•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Bola charchab xarxasha qilyaptiyu, yoningizda esa kitoblar va o’yinchoqlar bo’lmasa, unga telefonni berishga shoshilmang. Navbatda o’tirganda yoki transportda ketayotganda kichkina bolani chalg’ita oladigan bir nechta quvnoq rivojlantiruvchi o’yinlar bilan tanishamiz.

1. Musiqani top

Bolaga tanish qo’shiq, masalan multfilm yoki bolalar dasturidan olingan musiqani kuylang va uning nomini topishni so’rang.

2. Nima yo’qoldi?

Bu o’yin kafeda o’tirganlarga mos keladi. Bir nechta buyum, masalan vilka, qoshiq va tuzdonni olib, boladan ularga diqqat bilan qarashni so’rang. So’ngra ularning ustiga salfetka yopib, bildirmasdan bitta buyumni chetga oling. Aynan nimani olayotganingiz ko’rinmasligi uchun salfetkaning o’zingiz tomondagi chetini ko’taring. Endi salfetkani ochib, boladan nima yo’qolganini topishni so’rang.

3. Kimligini top

Hayolingizda qandaydir hayvonni o’ylang, bola esa uning kimligini topish uchun savollar bersin. Masalan, quyidagicha savollar berish mumkin: “U o’kiradimi?”, “U issiq joyda yashaydimi?”, “Uning mo’ynasi bormi?”

4. Tegib ko’r

Ma’lum rangdagi buyumlarga tegishini ayting. Bunda mebel, kiyim va bolaning qo’li yetadigan hamma narsaga tegish mumkin. Atrofdagilarga halaqit bermasdan yurishning imkoni bo’lsa, o’yinni yanada jonlantiring.

5. Bir shakldagi buyumlarni top

Boladan atrofida ma’lum shakldagi nimanidir ko’rayotganini so’rang. Masalan: “Dumaloq nimanidir ko’ryapsanmi?” yoki “Uchburchakka o’xshash nimadir ko’ryapsanmi?”

6. Men ko’ryapman

Ikkalangizga ko’rinadigan buyumni tanlab, “Men nimanidir ko’ryapman va bu … Nima bu?” deb so’rang. Agar bola alifboni bilsa va so’z boyligi bo’lsa, so’zning birinchi harfini ayting.

Faqat ranglar va shakllarni tushunadigan juda kichik yoshdagi bolalarga shu sifatlarning birini aytib, buyumni tasvirlang. Masalan: “Men nimanidir ko’ryapman, u qattiq va yaltiroq”.

7. Farqni top

Bu o’yin uchun Sizga ruchka va qog’oz kerak bo’ladi. Qog’ozni to’rtta kvadratga bo’lib, uchtasida bir xil figura, to’rtinchisida esa boshqa nimanidir chizing. Masalan, uchta it va bitta mushuk. So’ngra boladan boshqalaridan farq qiladigan bo’lakni ko’rsatishni so’rang.

Bolaning yoshi kattalashgani sayin vazifani qiyinlashtirish mumkin: uchta bo’lakda beshta doira, oxirgisida esa – oltita chizib, farqni topishini so’rang.

8. Sodda topishmoqlar

Oson topishmoqni ayting, masalan: “Mening to’rtta oyog’im bor, men oppoq va momiqman. Men kimman?” yoki “Men yumaloqman, ikki qo’lim, atrofimda esa ko’plab raqamlar bor. Men nimaman?”

9. Qaysi qo’ldaligini top

Avvaliga qo’lingizda hech narsa yo’qligini ko’rsating. So’ngra bir qo’lingizga tangaga o’xshash kichik buyumni solib, qo’llarni orqangizga yashiring va bir necha marta buyumni qo’ldan-qo’lga o’tkazing. So’ngra tanga qaysi qo’lingizda ekanligini so’rang.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!