•  
  •  
  •  
  •  

Pardoz – aksariyat ayollar hayotining ajralmas qismi, bizning himoyamiz va qurolimizdir. Ayrim tadqiqotlarga ko’ra, ayol kishi tashqi qiyofasiga yiliga qariyb 335 soat sarflaydi. Sarflangan barcha kuchni o’chirib yuboradigan bittagina xato tufayli butun obraz buzilib, pardoz pala-partishdek ko’rinib qolsa qanchalar alam qiladi! Afsuslanishni bas qiling: xatolar ularni tahlil qilish va xulosalar chiqarish uchun ham kerak.

Tonal vositalar

Chap suratdagi Ember Xerd atigi 32 yoshda, ammo qalin qilib surilgan ton uning yuzidagi har bir, hattoki eng kichik ajinga urg’u berib, yana ortiqcha 10 yoshni qo’shgan. O’ng tomondagi suratda tabiiy pardozni tanlagan Ember ancha yosh ko’rinadi.

Xulosa:

  • Me’yorni bilish hissi bu kabi xatolarni qilmaslikka yordam beradi: tonal vosita tabiiy yuz rangingizni yopib qo’yishi emas, balki shunchaki tekislashi kerak.
  • Ton surishdan avval terini tayyorlang: u yaxshi tozalangan va namlantirilgan bo’lishi kerak.
  • Ton surgandan keyin maxsus sprey yoki termal suvdan foydalaning. Bu bir nechta vosita qo’llangan taqdirda, tonning barcha qatlamlarini mustahkamlash imkonini beradi.
  • Yosh o’tishi bilan qalin tondan voz keching. Odatda bunday ton teridagi barcha kamchiliklarni ko’rsatib qo’yadi.

Rangni tuzatish (korreksiya)

Chinni tusdagi teri ustiga olovrang bronzer dog’larini surgan Siyenna Miller qanday natijani kutgani bizga ma’lum emas. Zero u konturingga muhtoj bo’lmagan yaxshi yuz shakliga ega. Biroq, u erishgan holat ma’lum: mana 13 yildirki aynan shu omadsiz surat endi ish boshlayotgan vizajistlarga salbiy namuna sifatida namoyish etiladi.

 “Hasham, jilva beraman!”, – dedi vizajist Mishel Liaga va buning uddasidan chiqdi. Oqibatda 30 yoshli aktrisa solyariyning keksa qurboniga o’xshab qoldi. O’zingiz taqqoslab ko’ring: qat’iy konturing va strobbingsiz Lia qanchalar yosh va navqiron ko’rinadi (shu yilda olingan surat).

Yeva Longoriya esa, aksincha, odatdagi ehtirosli obrazdan chetlashib, o’ziga oqsuyaklarga xos rangparlikni ravo ko’rdi. Lekin, bu maqsadda tanlangan sovuq ranglar hamda ularga qo’shimcha qilingan fojiaviy “smoki ays” nosog’lom qiyofaga olib keldi. Taqqoslab ko’ring: ikkinchi suratdagi iliq ranglar va keskin dog’larning yo’qligi Yevaga ajoyib ko’rinish bergan.

Xulosa:

  • Konturing endi urfda emas, ammo rang tuzatishdan voz kechishni istamasangiz, rangni to’g’ri tanlang: asosiy rangdan bir tonga to’qroq hamda harorati bo’yicha unga qarshi chiqmaydigan rang.
  • Strobbing ham o’z o’rnini yo’qotdi, ammo xohish bo’lgan taqdirda yo suyuq xaylayter, yoki juda mayin maydalangan holatda teriga yengil jilva berish mumkin.
  • Yana bir bor me’yor haqida eslatsak: bronzerlar va konsilerlar tajriba uchun keng maydon hosil qiladi, lekin ba’zida (ko’pincha bo’lishi ham mumkin) tabiiy ko’rinishdan chetga chiqmagan ma’qul.

Perlamutr (sadaf)

Perlamutr alohida bo’limga loyiq. Uning noo’rin jilvasi Ketrin Zeta-Jonsni qanchalar qaritib yuborganini bir ko’ring. Albatta, bu yerda yuz toni va lab bo’yog’ining rangini ham hisobga olish kerak, ammo ko’zlar va lablarni jilvalanmagan holda bir tasavvur qilsangiz hammasi joyiga tushadi. Yuz rangidan chetga chiqilmasa yanada ajoyib bo’lardi.

