•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Fikringizcha, firibgarlarning tuzog’iga faqat kaltafahm odamlar tushadiyu, siz esa bundan mustasnosiz? Kim ham hozir iPhone yutib olgani yoki notanish boy amakisining merosiga ega bo’lganiga ishonardi? Biroq firibgarlar nonlarini oson topmaydilar: ular deyarli har kimga yo’l topa oladilar.

Ko’pincha qanday firib qiladilar?

1. Davolanish uchun pul to’plash

Firibgarlik sxemasi

Internetda zudlik bilan qimmattli davolanish, dori vositasi, tibbiy qurilma yoki yana nimadir zarur bo’lgan og’ir kasal bola to’g’risida ma’lumot joylashtiriladi. E’londa suratlar va hattoki tibbiy hujjatlar ham bo’ladi, ammo ko’pincha tavsirlar noaniq, kasallik tarixi esa tushunarsiz bo’ladi. Va, albatta, pul o’tkazish kerak bo’lgan kartaning raqami ko’rsatiladi.

Afsuski, bolalar haqiqatdan ham og’ir kasalliklar, jumladan saratondan aziyat chekadilar. Ularning qarindoshlari esa davolash uchun mablag’ to’playdilar. 2018-yil boshida tibbiyot muassasalari hisobida 25 000 bola qayd etilgan. Shuning uchun internetdagi e’lonlarning muallifi chindan ham chora izlayotgan ota-ona bo’lishi mumkin.

Lekin bunday postlar ortida shunchaki begona suratlar va hujjatlarni o’g’irlab, ehtimol ma’lumotlarni grafika orqali tahrirlagan firibgarlar turgan bo’lishi va bulardan o’lja topish ilinjida foydalanayotgan bo’lishlari mumkin. Ba’zida ular hattoki hayriya jamg’armalari saytlarining klonlarini ham yaratishadi.

Aldanib qolmaslik yo’li

  • Ma’lumotni tekshirish zarur: to’liq hujjatlar to’plam hamda olingan va sarflangan pullar bo’yicha hisobotni so’rash, suratlar va skanlarni Google orqali izlab ko’rish.
  • Kasal odam davolanayotgan kasalxona raqamini bilib, haqiqatda ham ularda shunday bemor bor-yo’qligini aniqlash mumkin.
  • Agar mablag’ to’plash xayriya jamg’armasi orqali amalga oshirilayotgan bo’lsa, rasmiy aloqa raqamlarini topib, tashkilot haqiqatdan ham bunga aloqadorligini tekshirib ko’rsa bo’ladi.

2. Urib yuborilgan piyoda

Firibgarlik sxemasi

Qurbon orqaga yurayotgan yoki asta hovlilar oldidan o’tib borayotgan bo’ladi. Birdan kimdir baqirib mashina oldidagi yerga yiqiladi. Haydovchi dahshat ichida avtomobildan sakrab tushadi va yerda buralib, uni urib yuborganliklari va ichki ishlar hodimiga xabar qilishini aytayotgan odamni ko’radi.

Bu orada, huddi kutib turgandek hammasini suratga olgan “tasodifiy” guvoh paydo bo’ladi va qurbonga yordam berishga tayyorligini aytadi. Haydovchidan nizoni tinch yo’l bilan hal qilish uchun pul talab qiladilar. U rozi bo’ladi, aks holda u kamida mashina minish huquqidan ayriladi va jarima to’lashga majbur bo’ladi.

Aldanib qolmaslik yo’li

Avvaliga yo’l harakati qoidasi buzilmaganini, balki piyodaning o’zi g’ildirak ostiga yiqilganini ko’rsatadigan video qayd etuvchi moslamani o’rnating.

Bunday moslamangiz yo’g’u, ammo siz aybdor emasmisiz? O’zingiz politsiya chaqirishni taklif qiling: firibgarlar shu zahoti yo’qolib qoladilar. Imkon qadar guvohlarni izlab, voqea yuz bergan joy yaqinidagi muassasa qo’riqchilari, sotuvchilari, xodimlaridan kuzatuv kameralari yozuvini so’rang.

3. Bamper ostidagi butilka

Firibgarlik sxemasi

Bu nayrang odamni avtomobil ichidan chiqarish uchun qo’llaniladi. Firibgarlar sezdirmasdan old bamperga besh litrli bo’sh plastik butilkani qo’yishadi. Haydovchi qisirlash va g’ijirlashni eshitib, mashinadan tushadi va bamper ostiga qaraydi. Shu payt salondan pullar va qimmatli buyumlar olib qochiladi.

