• 2
  •  
  •  
  •  
  •  
    2
    Shares

Islandiya – atigi 358 780 odam yashaydigan kichkina mamlakat. Unda aksariyat odamlar bir-birlarini yaxshi biladilar, shu bois uydan ketayotganda eshiklarni yopishga hojat yo’q. Bolalarni esa kafe yoki do’konga kirish joyida bemalol qarovsiz qoldirish mumkin. Bundan tashqari, Islandiya dunyodagi eng baxtiyor davlatlardan biri sanaladi.

1. Islandiya – dunyodagi eng manzarali maskanlardan biri

Mamlakat Yevropadagi eng haybatli Dettifos sharsharasi, qoyada joylashgan eng yirik parranda bozori hamda eng katta muzliklardan biri bilan maqtana oladi. Islandiyaliklar doim tuproqlarining ajoyib tabiati bilan uyg’unlikda yashab kelganlar hamda uni hurmat va himoya qilganlar. Orolda tabiat mo’jizalari shu qadar ko’pki, bu yerda yashovchi yoki sayohat qilayotgan odam uni darhol sevib qoladi.

2. Island tili XII asrdan buyon deyarli o’zgarmagan

Islandiyaliklar o’z tillari bilan faxrlanadilar. Qadimda kichik orolda mavjud bo’lgan yaqin ijtimoiy aloqa tilning yuksak barqarorligini ta’minlagan. Qadimgi dostonlarni mamlakatdagi deyarli har bir odam hech qanday qiyinchiliksiz o’qishi mumkin. Bundan tashqari, Islandiya jahon kitob bozorida yetakchi hisoblanib, mamlakatda yiliga boshqa har qanday davlatdagiga nisbatan ko’proq kitob bosib chiqariladi.

3. Inson huquqlari borasida eng ilg’or qonunchiliklardan biri

Mamlakatda gender tengligi, fikrini bayon etish erkinligi, ozchilik vakillarining huquqlari va demokratiya darajasi bo’yicha eng xolisona qonunchilik amal qiladi. Xususan, Islandiya 1980-yilda ayol kishi prezident etib saylangan Yevropadagi birinchi davlat bo’lgan, 2010-yilda esa feminizmni qo’llab-quvvatlash uchun butun mamlakat bo’ylab striptiz-klublarga taqiq joriq etilgan. Diniy erkinlik hamda har qanday jihat bo’yicha tahqirlashni qat’iy ma’n etuvchi qonunlar Islandiyani inson huquqlari sohasida jahon yetakchisiga aylantirgan.

4. Bepul ta’lim

Mamlakatdagi maktablar va kollejlar bepul, universitet uchun to’lov esa juda kam bo’lgani bois barcha fuqarolar ta’lim olish imkoniga ega. Bundan tashqari, Islandiyada aholining savodxonlik darajasi dunyoning boshqa burchaklariga nisbatan ancha yuqori.

5. Xususiy tibbiyot muassasalari mavjud emas

Islandiya hukumati sog’liqni saqlash tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Islandiya eng yuqori hayot ko’rsatkichlariga ega davlat sanaladi. Shu bilan birga, davlat tibbiy muassasalari aholiga xizmat ko’rsatishni to’liq eplaydi va xususiy korxonalarga shunchaki zarurat yo’q.

6. Bepul markaziy issiqlik ta’minoti

Islandiyadagi 90 foiz uylar geotermal buloqlardan keladigan issiq suv hisobiga isitiladi. Issiq suv quduqlardan uzatiladi, geotermal stansiyalar esa mamlakatning issiqlikka bo’lgan barcha ehtiyojlarini qondiradi va aholi buning uchun pul to’lamaydi.

7. Islandiyadagi har bir fuqaro nasl-nasabga oid ma’lumotlar bazasidan foydalanishi mumkin

Íslendingabók sayti –XVIII asrdan buyon barcha islandiyaliklarning qarindoshlik aloqalariga doir axborotdan iborat ma’lumotlar bazasidir. Uning tashkil etilishiga mamlakat aholisini sonining (300 mingdan sal ko’proq) kamligi sabab bo’lgan. Aksariyat islandiyaliklar yangi sevgilisi qarindoshi emasligini tekshirish uchun undan foydalanadilar.

