•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Aksariyat mahsulotlar savdoga chiqarilishidan avval o’tkaziladigan ishlov berish jarayoni tovlamachilik ashyosiga aylanmoqda. Xususan, internet “Olmalar ustidagi qoplama yuvilmaydi”, “Quruq mevalar bilan birga oltingugurt yeymiz”, “Banan po’stiga tegmagan ma’qul” qabilidagi ogohlantirishlarga to’lib ketgan. Aslida, peshtaxtada turgan qirmizi olma kimyo sanoatidagi yutuqlarning natijasi ekanligiga ishonishni xohlamaymizu, ammo shubhalar tinchlik bermaydi va sotib olingan mevaning mazasi ham sezilmaydi.

Loyihamiz mahsulotlarga ishlov berish usullariga oid eng mashhur havotirlar bilan olimlarning fikrini taqqoslab, bu kabi aksariyat qo’rquvlarga mish-mishlar va yanglish fikrlar sabab bo’ladi, degan xulosaga keldi.

Mevalar ustidagi mum qoplama

Mevalar va sabzavotlar tashish hamda saqlash jarayonida aynib qolishining oldini olish uchun ularga surtiladigan mumli qoplama ko’pchilikni jiddiy havotirga soladi. Biroq, AQSH Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari sifatini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) bunday qoplamani mutlaqo xavfsiz deya e’tirof etgan va bu bekorga emas.

Yangi uzilgan meva va sabzavotlar ularni qurish va yumshab qolishdan asraydigan tabiiy mum bilan qoplangan bo’ladi. Biroq, ular terilganidan so’ng chang va kimyoviy zarralarni yo’qotish uchun yuviladi hamda tabiiy mumning bir qismi ham yuvilib keladi. aslida, mumli qoplama shunchaki ana shu yo’qotishning o’rnini qoplaydi.

Bunda iste’mol qilinadigan mum ishlatiladi va bitta mevaga atigi bir-ikki tomchi surtiladi. Odam organizmi bunay miqdorni o’zlashtirmaydi va mum salomatlik uchun hech qanday xavfni yuzaga keltirmay, hazm qilish tizimi orqali o’tadi. Tabiiyki, mum bilan ishlov berilgan meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval iflosliklar, bakteriyalar va mumning bir qismini yuvish shart.

Gazlangan bananlar

 “Banan gazi” jumlasini eshitganda, tasavvurimiz qo’rqinchli manzaralarni ifodalaydi. Aslida bu qo’rqinchli narsa emas. Bananlarga haqiqatdan ham tezroq yetilishi uchun maxsus gaz bilan ishlov beriladi. Ular hali yashilligida uzib olinib, maxsus sovuqni saqlash kemalarida dunyo bo’ylab tashiladi va bir sutkaga gaz kameralariga joylanadi.

Banan gazi 95 foiz azot va 5 foiz etilendan tashkil topgan. Azot biz nafas oladigan havoning tarkibida mavjud, etilen esa oddiy olmalardan ajralib chiqariladi. Bunday kameraning muqobil shaklini uyda ham yasash mumkin: agar yashil bananlar sotib olgan bo’lsangiz, ularni suvda yuvdirib, pishgan olmalar bilan birga qora xaltaga soling va yaxshilab yoping. Bir necha kundan so’ng bananlar pishib yetiladi.

Bundan tashqari, plantatsiyalardan bananlar formalinga bo’ktirilishi haqida gaplar mavjud. Aslida ular chirish va zamburug’larga qarshi tiabendazol bilan ishlovdan o’tkaziladi. Bu moddaning ishlatiladigan miqdori inson uchun zaharli emas. Shuningdek, tiabendazol hattoki sovuq suvda ham yaxshi yuviladi, shu bois uning organizmga tushishini istamasangiz, shunchaki mevalarni yuving.

Meva-sabzavotlarning chuqur muzlatilishi

Ko’pchilikning fikricha, mevalar, sabzavotlar va rezavorlar muzlatish jarayonida vitaminlarning ko’p qismini va barcha foydali xususiyatlarini yo’qotadi. Lekin Kaliforniya universiteti mutaxassislari buning aksini isbotladilar.

Olimlar 4 vitamin – askorbin kislotasi ©, riboflavin (B2), α-tokoferol (E) va β-karotin (A) miqdorini o’rganib, muzlatilgan mahsulotlarda ular saqlanib qolishidan tashqari, biroz vaqt do’kon peshtaxtasi yoki uyda turgan yangi mevalardagi vitaminlarga nisbatan ko’proq bo’ladi, degan xulosaga keldilar.

