• 4
  •  
  •  
  •  
  •  
    4
    Shares

Ismim Polina va men axborotga moyillikka duchor bo’lganman. Bunday xulosaga meni olam bilan bog’lab turgan virtual iplarni bir haftaga uzganimdan so’ng keldim. Hayotimning katta qismi Jahon to’ri bilan bog’liq: men unda ishlayman, muloqot qilaman, yangi narsalarni o’rganaman, ko’ngil ochaman, xarid qilaman. Men 7 kun davomida odatiy narsalarga qancha vaqt ketkazishimni hamda axborot oqimidan tashqarida to’laqonli yashay olishimni tekshirib ko’rdim.

Men ushbu sinovdan olgan taassurotlarimni o’rtoqlashishga hamda muqarrani qabul qilishning 5ta bosqichidan qanday o’tganim, navigatorsiz uyga borishni bilmaganim, kitob bo’yicha taomlar tayyorlashni o’rganganim va internetni avvalgidan ham ko’proq yaxshi ko’rib qolganim haqida so’zlab berishga qaror qildim.

Internetda nimadan foydalanaman va juda sog’ingan narsalarim

1.Telegram

Bu yerda muloqot deyarli uzluksiz davom etadi. Odatiy yozishmalardan tashqari, men do’stlarim, hamkasblarim, qarindoshlarim chatlariga a’zoman. Aloqa uchun to’lamaslik uchun qo’ng’iroqlarni ham shu yerdan amalga oshiraman.

2. Navigator xaritalari

Avtomobilga o’tirgan zahotim yoqaman. Rulni boshqarishda hayajonlanmaslikka, yo’ldagi tiqinlarni aylanib o’tishga va yo’ldan zavq olishga yordam beradi. 

3. Ob-havo

Men o’zgaruvchan havosi bilan mashhur bo’lgan Peterburgda yashayman, shuning uchun ish kunimni ilova ko’rsatadigan axborotdan kelib chiqib rejalashtiraman. Yomg’ir boshlangunicha bola bilan sayr qilishga ulgurish kerak.

4. Facebook + Instagram + VK

Ko’pincha ish bo’yicha foydalanaman – bu ijtimoiy tarmoqlarda meni qiziqtirgan odamlarni topish va ular bilan aloqa o’rnatish, ilhom to’lqinini tutish va hozirgi urfni bilish (odamlar nimaning ustida kuladilar, nimadan hayratdalar va h.k.) imkoni mavjud.

5. Bank ilovalari

Hisoblarni to’lash, xaridlar, pul o’tkazish – bularning bari shu manzilda.

6. Google pochtasi

Kamdan-kam va faqat ish bo’yicha ishlataman. Tarqatma xabarlar va spamga qiziqmayman.

7. Google izlash tizimi

Kichik yoshdagi farzandim bor va men hamma narsani internetdan izlayman. Menda tezkor ildiz otgan “onaga xos” bu odatni yo’qotish imkonsiz.

8. YouTube

Video tomosha qilish. Va yana video tomosha qilish.

Demak, sinovni boshlaymiz

1- kun. Rad etish

  • Yangi hayot dushanbadan yomon boshlandi. Barcha faol foydalanuvchilar singari tongda soat jing’illashi bilan qshlim smartfon tomonga cho’zildi. Men doim shunday qilardim: avvaliga 10-15 daqiqa telefon, so’ngra vannaxonaga borsa bo’ladi. Shoshilinch xabarni o’qish uchun emas, shunchaki. Sinov esimga tushdi. Telefonni joyiga qo’ydim. Vaziyat ustidan nazoratni qo’ldan chiqarganimni his qildim. Nimadir yetishmayotgandek hissiyot meni ta’qib qildi. Bu holat kechqurungacha davom etdi. Miyamda tartibsizlik, fikrlarim jamlanmagan. Do’stlarim nima qilayotgan ekan? Nima yangiliklar? Bir daqiqaga Facebook’ga qarasam nima bo’ladi?
  • Internet ayniqsa ish vaqtida yetishmadi. Diqqatni bir joyga jamlashga urinyapman va har yarim soatda qo’llarim telefonga uzatilmoqda, miyam impulslar bermoqda: “Ertaga havo qanday? Instagram’da nima gap?” Menda qayta yuklanish tushunchasi paydo bo’ladi: shaxsiy masalalar bo’yicha 10-15 daqiqa ijtimoiy tarmoqda va men ishni davom ettirishga tayyorman. Uydan ishlaganim uchun uyga xos qayta yuklandim: kirlarni yuvishga solaman, chang artaman. Mo’jiza – kechqurungacha uy yumushlari qolmadi.

