•  
  •  
  •  
  •  

O’zbekistonda aksariyat oilalar hanuzgacha “Xudodan” o’g’il so’raganda qiz tug’ilishiga yoki teskari bo’lishiga ayol asosiy sababchi sifatida qaraladi. Ba’zida biologiya tarbiyadagi bunday savodsizlik ajrashishlarning qadimiy sabablaridan biri bo’ladi.

Agar qiz tug’ilganida sizni ayblayotgan bo’lsalar, bu odamlarga mazkur maqolani yuboring yoki shifokordan so’rab ko’rishlarini ayting.

Yoki, sizga qarata “Huddi onangni o’zisan” degan jumlani aytishsa, bilingki, bu haqiqat emas. Aslida ayollar ko’proq onalariga emas, otalariga o’xshaydilar. Bundan tashqari, ayrim farazlarga ko’ra, homila paydo bo’lgunicha otaning yashagan hayot tarzi, uning ovqatlanishi va o’zini his qilishi bo’lajak bolaning salomatligiga asos soladi. Bolaga qaysi xususiyatlar otadan, qaysilari esa onadan o’tishi haqida ushbu maqoladan o’qing.

Hattoki yaxshi irsiy meros bo’lgan taqdirda ham, sog’lom turmush tarzi haqida unutmaslik tavsiya etiladi. Oxir-oqibat aynan turmush tarzi qanday ko’rinishingizni va o’zingizni his qilishingizni belgilab beradi.

Bolalarga ko’pincha ota-onalaridan burun uchi, lablar atrofidagi soha, yonoq suyaklarining hajmi, ko’zlar burchagi va iyak shakli meros o’tadi.

Yuz qiyofasini tanishda aynan shu sohalar muhim hisoblanadi, shu bois yuzlarida shunday sohalari bo’lgan odamlar juda o’xshash va hattoki bir xildek ko’rinadilar.

Biroq, qoshlar orasidagi soha ko’pincha ota-onalar va bolalarda farq qiladi.

Riz Uizerspun qizi bilan

Aktrisa Riz Uizerspunning qizi onasidan moviy ko’zlar, yonoq suyaklari, iyak shakli va burun uchini olgan.

Odatda onaning genlari bola DNKsining 50 foizini, otaniki esa qolgan 50 foizini tashkil etadi. Biroq, erkaklarning genlari ayollarnikiga nisbatan tajovuzkor bo’ladi, shuning uchun ular o’zini ko’proq namoyon etadi. Xususan, onaning 40 foiz faol genlariga otaning 60 foiz genlari to’g’ri kelishi mumkin.

Bundan tashqari, homilador ayolning organizmi homilani yarim yot organizm sifatida ko’radi. Organizmning bolani saqlab qolish uchun otaning qo’poruvchi genlariga chidashiga (ba’zan o’z zarariga) to’g’ri keladi.

Shunga qaramay, go’dakka qaysi jihatlar otadan, qaysilari esa onadan o’tishini aniqlash mumkin.

Bolaning jinsi

Bo’lajak bolaning jinsi otaga bog’liq. Bola onadan doim X xromosomani oladi, otadan esa yo X-xromosomani (bunda qiz bo’ladi) yoki Y xromosomani (bunda o’g’il bo’ladi) qabul qiladi.

Agar erkakning oilasida aka-ukalari ko’p bo’lsa, unda asosan o’g’illar tug’iladi, opa-singillari ko’p bo’lsa, muvofiq ravishda qizlar dunyoga keladi. Erkaklarning juda qismida sperma X va Y xromosomalarning taxminan teng miqdoriga ega bo’ladi. Bunday erkaklarda o’g’il va qiz tug’ilishi ehtimoli teng bo’ladi.

Y xromosoma X xromosomaga nisbatan ko’proq genlarga ega bo’ladi va ularning bir qismi erkaklik jinsiy organlarining rivojlanishi hamja spermatozoidlar ishlab chiqarilishi uchun javob beradi. Shuning uchun o’g’il bola tashqi qiyofasi bo’yicha ko’proq onasiga o’xshaydi. Qizlarga kelsak, ular ota-onasining ikkisidan ham X xromosomalarni oladilar va ularning qiyofasini oldindan bilish qiyinroq.

