•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Yo’lda ketayotganda rulda shunchaki uxlab qolsangiz, na ko’p yillik haydovchilik tajribasi, na ehtiyotkorlik sizni falokatdan asrab qololmaydi. Uyquga ketish holatini o’z vaqtida qanday sezish mumkin?

Oleg Radul

Sayohatchi. Mashinada dunyoni kezib chiqqan. Facebook tarmog’idagi profili.

2015-yilning 11 aprelida uch nafar do’stim tog’dan qaytish yo’lida hammasi, jumladan haydovchi ham uxlab qolganligi tufayli halok bo’lgan.

Notanish kimdir halokatga uchraganini eshitganda, ko’pincha

“Yigit tajribasiz yoki o’ziga ortiqcha ishongan bo’lgandir. Men bilan bunday holat yuz bermaydi”, deb o’ylaysiz. Biroq, o’shanda aynan qarama-qarshi vaziyat bo’lgan.

Halok bo’lgan yigitlar oxirgi 10-15 yil davomida doim, deyarli har oy tog’ga, dengizga safar qilib, to’xtashlarsiz minglab kilometrlarni bosib o’tganlar. Ularning hammasi charchoq holatini juda yaxshi his etib, uyqu holatida umuman mashina haydamaslikka harakat qilganlar… Falokat haqida eshitganlarning ko’pchiligi avvalgida ulardan biri shunchaki rulda uxlab qolishi mumkinligiga ishonishni istamagan. Shunga qaramay, bu holat yuz bergan. Bir martalik uyqu hammasi uchun yetarli bo’lgan.

Men ulardan aqlliroq yoki tajribaliroqman deya ta’kidlay olmayman. Yosh, tajriba, haydash usuli – hammamizda deyarli bir xil. Demak, men ham quyoshli kunlarning birida huddi shunday miyamni yo’lda qoldirishim mumkin edi.

Bu holat o’ylanishga majbur qiladi. Men yo’lda tetiklanishning turli usullarini bilardim: qahva, pista, quvvat beruvchi ichimliklar, sayr qilish, mashg’ulotlar va shunga o’xshash narsalar. Lekin, bu usullarning birontasi ham menga xavfsizlikni kafolatlay olmasligini tushundim. Paradoks shundaki, bularning bari harakatni davom ettirish usullari, ammo asosiysi – hech narsaga qaramasdan qachon to’xtashni bilishdir!

Bu vaziyatda million marotaba eshitgan “Charchadingmi – dam ol” hikmati to’g’ri kelmaydi. Charchash deganlari nimasi? Butun shahar ishdan keyin charchagan holatda uyiga yo’l oladi, xo’sh? Charchoqqa qachon xotirjam chidash mumkinu, qachon yo’l chetida to’xtash kerakligiga oid xolisona mezonlar qani? Bu mezonlar aniq va tushunarli bo’lishi zarur.

Xullas, ayni paytda menda shunday mezonlarning beshtasi mavjud. Ular mashinada yoki yaxtadagi minglab bedor tunlar bilan sinovdan o’tgan. Qoida ham juda oddiy: bunday holatgacha chidamagan ma’qul. Agar quyida ko’rsatilgan holatlardan biri birdan paydo bo’lsa, men o’ylamasdan shu zahotiyoq rulni topshiraman. Agar alishadigan odam bo’lmasa, yo’l chetiga chiqib uxlayman. Chunki yo’lni davom ettirish mumkin emas.

Demak, miya o’chib borayotganining beshta xolisona alomati.

1. Ko’z yumilishi holatini sezasan

Bu eng yaqqol va bir ma’noli mezon. Oxirgi marta kiprik qoqqan vaqtingizni eslashga urinib ko’ring? Ha, yashang! Gap shundaki, odam oddiy holatda kiprik qoqish lahzasini umuman sezmaydi. Sen o’ta tez sodir bo’ladigan bu holatga shunchaki e’tibor bermaysan. Bu holat yaqqol sezila boshlasa, oddiy kiprik qoqish emas, uyquga keta boshlash haqida gap boradi. Shu bois, darhol yo’l chetiga chiqish zarur!

2. Ko’z aldanishi

Haydovchi bunday holatda qarshisida aynan nimani ko’rayotganini darhol aniqlay olmaydi. Bu odammi, yo ustunmi, yoki soya… Buyumlar uzoqdan bitta bo’lib ko’rinadi, yaqinlashganda esa yo umuman boshqa narsa bo’lib chiqadi, yoki mutlaqo yo’qoladi. Bu chegara oldi bosqichi: ko’zlar hali ochiq, ammo miya kelayotgan ma’lumotlarga ishlov berishga ulgurmaydi – u allaqachon uxlayapti!

3. Qarash fokusi buziladi

Men ko’zimni yo’ldan moslamalarga o’tkazishga va darhol yana yo’lga qaytarishga urinaman. Kilometraj qancha edi? Yana bir marta: bir lahza moslamalarga va yana yo’lga. Ko’zlar normal holatda qayta qarashga ulguradi va hammasi yaxshi ko’rinadi. Lekin uxlab qolayotgan bo’lsang, nigoh qotib qoladi, ko’zlar sharoitga moslashishga ulgurmaydi, moslamalarga birrov qarab, darhol kerakli ko’rsatkichlarni o’qish mumkin emas.

