardir. Bu hayratlanarli emas. Zero Jeneva bir necha marotaba yashash uchun eng yaxshi shahar sifatida e’tirof etilgan (jumladan 2014-yilda ham). Jeneva – Yevropaning (butun dunyoning desa ham bo’ladi) muhim siyosiy va iqtisodiy markazi. Bu yerda o’nlab xalqaro tashkilotlarning bosh qarorgohlari joylashgan: BMT, Qizil Xoch, BST, BSST va boshqalar. Shuningdek, Jeneva ko’plab diqqatga sazovor joylarga ega bo’lgan juda go’zal shahardir. Masalan, Notr-Dam cherkovi, avliyo Pyotr cherkovi, Jeneva favvorasi kabi maskanlar shular jumlasidandir.

Xanoy, Vetnam

Xanoy (“daryolar orasidagi shahar”) 1010-yilda tashkil topgan. Hozirda u Vetnamning poytaxtidir. Unda 7,6 million aholi yashaydi – mamlakatdagi ikkinchi shahar. Shahar ulkan megapolis sanaladi. Tarixiy obidalardan – Prezident saroyi, Xanoy ibodatxonasi, adabiyot ibodatxonasi va boshqalar. Xanoy – o’ziga xos muhitga ega hamyonbop shahar bo’lib, bu yerda Sharq va G’arb an’analari birlashgan. Eski mavzening tor ko’chalaridan iborat labirin orqali yuz metrli osmono’par binolarga chiqish mumkin. Xanoyda ularning soni yuzdan oshadi.

Monreal, Kanada

Kvebek provinsiyasidagi eng katta shahar hamda aholi soni bo’yicha Kanadada ikkinchi o’rinda turadi. 1,9 milliondan ortiq aholi o’z shahridan mamnun, chunki u jahondagi eng qulay shaharlardan biridir. YUNESKO Monrealni dizayn shahri, Monocle jurnali esa – Kanadaning madaniy poytaxti deb nomlagan. Shaharda ko’plab madaniy forumlar o’tkaziladi: Jahon kinosi festivali, jaz festivali, frankofoniya musiqasi festivali va boshqalar. Monreal – sayrlar va mushohada qilish shahri. Mahalliy aholi va mehmonlar Bernard ko’chasi bo’ylab yurishni, dam olish kunlarida esa Lafonten hiyobonida piknik tashkil qilishni hush ko’radilar.

Medelin, Kolumbiya

Medelin ko’plab o’xshatishlarga sazovor bo’lgan. “Abadiy bahor shahri” – Medelin ekvatorial hududda joylashgan, ammo unda ekvator uchun odatiy hisoblangan nam va dim havo deyarli kuzatilmaydi – shahar ob-havosi juda qulay. “Tog’lar poytaxti” – Medelin Aburra vodiysidagi And tog’lari shimoli joylashgan. “Gullar shahri” va “orxideyalar poytaxti” – Medelinda har yili mashhur gullar yarmarkasi o’tkaziladi. Shuningdek, Medelin “ajoyib qishloq” deb ham tilga olinadi, ammo “qishloqda” 2,5 million odam yashaydi.

Manila, Filippin orollari

Manila – Filippin orollarining poytaxti. Mamlakatdagi poytaxt hududi – Metro-Manilani hosil qiluvchi 16 shahardan biri. Aholi soni bo’yicha Kesondan keyingi o’rinda turadi. Unda 1,7 million odam yashab keladi (aglomeratsiyada 21 milliondan ortiq). Biroq Manilaning maydoni atigi 38,55 kilometr kvadrat bo’lgani uchun dunyodagi eng zich aholilik shahar hisoblanadi (ekologiya bilan bog’liq katta muammolar ham shundan). Manila – nisbatan yosh shahar bo’lishiga qaramay, o’zining Intramuros nomli tarixiy hududida ega. Taxminlarga ko’ra, aynan u zamonaviy Manilaning tamal toshini qo’ygan va aynan shu yerda eng chiroyli qasrlar, ibodatxonalar va muzeylar joylashgan.

Arekipa, Peru

Arekipada 1 million odam yashaydi. Arekipa madaniy ahamiyati emas, balki aholi soni bo’yicha Perudagi ikkinchi shahar. Arekipa 1868-yilda zilzila tufayli deyarli to’liq vayron bo’lgan, ammo shahar markazida mo’jiza tufayli barokko va neogotika uslubidagi bir nechta bino saqlanib qolgan. Shaharning koloniya davrida oq vulqon toshidan qurilgan tarixiy qismi YUNESKO Butunjahon merosi ro’yxatiga kiritilgan. Shuningdek, Arekipa ovqatlanish maskanlari bilan mashhur bo’lib, Peru oshxonasining poytaxti hisoblanadi.