Perlamutr keksa qilib ko’rsatishidan tashqari, chaqnoqlar bilan yaltirash hamda yuzning bir qismini “yeb qo’yish” evaziga suratlarni ham buzadi. Bu holatni Rouz Makgouenning “yaltiroq” obrazida ko’rish mumkin. Rouz buni atayin qilgan degan umiddamiz, chunki u perlamutrli pardozining chaqnoqlari bilan e’tiborimizni tortmaganida ancha yaxshiroq ko’rinadi.

Xulosa:

  • Shunchaki perlamutr haqida unuting: agar yoshingiz 25da bo’lsa, unga o’rin yo’q. Kattaroq yoshdagi pardozda esa juda xavflidir ham.
  • Variant sifatida… Yo’q, hech qanday variant yo’q — unuting.

Qoshlar

Rashida Jonsning qoshlariga nima bo’lganu, nima uchun ular shu qadar har xilligining sababini endi bila olmasak kerak, ammo aynan shu g’alati assimetriya tufayli butun pardoz yomon ko’rinayotgani aniq. Zero, bir yil avvalgina aktrisa yaxshi qoshlarni namoyon etayotgandi. Aytgancha, lab bo’yog’ining rangi yuzga qanday ta’sir qilayotganiga e’tibor bering: mos kelmaydigan ton qiyofani nochorlashtiradi.

Ekrandagi eng qora qosh aktrisa Emili Klark to’g’ri ma’noda dor ustida yuradi, ammo odatda sochlarining to’q rangli ildizlari uni qulashdan asrab qoladi. Biroq, bu safar emas… Emilining holatida buni obrazlilikka yo’yish mumkin (rumyanalarning o’zi bir dahshat!), lekin kundalik hayotda ajdarlar ustida parvoz qilmasangiz, qoshlar va soch o’rtasidagi muvozanatga rioya qilgan ma’qul.

Kler Deyns esa qoshlar pardozini e’tiborsiz qoldirgan ko’rinadi. Natijada ular yuzdan batamom yo’qolgan. Albatta, mallasoch qizlar qoshlarni bo’yashda juda ehtiyotkor bo’lishlari kerak. Ehtimol, Kler bo’rttirib yuborishdan qo’rqqandir… Biroq, u holda ko’zlar pardozini kamtarroq qilish kerak edi. Hayriyatki, aktrisa obrazda ko’p xatolarga yo’l qo’ymaydi.

Xulosa:

  • Bugungi kun modasi tabiiy qoshlarimizga juda yon bosadi: ularni ingichka qilib terish shart emas, shunchaki bir oz shakl berish va tarab qo’yishning o’zi yetarli.
  • Qoshlaringizni qaychilamang: bu doim sezilib qoladi, chunki sun’iy ko’rinadi. Qoshlarni tekislash uchun mo’ljallangan gel siz istagan shaklga erishishga yordam beradi.
  • Qoshlar yuz kayfiyatini hosil qiladi, shu bois shaklni butkul o’zgartirishdan voz kechgan ma’qul.
  • Qoshlarning rangi soch va pardozning umumiy rangiga mos bo’lishi hamda undan ajralib turmasligi yoki yanada yorqin dog’lar ortida yo’qolib ham ketmasligi kerak.
  • Qoshlarni parvarish qilish kerak: moylar, niqoblar, namlantirish. Quruq, po’sti ajralayotgan teri eng mukammal shakldagi qoshlarga ham putur yetkazishi mumkin.
  • Agar qoshlaringiz sizga yoqmasa, tajribali ustadan maslahat olish va tuzatishga vaqtingiz va pulingizni ayamang. U sizga aynan sizning qoshlaringiz arxitekturasi haqida so’zlab beradi va ularga shakl berishni o’rgatadi.

Tush va sun’iy surma

Chap tomonda Britni Spirs issiq xonada o’tgan uzoq shovqinli kechadan keyin suratga tushganga o’xshaydimi? Yoki bu uning hayotidagi ajrashish va alkogol bilan bog’liq og’ir davrmikin? Adashdingiz, bu xonanda o’zining xushsurat yigiti bilan birga tashrif buyurgan kunduzgi basketbol matchi. Biroq, tartibsiz tarqalib ketgan surma tufayli Britni pala-partish qiyofada ko’rinmoqda. Ikkinchi suratda hammasi yaxshiroq.

Andrea Rayzboro esa umuman surmadan voz kechishga qaror qildi. Lekin, kipriklariga tushni erinmay surgan. Natijada – pardozdagi yaqqol nomutanosiblik hamda qizargan ko’z oqlarining oldingi planga chiqib qolishini ko’ramiz. Bu kabi xatolar bo’lmagan ikkinchi surat bilan taqqoslang.

