•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Ishga sozlanish hamda yaxshi kayfiyatga ega bo’lish uchun bir-ikki daqiqadan yarim soatgacha vaqt ajrating.

1. Jismoniy mashq qiling

Jismoniy mashg’ulotlar quvonch gormoni – endorfin ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Shahdam qadamlar bilan yurib, o’tirib-turing, bo’g’imlar gimnastikasini bajaring, raqsga tushing. Natijada ishga yaxshi kayfiyat bilan qaytasiz va oldingizdagi vazifalar tanaffusdan avval ko’ringanidek qiyin tuyulmaydi.

2. Nafas oling

Aslida meditatsiya texnikasini o’zlashtirgan ma’qul, ammo shunchaki nazorat ostidagi chuqur nafas olish ham yetarli. Hamma vazifalarni unutib, yoqimli narsalar haqida o’ylang va to’yib nafas oling. Olimlarning fikricha, bu qon bosimini me’yorlashtirib, odamni bo’shashtiradi. Stress darajasini kamaytirib, ishga layoqatni qaytarish uchun bir necha soniya kifoya.

3. Ko’chada sayr qiling

Bu usul avvalgi ikki usulni birlashtiradi, ammo yana manzara o’zgarishi ham qo’shiladi. Sayr chalg’ib, fikrlarni jamlashga yordam beradi. Asosiysi – ishlar haqida o’ylamaslik. Sayrdan keyin vazifalarni tezroq hal qilishga yordam beradigan kuchni his qilasiz.

4. Kuling

Aksariyat ijtimoiy tarmoqlardagi tasmani o’qish orqali dam olishga urinadi. Biroq Facebook sahifasidagi nafrat to’la postlarni o’qish sizga kuch bermaydi, aksincha, salbiy hissiyotlarni oshiradi. Lekin kulgili memlar va videolar tomoshasi ruhiy zo’riqishni oladi. Natijada olamga yanada ijobiy qarab, g’ayrat bilan ishga kirishasiz.

5. Mizg’ib oling

Bunda ko’p soatlik siyesta nazarda tutilmaydi. 15 yoki yaxshisi 30-40 daqiqaga mizg’ib oling va natijasini ko’ring. Kunduzgi uyqu stress gormoni – kortizolning miqdorini kamaytiradi. Lekin bu usul yaxshiroq ishlashi uchun tunda to’laqonli uxlashingiz kerak.

Tanaffusdan so’ng diqqatingiz oshgani, unumdorlik ko’payganini his qilasiz. Tadqiqotchilarning aytishicha, kunduzgi uyqu ishlab chiqarishdagi xatolar va baxtsiz hodisalar sonini kamaytirishga yordam beradi.

6. Qo’llaringizni uqalang

Umumiy uqalash kursi yaxshiroq natija bergan bo’lardiyu, ammo unga vaqt va pul kerak. Qo’llarni uqalashga esa bir necha daqiqa sarflanadi va ko’p foyda keltiradi. Olimlarning fikricha, uqalash havotir va stress darajasini pasaytirib, yurak urishini me’yorlashtiradi. Bunday uqalashdan so’ng tinchlanib, vazifalarni sog’lom baholay olasiz.

7. Sovuq suv bilan yuvining

Past haroratli suvda suzish tushkunllika qarshi kurashishda yordam beradi. Albatta, ofis rakovinasiga sho’ng’ishning iloji yo’q, shu bois shunchaki sovuq suv bilan yuzingiz va/yoki qo’llaringizni yuving. Bu sizni tetiklashtirib, dam olganlik hissini beradi.

8. Derazaga qarang

Bu usul bir o’q bilan ikki quyonni o’ldirish imkonini beradi. Bir tomondan, odamlar, mashinalar, e’lonlar va deraza ortidagi boshqa turmush holatlarini tomosha qilish orqali ishdan chalg’ib tinchlanasiz. Ikkinchi tomondan, ko’zlaringiz dam oladi.

Kompyuter bilan ishlaganda siz qaraydigan buyumlargacha bo’lgan masofa deyarli o’zgarmaydi va bu ko’rish organlari zo’riqishini oshiradi. Shuning uchun uzoqroqdagi ob’ektlarni kuzatish foydalidir. Bu ish vazifalariga yangi tomondan qarash imkonini beradi.

9. Hissiyotlarni namoyon qiling

Ko’pincha charchoq nafrat bilan uyg’unlikda kechadi. Bu hissiyotni atrofdagilarga namoyon etish yaxshi fikr bo’lmasa-da, uni o’zingizda ushlab turmang. Qandaydir jonsiz buyum, masalan, bir varoq qog’oz olib, yirting, g’ijimlang, polga oting. Natijada ancha yengillashib, vaziyatga yanada teran nigoh bilan qaraysiz.

Muhimi, varoqni yo’qotayotganingizda atrofda kuzatuvchilar bo’lmasligi kerak, aks holda vaziyat g’alati ko’rinadi.

10. Teskari tartibda sanang

Odatiy hisob – miya uchun doimiy mashg’ulot, shu bois u bir vaqtning o’zida raqamlarni sanab, muammolar haqida o’ylashi mumkin. Lekin teskari sanoq boshqa masala. Bu usul miyani raqamlarga e’tibor qaratishga majburlaydi va fikrlarni tozalashga yordam beradi. Asosiysi haddan tashqari bo’shashib, uxlab qolmaslikdir (u holda 5-usulga o’tasiz, hech qo’rqinchli joyi yo’q).

11. Musiqa tinglang

Hotirjam qiluvchi musiqa chindan ham havotirlilikni kamaytirib, stressga qarshi kurashishda yordam berishi olimlar tomonidan isbotlangan. Bu usul universal bo’lib, jinsga bog’liq emas. Yoqimli kuylar kortizol miqdorini kamaytirib, yurak urishini me’yoriga keltiradi va vazifalarni ortiqcha ruhiy yo’qotishlarsiz yengib o’tishga yordam beradi.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!