•  
  •  
  •  
  •  

Grin Karta o’zi nima?

“Green Card lotereyasi” sifatida ma’lum bo’lgan Diversity Immigrant Visa dasturi AQSh hukumati tomondan ushbu mamlakatga muhojirlik darajasi past bo’lgan davlatlar uchun ishlab chiqilgan. Taqdim etiladigan vizalarning umumiy soni yiliga 50 mingtani tashkil qiladi. Ular lotereya yordamida tanlanadi, lotereyada ro’yxatdan o’tish esa faqat AQSh hukumatining saytida amalga oshiriladi.

Anketalar oktyabr-noyabr oylarida qabul qilinadigan Green Card lotereyasi to’g’risida AQShga borish yo’lini ancha qiyinlashtiradigan ko’plab mish-mishlar mavjud.

Bir necha yil avval AQShda doimiy yashash joyiga ko’chib o’tgan Florida shtatida yashovchi shaxs odamlarning grin-kartalarga oid o’ylab topilgan faktlar sababli imkoniyatni boy berishlari yoki ortiqcha narsalarni tasavvur qilganlari uchun orzulari va qo’ldan ketgan imkoniyatlar borasida hafa bo’lishlari haqida so’zlab berdi. U va boshqa ko’plab vatandoshlar bilan suhbatlashgach, Lifehaq.uz O’zbekistonda ancha keng ommalashgan yolg’on mish-mishlar va uydirmalar ro’yxatini tuzib chiqdi. Endi siz bu haqiqatlarni bilgach, o’zingizni turli yolg’onlardan himoya qila olasiz.

1. Green Card lotereyasini turli saytlardagi turli xizmatlar orqali yuborish mumkin

Ko’pincha “Yashil karta” (green card) lotereyasida ishtirok etish uchun go’yoki anketa yuborish mumkin bo’lgan turli saytlar odamlarni adashtiradi. Siz tarmoqda mustaqil ro’yxatdan o’tish imkoniyatini qidirganda izlash tizimlarida “yashil karta” atamasini yozasiz va bu sizga kutilgan natijani bermaydi. Lotereyaning haqiqiy nomi – Diversity Visa Lottery (DV Lottery) bo’lib, muhojirlar uchun vizalar lotereyasi yoki diversifikatsiya lotereyasi sifatida tarjima qilinadi.

Internetda rasmiy anketa topshirish mumkin bo’lgan yagona joy, bu – Amerika hukumatining https://www.dvlottery.state.gov sayti. Qolgan saytlar esa – qo’shimcha manbalar, ya’ni to’g’ri to’ldirish bo’yicha o’z xizmatlarini taklif qiladigan vositachilardir.

2. Lotereyada “yashil karta”ning o’zi o’ynaladi

Siz lotereya g’olibi sifatida AQSh diversifikatsiya muhojirlik vizasini olish uchun nomzodga aylanasiz. Agar zarur bosqichlardan o’tgach (eng muhimi – elchixonada suhbatdan o’tish), ushbu vizani olsangiz, faqatgina AQShga kelgandan so’ng xalq orasida “yashil karta” deb nomlanuvchi doimiy yashash guvohnomasiga ega bo’lasiz.

3. Ishtirokchi anketasini pochta orqali jo’natish mumkin

20 yil avval anketalar pochta orqali qabul qilingan. Bugungi kunga kelib hujjatlarni elektron shaklda va faqatgina onlayn-anketa to’ldiriladigan https://www.dvlottery.state.gov/ hukumat portali orqali topshirish mumkin.

4. Ro’yxatdan istalgan vaqtda o’tish mumkin

Ro’yxatdan o’tish elektron tizimi barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo’ladigan ma’lum vaqt belgilangan – oktyabrning boshidan noyabr boshigacha. Aniq sanalar hukumatning rasmiy saytida ko’rsatiladi va ular har yili o’zgarib turadi.

5. Agar g’olib bo’lsangiz, AQShga viza olishingiz kafolatlangan

Vizani olish uchun zarur hujjatlarni to’plash va rasmiylashtirish, shuningdek amerikalik konsul bilan suhbatdan o’tish kerak. Agar ro’yxatdan o’tish chog’ida qoidalar buzilganligi aniqlansa, anketa bekor qilinishi mumkin. Shuningdek, elchixonadagi suhbat davomida yuzaga kelgan nomaqbul holatlar vizani olishingizga to’sqinlik qilishi mumkin.