4. Miyani ishlatishga erinaman

18 sonini 3ga ko’paytirishga urinib ko’ring. Normal holatda bu muammo emas. Biroq uyqu tortayotgan odam buni qilishga erinadi. Hattoki boshlashga ham dangasalik qiladi. Aynan shu sababli gapirish ham malol keladi, chunki buning uchun fikrlash, suhbat mavzusini miyada ushlab qolish, so’zlar tanlash kerak.

Aygandek, har qanday so’zli muloqot miyani yaxshigina yuklaydi. Shu bois, birinchidan, gapirayotgan odam uxlab qolmaydi, ikkinchidan, salonda hukm surayotgan sukunat tezda hammani uyquga soladi. Shu onda to’xtash kerak.

Yigitlarda aynan shu holat yuz bergan (registrator bo’yicha): avval salonda jim-jitlik yuzaga kelgan, ma’lum vaqt o’tgach avariya sodir bo’lgan. Bu orada shunchaki quruq gaplar emas, balki munosabatlar, siyosat yoki g’iybatlar kabi qiziqarli mavzular odamni tetik tutadi. Xullas, yo’lga chiqish oldidan ko’proq mavzu to’plang.

5. Mayda qoidabuzarliklar

Ketma-ket ikki-uch marta yaqin chiroqni yoqishni unutdingizmi? Demak, uxlash kerak. Oxirgi yo’l belgisini eslay olmayapsizmi? Undan oldingisinichi? Hech bo’lmayaptimi? Uxlash! Yonib-o’chayotgan sariq yoki yashil rangga to’xtadingizmi? Xullas, tushundingiz…

Bonus: yo’lovchi uchun ekspress-test

Haydovchiga sezdirmasdan mudroq holatiga tekshirib ko’rish mumkinmi? Undan “Menga qara, hammasi joyidami?” deb so’rash befoyda. Javob har doim bir xil bo’ladi: “Joyida”. Buning o’rniga unga o’ylashga yoki diqqat qilishga majbur etadigan savollar berish kerak.

Masalan: “Hozir qayerdamiz? O’tib ketgan ko’chamiz qaysi edi?” yoki “Falon manzilgacha yana qancha qoldi?”, shuningdek “(umumiy do’stning ismi)ning tug’ilgan kuniga nima sovg’a qilgan ma’qul?” kabi murakkabroq savol ham berish mumkin.

Javoblar o’ta sodda yoki g’alati bo’lib tuyulsa – demak, almashish vaqti kelgan. Agar bemor nisbatan tirik bo’lsa, yanada yaxshiroq bo’lishi uchun qandaydir bahsni boshlash kerak. Yuksak materiyalarmi, shunchaki uning jig’iga tegishmi – farqi yo’q. Qizg’in munozara chog’ida uxlab qolish jismonan imkonsiz – tekshirilgan.

Asosiy qoida: miya birdan emas, asta-sekin o’chadi.

Huddi qotayotgan kompyuter kabi avvaliga 100 foiz, so’ngra 50 foiz, keyin 25 foizga ishlaydi va nihoyat hammasi to’xtaydi. Nima izlash va qanday tekshirishni bilsang, o’sha 100 foizdan 50 foizga o’tish lahzasini tutish mumkin. Bunda har qanday erinchoqlikni izlash hamda fikrlashning sekinligini tekshirish kerak.

Baribir savol tug’iladi: o’zimni o’zim nazorat qilishim yolg’iz uzoq masofalarga xavfsiz qatnash uchun yetarlimi? To’g’risini aytsam, ishonchim komil emas. Ong sustlashishi bilan birga qo’rquv hissi ham yo’qola boshlaydi. Ya’ni, uyquga ketayotganingni tushunasan, sog’lom odamga xos barcha mezonlar bo’yicha deyarli o’lim yoqasida ekanligingni anglaysan, ammo shu onda umuman qo’rquv bo’lmaydi! Zero, miya deyarli uxlab qolgan. O’zingga aytasan: “Nima bo’pti, eng yaqin XXXgacha yana XX kilometr yuraman va o’sha yerda uxlarman/ almasharman”.

Bu belgilar ayniqsa yolg’iz ketayotganda qo’l keladi. Ularni oxirigacha yetkazmaslikka harakat qilish, qay biridir sezilsa – darhol to’xtash zarur. Biroq, bu xavfsizlikning yetarli emas, balki ko’proq zarur sharti.

Men 100 foizga ishonadigan yagona usul, bu – yo’lovchi hamda doimiy suhbatlar bilan harakatlanish.

Bunda faqat tektik qolish emas, balki bir-biringizni doim nazorat qilish mumkin (4-bandga qarang): suhbat tugasa – ikkala odam ham uyquga ketadi. To’g’ri, bu juda keskin qoida. Lekin undan voz kechish o’lim xavfi bilan teng.

O’zingizni asrang.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!