• 8
  • 1
  •  
  •  
  •  
    9
    Shares

Yopishqoq tasma – skotch har bir xonadonda bor, narxko’rsatkichlar barcha do’konlarda ishlatiladi, slinki prujinasi esa o’yinchoqlar sotiladigan istalgan joyda mavjud. Bir qarashda sodda bo’lib ko’ringan bu buyumlar qanday yaratilgani haqida o’ylab ham ko’rmaymiz. Zero, ular tasodif hamda hech kim tanimaydigan muxandislarning maqsda sari qat’iy harakati tufayli dunyoga kelgan. Ularni ixtiro qilish jarayonidagi voqealar asosida kino suratga olib, qiziqarli dramaga ega bo’lish mumkin.

Biz qaysi buyumlar g’oyadan to butunjahon e’tirofi va mashhurlikkacha qiyin yo’lni bosib o’tganini aniqladik. Aytgandek, Otto Rovedder ismli zargarning qat’iyati bo’lmasa, hozirda do’konlarda kesilgan non sotilmasdi.

1. Narxko’rsatkichlar

Yaqindagina biznes-kollejning 2-semestrini yakunlagan amerikalik Frenk Vudvort 1873-yilda do’konga yordamchi bo’lib ishga joylashgan. U juda tortinchoq bo’lib, xaridorlar unga murojaat qilganida duduqlanib, qo’rquv iskanjasiga tushib qolgan. Biroq, do’kon egasi Mur Frenkni uddaburon ishbilarmonga aylantirishni istagan va bir kuni kun davomida bo’lmasligini hamda o’rniga yigitchani yolg’iz sotuvchi sifatida qoldirishini aytgan. Shuningdek, Frenk do’konning kundalik tushumini ta’minlashi kerak edi. Aks holda janob Mur uni ishdan bo’shatardi.

Kun davomida xaridorlar bilan muloqot qilish fikrining o’ziyoq yigitchani titroqqa solgan. Shunda Frenkning hayoliga ajoyib g’oya kelgan:

…do’kon xaridorlari uni kamroq bezovta qilishlari uchun u har bir tovarga uning narxi yozilgan qog’ozchani yopishtirishga qaror qilgan. U tuni bilan narxlar yozilgan karton bo’laklarini joylashtirgan, muddati o’tgan tovarlarga ega “atigi 5 sent” deb yozgan.

Hayratlanarlisi, xaridorlarga ham bu g’oya manzur bo’lgan (axir ularning orasida ham tortinchoqlar ko’p) va talabga ega bo’lmagan mahsulot bir necha soat ichida sotib olingan. Frenk esa 6 kunlik tushumni qo’lga kiritgan. Safardan qaytgan do’kon egasi hayratda qolgan va narxko’rsatkichlarni doimiy ravishda qo’llay boshlagan. Frenkka esa o’z do’konini ochishni taklif qilib, hattoki $ 300 qarz ham bergan.

Frenk tez orada birinchi “5 sentli do’konni”, so’ngra ikkinchisini ochgan va ish jadallashib ketgan. Pul daryodek oqib kelardi. Bir kuni Vudvort do’konni aylanish chog’ida xaridorlarga bayramona kayfiyat bag’ishlash hamda ular ko’proq pul qoldirib ketishlari uchun do’konni Rojdestvo bezaklari bilan yasatishni o’ylab topgan. Va yana adashmagan – odamlarga bu g’oya juda yoqqan va boshqa do’konlar undan o’rnak olganlar.

Vulvord bir necha o’n yillik ichida shu darajada boyib ketgan-ki, o’z hisobidan Nyu-Yorkda o’sha davrdagi eng baland osmono’par, 55 qavatli Woolworth Building binosini qurdirgan. Narxko’rsatkichlar asoschisi 1919-yilda 66 yoshida o’t pufagi toshi kasalligi tufayli vafot etgan.

