•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Qanday og’riqqa e’tibor bermaslik keragu, qaysi holatda tez yordamga qo’ng’iroq qilish zarurligini ko’rib chiqamiz.

Agar og’riq chap biqinda, umurtqalar ostida bo’lsa, ko’proq oshqozon sabab bo’lishi mumkin. Og’riq ham xavfsiz, ham xavfli qator sabablardan darak beradi.

Biroq og’riq mutlaqo boshqa organlarga bog’liq muammolardan ogohlantiradigan holatlar ham mavjud.

Darhol shifokorga murojaat qilinadigan holatlar

Agar oshqozon sohasida kuchli og’riq kuzatilib, quyidagi alomatlar mavjud bo’lsa, tez yordamni chaqiring:

  • o’zingizni noxush his qilasiz, ko’krak sohasi siqiladi;
  • taxminingizcha, og’riq yaqinda qoringa tekkan zarba bilan bog’liq;
  • haroratingiz 38 °Sdan balandroq;
  • muntazam qayt qilish yoki qon qayt qilish kuzatilmoqda;
  • tana terisi sariq rangga kirgan;
  • nafas olishga qiynalasiz;
  • homiladorsiz.

Quyidagi holatlarda tez yordamning keragi yo’q, ammo iloji boricha tezroq terapevt qabuliga kirishga harakat qiling:

  • og’riq kuchli emas, ammo 2-3 soat va uzoqroq davom etmoqda;
  • qorin qo’l tekkizishga ta’sirchan;
  • og’riqdan tashqari odatdagidan ko’proq hojatxonaga qatnayapsiz yoki peshod chiqqanida og’riq kuchaymoqda.

Agar havotirli alomatlar bo’lmasa, hotirjam torting.

Oshqozon sohasidagi aksariyat og’riqlar xavfli emas va sizda ham aynan shunday holat yuz bergan bo’ladi.

Shunga qaramay, xavfli “qo’ng’iroqlarni” ztkazib yubormaslik uchun qorinning ustki chap qismidagi noqulaylikning sababini tushunish zarur.

Oshqozon nega og’riydi

Quyida bir nechta eng ko’p tarqalgan sabablar bilan tanishing.

1. Ko’p havo yutib yuborgansiz

Bunday holat ko’pincha, masalan, saqich chaynash muxlislari bilan yuz beradi. Oshqozondagi ortiqcha havo uning mushaklarini og’ritishi mumkin.

Nima qilish kerak

Kutish. Odatda, oshqozon spazmi og’riqlari kuchsiz va tez o’tib ketadigan bo’ladi. Agar bu holat muntazam ravishda takrorlansa, terapevt yoki gastroenterologga murojaat qiling. Shifokor havo nima sababdan oshqozonga tushayotganini aniqlab, qanday chora ko’rishni aytadi. Masalan, saqichdan voz kechishni, taomnomani o’zgartirishni yoki gazlar miqdorini kamaytiruvchi dori ichishni taklif qiladi.

2. Oshqozon (ichak) grippi

Bu oshqozondagi yallig’lanish jarayoni, ya’ni gastroenteritning xalq orasidagi nomlanishi. Odatda, uni virus infeksiyalari qo’zg’atadi. Oshqozon grippi qorindagi noqulaylikdan tashqari, diareya, qayt qilish va harorat ko’tarilishi (ba’zan biroz) bilan birga kechadi.

Nima qilish kerak

Agar oshqozon grippiga virus sabab bo’lsa, u faqat simptomatik usulda davolanadi: suvsizlanishga yo’l qo’ymay, qayt qilishga qarshi dori tayinlanadi. Biroq faqatgina shifokor virusli gastroenterit tashxisini qo’yishi va davoni tayinlashi mumkin. Hech qachon mustaqil davolanmang: xatoga yo’l qo’yib, ahvolingizni yomonlashtirishingiz mumkin.

3. Yoqmaydigan nimadir yegansiz

Virusli gastroenteritdan tashqari bakterial turi ham tarqalgan. Bu holatda oshqozonga ovqat bilan birga tushgan bakteriyalar, masalan salmonella yallig’lanish jarayonini yuzaga keltiradi.

Gastroenterit kelib chiqishiga boshqa sabablar ham mavjud:

  • parazit-mikroorganizmlarga to’la iflos suv havzasidan ichish;
  • tarkibida margimush, kadmiy, qo’rg’oshin, simob kabi og’ir metallar bo’lgan nimanidir yeyish yoki ichish;
  • nordom mahsulotlar – sitrus yoki pomidorlarni ko’p iste’mol qilish;
  • ayrim dorilar – ma’lum turdagi antibiotiklar, antatsidlar, qabziyatga qarshi, kimyoviy davolash vositalarini qabul qilish.

Nima qilish kerak

Yana takrorlaymiz: gastroenterit alomatlari kuzatilgan taqdirda darhol terapevtga murojaat qiling. Kasallikning bakterial shakli antibiotiklar bilan davolanadi. Boshqa turlari shaxsiy davolash strategiyalarini talab qiladi. Faqatgina malakali shifokor aniq tashxis qo’yishi hamda samarali davolashni tayinlashi mumkin.

