•  
  •  
  •  
  •  

O’zbekistonda 1 oktyabr sanasida “Ustoz va murabbiylar” kuni nishonlanadi. Bu kun aksariyat odamlarda hayajon va quvonch hissini chaqirsa, ko’pchilik uchun, bu – bosh og’rig’i hamdir, chunki bayram arafasida sarosimaga tushamiz va sovg’a uchun g’oyalar yetishmaydi. Shu sababli Lifehaq.uz tahririyati Siz uchun o’qituvchilar va oliy maktab muallimlari uchun hayotning turli jabhalariga mos sovg’alar bo’yicha eng yaxshi g’oyalar ro’yxatini tayyorladi.

Bu erda «Ustoz va murabbiylar» kuni: turli mamlakatning 15ta qiziqarli an’anasi haqidagi maqolani o’qishingiz mumkin.

Sovg’a qilishning 9 qoidasi

Sovg’a taqdim etilganidan so’ng pedagogda muammo yuzaga kelmasligi uchun quyidagi oddiy qoidalarni yodda tutish zarur:

  1. Sovg’a albatta muhim sanaga bog’liq holda tuhfa etilishi kerak;
  2. Sovg’a qilish – hech qanday javob munosabati va kimgadir nisbatan munosabatning o’zgarishini nazarda tutmaydigan beg’araz harakatdir;
  3. Imtihon, diplom yoki kurs ishi himoyasidan avval biron nima sovg’a qilish mumkin emas;
  4. Unutmang, sovg’aning qiymat toifasi ma’lum summa bilan chegaralangan hamda sovg’a hashamatli va qimmatli bo’lmasligi kerak;
  5. Yodda tuting, qimmatbaho sovg’a zanjirli reaksiyani ishga tushirib, o’rganib qolish holatini yuzaga keltirishi mumkin. Ta’lim muassasasida poraxo’rlik sababchisiga aylanmang;
  6. O’quv jarayonida ishlatish mumkin bo’lgan yoki sinf xonasida qulaylik yaratadigan foydali narsa sovg’a qiling; qimmat sovg’a pora sifatida baholanishi va pedagogik jamoa orasida hasad va norozilikka sabab bo’lishi mumkin. O’qituvchini bunday ahvolga qo’ymang;
  7. O’qituvchiga sovg’a tanlashda unga ijobiy hislarni bag’ishlash va predmetning biron-bir voqea yoki bolalarning qiyofalari bilan bog’liqligini topish muhimdir;
  8. Sovg’ani albatta sovg’a qutisi, qog’ozga, konvertga (sertifikatlar, chiptalar va h.k. bo’lsa) o’rang;
  9. Bayramdan 1 kun oldin yoki bayram kuni sovg’a qiling. Odatda bayramda dam olish kuni e’lon qilinadi.

Qanday sovg’alarni bermagan ma’qul

Pedagogning kasb bayramiga sovg’ani tanlashda hamma sovg’alar ham mos kelmasligini unutmaslik zarur. Ho’sh, nimalarni tuhfa qilmagan ma’qul?

  • Zargarlik zeb-ziynatlari o’ta shaxsiy sovg’a toifasiga kiradi. Bunday sovg’alar ko’pincha yaqin insonlar yoki qarindoshlarga beriladi.
  • Spirtli ichimliklar, ular qay darajada qimmatbaho bo’lishidan qat’iy nazar. Farzandlaringizga tarbiya berayotgan odam unga tanlangan sovg’ani ko’rib o’zini noqulay his qiladi. Bunday turdagi sovga ta’lim sohasi vakillariga mo’ljallanmagan.
  • Parfyumeriya mahsulotlari va kosmetika. Hamma odamlarning didi va yoqtirishlari farq qiladi. Sizga yoqqan narsa boshqa odamga har doim ham yoqavermaydi. O’qituvchi foydalanadigan brend va atir nomini aniq bilsangizgina unga atir yoki parfyumeriya suvini sovg’a qilishingiz mumkin. Boshqa odamning didiga mos pardoz vositalarini tanlash ham oson bo’lmaydi.
  • Idishlar, choy to’plamlari va servizlar katta quvonch bag’ishlashi ehtimoldan yiroq. Avvallari o’qituvchi deyarli har bayramda shu kabi sovg’alarni olgan. O’shanda, billur vaza juda qadrli va qimmatli sovg’a hisoblangan. Zamonlar o’zgaradi va hozirgi vaqtda antiqa va qiziqarli sovg’ani tanlash qiyinchilik tug’dirmaydi.
  • iPhone va qimmatbaho maishiy texnika toifasidagi o’ta qimmat sovg’alar o’qituvchini noqulay ahvolga qo’yishi mumkin. Shuningdek, ayrim ta’lim tashkilotlarida bunday sovg’alar umuman taqiqlangan, chunki pora sifatida baholanishi mumkin.

