•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Bolalar uchun mo’ljallangan zamonaviy dorilar ko’pincha tabletka shaklida bo’lmaydi: turli xil quyonchalaru ayiqchalarda shamollash va boshqa kasalliklarga qarshi vositalarni tanish qiyin. Biroq, avvallari bolalar uchun mo’ljallangan dorilar kattalarnikidan faqat miqdori bilan ajralib turgan va hech qanday shirin qoplamalar hamda yoqimtoy shakllar bo’lmagan. Lekin buvilarimiz nabiralarini davolashda qo’llagan vositalar tabletkalardan ham qo’rqinchli bo’lgan.

Keling, o’tgan asrning ikkinchi yarmida dunyoga kelgan deyarli har bir bola boshidan o’tkazgan uyda davolashning eng mashhur usullarini eslaymiz.

Kartoshkali ingalyatsiya

Istalgan shamollashda eng qo’rqinchli narsa nima edi? Albatta, kartoshka bilan bog’liq qiynoq: bola stol yoniga o’tirib, po’sti bilan pishirilgan kartoshka (kimdir faqat po’choqlardan foydalangan) solingan kastryulga boshini egiltirgan hamda tikandek botadigan og’ir adyol ustidan yopilgan. Bunda iloji boricha ko’proq nafas olish uchun pastroq egilishga majbur qilganlar. Jarayonga kartoshkadan chiqayotgan bug’ yo’qolgunicha chidash kerak bo’lgan.

Aloe va yorongul (geran)

Uyingizda hech qanday xona guli bo’lmagan taqdirda ham, ikkita tuvak albatta bo’gan: biri – aloe, ikkinchisi – yorongul. Ular deraza tagida chiroy uchun emas, balki kasallik ehtimoli sababli turgan. Aloe yordamida davolash mumkin bo’lgan muammolar doirasi juda keng edi. U barcha narsadan yordam berardi: yaralarni tuzatishdan tortib ko’karishlarni ketkazishgacha. O’ta chiniqqanlar esa aloe barglarini asalga aralashtirib, yo’talganda iste’mol qilganlar yoki tumovni tuzatish uchun burunga suvini tomizganlar.

Bu orada yorongul bilan odatda quloqlarini shamollatib qo’yganlarni qiynaganlar: “iforli” o’simlikning bargini naycha shaklida o’rab, tun davomida turishi uchun quloqqa tiqilgan.

Bankalar

Chamamizda, bankalar eng yoqimli davolash usullaridan biri bo’lgan (albatta kuyib qolish qo’rquvini hisobga olmaganda). Ayniqsa ular orqadan olinganida o’ziga xos tovush chiqargan. Jarayonga tayyorlanish holati esa o’rta asrlar marosimini eslatgan: on yoki buvi pichoqqa bir tutam paxtani o’rab, spirtga botirib yondirgan, so’ngra ushbu jahannam olovini banka ichida o’chirib, darhol bolaning orqasiga qo’ygan. Bankani “shifokor” u yetarlicha terini so’rib olganligiga ishonch hosil qilgunicha ushlash darkor edi. Jarayondan so’ng terida muvofiq to’q rangli doiralarning izi qolgan va shamollash mavsumida bolalarning orqalari shunday surat bilan bezatilgan.

Margansovka

Mustaqillikdan avvalgi har bir xonadondagi dori qutisida “Zvyozdochka” balzami bilan bir qatorda kaliy permanganati to’q-qizil rangdagi zarralari saqlangan. Bu vositani qo’llash sohasi keng ko’lamli bo’lib, u asosan oilaviy “tibbiy kengash” zaharlanishni aniqlagan vaziyatda berilgan: 3 litrli bankadagi suvga “shifokorning” nazarida suyuqlikning rangi yetarlicha to’yingunicha (och pushtidan deyarli qoragacha) astalik bilan zarralar qo’shilgan. So’ngra, bechora bemorga majburlab eritmani ichirganlar. Aytishlaricha, ayrimlar bir litrgacha icha olganlar.

