•  
  •  
  •  
  •  
  •  

Bizda mototsikl ikki g’ildirakli “ko’ngil uchun” do’stning rolini o’ynaydi. Hindiston, Vetnam, Xitoy kabi davlatlarda mototsikldan butun oila a’zolari, mebel va uy hayvonlari tashiladigan vosita sifatida zarurat yuzasidan foydalansalar, bizda u aynan zavq olish uchun xarid qilinadi. Mototsiklni tanlash mezonlari hammada turlicha – ishga tirbandliksiz tezroq yetib olish, qizlarni ko’nglini ovlash, sayohatlar uchun, qatnovsiz yo’lda loylarni sachratish, tungi shahar bo’ylab “uchish” va h.k.

Birinchi mototsikl tanlovi

Agar mototsikl haydashni endi boshlayotgan bo’lsangiz, birdan katta kubaturani tanlashni maslahat qilmaymiz. Birinchi mototsikl tanloviga xavfsizlik nuqtai nazaridan yondashish zarur. Mototsiklni haydash tamoyillarini anglash, yo’l-harakat qoidalarini yaxshi bilish, shuningdek umumiy foydalanish yo’llarida mototsikl haydash bilan mashinada yurish o’rtasidagi farqni tushunish shart.

Farq esa bor! Avtomobil – katta hajmli transport. U yo’lda yaxshi ko’rinadi (shunga qaramay doim YTHlar bo’ladi). Mototsikl esa doim ko’rinmas bo’lib qoladi. Hattoki yorqin jihozlar ham yordam bermaydi. Yangi mototsikl haydovchisi bunga o’z tajribasida ishonch hosil qilishi kerak. Shuningdek, yo’ldagi vaziyatni “bir necha qadam” oldindan bilishni o’rganishga to’g’ri keladi.

Barcha mototsiklchilarga ma’lumki, katta kubatura va portlovchi xarakter haydovchini qoidalarni buzishga undaydi. Tajribali haydovchi buning uddasidan chiqadi, ammo yangi haydovchi hozircha bu qadar tez harakatlana olmaydi. Uning reflekslari o’rganmagan, ko’nikmalari hali oz. Ammo manmalik – ortiqchasi bilan mavjud! Shuning uchun birinchi mototsikl sifatida 125 kubli texnikani tanlashni tavsiya qilamiz. Quyida uning afzalliklari bilan tanishing:

  • Bu mototsikllar, jumladan ham yangilari, ham ishlatilganlari nisbatan arzonroq;
  • Ularga xizmat ko’rsatish ham ancha arzon;
  • Juda kam yoqilg’i “yeydi”;
  • Kerakli ehtiyot qismlarini hattoki eng chekka joydan ham topish mumkin;
  • Mototsiklni haydash borasida kerakli ko’nikmalarni o’zlashtirish uchun bir-ikki mavsum yetarli bo’ladi;
  • Agar avval haydalgan yapon mototsiklini, masalan afsonaviy Yamaha YBR 125 sotib olsangiz, uni aynan shu narxda yana sotishingiz mumkin.

Bo’yga qarab mototsikl tanlash

Bo’y – mototsikl tanloviga bevosita ta’sir ko’rsatuvchi muhim omil. O’rindiq bo’yicha balandlik mototsikl turagi qarab har xil bo’ladi. Xususan, qatnovsiz yo’lga mo’ljallangan kross va enduro mototsikllari baland klirens va ilgakning katta siljishi bilan ajralib turadilar. Ularning o’rindig’i juda baland, ammo mazkur sportda barchasi oqlangan: haydovchi deyarli har doim mototsikl ustida turadi, oyog’i bilan esa uni faqat keskin burilishlarda “tutadi”. Shu bilan birga, bunday baland mototsikl shahar bo’ylab yurishga to’g’ri kelmaydi. Ko’p sonli svetoforlar, piyodalar yo’laklari, chorrahalar haydovchini doim to’xtashga majbur qiladi.

Haydovchi ikkala oyog’i bilan yerga mahkam tiralib turgani ma’qul. Bu – biron holat yuz bergan taqdirda ag’darilayotgan mototsiklni oyog’i bilan itarilib tutib qolish imkonini beradigan eng xavfsiz variant. Yo’ldagi notekisliklar, tasodifiy chuqur, pastlik, qum – bularning bari mototsiklni soatiga 0 kilometr tezlikda mahkam tutib qolishni talab qiladi. Albatta, har qanday mototsiklni haydash mumkin. Ko’pchilik haydovchilar asfaltga bir oyog’ining uchi bilan tegib turadilar. Lekin bu variant xavfsiz emas.

