Lifehaq.uz sayohatga otlanib, birgalikda Marianna botig'ining eng tubiga sho'ng'ib, pastda nima borligini aniqlashni taklif qiladi.

  •  
  •  
  •  
  •  

Lifehaq.uz sayohatga otlanib, birgalikda Marianna botig’ining eng tubiga sho’ng’ib, pastda nima borligini aniqlashni taklif qiladi.

40 metr. Bu suv ostiga akvalang bilan ekskursiya chog’ida sho’ng’ish mumkin bo’lgan eng katta chuqurlik.

93 metr. Sal pastroqda 1915 yilda g’arq bo’lgan Britaniyaning “Luzitaniya” kemasi topilgan joy bo’ladi. Qiziq fakt: kemaning uzunligi 240 metrni tashkil etadi, demak u burniga turg’izilsa, katta qismi suv ustida bo’ladi.

100 metr. 100 metr chuqurlikka sho’ng’ish hayot uchun xavfli bo’lishi mumkin, chunki bu chuqurlikda dekompressiya kasalligi boshlanadi.

214 metr. Biroq, hayot uchun xavf Gerbert Nich (Herbert Nitsch) ismli odamni to’xtata olmadi. U 214 metr chuqurlikdagi suvga, tag’in akvalangsiz sho’ng’ib, rekord o’rnatgan. Sho’ng’ish yetarlicha tez amalga oshishi uchun uning oyoqlariga yuk bog’langan.

250 metr. Bunday chuqurlikda Ikkinchi jahon urushi davrida nemis suvosti kemalari suzgan.

332 metr. Yanada pastroq tushamiz. Bu joyda Axmed Gabr (Ahmed Gabr) sho’ng’ish bo’yicha navbatdagi rekordni o’rnatgan, ammo bu safar akvalang ishlatilgan.

500 metr. Sayyoramizdagi eng yirik mavjudot – ko’k kit sho’ng’ishi mumkin bo’lgan maksimal chuqurlik. Shuningdek, bu atom suvosti kemasi xavfsiz sho’ng’iy oladigan chuqurlikdir.

535 metr. Imperator pingvini sho’ng’iy oladigan eng katta chuqurlik.

750 metr. Bu chuqurlikda jahli chiqqanida teri rangini qizilga aylantira oladigan ulkan sakkizoyoqni uchratish mumkin.

828 metr. Bunday chuqurlikda dunyodagi eng baland bino – Burj Xalifaning to’nkarilgan holatiga yetib borgan bo’lardik.

1 000 metr. Tepadan tushadigan yorug’lik shu nuqtaga yetishi mumkin, shu bois pastroqda – haqiqiy zulmatdir. Bu yerda bosim xuddi Venera yuzasidagi bosimga o’xshaydi (ya’ni, biz bir zumda pachaqlanib ketardik). Shuningdek, bu yerdan ulkan kalmarning yashash joyi boshlanadi.

1 280 metr. Ulkan qalin po’stli toshbaqa sho’ng’ishi mumkin bo’lgan maksimal chuqurlik. U suv ostida 85 daqiqa davomida qolishi mumkin.

2 250 metr. Kashalotlar bu chuqurlikda ulkan kalmarlarni ovlaydilar. Bunday janglar oqibatida kashalotlarda ko’pincha chandiqlar qoladi.

3 800 metr. Bu – “Titanik” tin olgan chuqurlik. Kema tarixini juda yaxshi bilsangiz kerak.

4 000 metr. Abissal hudud – bu yerda tiriklayin yutadigan baloxo’r, batipterlar va bo’g’uvchilar singari dahshatli mavjudotlar istiqomat qiladi.

4 267 metr. Bu butun okean bo’ylab o’rtacha chuqurlik, shuning uchun tubga yetib borish mumkin. Biroq, biz botiq ichiga sho’ng’iyapmiz, demak tubgacha hali juda uzoq.

6 000 metr. Biz marhumlar yer osti olamining ilohi – Gades (Hades) yoki ko’proq tanish bo’lgan Aidning sharafiga nomlangan xadal hududiga tushamiz. Bu yerdagi bosim boshingiz ustida turgan 50ta Boeing 747 yo’lovchi tashish samolyotiga teng.

6 500 metr. Bu DSV Alvin apparati – “Titanik”ni topishga yordam bergan tadqiqot submarinasi tushgan maksimal chuqurlik.

6 762 metr. Bu chuqurlik Ikkinchi jahon urushi davrida cho’kib ketgan SS Rio Grande kemasining so’nggi manzili. U dunyodagi eng chuqurda joylashgan cho’kkan kema hisoblanadi.

8 848 metr. Endi to’nkarilgan Everestning cho’qqisiga yetamiz.

10 898 metr. Rejissyor Djeyms Kemeron 2012 yilda sho’ng’igan chuqurlik. Sho’ng’ish 3 soat davom etgan, bu vaqt davomida rejissyor atrofini o’rab turgan zulmatdagi olamni kuzatib, olingan kadrlarni “Tublikka qarshi chiqish 3D” (Deepsea Challenge 3D) ilmiy-ommabop filmiga qo’shish uchun 3D shaklda suratga olgan. Kemeron 11 kilometrlik chuqurlikka tushishga jazm etgan uchinchi hamda buni yolg’izlikda amalga oshirgan birinchi odam bo’ldi.

10 916 metr. 1960 yilda bu chuqurlik Jak Pikkar (Jacques Piccard) va Don Uolsh (Don Walsh)lar tomonidan zabt etilgan. Ular “Triyest” batiskafida imkon boricha chuqurroqqa sho’ng’ib, bu yerda 20 daqiqaga yaqin bo’lganlar. Batiskafning oynalari darz keta boshlaganidan so’ng, ularning qaytishiga to’g’ri kelgan. Bu sho’ng’ish 5 soat davom etgan.

10 994 metr. Sayyoramizdagi ma’lum va o’rganilgan nuqtalarning eng chuquri hisoblangan Chellenjer tubsizligiga yetib boramiz.

Shunga qaramay, ummon tubi Mars yuzasiga nisbatan kamroq – atigi 5 foizga o’rganilgani hammamizga ma’lum. Aksariyat olimlarning fikricha, tubsizlikdan ham chuqurroq joylar mavjud va bu yerlarda qanday sinoatlar yashiringani faqatgina tabiatga ma’lum.

Suratlar muallifi Leonid Khan