Xulosa:

  • Qovoqlar uchun bazadan foydalaning. Yoki hech bo’lmaganda layner yoki qalam ostiga yupqa qilib pudra suring.
  • Agar maqsadingiz chiziqlarning arxitekturaga xos aniqligi bo’lmasa, surma ustidan xuddi shu rangdagi ten surish mumkin. Faqat ten yaxshi pigmentlangan bo’lishi, chyotkacha yassi, harakatlar esa ishqalovchi emas, balki surtuvchi bo’lishi kerak.
  • Yoningizda pardozni tuzatish uchun paxtali tayoqchalar qutisini olib yuring. Bunda quruq tayoqchani ishlatgan ma’qul.
  • Tush, surma va ten o’rtasida mutanosiblikka amal qiling: nimadir ko’rinishdan boshqalarni yashirayotgan bo’lsa, natijani yaxshi deyish mushkul.
  • Faqat sifatli pardoz vositalarini xarid qiling.

Lablar konturi

Paloma Feyt – boshqalardan ajralib turadigan uslubga ega xonim, ammo surtilib ketgan lab bo’yog’i, bu – obrazning bir qismi emas. Zero, odatda xonandaning pardozi ancha tartibli bo’ladi. Hattoki g’ayrioddiy shlyapacha ham bu xatoni tuzata olmagan.

Xulosa:

  • Lab bo’yog’i belgilangan chegaradan chiqib ketmasligi uchun bu chegarani lab uchun mo’ljallangan qalam bilan chizish zarur.
  • Xususan, pomada ostiga suriladigan praymerlar o’zini yaxshi namoyon etgan. Ular ayniqsa 30dan sal oshgan ayollarga kerak bo’ladi, chunki lab bo’yog’ining mayda ajinchalar bo’ylab tarqalishiga yo’l bermaydi.
  • Jilvalanmaydigan yoki satin finishli lab bo’yoqlari ajoyibdir.
  • Shuningdek, yupqa qilib surilgan lab bo’yog’ining tarqalish ehtimoli kam bo’ladi. Lablaringizni bo’yagandan keyin ustidan salfetka bostiring, yaxshisi ularni stik bilan emas cho’tkacha yordamida bo’yang.

Yangi urfdagi trendlar

Joriy mavsumda monotenlar va firuzarangning barcha tuslari urf bo’lgan. Biroq, bundan pardozni qilishda kulgili ko’rinmay qolish juda mushkul. Hattoki, Sara Jessika Parker ham buning uddasidan chiqa olmadi. Biroq chap tomondagi surat, bu – Sara Jessikaning Met Gala 2018 uchun yaratilgan obrazi, ya’ni deyarli teatrga xos tomosha. Hayotda esa aktrisa urf bilan o’ziga yarashadiganini aniq biladi.

Xulosa:

  • Dizaynerlar har mavsumda o’nlab o’ziga xos g’oyalarni taqdim etadilar: bu zerikib qolmaslik uchun ularning odatiy ishi. Lekin, podiumning barcha topilmalari ham kundalik hayot uchun to’g’ri kelavermaydi.
  • To’rtburchak ten, chakkagacha chizilgan qalam yoki kulrang lab bo’yog’i bilan ofisga yoki tadbirga yo’l olishdan avval bunday pardozni uyda qilib ko’ring. Bu ortiqcha emasligiga ishonchingiz komilmi?
  • Ba’zan bunday g’alati trendlarni kundalik turmushga moslashtirish mumkin: yoylarning shakli va rangini qoldirgan holda, ularni haqiqatga to’g’ri keladigan hajmda chizish mumkin. Harakat qilib ko’ring va o’z variantingizni izlang.

Hech kim xato qilishdan himoyalanmagan. Yo’l qo’yilgan xatolarni tahlil qilib, yaxshi tomonga o’zgargan taqdirda, ular yanada mukammallikka erishish yo’lida kuchli harakatga keltiruvchi kuchga aylanishi mumkin. Ehtimol, maqolamiz tufayli kimdir begonalarning xatolarini inobatga olib, o’zining xatolariga yo’l qo’ymas.

Bizning kuzatishlarimizga nimadir qo’shimcha qila olasizmi? Yana qanday xatolar obrazni buzishi mumkin? Voqealaringizni sharhlarda o’rtoqlashing.