Bunday usullar juda ko’p: g’ildirakni teshib qo’yishlari, old oynaga ichiga qatiq solingan xaltani otishlari mumkin. Hammasi bir maqsad – haydovchi nima bo’lganini bilish uchun tashqariga chiqishi va eshikni yopmasdan qoldirishi uchun.

Aldanib qolmaslik yo’li

  • Hattoki, bir soniyaga chiqqanda ham doim avtomobil eshigini qulflang.

Maxsus kiyimdagi gazchilar, soliqchilar va boshqa mutaxassislar

Firibgarlik sxemasi

Firibgarlar o’zlarini issiq suv ta’minoti, gaz xizmati ishchilari, boshqaruvchi kompaniyalarning xodimlari sifatida tanishtirib uyma-uy yuradilar. Ular gaz plitalari, quvurlar va kommunikatsiyalarni tekshiradilar, albatta buzilgan joyni topadilar va qimmatli moslama, masalan, ortiqcha sarflanish hamda portlashning oldini oladigan hisoblagichlar yoki gaz analizatorini o’rnatishni taklif qiladilar.

Firibgarlar bosim o’tkazishi, boshqarishi, qo’rqitishi mumkin. Masalan, tez orada maxsus qurilmasiz gaz sirqishi yuz berib, portlash va uy qulashiga olib kelishi mumkinligiga ishontiradilar.

Agar xonadon egalari qurilmani o’rnatishga rozi bo’lsa, ma’lum vaqt o’tganidan so’ng uning mutlaqo foydasizligi aniqlanadi. Aytish kerakki, bu firibgarlar bilan uchrashuvning ijobiy yakunidir. Ayrim hollarda ish xonadonni o’marish bilan tugashi mumkin.

Aldanib qolmaslik yo’li

  • Odamlar qaysi tashkilotdan kelganini va ularning ismlarini bilib olmaguncha, eshikni ochmang.
  • So’ngra boshqaruvchi kompaniya yoki gaz xizmatiga qo’ng’iroq qilib, uyingizga shunday ishchilar yuborilganmi yo’qmi aniqlashtiring.

Mushkul ahvoldagi tanish

Firibgarlik sxemasi

Ijtimoiy tarmoqlardagi tanishingizning sahifasida baxtsizlik yuz bergani haqida post paydo bo’ladi. Yaqin qarindosh vafot etgan, kimdir avariyaga uchragan, kimnidir hisbga olganlar. Zudlik bilan yordam kerak, pul o’tkazing, mana karta raqami. Ba’zan postga hattoki tibbiy hujjatlarning surati ham ilova qilinadi.

Do’stlarga jo’natish boshlanadi. Yordam iltimosiga javob qaytargan va ma’lum miqdorda mablag’ yuborgan odam tez orada firibgarlarga pul topishga ko’maklashganini bilib oladi: sahifaga buzib kirilgan, hujjatlarning nusxalari esa boshqa manbalardan o’g’irlangan va grafik tahrirlash dasturlarida o’zgartirilgan.

Shunga o’xshash tovlamachilikning boshqa, yanada dramatik varianti ham mavjud. Firibgarlar qurbonga qo’ng’iroq qilib yoki yozib, yaqin kishilari baxtsizlikka uchraganini va uni qutqarish uchun pul o’tkazish kerakligini aytadilar. Bunda turli variantlar mavjud: giyohvand moddalar bilan qo’lga tushgan, odamni urib yuborgan, kimnidir o’ldirib qo’ygan, janjallashgan. Endi u qo’lga olingan va o’zi gaplasha olmaydi. Eng usta tovlamachilar raqamlarni o’zgartiradigan dasturlar yordamida go’yoki “aybdorning” shaxsiy telefonidan qo’ng’iroq qiladilar.

Aldanib qolmaslik yo’li

  • Ma’lumotni sinchiklab tekshiring, javobini faqatgina sahifaning haqiqiy egasi biladigan savollarni bering.
  • Tanishingiz yoki yaqini bilan telefon, elektron pochta yoki boshqa ijtimoiy tarmoq orqali bog’laning.

N. shahridagi tovuqlar

Firibgarlik sxemasi

Ijtimoiy tarmoqdagi qizga notanish odam yozib, o’zini “Falon shahar tovuqlari”, “Falon shahar qaqildoqlari” kabi shubhali jamiyatlar guruhining ma’muri deb tanishtiradi. U jamiyatning taklif qilingan yangiliklarida qiz to’g’risida post tashlanganini aytadi. Post muallifi uning jinsiy aloqada tartibsiz va umuman ijtimoiy mas’uliyati past ayol ekanligini ta’kidalagani xabar qilinadi. Firibgar ishontirish uchun huddi o’sha yangilikning skrinshotini ko’rsatadi: unda qizning surati va bir juft yoqimsiz jumlalar bo’ladi.