8. Armiya mavjud emas

Mamlakatda muntazam qurolli kuch mavjud emasligi bilan bir qatorda, hattoki politsiyachilar yoki qirg’oq qo’riqlash xizmati xodimlarida qurol ham bo’lmaydi. Jinoyatchilik darajasi deyarli nolga teng bo’lgani bois qurol zaruratsizlik sababli berilmaydi. Agar fuqarolardan biri harbiy xizmatga borishni istasa, ikki davlat o’rtasidagi shartnoma doirasida Norvegiya armiyasiga qo’shilishi mumkin.

9. Chekadigan va ichadigan fuqarolar deyarli yo’q

Islandiyalik olimlar qanday biokimyoviy jarayonlar tobelikka sabab bo’lishi aniqlaganlar. Natijada, mamlakatdagi chekadigan va ichadigan odamlarning soni 3-5 foizga qisqargan. Alkogol va sigaret tarkibida mavjud turli moddalar tufayli miyada hosil bo’ladigan biokimyoviy jarayonlar organizmni tobelikka o’rgatadi. Olimlar miyada huddi shunday jarayonlarni tabiiy sharoitda hosil qiladigan faoliyat turlarini aniqlashga qaror qildilar. Bularga raqs, musiqa, rasm chizish yoki sport kiradi.

10. Islandiyada trollar va elflarga ishonadilar

Mahalliy xalq og’zaki ijodiga ko’ra, trollar dumaloq shaklli toshlarda yashaydilar. Agar islandiyalik yo’lida shunday toshni ko’rib qolsa, hech qachon unga tegmaydi va ruhni bezovta qilmaslik uchun uni aylanib o’tadi. Agar “trol uyini” boshqa yerga ko’chirish zarur bo’lsa, ruhni ketishga ko’ndiradigan maxsus odam chaqiriladi. Hattoki yangi avtomobil yo’lini o’tkazishdan avval loyihachilar trollarning yashash joyiga tegmaslik uchun doim folklor bo’yicha mutaxassis bilan maslahatlashadilar.

11. Reykyavik meri qiziqchi, pank-rok musiqachi va taksi haydovchisi bo’lgan

Yon Gnarr mer lavozimiga saylanishdan avval panklar guruhida musiqa chalishga, taksi haydovchisi, ruhiy kasalliklar shifoxonasida tibbiy xizmatchi, Shvetsiyadagi “Volvo” zavodida ishchi hamda qiziqchi bo’lib ishlashga ulgurgan. Uning partiyadagi boshqaruvi natijasida moliya qayta tuzilib, o’nlab kilometr velosiped yo’laklari qurilgan, shuningdek maktablar qayta tashkil etilib, Reykyavikda turizm o’sishi kuzatilgan.

12. Ko’plab mashhur filmlar va seriallarni suratga olish joyi

Islandiyaning o’zga sayyoraga xos tabiati bu yerga nafaqat sayyohlarni, balki rejissyorlarni ham jalb qiladi. Mamlakatda Islandiyada suratga olishni tashkil qilish bilan shug’ullanuvchi maxsus kompaniya mavjud. Bu yerda suratga olingan filmlar va seriallar qatoridan “Taxtlar o’yini”, “Yulduzlar jangi”, “Tor”, “Interstellar” kabi asarlar o’rin olgan.

13. Bolaga qanday ism qo’yishni qo’mita qaror qiladi

kinopoisk.ru

Islandiyadagi qo’mita 6 kishidan iborat: ularning 3 nafari adliya vaziri, qolgan 3tasi mamlakatdagi oliy o’quv yurtlari tomonidan tayinlanadi. Bunday chora qo’llanilishiga sabab bor: mamlakat chet tillaridan kirib kelgan so’zlarga qarshi kurashish uchun birinchi navbatda ona tilini himoya qiladi. Ko’pincha ro’yxatdan yangi ruxsat berilgan ismlar ham o’rin oladi. Masalan, o’g’il bolalar uchun Geymar va Britmour hamda qizlar uchun Gudna, Iselin va Louney ismlari qabul qilingan. Biroq, Andrey ismi borasida rad javobi olingan, chunki uning yozilishi island tili qoidalariga zid keladi.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!