Bundan tashqari, muhojirlar uchun vizalar dasturi bo’yicha yiliga 50 000ta viza ajratiladi, tanlangan anketalar soni esa doim ko’proq bo’ladi. Dastlab tanlab olingan 50 000 nomzodning hammasi ham viza olmasligi yoki viza olish uchun murojaat qilmasligi e’tiborga olinadi, shu bois barcha ajratilgan vizalarni topshirish uchun “zaxira” g’oliblari ham tanlanadi. Shu bilan birga, bu holat lotereya o’ynalganidan so’ng anketalari tanlab olingan barcha nomzodlarga viza yetmay qolishini ham anglatadi.

6. Grin-kartani rasmiylashtirish uchun vositachiga murojaat qilsangiz, to’lovni amalga oshirishingiz kerak va grin-karta kafolatlanadi

Siz grin-karta lotereyasida tanlab olinganingiz uni olishingizni ANGLATMAYDI. Lotereyada yutganingizdan keyin AQSh elchixonasida suhbatdan o’tishingizga to’g’ri keladi va hech bir agentlik bu suhbatdan muvaffaqiyatli o’tishingizga kafolat bera OLMAYDI.

7. G’oliblar yiliga bir marta tanlanadi

Ba’zan AQSh elchixonasida maxsus qo’shimcha o’yin o’tkaziladi, bu haqda ularning saytidan bilib olish mumkin.

8. Lotereyada qatnashish uchun pul to’lash kerak

Lotereyada ishtirok etish mutlaqo bepul. Keyinchalik omadli chiptani qo’lga kiritsangiz va jarayonni davom ettirishga, ya’ni vizani olish uchun anketa topshirishga qaror qilsangiz harajatlar paydo bo’ladi. Bunda, elchixonadagi konsullik yig’imini va ayrim boshqa xizmatlar uchun to’lash kerak.

9. G’oliblar aniq mezonlar bo’yicha tanlanadi

Yutuqli anketalar lotereya tamoyili bo’yicha kompyuter tomonidan tasodifiy tarzda tanlanadi. Biroq, vizalar oltita geografik hudud o’rtasida taqsimlanadi va mamlakatlarning hech biri muhojirlar uchun har yilgi umumiy vizalar sonining 7 foizdan ortig’iga va 3500 donadan ko’piga umid qilmasalar ham bo’ladi. Bundan tashqari, lotereyada ishtirok etishni istaganlar uchun ma’lum talablar mavjud. Masalan, minimal ta’lim darajasi. Agar siz talablarga javob bermasangiz, anketangiz bekor qilinadi.

2019 yilda O’zbekiston fuqarolari uchun berilgan vizalar soni 1743tani tashkil etgan.

10. O’zbekistonda yashovchi istalgan odam ishtirok etish uchun anketa berishi mumkin

Lotereyada ishtirok etishning asosiy mezonlaridan biri yashash joyi yoki fuqarolik emas, balki tug’ilgan joyidir. Agar O’zbekistonda tug’ilmagan bo’lsangiz, tug’ilgan mamlakatingiz lotereyada ishtirok etishi mumkinligini tekshirib ko’rishingiz kerak. Agar javob salbiy bo’lsa, boshqa ikkita imkoniyat bor:

  • tegishli bandda eringiz / xotiningiz tug’ilgan mamlakatni ko’rsatish, agar ular lotereyada ishtirok etishga ruxsat berilgan mamlakatlarda tug’ilgan bo’lsalar (bunda, g’olib bo’lgan taqdiringizda sizning eringiz / xotiningiz ham bir vaqtning o’zida viza olib, AQShga ketishlari kerak bo’ladi);
  • ota-onangizdan biri tug’ilgan mamlakatni tanlash, agar ota-onangizdan biri siz tug’ilgan davlatda tug’ilmagan bo’lib, siz tug’ilgan vaqtda u yerda doimiy yashamagan bo’lsa.

