•  
  •  
  •  
  •  
  •  

1. “Nima uchun?” savolini ko’proq bering

Agar farzandlaringiz bo’lsa yoki ular bilan ko’p muloqotda bo’lsangiz (yoki o’z bolaligingizni eslaganda) bolalarning eng sevimli savoli – “Nima uchun?” ekanligini albatta yaxshi bilasiz. Kattalar bu savolni kamroq berishadi. Biz faktlar va jiddiy ma’lumotlarga asoslanishga odatlanganmiz. Bu, albatta, yaxshi. Biroq, raqobatchilarimiz ham huddi shu ma’lumotlarga ega. U holda kattaroq yutuqlarga erishish uchun biznes-strategiyani qanday qurish kerak? “Nima uchun?” savolini ko’proq berishga urinib ko’ring.

Masalan, bir odam nima sababdan qayta-qayta bitta restoranga borishini tahlil qilsak:

  • Sevimli restoraningizga nima uchun borasiz? – U qulay joylashgan, taomlari ham yaxshi.
  • Sizga bu taomlar nima uchun yoqadi? – Ular mazali va hamyonbop.
  • Biroq, yaqin-atfroda bunday maskanlar ko’p bo’lsa, nima uchun aynan shu restoranni tanlaysiz? – Bu yerda yaxshi xizmat ko’rsatishadi.
  • Xizmat ko’rsatish nima uchun yoqadi? – Senga bildirilgan munosabatdan o’zingni darhol yaxshi his qilasan.
  • Nima uchun bunday munosabatdan kayfiyat ko’tariladi? – Restoran boshqaruvchisi mijozlarning ismlarini eslab qoladi va tabassum bilan qarshi oladi. Ofitsiantlar hech qachon shoshiltirmaydilar va kuning qanday o’tganini chin dildan so’raydilar. Ayrimlari, hattoki, odatiy buyurtmangni biladilar.
  • Bu holat nima uchun sizni qayta-qayta shu restoranga borishga undaydi? – Bu yerda o’zingni deyarli oila a’zosidek his qilasan, zero bugun bu kamyob holat.

Takror va takror savol berib, maskanga bo’lgan muhabbatning sababi taomlar yoki narxga emas, balki bu yerda o’zingni qanday his qilishingga bog’liqligini ko’rdik. Qanday sohada ishlashingizdan qat’iy nazar, mijozlaringiz va ularning hislari hamma narsadan muhim bo’lishi kerak. Bunda “Nima uchun?” savoli ularni yaxshiroq tushunish imkonini beradi.

2. Miyaning alfa-to’lqinlarini ishga soling

“Yangi intilishlar bo’lmasa, yangi g’oyalar ham bo’lmaydi”, – deya takrorlagan Walt Disney Company innovatsiyalar va ijod bo’limining sobiq rahbari Dunkan Uordl (Duncan Wardle).

Bu ayni haqiqat. Siz bir ishni muntazam ravishda bajarib, yangi narsa o’ylab topish imkonini to’sib qo’yasiz.

Odatiy kun tartibingizni o’zgartirib, miyaning alfa-ritmni ishlatishga urinib ko’ring. Bu turdagi miya to’lqinlari hushyorlikdagi xotirjam holat uchun xosdir. Olimlar ularning yuqori darajadagi kreativlik bilan bog’liqligini isbotlaganlar.

Ko’pincha ajoyib g’oyalar xotirjam vaqtimizda paydo bo’ladi: vannaxonada, sayr chog’ida, meditatsiya yoki mashg’ulot vaqtida.

Aksariyat hollarda ish kuni davomida alfa-ritm u yoqda tursin, tinch nafas olishga ham vaqt yetmaydi. Buni o’zgartirishga harakat qiling. Masalan, Google xodimlari 20 foiz vaqtini fikrlashga sarflashlari mumkin. Buning natijasida Gmail, AdSense va “Google Yangiliklar” yuzaga kelgan.

Alfa-to’lqinlarni ishga solish mumkin bo’lgan ish sharoitlarini yarating. Masalan, har hafta o’tkaziladigan jamoa a’zolarining yig’ilishini birgalikda mashq qilish yoki meditatsiyaga o’zgartiring. Agar bu siz uchun o’ta keskin o’zgarish bo’lsa, yig’ilishlarda musiqa qo’yish mumkin. Umuman, yig’ilishlarga g’oyalarning rasmiy taqdimoti emas, balki suhbat sifatida munosabat bildiring.

3. Unutmang, har bir odamda ijodiy salohiyat mavjud

Rahbarlar ko’pincha ijodni faqatgina “g’oyalar guruhi”ning vazifasi sifatida ko’rib, xato qiladilar. Biroq bunday salohiyat hammada mavjud. Shunchaki uni kashf qilish uchun zarur shart-sharoit kerak.

  • Ofis dizaynini o’zgartiring. Turli bo’limlardagi odamlar tasodifan uchrashib, o’zaro muloqot qila oladigan maydonni yarating. Aynan shunday suhbatlar chog’ida yangi g’oyalar yuzaga keladi.
  • “Yaxshi” g’oya tushunchasini o’zgartiring. Boshqalarning g’oyalaridan, ular bir qarashda qanchalik g’alati bo’lmasin, bosh tortmang. Hattoki kimningdir joriy g’oyasi yetarlicha yaxshi bo’lmasa-da, keyingisi dohiyona bo’lishi mumkin. Agar birinchi g’oya darhol tanqid qilinsa, keyingi safar u fikrlarini o’rtoqlashmaydi.
  • Fikrlash usulingizni o’zgartiring. Rahbariyat yoki kreativ bo’lim jamoadagi boshqalarga nisbatan g’oyalarga boyroq deb o’ylash xatodir. Kompaniyada o’zaro yordam va ko’mak madaniyati rivojlangan, odamlar esa o’zaro tenglikni his qilsa, xodimlarning salohiyati o’sadi.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!