Qo’llarimning yengil harakati bilan makaronlar ajoyib taomga aylandi. Ma’lum bo’lishicha, ovqat tayyorlash uchun vaqt yetarli ekan, bekorga shikoyat qilarkanman.

  • Kechga borib axborotga tashnalik avj oldi, men turmush o’rtog’im o’z telefonida yoqqan futbol sharhini ko’rishga ham tayyor edim, zero hech qachon futbolga qiziqmaganman. G’amgin xo’rsinib, bundan ham voz kechaman. Erim g’oyamning muvaffaqiyatiga uncha ishonmadi. Fikrimcha, u hamli mediaasket-ayollarga to’qnash kelmagan. Kechqurun asablarimni tinchlantirish uchun odatiy dush o’rniga ko’pikli vanna qabul qildim, so’ngra qo’limga kitob oldim. Mutolaa bilan 4 soat uchib o’tdi. Juda yaxshi uxladim.

2- kun. Nafrat

  • Qachondir erta tongda telefonga qo’l uzatishdan to’xtaymanmi yoki bu hayotim oxirigachami? Soat 7:00ni ko’rsatmoqda, ishni odatda soat 10:00da boshlayman. Oradagi bu 3 soatni odatda bola bilan mashg’ulotlarga, cho’milishga, nonushta tayyorlashga sarflardim. Barchasi tezlashtirilgan rejimda. Birinchi yegulik vaqtida esa internetda o’tirib, xatlar, yangiliklarni o’qib, Instagram va Facebook’ni tomosha qilardim.
  • Bugun ish kunimni ertaroq va ijtimoiy tarmoqlarsiz boshladim. Tezda intervyu tuzib, bo’lajak maqolalar uchun miyamda paydo bo’lgan g’oyalarni yozdim, – odatda ularni muharrirlarga elektron shaklda yuborardim, endi esa bloknotda yozdim. Anchadan buyon qo’lda hech narsa yozmagandim. Qo’l tez charchaydi, ammo ruchka va qog’ozning o’zaro aloqasi jonli va haqiqiy narsa. Asosiysi, tarmoq paydo bo’ladigan vaqtgacha g’oyalar eskirib qolmasin.
  • Hozircha sinov ko’proq itimni quvontirmoqda – sayrlarimiz uzoqroq davom etmoqda. O’zimda u bilan birga hiyobonda yugurishga kuch topdim.

Odatiy 20 daqiqa o’rniga bir soatdan buyon aylanayotgan itning ko’zlarida savol o’qilmoqda: “Qachon uyga ketamiz?”

  • Ko’tarinki ruhda qolishga harakat qilaman, ammo gadjetlariga butunlay kirib ketgan odamlarni ko’rib g’ashim keladi. Tushunaman: menga mumkin emasligi sababli. Shahar bo’ylab navigatorsiz harakatlanishga urindim, natijada barcha tirbandliklarda turib, zo’rg’a uyga yetib oldim.

Bu tirbandliklarni qanday aylanib o’tishni bilmasdim, chunki odatda navigator yo’lni ko’rsatardi. Yo’lda uchraydigan belgilarni muntazam kuzatib yurish juda charchatadi.

3-kun. Savdolashish

  • Erta tongdan telefonga qarash odatini “tonggi sahifalar”ga o’zgartirdim. Ushbu mashhur yozuv meditatsiyasini “Musavvir yo’li” kitobining muallifi Juliya Kemeron o’ylab topgan. Buning uchun 3 varaq qog’oz olib, ularga hayolgan kelgan istalgan fikrlarni yozish kerak. Bu matnni qayta o’qish va tahlil qilish shart emas. Bunday amaliyot miyani tozalashga hamda hissiyotlarni chiqarishga, o’zingni yaxshiroq anglashga yordam beradi.

Minnatdorlik, salbiy fikrlar, xotiralar – men nimani va nega yozganimni baribir tushunib yetmadim. “Tonggi sahifalar”ning asosiy qoidasi – tahlil qilmaslik.

  • Oxirgi kuchim bilan chidayman. O’zimni messenjerlarni tekshirib ko’rishga navbatdagi urinishda to’xtataman. Kim, nima yozganini bilish istagi kuchli. Vijdonim bilan savdolasha boshlayman: “Hech kim bilmaydiku”, “Faqat bir daqiqaga qaramay, balki muhim xabar bordir” va “Umuman olganda ish to’xtab qoldi, uyat emasmi, hamkasblaringga yoz”. Bir daqiqalik zaiflik sinovni bekor qilib, o’zimdan norozilikni kuchaytirishini tushunaman.
  • Avvallari bola bilan hiyobonda sayr qilish chog’ida YouTube’da video tomosha qilib, tanishlarim bilan yozishardim. Internetning yo’qligi qiziqishlar bo’yicha sherik topish uchun yaxshi sabab deb o’ylab qoldim va dugonamga uchrashishni taklif qildim. Yaxshi muloqotdan tashqari bolam uchun o’yinchoqlarga ham ega bo’ldim. Baribir “yuzma-yuz” uchrashuvlar juda yoqimli. Ob-havoga mos kelmaydigan kiyinibman. Uydan chiqayotganimda iliq edi, ammo kechga borib yomg’ir yog’a boshladi va kuchli shamol esardi. Buni bilganimda (avvaldan ilovani tekshirsam, bilgan bo’lardim), issiqroq kiyinib, yomg’irpo’sh olardim. Xullas, smartfoningiz 3-kun yoqilmagan bo’lsa, hayot kutilmagan holatlarga juda boy ekan.