So’ngra tovlamachi, tabiiyki mukofot evaziga, postni o’chirishni taklif qiladi. Qurbon buning yolg’onligini bilsa-da, nomiga dog’ tushishidan qo’rqib, pul o’tkazadi.

Aldanib qolmaslik yo’li

  • Afsuski, buning iloji yo’q.
  • Birgina yo’li ijtimoiy tarmoqlardan umuman foydalanmaslik. Biroq, sizga shu yo’l bilan tahdid qilsalar, eng yaxshi strategiya texnik ko’mak guruhiga shikoyatnoma yozib, firibgarlarni blokka tushirish bo’ladi.
  • Yoki ularga tuhmat uchun politsiyaga arz qilishingizni ayting.

Bloklangan karta

Firibgarlik sxemasi

Sizga kartangiz blokka tushirilgani to’g’risida xabar keladi. Uni qayta ishga tushirish uchun SMS xabarida ko’rsatilgan telefon raqamiga qo’ng’iroq qilish kerak.

So’ngra voqea turlicha rivojlanishi mumkin. Masalan, qo’ng’iroq pullik bo’lib chiqadi va hisobingizdan mablag’ yechib olinadi. Yoki “bank xodimi” javob berib, sizdan kartaga oid bor ma’lumotni, jumladan CVC va SMSdagi tasdiqlash kodini bilib olishga urinadi. Keyin esa hisobingiz anchagina ozib qolishi mumkin.

Aytgancha, bunday xabarlar va qo’ng’iroqlar har doim ham notanish raqamlardan kelib tushmaydi. Ba’zan firibgarlar bankning haqiqiy raqamlarini ko’rsatadigan dasturlardan foydalanadilar.

Aldanib qolmaslik yo’li

  • Xabar yoki qo’ng’iroqni olgach, ko’rsatmalarga amal qilishga shoshilmang.
  • Kartangiz orqasida ko’rsatilgan telefon raqamini terib, xodimlarga bo’lgan voqeani aytib bering.
  • Bundan tashqari, bironta ham haqiqiy bank xodimi sizdan SMSdagi kodni so’ramaydi.

Choyli nayranglar

Firibgarlik sxemasi

Ko’chada qurbon yoniga promouterlar yaqinlashib, bepul choyni tatib ko’rishga qat’iy taklif qiladilar. Choy ziyofatidan so’ng katta chegirmalik mahsulotni sotib olishni taklif qiladilar: “Faqat bugun, faqat hozir, faqat siz uchun, juda yoqimli mijoz ekansiz”. Bunda qiymat ham kichkina emas – birgina choy qutisi uchun 300 000 so’m atrofida.

Odamlar rad javobini bersalar, ulardan hech bo’lmaganda tatib ko’rish uchun pul to’lashlarini so’raydilar. Bunda achinish tuyg’usiga bosim o’tkaziladi: go’yoki mijoz hech narsa sotib olmasa, boshqaruvchi jarima soladi. Choy ichish chog’ida manipulyativ usullar qo’llaniladi: juda tez gapiradilar, odamga tegadilar, ismini tez-tez takrorlaydilar. Natijada, tahdid, shantaj, iltimos va shikoyatlar bilan baribir qurbondan pul tortib oladilar.

Go’zallik salonlari ham shunga o’xshash sxemani qo’llaydilar. Ular odamlarni go’yoki bepul kosmetik tadbirlarga taklif qiladilar va psixologik ta’sir yordamida qiymati bir oylik maoshga teng bo’lgan “noyob” va “juda ta’sirli” bir jo’madon kosmetik vositalar xarid qilishga majburlaydilar. Ko’pincha kreditga ham beradilar.

Aldanib qolmaslik yo’li

  • Bunday vaziyatda birgina maslahat mavjud. Notanish salonlardagi tadbirlarga bormaslik va ko’chadagi takliflarni qat’iy rad qilish. Chunki, sizni qandaydir aksiya yoki tatib ko’rishga jalb qilsalar, hamyondagi pullarni saqlab qolish qiyin bo’ladi. Firibgarlar turli manipulyatsiya texnikalarini yaxshi baldilar. Pullaringizni ularga qanday berib yuborganingizni o’zingiz ham bilmay qolasiz.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!