•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Parashyut sporti – eng zavqli sport turlaridan biridir. Havoda parvoz qilib, parashyutni boshqarganda olinadigan hayajon va adrenalin hissini hech narsa bilan taqqoslab bo’lmaydi. Biroq parashyut sportiga doir ko’p sonli uydirmalar va yanglishliklar millionlab odamlarni ushbu hayajonli davrni boshidan o’tkazish imkonidan to’xtatib qoladi. So’nggi o’n yilliklar statistikasiga ko’ra, mazkur sport turi o’ta xavfsizdir. Lekin u bilan muntazam shug’ullanish uchun uzoq vaqt o’qishingiz, shuningdek maxsus litsenziya olishingizga to’g’ri keladi. Agar hech qachon parashyut bilan sakramagan bo’lsangiz, hayotingizda bir marta bo’lsa ham buni amalga oshirishni tavsiya qilamiz.

1. Parashyutni ochish halqasi

Uydirma: Skaydayverlar parashyutni ochish uchun halqani tortadilar.

Aslida, ochish halqasiga ega parashyutlar so’nggi marta 80-yillarda ishlab chiqarilgan. Zamonaviy sportchilar esa yangi “halqa” (xavfsizlik kamari, konteyner va parashyut gumbazidan takil topgan aqlli ixtiro), ya’ni asosiy parashyutga biriktirilgan tortuvchi parashyutdan foydalanadilar. Tortuvchi parashyut havo bilan to’lganidan so’ng boshingiz uzra ochiladigan asosiy parashyutni tortib chiqaradi. Ishonch bilan aytish mumkinki, parashyut bilan sakramoqchi bo’lsangiz, nimanidir tortishga to’g’ri kelmaydi.

2. Erkin parvoz vaqtida gaplashish

Uydirma: Erkin parvoz vaqtida baqirishingiz va bir-biringiz bilan gaplashishingiz mumkin.

Shubhasiz, erkin parvoz vaqtida boshqa parashyutchini eshita olmaysiz. Albatta, u bevosita qulog’ingizga baqirsa, ehtimol nimanidir tushunarsiz, ammo suhbat qura olmasligingiz aniq. Quloqlar yonidan soatiga 160 kilometr tezlikda esib o’tadigan shamol sizni deyarli kar qilib qo’yadi. Bundan tashqari, erkin parvoz vaqtida mushtlashish ham juda mushkul.

3. Parashyutni chiqarish

Uydirma: Parashyut ochilganida sizni orqaga tortib ketadi.

Bu eng keng tarqalgan xato fikrlardan biri. Parashyutchining qo’lidan kelmaydigan yagona narsa, bu – qaytish. Parashyut ochilayotganida siz ko’radigan holat optik yolg’ondir. Chunki, parashyutchi sekinlashayotgan bir paytda, uni suratga olayotgan videooperator pastga tushishda davom etadi.

4. Behush holda pastga qulash

Uydirma: Erkin parvoz vaqtida hushdan ketsangiz – halok bo’lasiz.

Aslida zamonaviy parashyut sportida avtomat ravishda parashyutni ochadigan maxsus moslama mavjud. Biroq tajribali sportchilar texnik nosozliklardan qo’rqib, undan foydalanishdan bosh tortadilar. Agar yerga qo’nish chog’ida hushingizni yo’qotsangiz, qo’nish qattiq bo’lishi tabiiy va siz jarohat olishingiz, hattoki halok bo’lishingiz ham mumkin, ammo bunday ehtimol juda kam.

5. Pastga uchish tezligi

Uydirma: Hamma bir xil tezlikda pastga uchadi.

Ko’pchilik pastga uchish tezligi odamning vazniga (odam qanchalik og’ir bo’lsa, uning uchish tezligi shuncha ko’proq) bog’liq deb o’ylaydi. Bu noto’g’ri. Tezlikka ko’proq tananing holati va kiyim (katta kiyim – sekinlashtiradi, yopishib turadigani esa – tezlashtiradi) ta’sir qiladi. Ma’lumki, pastga uchishning o’rtacha tezligi soatiga taxminan 200 kilometrni tashkil qiladi. Biroq ayrim ilg’or skaydayverlar “boshni pastga qaratib” yoki “sit-flay” holatida sakrab, tezlikni soatiga 300 kilometrgacha yetkazishga erishadilar! Hamma gap aerodinamikada. Shubhasiz, “ark” (tezlashish uchun) yoki “qadah” (sekinlashib, boshqa parashyutchilar guruhiga qo’shilish uchun) kabi usullarni o’zlashtirish uchun ko’p mashq qilish kerak.