2. Slinki prujinasi

Richard Tompson Jeyms bolaligidanoq ijodkorlik qobiliyatini namoyon etib, o’zi uchun o’yinchoqlar yasagan. Katta bo’lib, harbiy-dengiz muxandisiga aylangach, Richard Filadelfiyadagi “Uilyam Kramp va o’g’illari” kemasozlik kompaniyasiga ofis ishchisi bo’lib joylashgan. Bu yerda u suv osti kemalari va zirhli kemalar uchun moslamalarni yaratgan.

1943-yilning jazirama kunlaridan birida u kemalar bortidagi ta’sirchan uskunalarni quvvatlash va barqarorlashtirish tizimi ustida ish olib borardi. Jeyms noqulay o’girilib, tepa javondagi ehtiyot qismlar turgan bankani tushirib yuborgan. Richard tushib ketgan narsalarni olish uchun egilganida, stoldan kitoblar ustiga asta-sekin “qadam bosib”, polda to’xtab qolgan prujinani ko’rgan.

“Yuradigan” prujina muxandisni juda qiziqtirgan va o’sha kechadayoq u o’z uyida hayajon bilan zinadan prujinani tushirib ko’rgan. Keyingi bir necha oy davomida u eng maqbul kombinatsiyani topish uchun turli simlarning qayishqoqlik koeffitsiyentini o’rgangan. Shu tariqa, zinadan bemalol tushadigan birinchi “yuradigan” prujina paydo bo’lgan.

Jeyms $ 500 qarz olib, o’z kompaniyasini ochgan va oddiy pergament qog’oziga o’ralgan dastlabki 400 dona o’yinchoqni tayyorlagan. Biroq, spiral shaklda o’ralgan oddiy sim o’yinchoq do’konlari egalarini mutlaqo qiziqtirmagan. Jeyms uzoq muzokaralardan so’ng do’konlardan birida slinkini savdoga qo’yishga erishgan. Lekin bu yerda ham o’yinchoq haftalab sotilmagan. Ixtirochi oxir-oqibat o’zi ishga kirishgan va do’konga kelib, slinki bilan o’ziga xos namoyish o’tkaza boshlagan. Hayratlanarlisi, u 1,5 soat ichida jami 400ta o’yinchoqning har birini $ 1 qiymatida sotgan. Keyingi bir necha hafta davomida 20 mingdan ortiq o’yinchoq sotilgan. Slinki milliy fenomenga aylangan.

Jeyms prujinalar tushishini ancha tezlashtirib, ishlab chiqarishni takomillashtirgan va keyingi 2 yilda $ 1 evaziga 100 milliondan ortiq o’yinchoq sotgan. Uning kompaniyasi ulkan daromadga ega bo’lgan. Shu bilan birga, ixtirochi borgan sari jamiyatdan uzoqlashib, pulga qiziqishi yo’qolgan. U 6 nafar farzandining tarbiyasida hech ishtirok etmasdi, rafiqasiga hiyonat qilardi, yolg’oni fosh bo’lganida esa ko’p vaqtini cherkovda o’tkaza boshlagan. Keyinroq u deyarli barcha ishlab topgan pullarini yevangelistik diniy guruhlarga topshirgani ma’lum bo’lgan. Oxir-oqibat, 1960-yilning fevralida Jeyms hech qanday izohlarsiz Boliviyaning chekka hududiga ketib, u yerda sektaga a’zo bo’lgan va tashqi dunyo bilan barcha aloqalarni uzgan.

U oilasi va kompaniyasini millionlarga teng qarzlar bilan qoldirgan. Uning rafiqasi Betti tanlashga majbur bo’lgan: kompaniyani tugatish yoki uni boshqarish. U ikkinchisini tanlab, biznesga sho’ng’ib ketgan va keyingi yillarda eridan ko’proq omadga erishgan. Aytgandek, aynan u tufayli “O’yinchoqlar voqeasi”da slinki-kuchukcha paydo bo’lgan. Multfilm ekranga chiqqanidan so’ng prujinalar savdosi ikki barobarga o’sgan. Hozirda slinki dunyodagi eng mashhur o’yinchoqlardan biri.

Slinki ixtirochisining o’zi esa 1974-yilda 56 yoshida Boliviyaning qayeridadir vafot etgan.

