•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Braun Universitetining psixologiya professori Yoaxim Kryugerning fikricha, ijtimoiy hatti-harakat ikkita asosiy sabab yordamida tartibga solinadi. Birinchisi o’zaro kelishish istagidir, chunki ijtimoiy yakkalik inson uchun xavflidir. Ikkinchisi esa, jamoa ichida o’z mavqeini himoya qilish istagi.

Ushbu sabablar muntazam nizo ichida bo’ladi. Zero o’z qarashingizni qat’iy himoyalagan holda, boshqa birov bilan kelishishning imkoni yo’q. Biroq, ushbu ikki sababni hayotga tatbiq etishda – atrofdagilarning e’tiboriga sazovor bo’lish va o’z qarashlaringizda qolishda sizga yordam bera oladigan harakatlar mavjud.

LifeHaq.uz tahririyati ushbu harakatlar hamda ularning samaradorligi tasdiqlangan tadqiqotlar haqida batafsil so’zlab berishga qaror qildi.

1. To’g’ri ko’z aloqasini o’rnating

Suhbat chog’ida odamning nigohi hal qiluvchi rolni o’ynaydi. Axir aynan boshqa odamga qaratilgan nigoh vaqtning aniq lahzasida qayta aloqani olishga yordam beradi. Shu bois, suhbatdoshda yaxshi taassurot qoldirish uchun uning gapini shunchaki tinglash emas, balki unga qarab turish, ko’z aloqasini o’rnatish muhimdir. Bunda asosiysi oshirib yubormaslik va to’g’ri bajarishdir.

Mutaxassislar suhbatdoshga to’g’ri qarashni, nigohni esa ko’zga yoki burun kanshariga qaratishni tavsiyaqiladilar. Pastdan tepaga qarash yoki nigohni gapirayotgan odamning og’ziga yo’naltirish kerak emas.

2. Ismlardan foydalaning

Agar biron odamni o’zingizga jalb etishni istasangiz, suhbat chog’ida uni ismi bilan chaqirishga harakat qiling. Ayniqsa yaqinda tanishgan bo’lsangiz. Bu suhbatdoshga omma orasidagi qiyofasiz kimsaga emas, balki aynan unga murojaat qilayotganingizni ko’rsatadi.

Bunday hatti-harakat suhbatdoshning ochilishiga va o’zining noyobligini his etishiga yordam beradi. Shuningdek, ismning qaytarilishi o’zingizga ham yangi tanishning ismini eslab qolishga va keyingi uchrashuvda xato qilmaslikka yordam beradi.

3. Ongli ravishda mimikriyani ishlating, ammo orttirib yubormang

Suhbatdosh ishonchini qozonishning yana bir usuli, bu – mimikriya yoki taqlid qilish. Albatta, hech kim sizdan kimnigadir kulguli tarzda taqlid qilishni aytmayapti. Bunda mayda jihatlarni his qilish va tasodifan ularni qaytarish kerak.

Biz ko’pincha bunday harakatlarni ongosti darajasida bajaramiz. Suhbatdosh sochlarini tuzatganida, yuzini qashiganida yoki oyoqlarini chalishtirib o’tirganida, ma’lum vaqt o’tgach biz ham huddi shunday qilamiz. Asosiysi buni anglash va bir oz ko’proq mimikriya qilishga urinishdir.

2009 yilda o’tkazilgan tadqiqotda olimlarning aniqlashicha, erkaklar suhbat chog’ida ularning ayrim harakatlarini qaytargan ayollarni chiroyliroq va qiziqroq hisoblaganlar. Mimikriya prinsipi faqat qarama-qarshi jins vakillariga ta’sir etib qolmaydi, shuning uchun odamni o’zingizga qaratish uchun ushbu bilimlardan foydalanish juda muhimdir.

Biroq, ehtiyot bo’ling: harakatlarini atayin qaytarayotganingizni anglagan zahoti suhbatdosh siz haqingizga salbiy fikrga boradi.

4. Qomatingizni tik tuting

Sayen Beylok o’zining “Miya va tana”nomli kitobida yozishicha, qomat o’zimizni qanday his etishimizga kuchli ta’sir ko’rsatadi. Biroq, bundan tashqari, u atrofdagilar uchun ham “mayoq” vazifasini o’taydi. Xususan, yelkalarini rostlagan, qo’llarini ochiq holda tutgan va mutlaqo to’g’ri turgan odam suhbatdoshiga xayrixohligini hamda o’ziga ishonganligini namoyon etadi.

Agar bukchaygan va pastdan tepaga qaragan holatda gaplashsangiz, suhbatdosh darhol o’zining ustunligini his qiladi va sizga barcha ma’nolarda yuqoridan qaraydi.

5. Suhbatdoshning qo’liga iliq nimadir bering

Chamasi ba’zi hiylalar siz haqingizdagi birinchi taassurotni batamom o’zgartirishi mumkin. Xususan, tanishuv chog’ida suhbatdoshning qo’lida turgan narsa shular jumlasidandir.

Olimlarning aniqlashicha, odamlar qo’llari issiqda bo’lganida boshqalar haqida ijobiy fikrlashga moyil bo’ladilar.  Bir finjon qahva, issiq sharf yoki sviter sizga odamlardagi yaxshilikni sezishga hamda boshqalarga sizning yaxshi tomonlaringizni ko’rishga yordam beradi.

6. Til mimikriyasidan foydalaning

Insonni zabt etish uchun u bilan bir tilda so’zlashishga harakat qiling. Albatta, rus, ingliz, xitoy yoki boshqa qaysidir tilni nazarda tutmadik. Asosiysi, suhbatdoshning nutqidagi jihatlarni qayd etib, til mimikriyasidan foydalanish kerak.

U uyini qanday ataydi? Ehtimol, uychadir, balki hazillashib saroy der? Qayig’ini nima deb ataydi – qayiqchami yoki kema? Bu buyumlarni qanday aytishingiz insonning sizga nisbatan munosabatini belgilab beradi. Shu bois mazkur xususiyatlarni bilishga harakat qiling va suhbat chog’ida o’xshash so’zlardan foydalaning.

7. Yordam so’rang

Agar siz insonda yaxshi taassurot qoldirish bilan bir qatorda, uni butkul zabt etish, ishonchini qozonish va ehtimol, kelajakda yaqin muloqot qilish niyatida bo’lsangiz, sizga Benjamin Franklin usuli yordam beradi.

Unga ko’ra, har qanday insondan katta iltimos qilishdan avval o’z yordamingizni taklif qilmang, aksincha undan kichik nimanidir so’rang. Gap shundaki, biz yordam ko’rsatadigan odamlarimizga nisbatan ijobiy tuyg’ularni his qilamiz.

Franklin o’z tarjimai holida ushbu fikrini hech til topisha olmagan qonun chiqaruvchi raqibida sinab ko’rganini hikoya qiladi. Bir kuni Franklin raqibiga kitob berib turishini so’rab xat yozgan. Qonun chiqaruvchi raqib bunga rozi bo’lgan. Bir necha kun o’tgach Franklin kitobni qaytargan va unga minnatdorlik bildirilgan nomani qo’shib qo’ygan. Shundan keyin qonun chiqaruvchi yanada muloyim odamga aylanib, Franklinga boshqa ishlarida ham yordam berishga tayyor bo’lgan.

Siz bu ro’yxatga nimani qo’shgan bo’lardingiz.

Rasmlar muallifi Natalia Breeva 

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!