Maktab o’qituvchisiga sovg’a uchun 7 g’oya

Farzandlaringizning birinchi muallimasi yoki sinf rahbariga yoqimli sovg’ani tanlash va belgilangan mablag’dan ortiqcha sarflamaslik – oson vazifa emas. Sovg’aga navbatdagi vaza yoki konfetlar qutisini emas, balki esda qoladigan va bir yo’la foydali narsani berishni istaysiz. Sizga to’g’ri tanlov qilishda yordam beradigan yettita g’oyani taklif etamiz.

1. Kitob do’koniga sertifikat

Barcha pedagoglar mustaqil rivojlanish ustida ish olib boradilar, shuning uchun kitob do’koniga sertifikat ajoyib sovg’a bo’ladi. O’qituvchi aynan o’ziga yoqadigan nashrni tanlashi mumkin bo’ladi. Masalan, Toshkentdagi “Kitob olami” do’koni shunday sertifikatlarni taklif qiladi.

Afzalliklari:

  • o’qituvchining yoqtirishini o’rganish (topish)ning zarurati yo’q;
  • sovg’a aniq talabgor bo’ladi;
  • ayniqsa guldasta bilan birga chiroyli ko’rinadi.

Kamchiliklari:

  • iste’molchi bir vaqtning o’zida kartada ko’rsatilgan summaga narsa olishi kerak, qolgan pul esa shunchaki kuyadi, shuning uchun kamroq summali bir nechta sertifikat sovg’a qilgan ma’qul.

2. Shaxsiy pauerbank

Smartfonlar, planshetlar, aqqli soatlar va boshqa gadjetlar ta’lim jarayonini tashkil etishda muhim o’rin egallaydi. O’qituvchi bu narsalarning yordamida bolalar va ota-onalar bilan muloqot qilali, tezkor axborotni oladi va yetkazadi, hujjatlarni to’ldiradi. Zamonaviy pedagog muntazam on-layn bo’lishi kerak. Faol foydalanish tufayli qisqa vaqt ichida texnikaning quvvati tugaydi va elektr tarmog’iga ulanish imkoniyati doim ham bo’lmaydi, shu bois “power bank” har qanday bayramga ajoyib sovg’a bo’ladi. O’ziga xos bezatilgan tashqi akkumulyatorni tanlash yoki qo’shimcha ravishda o’qituvchining ismi, tabrik yozuvi, surati tushirilgan yopishqoq qog’ozga buyurtma berish mumkin.

Afzalliklari:

  • foydali va zamonaviy sovg’a;
  • istalgan hamyonga mos modellarning keng tanlovi;
  • standart moslamani yopishqoq qog’oz yoki boshqa antiqa bezak bilan o’ziga xosga aylantirish oson (korpus ustiga turli bo’yoqlar bilan qo’lda, masalan sinfdagi barcha bolalarning ismlarini yozish mumkin).

Kamchiliklari:

  • darhol ishdan chiqadigan gadjetni sotib olmaslik uchun biroz axborot-texnik tayyorgarlik talab etiladi.

3. Stol chirog’i

Mazkur aksessuarning o’rni daftarlar va konspektlar bilan unumli ishlashda beqiyosdir. Bunda jamlangan, yorug’ligi keskin emas, balki yetarli yorqin bo’lgan barqaror chiroqlarni tanlagan ma’qul. Eng maqbul variant minimalizm uslubidagi diod chiroqli lampa bo’ladi.

Afzalliklari:

  • zaruriyligi, sinfda ham, uyda ham kerak bo’ladi;
  • ish joyining yorug’ligi va o’qituvchining kayfiyatini yaxshilashga yordam beradi;
  • shakllar va ranglar xilma-xilligi;
  • stol uchun ajoyib bezak bo’ladi.

Kamchiliklari:

  • chiroyli, ammo mutlaqo foydasiz narsani xarid qilish ehtimoli yuqori;
  • darhol ishdan chiqadigan ili salomatlikka zarar yetkazadigan moslamani sotib olmaslik uchun biroz axborot-texnik tayyorgarlik talab etiladi.

