Faol, tasavvurga boy va sog'lom fikrlaydigan bo'lib qolish uchun odatlaringizni o'zgartiring.

  •  
  •  
  •  
  •  

Bundan bir necha avlod avval odamlar 50 yoshga yetishga umid ham qilmaganlar. Hayriyatki, bugun aksariyatimizda 20-40 yilga ko’proq umr ko’rish imkoni mavjud. Biroq, yillar o’tishi bilan miyaning o’z ishini bajarishi tobora qiyinlashadi.

O’tiradigan hayot tarzi va zararli odatlar butun organizmga, jumladan miyaga ham shikast yetkazadi. Yosh o’tgani sayin Alsgeymer kasalligining yuzaga kelishi va rivojlanishi xavfi ortadi.

Hayotiy muhim organning muddatidan avval keksayishiga yo’l qo’ymaslik hamda tiniq fikrni saqlab qolish uchun bir nechta foydali maslahatga amal qilish zarur.

1. Taomlarga oid odatlaringizni o’zgartiring

Sog’lom ovqatlanishga odatlanish nafaqat qomat va umumiy holat, balki miya uchun ham foydalidir. Odatiy hatti-harakatingizdagi oddiy o’zgarishlardan boshlang. Masalan, kechqurungi bir finjon qahvani ko’k choyga alishtiring. Uning tarkibida kofein kamroq bo’lib, miya hujayralarini shikastlanishdan asraydigan antioksidantlar juda ko’p. Dudlangan taomlar iste’molini kamaytiring.

Sog’lom ovqatlanish kuni bo’yi faqat salat va yormalar yeyish kerak degani emas. Olimlarning aniqlashicha, sabzavotlar, mevalar, zaytun moyi, baliq va dengiz mahsulotlarining katta ulushidan iborat O’rta yer dengizi parhezi miya hujayralarining yo’qolishini kamaytirib, aqliy qobiliyatlar saqlanib qolishiga yordam beradi.

2. Har kuni kamida 20 daqiqa sport bilan shug’ullaning

Miya salomatligini qo’llash uchun harakat faolligi muhimdir. Aerobika qon aylanishini kuchaytirib, xotirani yaxshilaydi va miyada yangi hujayralar o’sishini tezlashtiradi. Natijada yangi neyron aloqalar paydo bo’ladi.

Sport miyaga huddi tushkunlikka qarshi dorilarning kichik dozasi kabi ta’sir ko’rsatishi mumkin. Jismoniy faollik stressni yengishga yordam beradi. Haftasiga kamida 1,5 soat, ya’ni kuniga 20 daqiqa aerobika yoki boshqa istalgan sport bilan shug’ullaning. Buni salomatlik uchun amalga oshirish zarur.

3. Qulaylik hududini ko’proq tark eting

Miyangizni turli mashqlar bilan zo’riqtirsangiz, u uzoqroq vaqt yosh bo’lib qoladi. Keng tarqalgan fikrdan farqli o’laroq, miya dasturlanmagan bo’lib, o’zgarishga qodirdir. Istak bo’lsa, masalan, eski odatlarni yo’qotib, yangilarini hosil qilish mumkin. Miyaning bu xususiyati neyromoslashuvchanlik deb nomlanadi.

Chet tilini o’rganish yok musiqiy asbob chalish miyaning moslashuvchanligini saqlashga yordam beradi, chunki yangi neyron aloqalar hosil bo’lishiga olib keladi. Shuningdek, boshqa kasblarning vakillari bilan muloqot qilish ham foydali. Natijada, dunyoqarashingiz yanada kengayadi.

4. Tiniqib uxlang

Uyqu jarayonida glimfatik tizimimiz miyani neyrotoksinlar, jumladan Alsgeymer kasalligini keltirib chiqaruvchi beta-amiloidlar va tau-oqsillardan hamda to’planishi Parkinson kasalligiga sabab bo’ladigan alfa-sinukleindan tozalaydi.

Miyaning tozalanish jarayoni vaqt talab etadi. Aynan shuning uchun inson sutkasiga 7-9 soat uxlashi kerak.

5. Faol ijtimoiy hayotda yashang

Inson – ijtimoiy mavjudotdir. Lekin yosh o’tishi bilan muloqot doirasi torayib, boshqa odamlar bilan kamroq gaplasha boshlaymiz. Qarindoshlar va do’stlar bilan munosabatlarni saqlash esa kognitiv salomatlik uchun muhimdir. Boshqalar bilan kamroq gaplashadigan odamlarda aqliy qobiliyatlar muloqotni sevuvchi odamlarga nisbatan 70 foizga pasayadi.

Qizig’i shundaki, yolg’iz odamlar nisbatan hushyor bo’lib, notanishlardan tahdid kutadilar. Chunki, ularning muloqotga moslashmagan miyasi notanish odamlar bilan o’zaro munosabatni noma’lum va xavfli narsa sifatida qabul qiladi. Bu o’ziga xos himoya tizimidir.


Butun umr davomida sevimli insonlar bilan ko’proq vaqt o’tkazish, xobbilar bilan shug’ullanish va yangi narsalarni o’rganish zarur. Ana shunda keksalik chog’ida miya sizni yaxshi xotira va o’tkir aql bilan siylaydi.