•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Ortiqcha bo’rttirishsiz aytish mumkinki, insoniyat tarixi – yanglishliklar tarixidir. Biroq, ular mutlaqo zararli ekanligini ta’kidlash xatodir, zero ko’pincha aynan yanglishliklar tufayli fan rivojlanadi. Quyida yolg’on bo’lib chiqqan bir nechta “fakt” bilan tanishing.

1. Bananlar palmalarda o’sadi

Aslida banan – palma bilan hech qanday aloqasi bo’lmagan o’tsimon o’simlikning mevalaridir. Garchi bu o’t ulkan hajmlarga ega – ayrim shoxlarining balandligi 15 metrga yetishi mumkin. Aytgancha, banan, bu – rezavor meva.

2. Bo’rilar Oyga qarab uvillaydi

Aslida oy to’lishi va bo’rilar uvillashi o’rtasida bevosita aloqa mavjud emas. Bo’rilar uchun uvillash muloqot usuli bo’lib, ular boshini faqatgina tovush yaxshiroq tarqalishi uchun tepaga qaratadilar. Bo’rilar mutlaq qorong’ulikda ham uvillashi mumkin, ammo oydin kechalar, odatda, shamolsiz bo’lgani uchun uvillashni eshitish osonroq. Shuningdek, oy yorug’ligi bo’lmaganda uvillayotgan bo’rini ko’rish imkonsizdir.

3. G’or odamlari g’orda yashagan

Zamonaviy tadqiqotlarga ko’ra, ibtidoiy odamlar ko’chmanchi hayot tarzini kechirgangan, g’orlardan esa vaqtincha turargoh sifatida foydalanganlar. Bundan tashqari, odamlarning eng qadimgi boshpanalari g’orlarda emas, balki ochiq joylardan topilgan. Masalan, olimlarning hisobiga ko’ra yoshi 1,7 million yilga teng bo’lgan Tanzaniyadagi Olduvay boshpanasi.

4. Kompas o’qi Shimoliy qutbni ko’rsatadi

Qayd etish kerakki, bu unchalik to’g’ri emas. Kompasning o’qi ko’rsatadigan Shimoliy magnit qutbi, geografik Shimoliy qutbdan farqli o’laroq, doim harakatda bo’ladi va yetarlicha tez suriladi (yiliga taxminan 55-60 km). Bundan tashqari, Shimoliy magnit qutbi har kuni oval trayektoriya bo’ylab 85 km.ga ko’chadi.

5. Oyning qorong’i tomoni bor

Hammaga ma’lumki, Oy doim Yerga nisbatan faqat bir tomoni bilan qarab turadi. Aynan shu fakt qo’ldoshimizning qorong’i tomoniga oid uydirmaning paydo bo’lishiga sabab bo’lgan. Biroq, nimagadir hamma Oy, huddi Yer kabi Quyosh atrofida aylanishini, demak uning barcha tomonlari bir xil yoritilishini unutib qo’yadi.

6. Yil fasllarining alishishiga Yerning Quyoshgacha bo’lgan masofasidagi o’zgarish sabab bo’ladi

Haqiqatda yil fasllarining alishishi Yer o’qi sayyoraning Quyosh atrofida aylanishi yuzasiga burchak ostida bo’lishi tufayli yuz beradi. Xususan, Shimoliy yarim shar Yerning qiyaligi sababli Quyoshga kamroq qaraganida, qish mavsumi boshlanadi. Bu orada Janubiy yarim shar ko’proq yorug’lik oladi va muvofiq tarzda odamlar yozgi issiqdan bahra oladilar.

7. Charlz Darvin odam maymundan kelib chiqqanini aytgan

Aslida Darvin hech qachon odam maymundan kelib chiqqanini ochiq ta’kidlamagan. U o’zining “Odamning kelib chiqishi va jinsiy saralash” asarida faqatgina odam va maymun o’rtasida qandaydir bog’lab turuvchi halqa, jumladan umumiy ajdod bo’lishi kerakligini yozgan.

8. Alkogol qizdiradi

Alkogol tana haroratini ko’tarmasligi bilan bir qatorda, organizmning issiqlik yo’qotishini ancha oshirishi mumkin. Gap shundaki, kuchli ichimliklar tomirlarni kengaytiradi va issiq qon teri qatlamlari ostiga borib, qisqa vaqtga issiqlikni his qilishimizga sabab bo’ladi.