Muzlatish tavsiya etilmaydigan yagona sabzavot, bu – pomidor. Hattoki 12 °Cgacha bo’lgan biroz muzlatish ham ulardagi ta’m va ifor uchun javobgar fermentlarning parchalanishiga sabab bo’ladi.

Sutni ultrapasterizatsiyalash

Ultrapasterizatsiyalangan sutni sotib olishdan bosh tortadigan iste’molchilar birgina masalada mutlaqo haqlar. Ishlov berishning bu usuli aksariyat vitaminlarni yo’qotadi. Biroq, sut faqatgina vitaminlardan tashkil topmagan. Unda yana oqsillar, yog’lar va uglevodlar bo’lib, ularning bari ultrapasterizatsiyalangan sutda saqlanib qoladi.

Aslini olganda, vitaminlar hisobga olinmasa, pasterizatsiya va ultrapasterizatsiya qilingan sutning tarkibi bir xildir. To’laqonli ovqatlanadigan odam boshqa manbalardan vitaminlar oladi, ammo ultrapasterizatsiya qilingan sutda do’konda noto’g’ri saqlanishi tufayli zaharlanish xavfi mavjud emas va uzoq vaqt achib qolmaydi.

Termik ishlov berilgan grechixa yormasi

Yashil grechixa iste’moli bilan bog’liq urfning o’z asoslari mavjud: oddiy (jigarrang) grechixa yormasini tayyorlashda donlar termik ishlovdan o’tkazilib, ulardagi foydali moddalarning miqdori yashil grechixadagi miqdordan kamroq bo’ladi. Biroq, bu farq jiddiy qabul qilishga arzimaydi.

Shu bilan birga, grechixaning foydasini ta’minlaydigan aksariyat vitaminlar va mikroelementlar (V guruhidagi vitaminlar, yod, temir, kaliy, marganets, fosfor) issiqlik natijasida yo’qolmaydi. Bu moddalarning asosiy qismi hattoki pishirilgan yormada ham saqlanib qoladi. Chamasi, yashil grechixa ivitish usuli bilan tayyorlangan taqdirdagina, vitaminlar miqdori biroz ko’proq bo’ladi.

Sulfit bilan ishlov berish

Ko’plab mevalar va quruq mevalarning katta qismiga sulfit, ya’ni oltingugurt dioksidomi (bu konservant yorliqda YE220 sifatida belgilangan) bilan ishlov beriladi. Mazkur modda mevalarning yoqimli rangi saqlanib qolishiga yordam berib, ularni zararkunandalarga nisbatan mustahkamroq qiladi. Odamlar bunday mahsulotlarga ishonmaydilar va aksariyat holatda bekor qiladilar.

Agar ishlov berish belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilgan bo’lsa, buning yomon joyi yo’q. Oltingugurtga asoslangan moddalar oziq-ovqat sanoatida avvaldan va qat’iy belgilangan miqdorlarda qo’llanilib keladi. Ularning iste’moli bilan chirish bakteriyalari yoki parazitlari shikastlagan mahsulotni yeyish o’rtasida katta farq mavjud emas.

Bonus: frityurda qovurish

Qovurilgan ovqatning zarari to’g’risida hamma biladi. Biroq kichkina “ammo” mavjud bo’lib, u to’g’ri tayyorlangan fri sabzavotlarining o’rtacha porsiyasini kechirishi mumkin. Food Chemistry jurnalida chop etilgan tadqiqotlarga binoan, ayrim mahsulotlar bunday tayyorlash usulidan, aksincha, yanada foydaliroq bo’larkan.

Masalan, frityurda qovurish qator sabzavotlarning ozuqaviy boyligini oshiradi: kartoshka, pomidor, baqlajon va qovoq aksil-oksidant xususiyatiga ega fenol birikmalari bilan to’yinadi. Ular esa, o’z navbatida, ko’plab kasalliklar xavfini kamaytiradi. Yagona shart – sovuq siqilgan sifatli zaytun moyidan foydalanish.

Xullas, hammasi qo’rqinchli emas. Ishlov berishning barcha asosiy usullari hukumat darajasida qabul qilingan hujjatlar bilan tartibga solinadi va siz bilan biz sarhil, mazali va xavfsiz mahsulotlarga ega bo’lishimizga qaratilgan. Bunda, ayrim mahsulotlar ishlov berish jarayonida ma’lum bonuslarga ega bo’ladi. Masalan, uzoq saqlash muddati (huddi ultrapasterizatsiya qilingan sut yoki muzlatilgan mevalar va sabzavotlar kabi) yoki qisqa vaqtda tayyorlanish (jigarrang grechixa singari).

Sizda ham qandaydir sabablarga ko’ra xarid qilinmaydigan mahsulotlarning qora ro’yxati bormi?

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!