11. AQShda bo’lgan o’zbekistonliklar dasturda ishtirok etishi mumkin emas

Murojaatchi ham AQShda, ham boshqa davlatda bo’lishi mumkin va bu holat uning anketa yuborishiga to’sqinlik qilmaydi. Bunda asosiy ahamiyat tug’ilgan joyga bog’liq. Qo’shma Shtatlar hududida bo’lgan lotereya ishtirokchilari g’olib bo’lgan taqdirda, ular AQSh muhojirlik va fuqarolik xizmatida joriy maqomlarini doimiy yashovchi maqomiga o’zgartirishlari mumkin (agar bu Muhojirlik va fuqarolik to’g’risidagi aktning (INA) 245-bo’limiga zid bo’lmasa).

12. Ishtirok etish uchun faqat bitta anketa berish mumkin va barchaning imkoni teng

Unchalik to’g’ri emas. Haqiqatdan ham, muhojirlik qonuni har davrda faqat bitta anketa topshirishga ruxsat beradi va o’z nomidan bir nechta anketa yuborgan nomzodlar chatlatiladi. Biroq, ayrim vaziyatlarda g’alabaga ikkita yoki uchta imkoniyat bo’lishi mumkin.

Masalan, turmush qurgan bo’lsangiz, er-xotinning har biri (ularning ikkalasi ham muhojirlar uchun belgilangan talablarga javob bera olishi sharti bilan) alohida anketa yuborishi mumkin. Har bir arizada juftingizni ko’rsatasiz va ikkingizdan biringiz g’olib bo’lgan taqdirda, ikkalangiz ham viza olishga haqli bo’lasiz. Farzandlar bilan shu kabi holat bo’lishi mumkin: ular ota-onaning alohida arizalarida ko’rsatilishi mumkin (shart).

21 yoshga to’lish arafasida bo’lgan farzandlar bilan bog’liq qiziq holat mavjud. Agar ular hali turmush qurmagan bo’lsalar, ota-onasining ikkovi tomonidan ko’rsatilishi mumkin. Bundan tashqari, hozirda ular dasturning ta’lim yoki kasbiy tayyorlov bo’yicha talablariga javob bersalar, shaxsiy anketalarini ham berishlari mumkin. Shu tariqa, ularning g’olib bo’lishi imkoniyati uch karra ortadi.

13. Anketani “professionallar” to’ldirgani ma’qul

Ko’pincha ushbu masalada maxsus agentliklar, firmalar yoki shaxsiy maslahatchilarga murojaat qilish orqali o’zingizga zarar keltirasiz. Bunday qadam ortida yashiringan asosiy xavflar quyidagilardir:

  • anketani to’ldirishdagi xatolar, chetlatishga sabab bo’ladi;
  • keyingi yillarda sizga doir ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati. Agar agentlik keyinroq sizning nomingizdan anketa berishga qaror qilsayu, sizning bundan xabaringiz bo’lmasa, bittadan ortiq anketa topshirganlik uchun chetlatilishingiz mumkin. Bundan tashqari, agar firma buni sizga xabar bermasdan qilsa, uning vakillari eskirgan ma’lumotni kiritadilar. Agar bir yil davomida uylanishga, ajrashishga yoki farzandli bo’lishga ulgurgan bo’lsangizu, bu o’zgarishlar anketada aks ettirilmasa, vizani olish imkoniyati nolga teng bo’ladi;
  • oxir-oqibat, firmalar ko’pincha ro’yxatdan o’tgandan so’ng olingan tasdiqlash raqamini ishtirokchidan sir tutadilar. Bu raqamsiz g’olib bo’lganingizni bila olmaysiz va vizani olish jarayonini boshlay olmaysiz. Shu tariqa, agentliklar mijozlarni o’zlariga tobe qilib qo’yadilar va ularning o’z qoidalari bo’yicha o’ynashga majbur qiladilar.