Tishlarning holati

Agar ota stomatologik klinikalarga tez-tez tashrif buyursa, bolada ham shunday muammolar bo’lishining ehtimoli yuqori. Tishlarning kattaligi va shakli, shuningdek jag’ tuzilishi xususiyatlari ota-onaning istalgan biridan o’tishi mumkin, ammo aynan otaning genlari ko’pincha yetakchilik qiladi.

Shu bois, otaning tishlari qiyshiq bo’lsa, bolaning tishlarida ham muammo bo’lishi aniq.

Aqliy salohiyat

Aqliy salohiyat uchun javob beradigan genlar X xromosomada bo’ladi. Shu bois o’g’illarga aynan onalarning aqliy salohiyati o’tadi. Qizlar aqliy qobiliyatni ota-onaning ikkisidan oladilar. Biroq, ona aqlining atigi 40 foizi meros bo’lib o’tadi, qolgan barchasi tarbiya natijasida shakllanadi. Shuning uchun o’z ustida kuchli ishlashning o’rnini hech narsa bosa olmaydi.

O’g’il bolalarda o’rtacha IQ onalarinikidan 15 banddan ko’proqqa farq qiladi.

Ruhiy xastaliklarga moyillik

Yosh o’tishi bilan erkaklarda sperma sifati yomonlashadi. Shu sababli keksa odamlar bolalariga mutatsiyaga uchragan genlarni o’tkazishlari mumkin. Bu bolada ruhiy xastaliklar, autizm, giperfaollik, qutb almashuvi kasalligi paydo bo’lishi ehtimolini oshiradi. Shuningdek, 45 va undan katta yoshdagi otalardan tug’ilgan bolalar joniga qasd qilishga moyil bo’lishi hamda ta’lim olishda qiyinchiliklarga to’qnash kelishi mumkin.

Yurak ishemik kasalliklaridan aziyat chekuvchi kuchli jins vakillari har qanday yoshda o’g’illariga shu xastalikka moyillikni o’tkazadilar. Bepushtlikdan aziyat chekib, homila sun’iy yo’l bilan paydo bo’lgan erkaklar ham o’g’illariga mazkur muammoga moyillikni o’tkazadilar.

Gemofiliya va autizmga moyillik

Gemofiliyaga uchragan eng mashhur bemorlardan biri shahzoda Aleksey bo’lgan. Chap tomondagi suratda – buvisining onasi, ingliz qirolichasi Viktoriya. U gemofiliya genining tashuvchisi bo’lgan va uni ayrim farzandlari, nabiralari va evaralariga o’tkazgan.

Ayrim kasalliklar onadan o’tadi, ammo faqat o’g’il bolalarda namoyon bo’ladi (qizlarda bu kasallikning paydo bo’lishi ehtimoli juda kam). Agar ayol defektga ega gen mavjud X xromosoma tashuvchisi bo’lib, aynan shu xromosomani o’g’liga bersa, shunday holat yuzaga keladi. Onalaridan farqli ravishda, o’g’il bolalarda bitta X xromosoma bo’ladi, shu bois mutatsiyaga uchragan genning o’rnini hech narsa qoplay bolmaydi.

Onadan o’tadigan kasalliklarga gemofiliya (qon ivishining buzilishi) va Dyushen miodistrofiyasi (mushaklarning rivojlanuvchi zaifligi) kiradi. Autizm onadan o’g’ilga o’tganida yaqqolroq namoyon bo’ladi.

Semizlikka moyillik

Semizlik yoki, aksincha, kelishgan qomatga moyillik irsiy yo’l bilan o’tadi. Ayrim odamlarning vazni va bel kengligi 25 foizga, aksariyat hollarda esa 40 foizga irsiyatga bog’liq bo’ladi. Semizlikdan aziyat chekuvchi odamlarda bu raqamlar 75-80 foizga yetishi mumkin. Bunday vaziyatda ortiqcha kilogrammlardan xalos bo’lish juda qiyin kechadi. Biroq, oqilona parhez va jismoniy yuklamalar natija beradi.

Ozg’inlik yoki semizlikka moyillik ota-onaning ikkisidan ham taxminan bir xil miqdorda o’tadi. Bunda, kelishgan qomatga moyillik semizlikka nisbatan kamroq foizda o’tadi.

Biroq, bola tug’ilganida uning vazniga faqat ona ta’sir ko’rsatadi. Otaning vazni qanchalik katta bo’lishidan qat’iy nazar, agar ayol ozg’in bo’lsa, bola ham kelishgan qomatli bo’lib tug’iladi. Agar ona semizlikdan aziyat chekayotgan bo’lsa, bola “zaxira yog’lari” bilan tug’ilishi mumkin.