3. Mavzuga doir pechenye yoki tort (pishiriq)

Shirinliklar – har qanday bayramga an’anaviy sovg’alardan biridir. Hozirda bunday sovg’aning ajoyib xususiyatlaridan biri kreativ bezatilishi va mavzuga bog’lanishidir. Boshlang’ich maktab o’qituvchisining kasb bayramiga alifbo, raqamlar, bo’g’imlar shaklidagi pechenelar savatini sovg’a qilish mumkin. kimyo o’qituvchisiga – Mendeleyev jadvali elementlari shaklidagi shirinliklar. Geografiya o’qituvchisiga – kichik materiklar yoki turli mamlakatlarning bayroqlari. Matematika o’qituvchisiga – integrallar yoki Pifagor teoremasi tushirilgan tort.

Afzalliklari:

  • o’ziga xos bezak;
  • hamyonbop.

Kamchiliklari:

  • sinalgan ishlab chiqaruvchidan xarid qilish zarur;
  • yaroqlilik muddati qisqa;
  • buyurtmani avvaldan rasmiylashtirish kerak.

4. Original flesh-karta

Olinuvchi axborot tashuvchilar ta’lim sohasi xodimlari orasida doim talabgor bo’ladi. Bugungi kunda ishlab chiqaruvchilar fleshkalarni nafaqat o’rtacha hajmdagi axborotni saqlash uchun olib yuriladigan gadjet sifatida, balki qiziqarli aksessuar sifatida ham namoyon etmoqda. Narxi tayyorlangan materiali va GB hajmiga bog’liq bo’ladi.

Afzalliklari:

  • 4 GBdan to 128 GBgacha hajmni tanlash mumkin;
  • korpus materiali, rangi va shakli borasida keng tanlov;
  • aksariyat kompyuter texnikasi, elektronika do’konlaridan, internet-do’konlardan xarid qilish yoki ekslyuziv modelga buyurtma berish mumkin.

Kamchiliklari:

  • xitoy ishlab chiqaruvchisining arzon flesh-kartasini xarid qilish ehtimoli mavjud. Shuning uchun tekshirilgan do’konlardan sotib oling.

5. Devor soati

Sovg’a sifatida do’konlarda taklif etiladigan chiroyli zamonaviy soatni tanlash yoki masalaga ijodiy yondashib, o’quvchilarning qo’li bilan o’ziga xos modelni yaratish mumkin. Shuningdek, ixtisoslashgan kompaniyaga murojaat qilib, maktab tasviri, o’qituvchining portreti, xotira qaydi yoki o’quvchilarning yoqimtoy portretchalari tushirilgan soatni tayyorlatish mumkin. Bunday aksessuar maktab intereriga juda mos tushadi va pedagogga uzoq vaqt mobaynida sinf bolalarini eslatib turadi.

Afzalliklari:

  • modellar bo’yicha keng tanlov;
  • individual dizaynni yaratish imkoni.

Kamchiliklari:

  • tanlangan uslubni sinfdagi umumiy ko’rinish bilan moslashtirish zarur.

Oliygoh ustoziga talabalardan sovg’aning 10ta g’oyasi

Talabalik – inson hayotidagi eng quvnoq va yodda qoladigan davrlardan biridir. Sizga sevimli ustozlar uchun sovg’a tanlashda 10 g’oyani taklif etamiz:

1. Kichkina stol ventilyatori

Stol ventilyatori ish stolidagi yana bir foydali bezakka aylanishi mumkin. Yozda yoki isitish mavsumida kabinetlar va auditoriyalarda o’ta issiq va dim havo bo’ladi. 3-4 parani (darsni) ketma-ket o’tkazish zarur bo’lgan vaziyatlar o’qituvchining o’zini yomon his qilishiga sabab bo’lishi mumkin. Og’irligi atigi 300-400 gramm keladigan kichkina stol ventilyatorini sovg’a qiling va ustozingiz yana uzoq vaqt guruhingizni minnatdorchilik bilan eslab yuradi.

Afzalliklari:

  • stolda kam joy egallaydi;
  • egilish burchagini sozlash mumkin;
  • USB yoki standart elektr tarmog’idan adapter orqali quvvatlash mumkin;
  • ranglar xilma-xilligi.

Kamchiliklari:

  • funksiyalar va tezliklar kamligi;
  • ish vaqtida ma’lum darajada shovqin chiqishi mumkin.