Gorchichniklar (xantalli kompress)

Gorchichniklar bankalar mavzusiga yaqin, ammo biroz yoqimsiz. Ular hozir ham sotiladi, lekin bir qarashda terini ko’chirib yuboradigan avvalgi gorchichniklar bilan taqqoslab bo’lmaydi. Yarim banka achchiq ziravorga yetadigan xantal kukuni yopishtirilgan varaqlar o’pka sohasida ko’krak yoki orqaga yopishtirilgan va terining achishishi to’xtab, rangi lavlagidek qizargunicha ushlaganlar. So’ngra baxtiqaro bemorning terisi nam latta bilan artilib, o’zi adyolga o’rab qo’yilgan.

“Zvyozdochka” balzami

“Zvyozdochka” to’g’risidagi o’ylagan zahoting boshqa hech narsa bilan adashtirib bo’lmaydigan hid burunga uradi. Do’stona davlat hisoblangan Vetnamda tayyorlangan kichkina dumaloq qutidagi bu balzam jarrohlik aralashmasdan davolash mumkin bo’lgan har qanday kasallikka shifo sanalgan. Shuningdek, u temir qutini faqatgina, chamasi, qadimiy vetnam usulidan xabardor odamlar ocha olgani bilan yodda qolgan.

Oyoqlar issiq suvda!

“Yoqimlilik” darajasi bo’yicha taxminan gorchichniklarga taqqoslash mumkin bo’lgan yana bir usul. Issiq, juda issiq suv solingan tog’oraga biroz xantal kukuni (miqdor har oilada har xil bo’lgan) qo’shilib, shamollagan bola unga oyoqlarini tiqib, butunlay adyolga o’ralib o’tirishga majburlangan. Bemor shu holatda suv harorati oyoqlar asta kuyishdan to’xtaydigan darajada sovigunicha o’tirgan. Keyin oyoqlarga issiq jun paypoqlar kiydirilgan va tuzalib qolgan o’quvchi karavotga yotqizilgan.

Bitga qarshi kerosin

Bit nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalari uchun ham haqiqiy falokat edi, chunki ularni yo’qotish oson emasdi. Odatda, kutilmagan mehmonlar yozgi oromgohlardan, tabiiyki, yangi o’quv yili boshlanishi arafasida olib kelingan. Albatta, bitga qarshi vositalar bo’lgan, ammo ko’pchilik nima uchundir ularni kerosin bilan yo’qotishni afzal ko’rgan. Kerosin surtilgan bosh sellofan xaltasi bilan o’ralgan va hasharotlar egasi bir necha soat shu alfozda o’tirgan. Bu – haqiqiy kasalxonaga boshlashi mumkin bo’lgan eng xavfli davolash usullaridan biri edi: kerosin yong’in chiqarishi mumkin va juda zaharli.

Spirtli kompress

Spirt doim xo’jalikda kerak bo’lgan. Shuningdek, u kompresslar uchun ham qo’llanilgan. O’tkir hidli suyuqlikning biroz miqdori paxta bo’lagiga quyilib, shamollagan bolaning tomog’iga yopishtirilgan. Ustidan plyonka yoki, omadi kelmasa, qog’oz parchasi qo’yilgan. Odam va kompressdan iborat qavatli pishiriq ustidan jun ro’mol yoki sharf bilan o’ralgan. Aytish kerakki, spirt bug’lari ta’siri ostida bola juda tez uxlab qolgan.

Yod

Yod – huddi “Zvyozdochka” singari ota-onalarimizning dori qutisidan joy olgan yana bir shifo vositasi. Uning yordamida yaralar kuydirilgan (zamonaviy shifokorlar bunday qilishni qat’iy taqiqlaydilar), pay cho’zilishi, urilishlar va ko’karishlarda yordam beradigan panjaralar chizilgan, yo’talni davolash uchun issiq sutga qo’shilgan. Xullas, har bir oilada yoddan foydalanishning 1001 usuli bo’lgan.

Sizni bolalikda qanday davolaganlar?

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!