4- kun. Tushkunlik

  • Tarmoqdan o’chirilgan bo’lsangiz, bir-ikki daqiqada hal bo’ladigan ishlarga ko’p vaqt sarflanadi. Masalan, men konsertga chiptalar sotib olish uchun teatr kassasiga bordim. Teatr kassasigaya! Bunday ahmoqlikni oxirgi marta qachon  qilgansiz? Odatiy hayotda chiptalar uchun shunchaki bank kartamdan pul to’lab, konsertgach ularni unutgan bo’lardim. Aytgancha, qog’oz chiptani qo’limda ushlamaganimga ham ancha bo’libdi. Balki, hech qachon ushlamagandirman. Chipta olish uchun uzoq bosib o’tilgan yo’ldan so’ng, pochta qutimda kommunal xizmatlar uchun to’lov qog’ozlarini ko’rdim. Ularni to’lash uchun bankka borishim kerakligini tasavvur qilganimda, butunlay tushkunlikka tushdim.

Hamyonimda haftalab naqd pul bo’lmasligi mumkin. Aksariyat mahsulotlar va xizmatlar uchun onlayn to’lov amalga oshiraman.

  • Kundalik hayotim haqidagi hikoyalar bilan Instagram’da o’rtoqlashishni istayman. Bugun kaktusni yangi tuvakka ko’chirdim va kitob bo’yicha taom tayyorladim, ammo hech kim buni bilmaydi. Shunga qaramay, odamlar bilan jonli muloqot qila boshladim. Yangiliklarni ham ulardan bilib olyapman. Shuningdek, televizor tomosha qilaman. Mavzuga doir film duch kelib qoldi: “Faraxli noyabr” meni tarmoqdan tashqaridagi qiyin davrda qo’lladi. Unda bosh qahramon qiz yigitini bir oyga telefonni o’chirib qo’yishga majburlaydi va yigit azoblanadi. Huddi mendek.

5- kun. Qabul qilish

  • Bu kun shiori: “Hayotni o’zgartisang – butunlay o’zgartir!” Shahd bilan shkafimdan hamma kiyimlarimni chiqardim va keraksizlarini ajratdim. Bir necha soat o’tgach og’irgina qop hosil bo’ldi. Internetda o’tirsam, bu ishni qilishga vaqt topishim mushkul bo’lardi.
  • Narsalarni “Rahmat!” hayriya do’koninining kiyim to’plash konteyneriga olib bordim. Tan olaman, bu konteynerni shunchaki tanlamadim. Yaqinda shaharliklardan keraksiz kiyimlarni to’plab, ularni sotishdan tushgan pulni hayriyaga beradigan do’kon haqida maqola yozishni rejalashtirgan edim. Albatta, hamma narsa sotuvga qo’yilmaydi, kiyimlarning bir qismi ehtiyojmandlar kelib, ularni bepul olishi mumkin bo’lgan punktlarga jo’natiladi. Avvallari men loyiha asoschilaridan joylashtirish uchun suratlar so’ragan bo’lardim, bugun esa o’zimni fotomuxbir rolida sinab ko’rdim. Kasbiy o’sishni his qilyapman.

“Rahmat!” hayriya do’konining konteynerlari ana shunday ko’rinishga ega. Ular to’lganidan keyin bo’shatilib, kiyimlar saralash markaziga olib boriladi.

  • Men haqiqatga ko’nikdim va tarmoqdan tashqari ko’plab ishlar topdim. Huddi shu payt, kutilmaganda turmush o’rtog’im “Taxtlar o’yini” serialini faqat birga ko’rishga oid kelishuvimizni buzib, yangi seriyani ko’rmoqchi ekanligini bilib qoldim. Nima emish, sinovim yakunlanishini kutishga boshqa sabri yetmasmish. Tezlikda bolamni buvisiga qoldirib, chalg’imaslik uchun sport zaliga yuguraman. Erim serilni tomosha qilayotgan xonaga kirish eshigini qattiq yopaman. Ostonada poyabzalimni kiyish chog’ida boshlanayotgan seriyaning ovozi tinchlik bermasdi. Mashg’ulotni tugatgach, o’zimdan faxrlanib ketdim.