3. Victoria’s Secret ichki kiyimlari

Stenford universiteti bitiruvchisi Roy Reymond 1960-yillar oxirida rafiqasiga sovg’a olish maqsadida chiroyli ayollar ichki kiyimi olish uchun do’konga yo’l olgan. Do’konda u momiq xalatlar va gul rasmi tushirilgan xunuk pijamalarni ko’rgan. Ayollarga xizmat ko’rsatishga o’rgangan sotuvchi qizlar esa unga istaganini tanlashda yordam bera olmaganlar. Umuman olganda Roy uchun xaridor ayollar orasida bo’lish qiyin kechgan. Natijada, yigit hech narsa olmasdan ketgan.

Shu voqeadan so’ng u xaridor erkaklar o’zlarini qulay his qiladigan ayollar ichki kiyimlari do’konini ochishga qaror qilgan. Reymond keyingi 8 yil davomida ichki kiyimlar bozorini o’rganib, to’rli mahsulotlar va push-ap byustgalterlariga pul tikishga qaror qilgan. U 1977-yilda ota-onasidan va qarindoshlaridan $ 80 ming qarz olib, birinchi do’konini ochgan va uni Victoria’s Secret deb nomlagan. Birinchi yilning o’zidayoq daromad $ 500 mingni tashkil qilgan.

Reymond mahsulotni kataloglar yordamida pochta orqali sotib, ichki kiyimlar sotuvida haqiqiy inqilobni vujudga keltirgan. 1982-yilda uning 6ta do’koni $ 6 mln. foyda keltirgan. Shunday katta mablag’ga qaramay, Roy ayrim moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan va kompaniyasini The Limited do’konlar tarmog’ining asoschisi Lesli Veksnerga $ 1 millionga sotgan. Veksner darhol Victoria’s Secret nomini qayta yo’naltirib, hamyonbop narxlarda o’ziga go’zal ichki kiyimni tanlashi mumkin bo’lgan ayollar auditoriyasini tanlagan. Aynan u brendni bozordagi yetakchi o’rinlarga olib chiqqan.

Reymond 1984-yilda My Child’s Destiny bolalar do’koniga asos solgan, ammo 2 yil o’tgach bankrotlikka uchragan. Bir nechta omadsiz biznes g’oyalardan so’ng, Reymond 1993-yil Oltin Darvoza ko’prigidan pastga sakrab, o’z joniga qasd qilgan.

4. Kesilgan baton

1912-yilda kelib chiqishi nemis bo’lgan amerikalik Otto Rovedder 3ta zargarlik do’koniga egalik qilardi. Lekin u oltin-olmoslarni emas, balki bo’sh vaqtida yasaydigan asboblari va mexanizmlarini yaxshi ko’rgan. Bir safar Rovedder uy bekalari nonni kesishga, ayniqsa ertalab butun oilaga nonushta tayyorlash kerak bo’lganida, ko’p vaqt ketishidan shikoyat qilayotganlarini eshitib qolgan. Bundan tashqari, kesish jarayonining o’zi ham xavfli holat. Otto o’ylanib qolgan va novvoyxonalar uchun nonni kesadigan mashinani yaratishga qaror qilgan.

U o’z g’oyasidan ilhomlanib, 1916-yilda barcha do’konlarini sotgan va olgan puliga ixtironing birinchi prototipini tayyorlashga kirishgan. U yuzlab chizmalar chizib, nonni kesadigan va bo’laklarni shlyapali metall sim bilan birlashtiradigan birinchi mashinani yaratgan. Biroq, bir yildan so’ng ixtirochi mehnat qilgan omborxonada yong’in sodir bo’lgan. Hammana narsa kulga aylangan – prototip ham, chizmalar ham.

Lekin Otto ortga chekinmagan. Oilasini boqish va keyingi ishlanmalar uchun pul to’plash maqsadida, muxandis 10 yil davomida qimmatli qog’ozlar agenti bo’lib ishlagan. 1927-yilda u texnik jihatdan kuyib ketgan prototipga nisbatan yanada takomillashgan yangi dastgohni yaratgan. Yangi mashina nonni qog’ozga ham o’rab berardi. Biroq, ish qurilmani novvoyxonalarga sotishga kelganda, Rovedder ustidan faqat kulganlar: uning kesilgan non sotish g’oyasiga hech kim ishonmagan.

