•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Gollivuddagi juftliklar birin-ketin ajralishga qaror qilayotgan bir paytda, “Oskar” mukofotining sohibi, amerikalik aktyor Tom Xenks va aktrisa Rita Uilson birgalikda turmushlarining 31-yilini yashamoqda. Ularning turmushlarida turli kechinmalar o’tgan, ammo aytishlaricha, kechinmalar tufayli muhabbatlari yanada mustahkamlangan.

Oilaviy baxtning siri bilish uchun turli nashrlarning Tom Xenksdan olgan intervyularini e’tiboringizga havola qilamiz.

1. 30 yoshgacha uylanmang

Tom va Rita 1985-yilda “Ko’ngillilar” filmini suratga olish maydonida tanishganlar. Bu filmda ular sevishganlar obrazini talqin etishgan. Aktyorlar o’rtasida romantik munosabat yuzaga kelgan, ammo bu vaqtda Tomning rafiqasi va ikki nafar farzandi, Ritaning esa qaylig’i bor edi. Xenks pinhona muhabbatidan 3 yil o’tgachgina rafiqasi bilan ajralib, Uilsonga turmush qurish taklifini aytgan.

Hozirda Tomning aytishicha, u birinchi marta turmush qurishga juda shoshilgan. Zero, u paytda Tom yosh, ta’sirchan bo’lib, doim kastinglarda vaqt o’tkazgan. Xenksning fikricha, haqiqiy turmush kutilmagan jo’shqinlik emas, anglangan qaror bo’lishi kerak.

“30 yoshgacha uylanmang”, – deydi aktyor.

2. Eng qat’iy masalalarda ham yon bering

Tom katolik, Rita esa pravoslav bo’lgan. Rafiqasi uchun din mavzusi naqadar muhimligini tushungan Tom uning e’tiqodini qabul qilgan.

“Rafiqam uchun men ham nimanidir qurbon qilganman. Rita yunon tomirlariga ega va u pravoslav e’tiqodiga amal qiladi. Men esa katolik edim va unga uylanishdan avval yangi oilamga hurmat yuzasidan uning e’tiqodini qabul qilganman”.

3. Bir-biringizni qo’llang

Juftlik turmushi davomida ko’p vaziyatlarga to’qnash kelgan, ammo ular doim bir-birlarini qo’llaganlar. 1994-yilda “Filadelfiya” filmi uchun Tomga birinchi “Oskar” topshirilganida, u sahnadan turib barchasi uchun aynan rafiqasiga minnatdorlik bildirgan:

“Meni bu yerda turishimga sabab – hayotimni bo’lishgan ayolim har kuni menga muhabbat nima ekanligini ko’rsatishidir!”.

2015-yilda Ritaning boshiga tushgan kulfat oila hotirjamligiga ta’sir qilgan. Unda sut bezi saratoni aniqlangan edi. Uilson erining bu yangilikni qanday qabul qilishidan hamda kasallik ularning munosabatlariga qay darajada ta’sir etishidan qo’rqqan. Lekin uning havotirlari o’rinsiz edi: Tomning rafiqasiga ko’rsatgan g’amxo’rligi va ko’magi ularni yanada yaqinlashtirgan. O’z navbatida aktyor quyidagilarni ta’kidlaydi:

“Qo’limdan keladigan yagona ish, bu – rafiqamning qat’iyati oldida tiz cho’kish”.

Hayriyatki, vaqt o’tgach kasallik ortga chekingan va Rita hattoki kimyoviy davolash ham olmagan.

4. Juftingizni yoqimli mayda-chuydalar bilan quvontiring

Tom va Rita ko’p sayohat qiladilar, ular birgalikda butun dunyoni kezib chiqqanlar. Shuningdek, rafiqasi ko’pincha Xenks bilan birga boshqa shaharlardagi suratga olish maydonlariga ham boradi. Hattoki ko’p yillar davomida birga yashaganliklariga qaramay, ular bir-birlari uchun kichik hursandchiliklar qilishga urinadilar.

“Shunchaki bizdagi hissiyotlar shu qadar kuchliki, Ritani ta’riflash men uchun qiyin. U men uchun rafiqa, dugona, ona, sevgilimdan ortiqroq inson. Men usiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Men ko’pincha telefon yonida yoki oshxonaning qayeridadir Ritaga kun yaxshi o’tishiga oid tilaklar yozilgan qaydlarni qoldiraman. Rafiqamga o’zim to’playdigan yuzdan ortiq noyob yozuv mashinalarida xabarlar yozaman. Yana menda kunim haqida Ritaga foto hisobot yuborish odati bor. U yonimda bo’lmaganida, mobil telefonimga atrofimdagi hamma narsani – ovqatimni, uchrashgan odamimni, suratga olish maydonini suratga tushiraman. Menimcha, bu unga yoqadi”, – deya o’rtoqlashadi janob Xenks.

5. Juftingizni borligicha qabul qiling

Xenks va Uilson birgalikda boshlaridan kechirgan damlarini qadrlaydilar va bundan muhabbatlari yanada kuchayadi. Amerikalik aktyor intervyularda rafiqasini qanchalik qadrlashi haqida gapiradi:

“Bu ayol meni ozg’in, semiz holatda sevgan. U meni kal, sochlarim hurpaygan vaqtda sevgan. Men bilaman, bu ayol meni sevadi. Shuning uchun men omadliman”.

6. Asosiysi – to’g’ri odamni toping

Muxbirlar ko’pincha “Oskar” mukofotining ikki karra sohibidan shunchalik mustahkam va davomiy turmushning siri nimada ekanligini aniqlashga urinadilar. Tom esa javoban doim kulib, quyidagilarni aytadi:

“Mening baxtli turmush sirim to’g’ri ayolga uylanishdan iborat. Rita Uilson – mening ajoyib omadim. Men dunyodagi eng baxtli odamlardan biriman”.

Sizningcha, omadli munosabatlarning asosi nimada? Tajribangizni sharhlarda o’rtoqlashing.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!