•  
  •  
  •  
  •  
  •  

1. Avtomat tarzdagi pul o’tkazmalarini sozlang

Ehtimol, siz oylik maoshingizning bir qismini allaqachon jamg’arma hisobingizga o’tkazayotgandirsiz. Mazkur mablag’ga har hafta ajratiladigan kichik summalarni qo’shing. Bu haftasiga 50 ming so’m yoki siz uchun ajratish qulay bo’lgan boshqa summa bo’lsin. Ular yig’ilib, ko’paya boshlaydi, siz esa kamroq mablag’ bilan yashashni o’rganasiz.

2. Xarid qilish jarayonini qiyinlashtiring

Birdan nimanidir sotib olish istagi hammada yuzaga kelishi mumkin. Xarid qilishdan avval 48 soat kutishga odatlaning. Shu vaqt ichida ko’zlangan buyum sizga haqiqatdan ham kerak yoki kerakmasligini tushunib yetasiz.

Xarid qilish jarayonini yanada qiyinlashtirish uchun bank kartangizga oid ma’lumotlarni onlayn-do’konlarda saqlamang. Natijada, har safar ma’lumotlarni qaytadan kiritishingizga to’g’ri keladi, bu esa o’ylab olish uchun vaqt beradi.

3. Takrorlanuvchi harajatlarni tekshiring

Qaysi harajatlarni muntazam ravishda amalga oshirishingizni amaliyotlar tarixidan ko’ring. To’liq voz kechish mumkin bo’lganlarini yozib chiqing. Agar buning iloji bo’lmasa, ularni nisbatan arzon variantlarga alishtiring.

4. Harajatlaringizni yozib boring

Pullar har kuni qayerga ketayotganini ko’rish keraksiz xaridlarni qisqartirishga yordam beradi. Harajatlarni yozadigan bloknot tuting yoki ilova yuklab oling. Ilova bilan osonroq: u doim qo’l ostida, uni o’z hisob raqamingizga ulash mumkin. Aksariyat ilovalarda harajatlarni aks ettiradigan diagrammalar hamda byudjetni tuzish imkoni mavjud.

5. Harajatlarni do’stlaringiz bilan bo’lishing

Saytlar orqali birgalikda buyurtma qiling. Agar buyurtma ancha qimmat bo’lsa, bepul yetkazib berishga ega bo’lasiz yoki qiymatni birozga kamaytirasiz.

Kafeda taomlar porsiyasi katta bo’lsa, ularni bir necha kishiga bo’ling. Natijada, yeyilmagan ovqatlar qolmaydi va ortiqcha pul to’lashning keragi bo’lmaydi.

6. Nima pishirishni avvaldan rejalashtiring

Ayrimlar mahsulotlarni iste’mol muddati o’tgunicha yeyishga ulgurmaydilar va tashlab yuboradilar. Bunday vaziyatda bir haftalik taomlar rejasi zarur. Bir xil mahsulotlar turli birikmalarda ishlatiladigan retseptlarni tanlang. Shu tariqa mahsulotlarga ketadigan ortiqcha harajatlarni qisqartirasiz.

7. Elektr vositalarni rozetkadan olib qo’ying

Televizorlar, kompyuterlar, qahva qaynatgichlar va boshqa vositalar, hattoki ulardan foydalanilmaganda ham, elektr energiyasini iste’mol qiladi. Albatta, harajat u qadar katta emas, lekin baribir bu ortiqcha harajat. Shu bois ularni rozetkadan olib qo’ying yoki foydalangandan so’ng tarmoq filtrini o’chiring.

8. Mayda pullarni yig’ing

Xarid uchun naqd pul berganda, qaytimning bir qismini doim chetga olib qo’ying. Bu – daromadingizga qarab 200 yoki 500 so’m bo’lishi mumkin. Ularni javonda yoki jamg’arma hisobiga yig’ib boring. Bu qoidaga hech bo’lmaganda yarim yil amal qilsangiz, yaxshigina mablag’ga ega bo’lasiz.