Bo’y

Bolaning o’sishiga onalarga nisbatan ko’proq otalar ta’sir qiladi. Baland bo’yli erkaklarning bolalari, odatda, tug’ilganida nisbatan baland bo’yga ega bo’ladi. Umuman olganda, bola bo’yining 60-80 foizi uning otasi va onasiga bog’liq bo’ladi, qolgani esa – uning ovqatlanishi, turmush tarzi va salomatligidan kelib chiqadi. Bundan tashqari, bir ota-onaning hamma bolalari bir xil bo’yga ega bo’lmaydi: odatda, kichik farzandlar kattalaridan pastroq bo’ladilar.

Bo’lajak bolaning bo’yini aniqlashning 2ta formulasi bor.

  • Agar o’g’il bo’lsa, onaning bo’yicha otaning bo’yini va yana 13 sm qo’shing. Hosil bo’lgan sonni 2ga bo’ling va o’g’lingiz qanchalik baland bo’lishini bilib olasiz. Agar qiz bola bo’lsa, onaning bo’yiga otaning bo’yini qo’shib, 13 sm ayiring. Natijani 2ga bo’ling va qizingizning taxminiy bo’yini bilasiz.
  • Qiz bolaning 18 oyligidagi, o’g’il bolaning esa 2 yoshligidagi bo’yini yozib qo’ying va ushbu sonni 2ga ko’paytiring. Farzandingiz katta bo’lganida uning bo’yi taxminan shunga teng bo’ladi (plyus-minus 10 sm).

Ko’zlar rangi

Jigarrang dominant belgi hisoblanadi. Shu bois, agar ota-onadan birining (ayniqsa otaning) ko’zi to’q rangda, boshqasiniki esa moviy yoki yashil bo’lsa, bolaning ko’zi jigarrang bo’lishi ehtimoli katta. Och rangdagi ko’zli bolakayni ko’rish imkoniyati ham yo’qolmaydi, ammo buning uchun to’q rangli ko’zga ega ota yoki onada moviy rang uchun javob beradigan retsessiv gen bo’lishi kerak.

Ko’zlarning moviy va yashil rangi – retsessiv belgidir, ammo moviy yashilga nisbatan ko’proq dominant hisoblanadi.

Shu bilan birga, moviy ko’zli ota-onadan jigarrang ko’zli bolaning tug’ilishi ehtimoli ham istisno etilmaydi.

Yonoqlardagi kulgichlar

Yonoqlardagi kulgichlar – dominant belgidir. Agar ota-onadan birida kulgichlar bo’lsa, katta ehtimol bilan bolada ham bo’ladi.

Soch jingalakligi

Jingalak soch juda chiroyli bo’ladi va ko’plab onalar farzandlarida ham jingalaklar bo’lishini orzu qiladilar. Biroq, sochlarning buralishga moyilligi dominant belgi bo’lishiga qaramay, uning ota-onadan birida bo’lishi yetarli emas.

Sxemaning soddalashtirilgan ko’rinishi quyidagicha:

  • Ota-onaning ikkalasida jingalak soch bo’lsa, bolada ham jingalak bo’ladi.
  • Ota-onaning sochi tekis bo’lsa, bolaning sochi ham tekis bo’ladi.
  • Ota-onadan birida jingalak, boshqasida tekis soch bo’lsa, bolaning sochi to’lqinsimon bo’ladi.

Shu bilan birga, ota-onaning ikkisida ham jingalak bo’lib, ammo oilalarida tekis sochli odamlar bo’lsa, bolaning sochlari ham tekis bo’lishi mumkin.

Bonus: bolaning tashqi qiyofasini bashorat qilish

Ota-onaning oilaviy suratlarini ko’rib chiqing. Qarindoshlarning aksariyatida doim takrorlangan qiyofa jihatlariga e’tibor bering (bo’rtiq burun, jingalak soch, to’q rangli ko’zlar). Bu jihatlar dominant hisoblanadi va katta ehtimol bilan bo’lajak bolangizda namoyon bo’ladi.

Siz ko’proq kimga o’xshaysiz? Ehtimol, farzandingiz kutilmagan ko’z rangi yoki jingalak sochi bilan sizni hayratga solgandir? Bizga bu haqda so’zlab bering.