•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Odatiy retseptlarga bir-ikkita maxsus usulni qo’shing.

Ozish – oson vazifa emas, ayniqcha tananing ma’lum bir qismi yoqmagan holatda. Zero, vazn faqat qorin yoki bo’ksalarda emas, balki butun organizmda yo’qoladi. Shuning uchun to’lishgan yuzni o’zgartirish juda qiyin va bu asabga tegadi. Lekin buning ham yo’li bor.

1. Yuz uchun mashqlar

Yuz gimnastikasi yaxshiroq ko’rinishga yordam berib, keksayishga qarshi kurashadi va mushaklarni kuchliroq qiladi.

Ayrim tadqiqotlarga ko’ra, mashqlarning muntazam ravishda bajarilishi mimika mushaklari tonusini yaxshilaydi va yuz yanada ozg’in bo’lib ko’rinadi.

Asosiy mashqlar quyidagicha:

  • Yanoqlaringizni shishiring – avval ikkala tomonni, so’ngra navbati bilan har birini.
  • Lablaringizni bir nuqtaga jamlang, so’ngra ularni ochmagan holda shu “nuqtani” har tomonga harakatlantiring.
  • Tishlaringizni jipslashtirib, keng jilmaying. Bir necha soniya davomida yuzni shunday holatda saqlab turing.

Yuz gimnastikasi mimika mushaklarini zichlashtirgani bois yuz yoshroq bo’lib ko’rinadi. Biroq, buning uchun kamida sakkiz hafta davomida kuniga ikki marotaba shug’ullanish kerak.

Yuz mashqlari yog’ni eritishiga yordam berishi borasida tadqiqotlar hozircha hech qanday ma’lumot bermagan. Lekin mushaklar tonusi zarar qilmaydi, quvvat to’la mushaklar esa yuzni yanada taranglattiradi.

2. Kundalik kardio-mashqlar

Yuzdagi yog’lar ko’pincha ortiqcha vazn asorati hisoblanadi. Ozish doim tananing hamma qismlariga ta’sir qiladi, shu bois vazn yo’qotsangiz, yuzingiz ham o’zgaradi.

Kardio-mashqlar, bu – yurak urishini sezilarli darajada tezlashtiradigan aerob mashqlar. Bu ozishning eng samarali usullaridan biri: ko’plab tadqiqotlarda vazn yo’qotishda kardioning ahamiyati tasdiqlangan. Mashqlar qancha muntazam bajarilsa, shuncha ko’p vazn yo’qotasiz.

Ortiqcha kilogrammlarga qarshi kurashda asosiy narsa, bu – doimiylik. Haftasiga 150-300 daqiqa kardio ozishga yordam beradigan me’yordir. Bu kuniga atigi 20-40 daqiqani tashkil qiladi.

Yugurish, suzish, velosiped va tez qadam bilan sayr qilish – bularning bari kardio. Ishga piyoda borishga yoki yo’lning ma’lum qismini transportsiz bosib o’tishga harakat qiling. Nima uchun aynan ishga borishda? Chunki bu vaziyatda shoshilasiz va tezroq qadam bosasiz, qaytishda esa bemalol yurasiz.

3. Suv, suv va yana suv

Yo’q, kuniga sakkiz stakan suv ichmang. Bu me’yorga amal qilish shart emas, ammo chanqoqni his qilmaslik zarur. Yetarlicha suv ichayotganingizni qanday tushunish mumkin? Stol ustiga suv solingan butilka yoki krujkani qo’yib, har safar nimadir chaynash istagi yuzaga kelganida, charchoq yoki noqulaylikni his qilganda bir qultum suv iching. Yana ichgingiz kelsa, iching.

Suyuqlik miqdori yetarli bo’lmasa, ozolmaysiz.

Gap yuz yoki boshqa narsa haqida ketayotgani muhim emas. Bir tadqiqotda ma’lum bo’lishicha, nonushta chog’ida ichilgan suv kaloriyalar iste’molini 13 foizga kamaytiradi. Muntazam ravishda yetarli miqdorda suv ichish metabolizmni tezlashtiradi, ya’ni ko’proq kaloriyalarni eritishga va ozishga yordam beradi.