14. Kompaniyaga 1000 yoki ko’proq dollar berish to’g’ri, chunki bu vizani olishga yordam beradi

Hozirda Sizga vositachi-firma sifatida AQShga grin-kartani yutishga go’yoki yordam berishni taklif qiladigan o’zbekistonliklarni aldaydigan qator kompaniyalar yoki soxta maslahatchilar juda ko’p. Mazkur kompaniyalarning go’yoki “bepul” xizmatlarini ro’yxatdan o’tkazishda, siz o’zingiz tushunmagan holda, lotereyada yutgan taqdirda kompaniya shartnomasi bo’yicha 1000 yoki undan ortiq dollar to’lashingiz kerak bo’ladigan bitimlarga imzo chekasiz. Agar to’lashdan bosh tortsangiz, ular muhojirlik jarayonini davom ettira olishingiz uchun tasdiqlash raqamini sizga bermaydilar.

Aslida, viza uchun ro’yxatdan o’tish tartibi oddiy, bepul va uni uydan chiqmay, uchinchi tomonning yordamisiz amalga oshirish mumkin. Qaytaramiz, ro’yxatdan o’tish faqat dvlottery.state.gov saytida amalga oshiriladi.

Agentlar sizni o’zlariga og’dirish uchun quyidagicha hiylalarni qo’llaydilar: “Biz Amerikaga chiptaning qiymatini to’lab beramiz”, “AQShda sizga ish topamiz”, “Faqat yutsangiz pul to’laysiz”. Bu gaplarning hammasi yolg’on. Bunday kompaniyalar ishonchli ijro etiladigan reklama e’lonlariga kiritiladigan marketing usullaridan foydalangan holda, sizni chalg’itadilar.

Aslida, ana shu “ulkan yordam” nimadan iboratligini bilasizmi? AQSh Davlat departamenti saytida oddiy shaklni to’ldirishda. Natijada, ular O’ZINGIZ 5 daqiqa ichida bajara oladigan onlayn rejimda bir nechta oddiy savolga javob beradilar. So’ngra, raqamingiz haqiqatdan ham lotereyada tanlansa, sizga tasdiqlash raqamini berishdan avval kompaniyalar 900 yevrodan 1100 yevrogacha pul to’lashni talab qiladilar.

AQSh Davlat departamenti barcha ishtirokchilarni diversifikatsiya viza lotereyasi jarayoniga hech kimni aralashtirmaslikka chaqiradi.

15. Anketani to’ldirish uchun AQSh haqida ko’p narsalarni bilish va juda aqlli odam bo’lish kerak

Yo’q, bu noto’g’ri. Shunchaki ingliz tilidagi axborotni o’qib, sizga tegishli ma’lumotlarni to’g’ri kirita oladigan odamni topish kerak. Ehtimol bu odam xizmatlari uchun pul so’rar. Agar pulingiz bo’lmasa yoki uchinchi shaxslarga pul berishni istamasangiz, internetdan tilni bilmasdan anketani to’g’ri to’ldirish borasida ko’plab ma’lumot topish mumkin. Unutmang, anketani to’ldirish ma’lum mavzuda aniq bilimlarni talab qilmaydi va aqliy qobiliyatni sinovdan o’tkazmaydi.

16. Ma’lumotlarni muvaffaqiyatli yubora oladigan maxsus joylar (agentliklar) bor va ular statistika bo’yicha ko’proq ijobiy javob oladilar

Bu gap ham noto’g’ri. Bu eng keng tarqalgan uydirmalardan biri. Dunyoning qaysi nuqtasidan (Oydan bo’lishi ham mumkin) yuborishingiz muhim emas, bu holat natijaga hech qanday ta’sir o’tkazmaydi. Gap shundaki, barcha to’ldirilgan anketalar oxir-oqibat bitta kompyuterga (serverga) tushadi va keyinroq ishlov beriladi. Siz, aytaylik Chilonzor tumanidagi “Green Card Service” agentligining (bu reklama emas; bunday studiya mavjud emas J) xizmatlari orqali Toshkentdan yuborasizmi, yoki Guliston shahriga borib, “Guliston USA” agentligi orqali to’ldirasizmi – farqi yo’q. Kompyuter uchun baribir bir xil holat bo’ladi. Muammo boshqa narsada, ya’ni bularning barini to’ldira olish va xatolarsiz bajarish sifatida bo’lishi mumkin. Yuqoridagi uydirmalarni o’qing.