Mashqlarim natijasida eng katta natijaga erishgan kunim.

6- kun. Qayta tug’ilish

  • Eng qiyini gugldan foydalanmaslik. Kichkina bolam bo’lgani uchun hamma narsa, uning har bir aksirishini ham gugldan qaraman. Yaqinda u navbatdagi emlashga borishi kerak. U haqida batafsilroq bilib olgan ma’qul. Hozir qo’l ostimda internet yo’qligi hamda forumga kirib, axborot to’play olmasligimdan quvondim. Axir aytishadiku, gugldan to’g’ri izlasang, har qanday kasallik o’lim bilan tugaydi. Emlash esa bundan battar.
  • Bugun kechqurun “Miya jangi” – ko’plab jamoalar musobaqalashadigan intellektual o’yin. Ishtirokchilar qaysidir kafeda to’planadi va olib boruvchi savollar beradi. O’ylash uchun bir daqiqa o’tgach, javoblar yozilgan varaqlar hakamlarga topshiriladi. Ko’proq to’g’ri javob bergan jamoa g’olib bo’ladi. Asosiy qoida: telefondan foydalanish mumkin emas. Biz 40ta jamoa orasida 17-o’rinni egallagan bo’lsak-da, juda quvnoq o’tdi! Menga yetishmadimi? Albatta! Bu yerda u barchaga yetishmagani quvonarli.

7-kun. Lahzadan zavq olish

  • Bu dam olish kunlari oilamiz bilan tabiat qo’yniga chiqdik. Sinovning oxirgi kunida turmush o’rtog’im meni qo’llashga qaror qilib, mashinada futbol matchini tomosha qilish o’rniga radio orqali onlayn tinglab ketdi. Barcha axbrot ko’zlar orqali qabul qilinadigan dunyoda hanuz bunday opsiyaning mavjudligi hayratga soladi.
  • Hafta davomida birinchi marta noqulaylikni his qilmadim. Axir tabiatda hamma internetdan dam olib, jonli muloqotdan zavqlanishi kerak. Bu yerda hamma qo’liga telefonni olganida, sening har tomonga qarashingga to’g’ri keladigan noqulay tanaffuslar yo’q. Batamom hotirjamlik.

Yo’lda Leningrad tumanidagi ot sport klubida to’xtatdik. Ot minishga qo’rqaman, ammo suratga tushish mumkinku.

  • O’zimda o’zgarishlarni his qilaman: suratga tushganda ijtimoiy tarmoqlarga eng yaxshisini tanlash uchun ko’p kadrlar olishni so’ramayman. Umuman, fotoshopdan o’tgan baxtli qiyofalarning suratlari ko’z oldimdan yo’qolganidan keyin, hayotim, qomatim hamda bo’yalmagan yuzimning ko’zgudagi aksi o’zimga ko’proq yoqa boshladi. Sinovning oxirgi bir necha soati qoldi va men smartfonimdagi “uyali ma’lumotlarni” yoqishim mumkin bo’ladi. Men buni juda kutdim, ammo hozir biroz g’amginman, chunki endigina odamlar bilan nigohim to’qnashganda tabassum qilishni o’rgandim.

Sinovdan keyingi hayot

Natijada o’zim uchun ko’proq vaqt paydo bo’ldi: sport zaliga 2 marta o’rniga 3 marta bordim, bitta kitob o’qidim, shkafimni tozalab, keraksiz kiyimlarni yo’qotdim, shahardan tashqariga chiqdim, bloknotda 67 sahifani to’ldirdim, odamlar bilan jonli muloqot qila boshladim. Intellektual o’yinni aytmaysizmi, u yerda haqiqiy hissiyotlar jangi bo’ldi. Turmush o’rtog’im xilma-xil taomlardan, itim esa uzoq sayrlardan hursand.

Bu tajriba hayotimga quyidagi o’zgarishlarni olib kirdi:

  • Diqqatimni hozirga qaratishni o’rgandim;
  • Hammaga va birdan javob berish majburiyati yo’qoldi;
  • O’zim va boshqalarning vaqtini qadrlay boshladim;
  • O’z hislarimga quloq solishni va o’z fikrimga ega bo’lishni o’rgandim;
  • Gadjetlar hayotimizni osonlashtiradi, ammo bo’rttirib yubormaslik kerak;
  • Mening holatimda internetsiz hayot bor, lekin ish bo’lmaydi;
  • Reja: haftada 1 martada virtual reallikdan butunlay chiqish.

Bunday tanaffus quvvatni oshirib, yanada ko’prog’iga ulgurish imkonini beradi.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!