4. Me’daning sustligi (dispepsiya)

Ovqatlanishdan so’ng oshqozonda hosil bo’ladigan noqulaylik, ortiqcha yeganlik hissi dispepsiya deb nomlanadi. Bu muammo keng tarqalgan bo’lib, uning sabablarini darhol aniqlash qiyin kechadi. Ular esa turlicha bo’lishi mumkin:

  • ortiqcha yeyish;
  • yaxshi chaynalmagan ovqat;
  • ortiqcha alkogol iste’moli;
  • surunkali qabziyat;
  • chekish;
  • stress, charchoq;
  • doirilar qabul qilish – mashhur aspirin va ayrim boshqa og’riq qoldiruvchilar, homiladorlikka qarshi vositalar, ayrim antibiotik turlari, steroidlar, qalqonsimon bezni davolovchi dorilar;
  • yallig’langan ichak sindromi deb nomlanuvchi kasallik;
  • qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi;
  • diabet;
  • oshqozon saratoni.

Nima qilish kerak

Ko’rib turganingizdek, oshqozon sustligida xavfli sabablar bo’lishi mumkin, shu bois uni e’tiborsiz qoldirmaslik zarur. Agar dispepsiya muntazam ravishda takrorlansa, albatta gastroenterolog bilan maslahatlashing.

5. Me’da qaynashi

Shuningdek, bu holat gastroezofagel reflyuks deb ham yuritiladi. Bunda oshqozon ichidagi massa nordon oshqozon suvi bilan birga qizilo’ngachga tushadi. Odam oshqozon sohasidagi noqulaylik hissidan tashqari, ko’kragining o’rtasida achishishni sezadi.

Ko’pincha me’da qaynashi taomnomaga bog’liq bo’ladi: masalan, qahva, gazli ichimliklar, yog’li va achchiq taom iste’molidan so’ng paydo bo’ladi. Lekin, ba’zida me’da qaynashi oshqozon yoki qizilo’ngach yarasi, saraton va hattoki infarkt kabi jiddiy kasalliklarning dastlabki alomati bo’ladi.

Nima qilish kerak

Agar me’da qaynashi bir martalik holat bo’lsa, havotir olish shart emas. Biroq u takrorlanaversa, shuningdek ko’ngil aynishi, ishtaha yo’qolishi, qiyin yutish kabi boshqa alomatlar bilan birga kechsa, gastroenterolog qabuliga borish shart.

6. Gastrit yoki oshqozon yarasi

Gastrit, bu – oshqozon shilliq qavatining yallig’lanishi. Bu kasallikning boshlang’ich davrida me’da sustligi, me’da qaynashi yoki oshqozon grippining alomatlari kuzatiladi, shuning uchun gastritni faqat shifokor aniqlab tashxis qo’yishi mumkin. Shilliq qavat kuchli shikastlangan yoki gastrit oshqozon yarasiga aylangan taqdirdagina sezilarli og’riq paydo bo’ladi.

Nima qilish kerak

Gastroenterolog huzuriga borish. Shifokor to’g’ri tashxis qo’yish uchun tahlil topshirishga yuboradi va samarali davolashni tayinlaydi. Bunday vaziyatda davolanishni ortga surish kerak emas, chunki oshqozon saratoni rivojlanishi havfi mavjud.

7. Oshqozon saratoni

Ushbu o’ta xavfli kasallikni boshlang’ich davrda aniqlash juda qiyin. Saraton ham huddi gastrit kabi quyidagi oddiy alomatlar ortiga yashirinadi:

  • takroriy va uzoq muddatli me’da qaynashi;
  • ovqatlangan so’ng huddi dispepsiyada bo’lganidek me’da to’laligi hissi;
  • ko’ngil aynishi, yengil so’lak ajralishi;
  • ishtahaning yo’qolishi.

Nima qilish kerak

Muntazam alomatlarni e’tiborsiz qoldirish kerak emasligini tushunish. Agar oshqozon sohasida noqulaylik hissi va og’riqlar bo’lsa (jiddiy bo’lib ko’rinmasa-da), albatta shifokorga murojaat qiling.

8. Boshqa organlar bilan bog’liq muammolar bor

Chap tomondagi umurtqalar ostida faqat oshqozon joylashmagan. Xususan, oshqozon osti bezi, safro yo’llari, qorataloq, jigarning chap qismi og’rishi mumkin…

Bundan tashqari, qorin ichidagi organlar o’zaro yaqin bog’langan bo’lib, bir organdagi og’riq ikkinchisida aks etishi mumkin. Shu bois, chap biqindagi kuchli o’tkir, sanchiqli og’riqlar quyidagilarni anglatishi mumkin:

  • appenditsit;
  • pankreatit (oshqozon osti bezining yallig’lanishi);
  • xoletsistit (o’t pufagining yallig’lanishi);
  • xolangit (jigardagi safro yo’llarining yallig’lanishi);
  • sistit (peshob qopchasining yallig’lanishi);
  • o’n ikki barmoqli ichak yarasi;
  • buyrak toshi kasalligi;
  • kolit va yo’g’on ichakning boshqa patologiyalari …

Nima qilish kerak

Chidab yurmang. Oshqozon sohasidagi har qanday o’tkir og’riqlar, ayniqsa ular takrorlanayotgan yoki bir paydo bo’lib, bir yo’qolib, ikki soatdan ko’proq davom etayotgan bo’lsa, iloji boricha tezroq shifokor qabuliga borish kerakligini anglatadi. Bu tashrif hayotingizni qutqarib qolishi mumkin. Tavakkal qilmang.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!