Agar suyuqlik doim yetarli bo’lsa, organizmning suvni ushlab qolishga ehtiyoji bo’lmaydi. Demak, yuzni katta qilib ko’rsatadigan shishlar ham kamroq bo’ladi.

4. Alkogoldan voz keching

Alkogol miqdorining har qanday oshirilishi yuzni shishirishi mumkin. Hammada alkogolga ta’sirchanlik turlicha bo’lgani uchun ayrimlarga hattoki bir bokal vino ham taqiqlanadi.

Alkogol ichimliklarda hamda ularning yonidagi gazaklarda kaloriyalar juda ko’p, shuning uchun ichkilik – sezilarsiz vazn yig’ishning sabablaridan biridir.

Ko’zguda chiroyli yuzni ko’rishni istasangiz, o’zingizni qo’lga oling va ichkilikka ruju qo’ymang.

5. Sodda uglevodlarni kamaytiring

Yana o’sha gap: shakar, pishiriq va arzon makaronlar foydasiz kaloriyalarning manbai. Nafi yo’q, ammo yog’i ko’p.

Bu mahsulotlarda xom ashyo tozalanganidan keyin foydali ozuqa moddalari va kletchatka qolmaydi. Kletchatka yo’qligi tufayli ular tezda hazm bo’ladi va qondagi qand miqdorini oshiradi. So’ngra u yana tezda pasayadi va ochlik hissini uyg’otadi. Ochilikni konfet yordamida yo’qotishga urinib, arg’imchoqni ortga itaramiz: tez orada yana bitta konfet yeyish istagi yuzaga keladi.

Sodda uglevodlarning aynan yuzdagi yog’ga ta’sirini aniqlab bergan bironta ham tadqiqot mavjud emas. Biroq mantiqan o’ylansa, sodda uglevodlar murakkabiga alishtirilsa, vazn yo’qotilishi osonroq kechadi.

6. To’laqonli uyqu

Kam uxlaydiganlar vazn orttiradi. Va aksincha.

Biz ko’pincha uyqu tanqisligi yegulik bilan qondiramiz. Natijada, ortiqcha vazn yanoqlarimizda qo’nim topadi. Yetarlicha uxlamaslik stress gormoni sanalgan kortizolning qondagi miqdorini oshiradi. Uning organizmda mavjud bo’lishidan qoladigan salbiy asorat, bu – vazn ortishi.

Tadqiqotlarga ko’ra, yuqori darajadagi kortizol metabolizmni sekinlashtirishi tufayli kaloriyalar qayta ishlanmaydi va yog’ shaklida to’planadi.

To’laqonli uyqu esa kilogrammlarni yo’qotishga yordam beradi. Mukammal maqsad – sakkiz soat to’laqonli uyqudan iborat.

7. Kamroq tuz iste’moli

Tanangizda, jumladan yuzingizda paydo bo’lgan shishlar juda ko’p tuz iste’mol qilishingizdan darak beradi. Shu bois yuzingiz shishib ketgandek ko’rinadi. Ortiqcha tuz sababli organizmda suv ushlanib qoladi, to’qimalarda esa ortiqcha suyuqlik to’planadi.

Umuman tuzsiz yashash ham mumkin emas: bu ham zararli. Lekin turli tamaddilar va yarim tayyor mahsulotlar tarkibida juda ko’p tuz bo’ladi. Konservalar, chipslar va kolbasadan voz keching. Farqni sezish uchun shuning o’zi yetarli. Bir-ikki hafta o’tgach, yuzingiz nisbatan ozg’in bo’lib ko’rinadi.

Yodda tuting

Faqat yuzning o’zini ozdirishning iloji yo’q. Uning ko’rinishi tananing umumiy massasiga bog’liq.

Lekin odatiy ozish retseptlari, ya’ni kardio-mashqlar, muvozanatlangan parhez va uyqu rejimiga yuz uchun maxsus bir-ikki usulni qo’shish mumkin:

  • Yuz tonusini oshirish uchun mimika mushaklari gimnastikasi.
  • Shishlar ketishi uchun ortiqcha tuzdan voz kechish.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!