2. O’ziga xos dizaynli kompyuter sichqonchasi, klaviaturasi yoki quloqchinlar

Ta’lim berishning kompyuterlashtirilgan jarayoni paydo bo’lgan vaqtdan boshlab kompyuter aksessuarlari zamonaviy ta’lim xodimining hayotidan muhim o’rin egalladi. Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi sababli masofaviy ta’lim juda ommalashgan. Bu aksessuarlarning barchasi simsiz bo’lsa, yanada yaxshiroq.

Afzalliklari:

  • odatiy qurilmalar aksessuarlarining g’ayrioddiy dizayni o’qituvchining kayfiyatini ko’taradi;
  • bunday aksessuarlar bilan ishlash qulay;
  • simsiz variantlarning ishlash radiusi 10 mertgacha yetadi.

Kamchiliklari:

  • agar bu sichqoncha bo’lsa, u qo’lda qulay turishi uchun kaftning taxminiy kattaligini bilish zarur.

3. USBli havo namlagichi va tozalagichi

O’qituvchining asosiy qurollaridan biri uning nutqi hisoblanadi. Materialni tushuntirish, savollarga javob qaytarish, muammoni shakllantirish zarur. O’zbekistonda havo namligi juda past (25-30%), isitish mavsumida esa auditoriyalardagi havo juda quruq bo’ladi. Ana shu holatga juda aniq va baland ovozda gapirish zaruriyatini qo’shib ko’ring. Natijada, ovoz ko’pincha yo’qoladi va laringit rivojlanishi mumkin. Shuning uchun havoni namlangichi va tozalagichi har qanday o’qituvchi uchun foydali va kutilgan sovg’a bo’ladi.

Afzalliklari:

  • ixcham hajmi, moslama ish stolida yoki kafedrada kam joy oladi;
  • modellarning keng tanlovi (jiddiy minimalistiklaridan tortib to xona o’simligi shaklidagi va futuristik ko’rinishdagilarigacha);
  • USB orqali quvvat oladi;
  • 1,5 metr radiusida havoni yaxshi namlantiradi;
  • suv rezervuari 2-3 soatlik ishga yetadi;
  • ayrim modellar hushbo’y iforli lampalar sifatida ishlashi mumkin.

Kamchiliklari:

  • agar qurilmaning korpusi sifatsiz plastikdan ishlangan bo’lsa, namlangan havoda o’ziga xos hid bo’ladi;
  • ayrim modellar ishlaganida qo’shimcha chiroq va biroz shovqin bo’ladi, bu o’quv jarayonidan chalg’itishi mumkin.

4. Kanselyariya uchun tortmachali yog’och organayzer

Kanselyariya jihozlari stol va sinf bo’ylab tarqalib ketmasligi uchun o’qituvchiga zamonaviy yog’och organayzerni sovg’a qiling. Bunda turli hajmdagi tortmachalik, qog’oz qo’yadigan bo’lmali va ochiladigan tortmachalik modellarni tanlash mumkin. Yaxshisi naqshlar yoki yozuvlar bilan bezatilgan mumtoz uslubdagi organayzerni tanlang.

Afzalliklari:

  • zaruriyligi;
  • modellar tanlovining kengligi;
  • ixcham hajmlar;
  • kalit bilan yopiladigan tortmachalarni o’rnatish mumkin.

Kamchiliklari:

  • eng maqbul to’plamni aniqlash qiyin;
  • ayrim ishlab chiqaruvchilar organayzer yuzasiga uzoq vaqt saqlanib turadigan kuchli hidga ega tarkib bilan ishlov beradilar.

5. Abadiy kalendar

Ish stolini bezatish uchun universal va foydali aksessuar. Bunda yog’ochdan ishlangan mahsulot ma’qulroq. Sotuvda derazali ikkiga ajratilgan plastina, metall moslamali dumaloq va ellipssimon, kublar bilan bezatilgan qutilarga ega turli shakllar mavjud. Tayyor mahsulotni sotib olish yoki o’ziga xos bezakka buyurtma berish mumkin. OLX.UZ portalida fanerda o’yilgan yoki lazer bilan kuydirilgan ko’plab variantlarni topsa bo’ladi.

Afzalliklari:

  • stol uchun ixcham bezak;
  • zaruriyligi, qog’ozli kalendarlar kabi har yili o’zgartirish shart emas;
  • turli xil mavzuga doir qo’lda yasalgan mahsulotlarning keng tanlovi;
  • eksklyuziv dizaynga buyurtma berish imkoni mavjud.

