•  
  •  
  •  
  •  
  •  

LifeHaq.uz oq sochlar nega paydo bo’ladi, nima uchun kimnidir sochlari erta, boshqalarniki esa kechroq oqaradi hamda bu jarayonni kechiktirish yoki to’xtatish mumkinmi, degan savollarga izoh beradi.

Nima uchun sochlarimiz oqaradi

Umumiy ma’noda gapiradigan bo’lsak, soch rangi uchun melanotsit deb nomlanuvchi maxsus hujayralarda ishlab chiqariladigan melanin pigmenti mas’uldir. Pigment ishlab chiqarilishi to’xtaganida oq sochlar paydo bo’ladi. Bu jarayonga bir nechta omil ta’sir ko’rsatishi mumkin.

1. Keksalik

Yosh o’tishi bilan melanin ishlab chiqarilishi tabiiy ravishda kamayadi. Xususan, 50/50/50 tamoyil mavjud: 50 yoshga borib 50% aholining 50% sochi oqaradi. Bir necha yil avval olimlar bu qoidani tekshirib ko’rdilar va yanada aniq raqamlarga ega bo’ldilar: 45 yoshdan 65 yoshgacha bo’lgan 74% odamlar o’rtacha 27% oq sochga ega bo’ladi.

Odatda birinchi oq sochlar 30 yoshlar atrofida yoki kechroq paydo bo’ladi. Agar pigmentatsiya ertaroq yo’qolsa, buni vaqtidan avval soch oqarishi deyishadi.

2. Irsiy omillar

Oq sochlarning paydo bo’lish vaqti va uning tarqalish tezligi irsiyatga bog’liq. Buni hatto fan ham tasdiqlaydi. Demak, ota-onangizning sochlari erta oqargan bo’lsa, sizni ham shu holat kutayotgan bo’lishi ehtimolga yaqin.

Shuningdek, irqiy mansublik ham ahamiyat kasb etadi. Jumladan, yevropaliklarning sochlari osiyoliklar va afrikaliklarnikiga nisbatan ertaroq oqarishi isbotlangan.

3. Kasalliklar

Oq sochlar qalqonsimon bez bilan bog’liq muammolar, ayrim autoimmun kasalliklar yoki progeriya tufayli paydo bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, ba’zida kimyoviy davolanish yoki ayrim dorilar qabuli ham ta’sir ko’rsatadi.

4. Chekish

Ushbu zararli odat ham terining holati, ham sochlar rangiga salbiy ta’sir qiladi. 2013 yilda chop etilgan tadqiqotga ko’ra, chekuvchilarning sochlari chekmaydigan odamlarnikiga nisbatan 2,5 martaga ko’proq vaqtidan avval oqarishga moyildir.

5. B12 vitamini tanqisligi

В12 vitamini tanqisligi nafaqat sochlarning erta oqarishiga, balki ularning to’kilishiga ham olib keladi. Quvonarlisi, bu holatda pigment yo’qolishini tiklash mumkin.

6. Ehtimol stress

Odamlar orasida sochlarning asabiy zo’riqish sababli oqarishi haqida fikr mavjud. Bir tadqiqot bu aloqani tasdiqladi, ammo fan hali bunga shubha bilan qaraydi.

Nima bo’lganda ham stress organizmga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun kamroq asabiylashing.

Soch oqarishiga qarshi kurashish

Yosh yoki irsiyat tufayli pigment yo’qolishining oldini oluvchi choralar mavjud emas. Shu bois maslahat ham ma’lum: oq sochlar yo’qolishini istaysizmi – ularni bo’yang.

Uzoq muddatli bo’lmagan yechimlar ham bor:

  1. Oqargan joylarni soch uchun mo’ljallangan tush bilan bo’yash. U alohida tolalarni niqoblashga yaxshi mos keladi va suv bilan yuviladi.
  1. Oqargan ildizlarni niqoblash uchun mo’ljallangan vositalardan foydalanish. Ular sprey yoki pudra shaklida chiqariladi va shampun bilan yuvilmagunicha saqlanib turadi.
  1. Rang beruvchi shampundan foydalanish. U avvalgi vositalar kabi tez yuvilib ketmaydi va bir necha kungacha saqlanib turishi mumkin.

Aytgancha, ko’p tarqalgan fikrdan farqli o’laroq oq sochlarni yulish mumkin: bunday oq sochlar ko’maymaydi – shunchaki yulingan joydan yangi oq soch o’sib chiqadi.

Biroq, bunday keskin usul soch folikulalariga zarar yetkazadi, shu bois nisbatan shafqatli choralarni qo’llagan ma’qul.

Agar oqarish yosh va irsiyatga bog’liq bo’lmasa, uni kechiktirish mumkin. Buning uchun:

  1. Chekishni tashlang (yoki umuman boshlamang).
  1. Hayvon mahsulotlari, ayniqsa jigarni iste’mol qiling: ularning tarkibida V12 vitamini bo’ladi. Maxsus vitaminli qo’shimchalarni faqat shifokor maslahati bilan ichganingiz ma’qul.
  1. Shuningdek, salomatligingizni ham tekshirib turing: balki erta soch oqarishini ham, unga sabab bo’lgan kasalni ham oldini olish mumkin bo’lar.
  1. Stressga qarshi kurashishni o’rganing. Avval aytilganidek, bu bilan sochlar oqarishi to’xtab qoladi degani emas, ammo hech bo’lmaganda bundan kamroq asabiylashasiz.

Va oxirida yaxshi yangilik

Yaqinda Texas Universiteti Janubiy-G’arbiy tibbiyot markazining olimlari qiziq narsani aniqladilar. Ularning ma’lumotlariga ko’ra, sochlar rangi va sochlarning o’zini yo’qotish hujayralarda SCF va KROX20 oqsillarining mavjudligi bilan bog’liq bo’lishi mumkin.

Hozircha sinovlar faqat sichqonlarda o’tkazilgan. Biroq, mualliflar ana shu ishlari tufayli kelajakda soch oqarishi va to’kilishiga qarshi dori paydo bo’lishiga ishonch bildirmoqdalar. Bizga esa o’sha kelajak juda uzoqda emasligiga umid qilish qolmoqda xolos.

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!