•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Avval nima paydo bo’lgan – tovuqmi yoki tuxum, zebraning asl rangi qanday, chiroq yorug’ligiga qaraganda ko’z oldida qanday dog’lar paydo bo’ladi va nima uchun mushuklar bo’shliqqa tikilib qaraydi kabi “doimiy” savollar ko’pchilikni qiziqtiradi. Biroq, fan ularga javob topib bo’lgani hammaga ma’lum emas.

Sizni bolalikdan o’ylantirib kelgan savollarga javoblar bilan tanishing. Ularning izohi shunchalar oddiy ekanligini kim ham o’ylabdi deysiz.

Nima birinchi paydo bo’lgan – tovuqmi yoki tuxum?

Olimlar uzoq vaqt davomida nima birinchi – tuxummi yoki qadimiy jonivor (tovuqning ajdodi) paydo bo’lganini aniqlay olmaganlar. Lekin oxir-oqibat javob topildi. Darvin nazariyasi va zamonaviy biologlarning nuqtai nazariga ko’ra, tuxum birinchi paydo bo’lgan. Gap shundaki, yilar davomida tovuqqa aylanib borgan mavjudot o’z-o’zidan paydo bo’la olmasdi: hayotning yuzaga kelishi aynan tuxum hujayrasida amalga oshadi.

Vaqt o’tishi bilan qadimiy qush tovuqqa “aylangan”. Bu o’zgarishlar tuxum ichidagi embrion darajasida yuz bergan. Tuxumdan tovuq ochib chiqib, so’ngra o’zi ham tuxum qo’ya boshlagan.

Shu tariqa, qadimiy jonivorning tuxumi uning o’zidan avval, ichida jo’ja o’tirgan tuxum esa birinchi tovuq dunyoga kelishidan avval paydo bo’lgan.

Yorug’likka qaraganda ko’zimiz oldida qanday dog’lar paydo bo’ladi?

Ular “ko’r dog’lar” deb nomlanadi. Ko’zlarimiz yorqin yorug’lik tomon qaratilganida, ko’z pardasidagi fotoretseptorlarda vaqtincha ortiqcha zo’riqish hosil bo’ladi. Ya’ni, ular qisqa vaqt davomida boshqa hech narsani ko’rmaydi, qayta tiklangach esa ana shu “dog’lar” yordamida biz ko’rgan yorug’likni ifoda etadi.

Olimlar qorong’u xonadan yorug’iga chiqishda bir ko’zni yumishni tavsiya etadilar. Shu tariqa, biz yorug’likka keskin chiqishga tayyorlanamiz, “ko’r dog’lar” esa tezroq yo’qoladi. Aytishlaricha, qachonlardir qaroqchilar aynan shu sababli bir ko’ziga bog’ich bog’lab yurgan ekan.

Zebra qorami yoki oq?

Aslida zebra – oq chiziqli qora otdir. Chiziqlar selektiv pigmentatsiyaga oid irsiy jarayon tufayli hosil bo’ladi va qora rang – asosiy pigment, oq chiziqlar esa uning yo’qligi natijasidir.

Aytgandek, britaniyalik olimlar zebraga bunday rang nima uchun kerakligini aniqladilar. Ularning fikriga ko’ra, oq-qora chiziqlar so’nalarni kamroq jalb qiladi. Avvalroq biologlar ham chiziqlar yirtqichlarni cho’chitishini qayd etganlar, ammo bu nazariya tasdiqlanmagan.

Mushuklar nima sababdan ko’pincha bo’shliqqa tikilib qoladi?

Ayrim odamlarning taxminicha, mushuklar ruhlarni ko’ra olgani uchun ko’pincha bo’shliqqa tikilib qoladi. Aslida esa sevimli uy jonivorimiz uzoq vaqt oldinga qarab qolsa, uyquga ketishga tayyorlanish bosqichida bo’ladi. Bu hayvonlar vaqtning ko’p qismini uyquda o’tkazadi.

Agar mushuk yon tomonga qarayotgan bo’lsa, u biz qabul qila olmaydigan qandaydir tovushni yoki hidni his qilganini anglatadi. Mushuksimonlarda sezish organlari odamnikiga nisbatan yaxshiroq rivojlangan. Mushuk uni qiziqtirgan harakat yoki tovush qaytarilsa kutish holatida qotib qoladi.

Buqalamun rangini qanday o’zgartiradi?

Buqalamunning terisida joylashgan xromatofor hujayralar tarkibida turli pigmentlarning urug’lari mavjud. Bu hujayralardan chiqqan o’simtalar tananing katta qismini egallaydi. Natijada, pigmentlar ular bo’ylab bir tekisda taqsimlanishi mumkin. Buqalamun rangini o’zgartirmoqchi bo’lganida o’simtalar jipslashadi va “bo’yoqlar” hujayra markaziga siqib chiqariladi.

E’tiborlisi, qora-jigarrang-qizil-sariq gammadagi tuslar terining tashqi qavatida, ko’k va moviy tuslar esa – nisbatan chuqur qatlamlardagi xromatoforlardan hosil bo’ladi.

Nima uchun biz ajdodlarimizdan biriga juda o’xshaymiz?

Inson genlari dominant (kuchli) va retsessiv (zaif)larga bo’linadi. Masalan, jigarrang ko’zli ota-onadan moviy ko’zli bola tug’ilsa, buning hayratlanarli yeri yo’q. Demak, ota-onada “moviy ko’zlilik” retsessiv geni mavjud.