17. Maxsus tartib-taomillar va to’ldiriladigan shakllar mavjud, ular g’olib bo’lish imkonini oshiradi

Muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini “oshirishingiz” mumkin bo’lgan ikki yo’l mavjud:

  • bir zumda chetlatilmaslik uchun grin-karta anketasini undagi barcha bandlarni xatolarsiz va tanlov mezonlariga muvofiq tarzda to’ldirish orqali topshirasiz;
  • agar er-xotin bo’lsangiz va ikkoviingiz ham tanlov mezonlariga javob bera olsangiz, har biringiz alohida viza uchun murojaat qilishingiz mumkin. Agar ikkingizdan biringiz g’olib bo’lsa, ikkinchingiz turmush o’rtog’ining vizasi bo’yicha ketishi mumkin.

18. Anketada ajrashmoqchi bo’lgan turmush o’rtoqni yoki AQShga birga ketish istagida bo’lmagan farzandlarni ko’rsatmaslik mumkin

Siz anketani to’ldirayotgan vaqtda rasman nikohda bo’lsangiz, turmush o’rtog’ingiz haqida ma’lumotni ko’rsatishingiz shart. Agar bir uyda yashamasangiz, bunga sudning rasmiy tasdiqlovi kerak.

Shuningdek, anketada 21 yoshgacha bo’lgan barcha turmush qurmagan, ham tug’ishgan, ham boqib olingan farzandlaringizni, ular siz bilan birga yashashi yoki yashamasligidan qat’iy nazar, ko’rsatishingiz zarur. Bu bandlarning qoidasi buzilganligi uchun sizni chetlatishlari mumkin.

Anketada oila a’zolaringizni sanab ko’rsatganingiz, ularning barchasi siz bilan AQShga ketishini anglatmaydi. Biroq, agar vizani rasmiylashtirish chog’ida anketada tilga olinmagan, ammo sizning qaramog’ingizda bo’lgan shaxslarni ro’yxatga kiritsangiz, suhbat jarayonida ishingiz bekor qilinadi va siz hamda anketada ko’rsatilgan oila a’zolaringizga vizalar berilmaydi.

19. Agar boshqa toifadagi AQSh muhojirlik vizasi uchun murojaat qilgan bo’lsangiz, lotereyada ishtirok etishga haqqingiz yo’q

Yo’q, siz baribir ro’yxatdan o’tish huquqiga ega bo’lasiz.

20. G’olib bo’lganlik haqidagi xabar oddiy yoki elektron pochta orqali keladi

G’olib bo’lganingiz yoki yutqizganingiz haqida faqatgina bitta usulda xabar qilinadi – aynan o’sha https://www.dvlottery.state.gov/ hukumat saytida. Buning uchun saytga tegishli vaqtda (odatda 1 maydan, ro’yxatdan o’tgandan keyin yarim yil o’tgach) kirib, shaxsiy ma’lumotlaringizni (ism, familiya, tug’ilgan yil va kuzda anketani rasmiylashtirish chog’ida olingan tasdiqlash raqami) kiritishingiz kerak. Davlat departamenti lotereya natijalari haqida sizga shaxsan xabar qilmaydi – buni o’zingiz bilib olishingizga to’g’ri keladi.

Tasdiqlovchi raqamni saqlash juda muhimdir, chunki maqomni tekshirishning elektron tizimi sizga lotereyada yutganligingiz haqida xabar beradigan yagona vosita bo’lishidan tashqari, keyingi hatti-harakatlarga oid yo’riqnoma va muhojirlik vizasini olish uchun suhbatdan o’tish to’g’risidagi xabarlarning yagona manbai hisoblanadi.

21. Lotereyada yutgan odamga AQShda yashash joyi va ish taqdim etiladi

Bunisi endi ortiqcha. Yo’q, sizga hech qanday moddiy yoki boshqa xizmatlar ko’rsatilmaydi. Aksincha, lotereyada yutgan bo’lsangiz, vizani olishdan avval AQShda davlat qaramog’ida qolmasligingizni isbotlashingizga to’g’ri keladi. Ish va boshqa narsalarni davlat ko’magisiz o’zingiz topishingiz kerak. Havotirlanmang, AQShdagi yuz minglab muhojirlar bundan o’tadilar. Ish va yashash joyi hammaga yetadi.