9. Imperator pastga qaratilgan barmog’i bilan gladiatorni o’limga hukm qilgan

Imperator bosh barmog’ini pastga tushirish orqali gladiatorni o’ldirishni buyurgani borasida hech qanday isbot mavjud emas. Mazkur harakatni ifodalash uchun qo’llaniladigan pollice verso jumlasi “katta barmoqni o’girib” degan ma’noda tarjima qilinadi. Ammo pastgami yoki tepagami – aniq emas. 1872-yilda Jan-Leon Jerom ushbu mashhur uydirmaga asos solgan Pollice verso ishorasini o’z suratida chizgan.

10. Koinot, bu – vakuum

Koinotda biroz zichlik mavjudligiga qaramay, uni vakuum deyish to’g’ri emas. Gap shundaki, Borliq kengliklari vodorod molekulalari, elektr magnit nurlanish hamda taxminiy qora materiya bilan to’lgan. Afsuuski, olimlar hozircha uni aniqlay olmaganlar.

 11. Sayyorada 4ta okean mavjud

2000-yilda Yer yuzida beshinchi – Janubiy okean paydo bo’ldi. Yo’q, u bizning davrimizda hosil bo’lmagan, shunchaki olimlar Antarktida qirg’oqlarini yuvuvchi suv massivini boshqa okeanlardan ajratdilar. “Yangi” okean tarkibiga 14ta daryo kiradi.

12. 25-kadr inson ongiga ta’sir qiladi

1957-yilda amerikalik Jeyms Vikari tajriba o’tkazgan: u oddiy filmga ma’lum ichimlikni ichishga va popkorn yeyishga undaydigan kadrni qo’shgan. Uning ta’kidlashicha, seanslardan so’ng darhol ichimlik va yegulikning savdosi keskin oshgan. Biroq, bir yil o’tgach Amerika psixologiya uyushmasi 25-kadr ta’sirini rad qilgan. 1962-yilda esa Vikarining o’zi tajriba natijalarini qalbakilashtirganini tan olgan.

13. Uyqu vaqtida miya dam oladi

Aytishlaricha, miyamiz dam olishi uchun ko’p narsalar qatorida uyqu ham juda zarur ekan. Aslida esa uyqu vaqtida miya dam olmaydi – uning faolligi biroz boshqacha tus oladi. Masalan, sichqonlarda o’tkazilgan tadqiqotga ko’ra, uyqu vaqtida miya toksinlardan halos bo’lish uchun o’zini tozalash funksiyasini ishga tushiradi.

 14. Uyali aloqa sun’iy yo’ldoshlar tufayli ishlaydi

Adashdingiz! Aslida uyali tarmoqlarning ishlash prinsipi quyidagicha: raqam terilganidan keyin telefon tayanch stansiyasining signalini topadi. O’z navbatida, undagi boshqaruv bloki kabel orqali uni kontrollyorga yetkazadi. Endi kotrollyor signalni simlar orqati kommutatorga yuboradi va kommutator qo’ng’iroqni qayerga jo’natishni hal qiladi.

 15. Ehromlarni qullar qurgan

Misr ehromlari qullar tomonidan qurilgan deb o’ylaymiz. Biroq, keng ko’lamli tadqiqot ehromlar qurilishida erkin yollanma ishchilar mehnat qilganini ko’rsatdi. Ma’lum bo’lishicha, ularda hattoki zamonaiy kasba uyushmalariga o’xshash guruhlar ham bo’lgan.

 16. Vaznsizlik – tortishishning yo’qligi

Xalqaro kosmik stansiya bo’ylab uchib yurgan kosmonavtlar tushirilgan kadrlar barchaga tanish. Biroq, bu holat tortishish bo’lmagani uchun yuz bermaydi, axir XKSda erkin parvozning tezlashishi Yerdagiga nisbatan atigi 10 foizga kamroq. Kosmonavtlarning “uchishi” XKSning aylanma orbita bo’ylab to’xtovsiz harakatlanishi bilan izohlanadi. Natijada, ular uzluksiz erkin parvoz holatida bo’ladilar.

 17. Miyaning o’ng yarim shari ijodiy qobiliyatlar uchun javob beradi

Taxminlarga ko’ra, o’ng miya yarim shari rivojlangan odamlarda ijodiy qobiliyat ustunlik qiladi. Chap yarim shar yaxshi ishlaydigan odamlar esa tahlil qilish va mantiqqa ko’proq tayanadi. Biroq, yaqinda o’tkazilgan tadqiqot bu uydirmani butunlay yo’qqa chiqardi. Olimlar 7 yoshdan 29 yoshgacha bo’lgan 1 011 nafar odamning miya faoliyatini tahlil qilib, u yoki bu yarim sharning ustunlik qilishiga oid hech qanday alomatni aniqlamadilar.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!