Rabat, Marokash

Rabat – chiroyli qadimiy shahar. Hozirda Marokashning poytaxti, madaniyat va sanoat markazi sanaladi. Unda qariyb 4 million odam yashaydi. Diqqatga sazovor joylar orasida qirollik qasri, Muhammad V maqbarasi, Xasan minorasi, Kasb Uday qal’asini ajratib ko’rsatish mumkin. Shuningdek, Rabatda ko’plab etnik muzeylar mavjud: hunarmandchilik muzeyi, qadimshunoslik muzeyi, xalq san’ati muzeyi va boshqalar.

Vellington, Yangi Zelandiya

Jahondagi “ikkinchi” shaharlar ro’yxatidan joy olgan yana bir poytaxt (400 mingga yaqin aholi) – Vellington. U Yangi Zelandiya Shimoliy orolining janubiy qismida, shu nomdagi vulqonli kelib chiqishga ega ko’rfaz qirg’og’ida joylashgan. Mazkur shinam shaharchada ko’plab hiyobonlar, ko’prikchalar, tunnellar, maydonlar, viaduklar bor. XIX asr oxiri – XX asr boshiga mansub tarixiy inshootlar zamonaviy binolar bilan uyg’unlashib ketgan. Vellingtondagi eng qiziq binolardan biri, bu – “Ari uyasi”. Shaharliklar parlamentni o’ziga xos shakli uchun shunday ataydilar. Avliyo Pavel cherkovi, botanika bog’i, hayvonot bog’i – Vellingtonda tomosha qiladigan joylar albatta topiladi.

Barselona, Ispaniya

Barselona – ertaknamo shahar. Kataloniyaning poytaxti aholi soni bo’yicha Ispaniyadagi ikkinchi va Yevropa Ittifoqidagi o’ninchi maskan hisoblanadi: 1,6 milliondan ortiq odam o’zlarini barselonaliklar deb biladi. Shahar O’rta yer dengizi qirg’og’ida joylashgan bo’lib (juda muhim port), yumshoq iqlimi bilan ajralib turadi. Ispaniyaning eng mashhur ko’chasi – Eski portgacha cho’zilib boradigan Rambl ko’chasi aynan Barselonada joylashgan. Rambl va Layetana ko’chalari o’rtasida yana bir diqqatga sazovor joy – Gotika mavzesi joylashgan. Bu yerdagi avliyo Xaume maydonida butun dunyoga mashhur Barselona kafedral cherkovini ko’rish mumkin. Va bu hali hammasi emas. Barselonani sevib qolmaslikning iloji yo’q. U nafaqat Ispaniya, balki butun dunyodagi eng go’zal shaharlardan biri.

Mombasa, Keniya

Mombasa Hind okeanidagi marjon orolida joylashgan bo’lib, bir nechta to’g’on orqali qit’a bilan bog’langan. Ushbu shahar mamlakat uchun portlarning ahamiyati yana bir karra isbotlaydi. Mombasa – Keniyaning asosiy dengiz bandargohi, iqtisodiy va madaniy markazidir. Shaharda 1,2 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mombasa o’zining qirg’oqbo’yi manzaralari va yaxshi parvarishlangan plyajlari bilan nom qozongan. Bu yerda suvda hordiq chiqarishning turli shakllari rivojlangan: suv chang’ilari va gidrotsikllarda suzish, vindsyorfing, dayving.

Marakaybo, Venesuela

Venesuelada Karakasdan keyin ikkinchi shahar: aholi soni 2,6 milliondan ziyod. Shahar Venesuela ko’rfazi va Marakaybo ko’lini (Janubiy Amerikadagi eng yirik ko’l) birlashtiruvchi bo’g’oz qirg’og’ida joylashgan. Shaharga 1529-yilda nemis koloniyachilari tomonidan asos solingan. XVII asrda bir necha marta qaroqchilarning hujumlariga uchragan. XX asrda Marakayboda neft topilgan va shahar faol rivojlana boshlagan. Tarixiy diqqatga sazovor joylar qatoridan koloniya davrlariga mansub cherkovlar, qasrlar va haykallar o’rin olgan. Shuningdek, shaharda ko’plab an’anaviy Venesuela suvenirlari sotiladigan do’konchalar mavjud: rom, shokolad, loydan ishlangan qo’g’irchoqlar.

Mazkur “ikkinchi” shaharlardan biriga yo’lingiz tushgan bo’lsa, taassurotlaringizni biz bilan o’rtoqlashing.