Otto tez orada bankrotga aylanishi kutilayotgan do’sti Frenk Benchning novvoyxonasida qurilmani qo’llashni taklif qilgan. Do’stining yo’qotadigan narsani bo’lmagani uchun ulkan mashina sexga o’rnatilgan.

1928-yilning 7 iyulida dunyodagi birinchi kesilgan non sotilgan. Yangi mahsulot mislsiz mashhurlikka erishgan va 2 hafta ichida Bench novvoyxonasidagi sotuvlar 2 000 foizga o’sgan. 1933-yilga kelib o’zini hurmat qiladigan qariyb har bir novvoyxonada kamida bitta Rovedder mashinasi bo’lgan, shuningdek tayyorlanayotgan nonning 80 foizi kesilgan shaklda sotilgan. Aytgandek, aynan shu davrda tosterlar ham keng ommalashgan.

Muvaffaqiyat girdobida qolgan Otto Rovedder o’zining patent huquqlarini Micro-Westco kompaniyasiga sotib, uning shtatiga joylashgan. Nafaqasidan avval esa non pishirish mashinalari bo’limida sotuvlar bo’yicha vitse-prezident lavozimini egallagan.

5. Bo’yoqchilik yopishqoq tasmasi (skotch)

1920-yillarda ZM kompaniyasi doim ham yaxshi sifatli bo’lmaydigan jilvir qog’oz ishlab chiqarar edi. 22 yoshli muxandis Richard Dryu kompaniyaga eng past maoshli ishchi sifatida joylashgan. Uning asosiy vazifasi jilvir qog’oz uchun turli don navlarini sinovdan o’tkazishdan iborat bo’lgan. 2 yil o’tgach Richard biroz ko’tarilgan va kompaniya mahsulotini sotish uchun mahalliy avtomobil tuzatish joylariga yuborilgan.

Shu yerda biroz chekinish qilsak. O’sha yillarda avtomobillarni ikki xil rangga bo’yash ommalashgan. Biroq bo’yoqchilar uchun bo’yash jarayoni juda azobli kechgan: ular qo’lbola yelim, gazetalar, jarrohlik tasmasidan foydalanganlar. Xususan, tasma olinganida ko’pincha yangi bo’yoq bilan birga ko’chib chiqardi. Ishni yana qaytadan bajarishga to’g’ri kelgan. Ana shunda jilvir qog’oz ishlatilgan.

Dryu ustaxonalardan biriga avtomobil bo’yoqchilari navbatdagi omadsiz bo’yashdan shikoyat qilib turgan vaqtda kelib qolgan. Tabiiyki, ular yigitni so’kib, haydab yuborganlar. Lekin shu lahzada Dryuning hayoliga yaxshi fikr kelgan: u ko’chirilganida umuman iz qoldirmaydigan yopishqoq tasmani yaratish haqida o’ylab qolgan.

Richard yopishqoq tasmalarni tayyorlash sohasida hech qanday bilimga ega bo’lmagan. U o’simlik moylari, zig’ir urug’lari, yelim, glitserin va boshqa tarkibiy qismlardan foydalanib, ishida sinovlar o’tkaza boshlagan. Dryu asosiy ishini deyarli unutib qo’ygan va bo’shatilishiga oz qolgan. Biroq, 2 yildan so’ng Richard mukammal formulani topib, yuzaga qattiq yopishadigan va oson ko’chiriladigan qog’ozni yaratgan.

Uning rahbari avvalida ixtironi nazariga ilmagan, ammo tasma avtomobil ustalari orasida ommalashganidan keyin, tajribalar uchun butun boshli laboratoriya ochilgan. Dryu laboratoriyada ishlab, atigi bir yil ichida sellofan asosida yopishqoq tasmani tayyorlagan. Yana bir yil o’tgach esa mahsulot ZM kompaniyasiga milliardlab dollar olib kelgan.

Maqoladagi qaysi qahramonning maqsadga intilishi va qat’iyati sizni ko’proq hayratga soldi?

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!