6. Parashyutni yig’ish

Uydirma: Parashyutchi doim o’z parashyutini o’zi yig’adi.

Yaxshi parashyutchi o’z parashyutini yig’ishni o’rganadi va buni butun karerasi davomida bajaradi. Biroq har bir odam o’z parashyutini yig’ishi zarurligi to’g’risida hech qanday qonun mavjud emas. Qo’nish hududida bo’ladigan va parashyutingizni yig’ib beradigan maxsus odamlar bor. Bunday xizmatning narxi 5-7 AQSH dollariga teng. Shunga qaramay, aksariyat parashyutchilar baribir uni o’zlari istagandek yig’ishni ma’qul ko’radilar. Shuningdek, hayotingizni begona odamga ishonib topshira olasizmi? Agar yig’uvchining xizmatlaridan foydalanishga qaror qilsangiz, unga albatta yaxshi choychaqa qoldiring. Shunchaki, har ehtimolga qarshi.

7. Parashyutning ochilish balandligi

Uydirma: Parashyutni istalgan balandlikda ochishingiz mumkin.

Parashyut skaydayver tanasini to’g’ri holatda rostlab, uni to’liq nazorat qila boshlaganidan so’ng ochilishi kerak. Uni juda pastda ochish mumkin emas, chunki uning to’liq yoyilishiga ketadigan vaqtni hisobga olishingiz kerak. Parashyut ochilishi kerak bo’lgan minimal balandlik 700 metrni tashkil qiladi (litsenziyasi bor parashyuchilar uchun). Aytishlaricha, Ikkinchi jahon urushi paytida askarlar parashyutni 70 metr balandlikda ochganlar. Ularning aksariyati bunday tajribalar tufayli halok bo’lganiga qaramay, ko’plab zamonaviy parashyutchilar buni sinab ko’rish haqida fikr yuritadilar. Taqdir hamda irodangiz bilan o’ynashmang, evaziga hayotingizdan ayrilishingiz mumkin.

8. Kislorodli niqob

Uydirma: Katta balandlikda albatta kislorodli niqobini taqishingiz kerak.

Faqat samolyotda. Gipoksiya 5 kilometr balandlikda boshlanishi mumkin, shu bois samolyotlarda doim kislorodli niqoblar bo’lishi shart. Parashyut bilan odatda 3 000-4 000 metr balandlikdan sakraladi. Biroq 7 000 metrdan amalga oshirilgan “ekstra-baland” sakrashlar ham bo’lgan. Buning uchun, albatta, “ekstra-mablag’” kerak bo’ladi. Ayrim samolyotlarda niqoblar takliq etiladi, ammo bu shunchaki shiftdan osilib turgan naycha bo’lib, sakrashgacha undan kislorod bilan nafas olishingiz mumkin. Sakragan zahotingiz bunday balandlikda atigi bir necha soniya bo’lasiz, shuning uchun kislorodli niqobning keragi yo’q.

9. Balandlik xavfi

Uydirma: Balandlik qancha katta bo’lsa, sakrash shuncha xavfli.

Bari mutlaqo aksincha. Parashyutchilar imkon qadar katta balandlikdan sakrashni xohlaydilar. Bu erkin parvozdan zavq olish uchun ko’proq vaqt berishi bilan birga, yuzaga kelgan muammolarni (agar bo’lsa) tuzatish imkonini yaratadi. Yakuniy tezlikka erishish uchun taxminan 500 metr kerak bo’ladi (soatiga 190 kilometr tezlik). Parashyut ochilishi uchun sarflanadigan 200-300 metr hisobga olinsa, 900 metrdan past balandlikdan sakrash – ahmoqlikdir.

10. Muvozanatli tezlik

Uydirma: Inson oxirgi tezlik ta’sirini yengib o’tishi mumkin.

Bunday voqealar hammamizga tanish: “Bir kishi 5 000 kilometr balandlikdan sakragan,parashyuti ochilmagan va u loy dalaga qo’nib, atigi oyog’ini sindirib olgan yoki nogironlar aravachasiga o’tirgan, ammo tirik qolgan!” Bunday voqelar tagida doim qandaydir nomutanosiblik bo’ladi. Ko’pincha ular shunchaki o’ylab topilgan yoki ayrim jihatlari yashirilgan. Ehtimol, uning bitta yoki ikkala parashyuti (juda kamyob holat) ochilmagandir, lekin yarmiga ochilgan parashyut ham qulashni ancha sekinlashtiradi. Soatiga 70 kilometr tezlikda yumshoq yuzaga yoki daraxtlar ustiga qo’nganda haqiqatdan ham tirik qolish mumkin.