22. “Grin-karta” vositachilari AQShda siz uchun ish topishadi

Vositachi kompaniyalar AQShda siz uchun ish, jumladan bepul ish topishmaydi. Shuningdek, ular sizga bepul aviachipta ham taqdim qilmaydilar. Bularning barchasi ishonish mumkin bo’lmagan reklamaga xos marketing usullari.

23. Grin-karta bilan AQShga bir yilda bir-ikki marta borish mumkin

Grin-kartaning rasmiy nomlanishi – AQSH doimiy rezidentining kartasi (LPR). Ushbu nomda asosiy urg’u “rezident” so’ziga qaratilgan, ya’ni grin-karta sohibi uni saqlab qolish maqsadida yiliga bir-ikki marta AQShga borib keladigan doimiy mehmon emas, balki Qo’shma Shtatlarda doimiy yashovchi odam bo’lishi kerak.

AQSh sarhadlaridan tashqariga tez-tez safarlar doimiy rezidentning maqomiga ta’sir qilishi mumkin. Agar AQShda qisqa vaqt mobaynida bo’lmasangiz, odatda, hech qanday muammo bo’lmaydi. Bir necha oydan tortib to bir yilgacha bo’lmaslik AQShda doimiy yashashdan bosh tortish istagingiz borligiga oid masalani tekshirishga asos bo’lishi mumkin.

Bunday vaziyatda takroran mamlakatga kirish chog’ida doimiy yashovchi uning AQShda yashash istagi yuzasidan muhojirlik boshqarmasining shubhalanishiga to’qnash keladi. Ayniqsa, olti oydan ortiq vaqt davomida bo’lmagan grin-karta sohibi Shtatlarning doimiy yashovchisi bo’lib qolish istagini tasdiqlaydigan asoslarga ega bo’lishi kerak. Bunday asoslarga ko’chmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, bank hisoblari, qimmali qog’ozlar, boshqa aktivlar va investitsiyalar, haydovchilik guvohnomasi, ijtimoiy ta’minot kartasi, kredit kartalari, AQShda bandligini tasdiqlovchi hujjat yoki chet elda ish sababli bo’lganingizni isbotlovchi hujjat kirishi mumkin.

24. Grin-karta egasini deportatsiya qilish mumkin emas

AQSh doimiy yashovchisi ma’lum o’ziga qarshi ma’lum jinoiy ayblovlar natijasida deportatsiya qilinishi mumkin. Bunday jinoyatlar sirasiga ahloqiy odobsizlik yoki giyohvand moddalar bilan bog’liq qoidabuzarliklar; og’ir jinoyatlar; ayg’oqchilik; oiladagi zo’ravonlik; bolalar bilan shafqatsiz munosabatlar bo’lish va boshqa ko’plab holatlar kiradi. Agar AQSh doimiy yashovchisi hisbga olingan yoki jinoyat sodir etganlikda ayblangan bo’lsa, u darhol o’zining muhojirlik bo’yicha advokatiga xabar berishi va o’z manfaatlari himoyasi uchun u bilan maslahatlashishi zarur. Bunday vaziyatda chet elga chiqish tavsiya etilmaydi yoki ketishdan avval advokat bilan maslahatlashish kerak. AQSh doimiy yashovchisi muhojirlikka oid qoidabuzarliklar, jumladan firibgarlik yoki muhojirlik anketalari va shakllarida yolg’on ma’lumot ko’rsatganligi uchun ham grin-kartani yo’qotishi mumkin.

25. Grin-karta egalarining huquqlari AQSh fuqarolarini bilan teng

Grin-karta sohiblari quyidagi huquqiy cheklovlarga ega:

  1. Davlat lavozimlariga ovoz berishi yoki saylanishi mumkin emas;
  2. Federal hukumatda ishlash huquqiga ega emas;
  3. Uzoq vaqtga chet elga ketishi mumkin emas (takroriy kirish uchun avvaldan ruxsat olmagan holda);
  4. Sud hay’ati a’zosi bo’lishi mumkin emas;
  5. AQSh fuqarolaridan farqli ravishda, grin-karta egalari mamlakatdan deportatsiya qilinishi mumkin.