Kamchiliklari:

  • aksariyat modellarga avvaldan buyurtma berish zarur.

6. Qalam ochish uchun elektr yoki mexanik mashinacha

Mazkur kichkina moslama matematika, chizmachilik, rasm, texnologiya o’qituvchilari uchun ajoyib yordamchiga aylanadi. Bunda mexanik, tarmoqdan, USB orqali yoki batareyada ishlaydigan modelni tanlash mumkin.

Afzalliklari:

  • qalamni yaxshi ochadi;
  • turli diametrdagi qalamlar uchun mo’ljallangan modellar mavjud;
  • kesilgan qipiq konteynerda qoladi.

Kamchiliklari:

  • Mavjud emas.

7. Tuvakda gul

Sinf xonasining derazasida turgan jonli gullar – ham o’quvchilar, ham o’qituvchi uchun foydali va chiroylidir. Ular havoni kislorod bilan to’ldirib, xonani bezab turadi. O’qituvchiga bayramda qanday gulni sovg’a qilishni u bilan avvaldan kelishib olish mumkin.

8. Kichik kolonkalar

O’qituvchi stolida kolonalar doim kerak bo’ladi, chunki ularni telefonga, televizorga, noutbukka ulash orqali darsni samarali o’tkazish yoki og’ir ish kunidan keyin musiqa qo’yib dam olish mumkin. Bunda turli qurilmalar yoki gadjetlarga ulash mumkin bo’lgan modelni tanlagan ma’qul.

9. Stol soati

Har qanday stolda juda zarur narsa. Agar biroz harakat qilib, avvaldan tayyorgarlik ko’rilsa, uning yuzasiga qiziqarli dizaynerlik bezaklarini yoki o’qituvchining sinf bilan birga tushgan suratini yopishtirish mumkin.

10. O’quvchilardan esdalik sovg’alari

Bunday sovg’alar sirosiga videofilmlar, videoxatlar, fotokollajlar, plakatlar va boshqalar kiradi. Masalan, har kimga rol ajratiladi va har bir o’quvchi o’z qismini aytadi, so’ngra buning barchasi 2 daqiqali rolik holatiga montaj qilinadi va zamonaviy rolikning boshqa shakllari qo’shiladi.

Fanlar bo’yicha sovg’alarga oid g’oyalar

O’qituvchiga sovg’a tanlashda u maktabda qanday fanni o’qitishini inobatga oling. Quyida “Ustozlar va murabbiylar” kuniga sovg’a olishga oid bir qancha qiziq g’oyalarni taklif qilamiz:

  • tarix yoki geografiya o’qituvchisiga tipografiyada chop etilgan va himoya oynasi bilan qoplangan maxsus dunyo xaritasini sovg’a qilish mumkin. U tarix/geografiya xonasiga juda mos tushadi va maktab fanlarini o’rganishda yordam beradi. Shuningdek, sinfda bo’lmasa globus hadya qilish mumkin;
  • ingliz tili o’qituvchisiga yaxshi lug’at yoki lug’atlar to’plamini, ingliz tilidagi adabiyotni xarid qiling;
  • informatika o’qituvchisiga fleshkalar to’plami, klaviatura yoki sichqoncha, kompyuter va noutbuk uchun boshqa aksessuarlarni tuhfa qiling;
  • biologiya o’qituvchisiga sinf xonasi uchun tuvakda o’simlik, globus yoki hayvonot olami xaritasi mos keladi;
  • rus tili va adabiyoti (ona tili va adabiyoti) o’qituvchisi uning sevimli adibi asarlari to’plamidan juda hursand bo’ladi;
  • musiqa va ashula o’qituvchisiga shaxsiy mikrofon, qo’shiqlar va musiqa yozilgan disklar sovg’a qilsa bo’ladi;
  • mehnat o’qituvchisiga darsni samarali o’tishga yordam beradigan sifatli va zamonaviy asboblar to’plamini sovg’a qiling;
  • sayohat qilishni yaxshi ko’radigan o’qituvchiga sovg’a sifatida termos-sumka, sayohat to’plamini xarid qilish mumkin.

Agar Sizda taklif etilgan g’oyalarni amaliyotda qo’llash yoki yanada qiziqarli variantlar bo’yicha tajriba bo’lsa, sharhlarda biz bilan o’rtoqlashing.