Qadimgi ajdodlarimizdan biriga juda kuchli o’xshashimiz avvalgi avlodlarda bu genlar “yengilib”, retsessiv bo’lganidan, hozir esa dominantga aylanganidan darak beradi.

Ko’pincha oilada bir farzand onaga, boshqasi esa otaga juda o’xshash bo’ladi. Bu holat genlar parchalanishi bilan izohlanadi: aka-ukalar va opa-singillar genlarning turli birikmalarini oladi.

Nega ba’zida qancha kam uxlasak, shuncha tetik bo’lamiz va aksincha?

Aslida uyg’onishdan keyin o’zini yaxshi his qilish holati faqatgina uxlagan soatlarga bog’liq emas. Agar kunduzi zararli yegulik yeb, ko’p qahva yoki quvvat beruvchi ichimliklar ichgan, kam suv ichgan va kam harakatlangan bo’lsangiz, uzoq vaqt uxlasangiz ham uyqudan keyin charchoqni his qilishingiz mumkin.

Shuningdek, tunda juda kech uyquga yotsangiz ham uzoq muddatli uyqu dam olishga yordam bermaydi. Organizm melatonin sintezini o’z vaqtida boshlay olmaydi, natijada turli buzilishlar yuzaga keladi. Uyquga yarim tungacha va har doim bir vaqtda yotgan ma’qul (bir soatga chekinish mumkin). Aytgandek, sport uyqudan keyin o’zingizni yaxshi his qilishingizni ta’minlay oladi (hattoki 8 soatdan kam uxlagan bo’lsangiz ham).

Bundan tashqari, uzoq vaqtli kunduzgi uyqu ham charchoqqa sabab bo’lishi mumkin. Agar kunduzi dam olishni istasangiz, buni ko’pi 30 daqiqa davomida soat 13-00 va 15-00 oralig’ida amalga oshirish kerak. Bu vaqt ichida kuchingizni to’plab, dam olasiz. Kunduzi yanada uzoq vaqt uxlash zararli, chunki uyquning chuqur fazasi boshlanganidan keyin uyg’onish og’ir kechadi. Shuning uchun kunduzi uzoq vaqt uxlagandan so’ng o’zimizni charchagandek his qilamiz.

Nima sababdan yosh kattalashgani sari vaqt tezroq o’tayotgandek tuyuladi?

Amerikalik olimlarning fikricha, vaqt sub’ektiv ravishda qabul qilinadi va miyaning ishlash tezligiga bog’liq bo’ladi. Yoshligimizda miya axborotni tez qabul qiladi va ishlov beradi, shuning uchun vaqt sekin o’tayotgandek tuyuladi. Kattaroq yoshda miya yuz berayotgan voqealarni sekinroq qabul qiladi, shu bois vaqt tez o’tayotgandek tasavvur uyg’onadi.

Fransiyalik faylasuf Pol Jane ham vaqtning sub’ektiv qabul qilinishi taqqoslashga asoslanganligiga ishongan: biz hayolan oy yoki yil davri uzunligini yashab o’tilgan hayot uzunligiga taqqoslaymiz.

Psixologlar “tez o’tish” hissidan qutulish uchun meditatsiya qilishni, yangi narsalarni o’rganishni, sayohatga chiqishni, kundalik tutishni, noodatiy odamlar bilan tanishishni maslahat qiladilar.

Dejavyu hissi qayerdan paydo bo’ladi?

Dejavyu – ma’lum vaziyatning avval ham yuz berganiligi, manzarani ko’rganimiz yoki shu xonada avval bo’lganimiz hissidir. Freydning fikricha, bu unutilgan va bizni juda jarohatlagan xotiraning yoki kuchli yashirin istakning izi ekan.

Zamonaviy neyrofiziologlarning fikricha,  bu holat stress, charchoq yoki sarhush holat natijasida bosh miyaning ayrim sohalarida qisqa vaqtli faoliyat disfunksiyasi yuz berishi bilan bog’liq. Miya adashadi va yangi taassurotlarni tanishdek ko’rsatadi. Bundan tashqari, vaziyat xotirada saqlanayotgan qandaydir voqealarni eslatganida ham takroriy bo’lib ko’rinishi mumkin.

Agar dejavyu holati sizga ko’p takrorlansa, shifokorga murojaat qilish kerak, chunki bu holat jiddiy muammolardan darak berishi mumkin.

Kulgu qanday yuzaga keladi?

Olimlarning fikricha, kulgu birinchi marta 2-4 mln. yil avval paydo bo’lib, keskin qisqa nafas olishni eslatgan. Biz kulganimizda yuzning bir yo’la 80ta mushagi ishtirok etadi. Kulgu – miyaning ko’plab sohalari birgalikda ishlashidan paydo bo’ladigan motorik harakat. U bir necha tarkibiy qismga ega: diafragma qisqarishi va ovozlashtirish, shuningdek quvonch va “hazilni tushunish” hissi.

Shuningdek, qo’rquv va dahshat kabi boshqa hislar ham kulguga sabab bo’lishi mumkin. Biroq, kulgu umrni uzaytirishi va salomatlikka yaxshi ta’sir qilishi haqida bekorga gapirmaydilar. Olimlarning ta’kidlashicha, 15 daqiqalik kulgu o’rtacha hajmdagi shokoladga teng kaloriyalarni eritishi mumkin.

Bundan tashqari, kulgu ijodiy qobiliyatlarni oshirib, astma, bronxitni davolashda yordam beradi va hattoki saraton mavjud bemorlarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qiladi.

Bu savollar sizni qiziqtirganmi? Yana javobi topilmagan savollaringiz bormi?

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!