Sport kiyimingizning toza va saranjom qiyofasini saqlab qolishga yordam beradigan bir nechta foydali maslahat.

  •  
  •  
  •  
  •  

1. Kiyimni yuvishdan avval ivitib qo’ying

Terida yashaydigan va terdan oziqlanadigan bakteriyalar sport kiyimlarida nohush hid paydo bo’lishiga sababchidir. Ter narsalarga singib ketgani uchun ulardan yoqimsiz hid keladi.

Tarkibida kislota bo’lgan oq distillangan sirka kiyimlardagi badbo’y bakteriyalardan halos bo’lishga yordam beradi. Sirka va sovuq suvni 1 : 4 nisbatida aralashtiring va kiyimni yuvishdan avval shu aralashmaga 15-30 daqiqaga ivitib qo’ying.

2. Har bir sport mashg’ulotidan so’ng kiyimlarni yuving

Agar Siz dezodorantga ishonib ter singigan kiyimni yana kiyishdan avval shunchaki quritsangiz, yaxshi natijaga erisha olmaysiz. Zero, eski ifloslar, ter va bakteriyalar qatlami ustiga yangisi qo’shilib, yanada kuchli hid chiqaradi.

Agar kiyimlarni darhol yuvishning imkoni bo’lmasa, ularni avval sirka-suvli aralashmada iviting, so’ngra chayib quriting. Yoki, mog’or paydo bo’lmasligi uchun ularni kirlar savatiga tashlashdan avval shunchaki quriting.

Unutmang, bu usullar yuvishning o’rnini bosmaydi. Ular shunchaki qandaydir sabablarga ko’ra yuvish ortga surilganida, vaziyat og’irlashishiga yo’l qo’ymaydi.

3. Sport kiyimlarini yuvish uchun mo’ljallangan gellardan foydalaning

Aksariyat sport kiyimlari elastandan tayyorlanadi. Bu material suvni o’zidan itaradi va kiyim quruq bo’lib turadi. Biroq, yuvilganida u kir yuvish kukunlarini singdirib oladi.

Ayrim kukunlar oxirigacha erimay choklarning orasiga kirib qoladi va allergik reaksiyaga sabab bo’lishi mumkin. Shuning uchun sport kiyimlarini yuvish uchun mo’ljallangan maxsus geldan foydalangan ma’qul.

Kirni yuvishdan avval barcha tugmalarini taqib (qadash moslamalarini yopib), kiyimning teskarisini o’giring. Ko’pi bilan ikki choy qoshiq gel soling. Kir yuvish mashinasiga juda ko’p narsa solmang.

Agar kiyimda dezodorant yoki ter dog’lari qolgan bo’lsa, yuvishdan avval bu joylarni yumshoq tish chyotkasi yordamida gel bilan tozalang.

4. Oq kirlar uchun konditsionerlarni qo’shmang

Sport kiyimlarini yuvishda oq narsalar uchun mo’ljallangan konditsionerlarni qo’llash mumkin emas. Ular barcha hid va bakteriyalarni ushlab qolgan holda, butun matoni qoplab oladi. Kiyimlardan konditsionerni yuvdirib tashlash uchun ularni yana bir necha martta yuvishga to’g’ri keladi. Bundan tashqari,  u sport kiyimlarining elastiklik xususiyatlarini ketkazadi.

Buyumlaringiz mayin bo’lishi uchun uy vositasidan foydalaning. Shunchaki chayishning oxirgi bosqichidan avval konditsioner uchun mo’ljallangan bo’lmaga ½ stakan oq distillangan sirkani qo’shing. Sirka kiyimlarni yumshatishi bilan birga ortiqcha kir yuvish vositasi qoldiqlaridan halos qiladi.

5. Sport kiyimlarini sovuq yoki iliq suvda yuving

Suvning harorati mato to’qimasiga ta’sir qiladi va bu holatni e’tirosiz qoldirmaslik kerak. Biroq, paxta tolasidan ishlangan paypoqlar, soqichlar va futbolkalarni issiq suvda yuvish kerak.

6. Kiyimlarni ochiq havoda quriting

Agar kir yuvish mashinasidagi quritish rejimidan foydalanishga qaror qilgan bo’lsangiz, havo haroratining eng past darajasini tanlang. Issiq havo matoga zarar yetkazishi, uning elastikligini kamaytirishi va kirishib qolishiga sabab bo’lishi mumkin.