Mototsiklni qattiq ushlab turish imkoniyati bo’lmagan holda, yana bir yo’lovchini mindirish esa mutlaqo mas’uliyatsizlikdir.

Shuning uchun mototsiklni tanlaganda uni albatta “o’lchab ko’rish” kerak. Yoki http://cycle-ergo.com saytida mototsiklning rusumini tanlab, bo’yingizni ko’rsatgan holda virtual amalga oshirish mumkin.

Shahar uchun mototsikl tanlaymiz

Shaharlik mototsiklni tanlash ancha oddiy. Street yoki Classic kabi modellar juda ko’p. Ularni rusumidan qat’iy nazar, bir nechta xususiyatiga qarab tanish oson:

  • Ma’lum miqdordagi plastik;
  • O’rindiq bo’yicha o’rtacha yoki hattoki past balandlik;
  • Tekis, deyarli to’g’ri o’tirish;
  • “Yo’l” rezinasi;
  • Ajoyib boshqaruv, manevr bajarish.

Ular turli kubatura va quvvatga ega bo’ladilar. Xususan, Yamaha YBR 125 yoki Suzuki Bandit 250 kabi kam kubaturalilari, shuningdek Honda CB 400 SF yoki Kawasaki W650 retro-mototsikli singari o’nlab yilliklar davomida sinovdan o’tgan kuchliroqlari mavjud.

Aslida, shaharda yurish uchun boshqa toifadagi mototsikllar ham to’g’ri kelishi mumkin. Lekin Yamaha YZF R1 yoki Honda CBR 600 RR sport mototsikllarida shahar ko’chalari bo’ylab kezish o’ta noqulay. “Yotgan” holdagi o’tirish, motorning portlovchi ishlashi, uni “aylantirish” zarurati chorrahallar, svetoforlar va faol yo’l qatnoviga ega ko’chalarni emas, poyga trekini talab qiladi.

Sayohatlar uchun mototsikl tanlash

Sayohatga otlangan har bir odam ertami yoki kech sayohlik mototsikli tanloviga to’qnash keladi. Uzoq masofaga yuradigan mototsikl quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:

  • Orqani to’g’ri tutadigan qulay o’tirish joyiga ega bo’lishi;
  • Qishloq yo’llaridan o’tish uchun yumshoq ilgak, me’yoriy balandlikdagi klirensga ega bo’lishi;
  • Shamoldan yaxshi himoyalangan bo’lishi;
  • Turli kofralar, xaltalar, bagajniklar osilgan bo’lishi (buni mustaqil ravishda ham bajarish mumkin);
  • Yoqilg’i bakining hajmi, benzin sarflanishi mototsiklda iloji boricha ko’proq (bir AYOQShdan ikkinchisigacha 300-500 km) yurish imkonini berishi zarur;
  • ABS – mukammal. Bu xavfsizlikni oshiradi. Trassada uzoq yo’l bosish esa oxir-oqibat haydovchining reaksiyasi va reflekslarini yo’qotadi;
  • Mototsikl og’irligi va hajmining nisbati yiqilgan taqdirda haydovchi uni boshqalarning yordamisiz ko’tara oladigan holatga mos bo’lishi kerak.

Kardan kerakmi yoki yo’q – sayohlik mototsikllariga oid doimiy savol. Kardanning mavjudligi ortiqcha tashvishlarsiz o’n minglab kilometrlarni bosib o’tish imkonini beradi. Bu orada har 500-600 kilometrda, shuningdek har bir yomg’ir yoki yuvishdan keyinzanjirni tekshirtirish zarur. Resurslarini to’liq ishlatib bo’lgan kardanni butunlay o’zgartirishga to’g’ri keladi. Bu esa hamyonga ancha og’irlik qiladi. Bu orada yulduzli zanjir arzon turadi va ularni dalada “tizza ustida” ham alishtirish mumkin. Bu vaziyatda hamma o’zi tanlov qiladi.

Aytish kerakki, BMW R1200GS, BMW R1200RT, Triumph Trophy 1200, Kawasaki Vulcan 1700 Voyager, Honda Gold Wing, shuningdek Xonda va Yamaxaning ayrim boshqa mototsikllari klassik “sayyohlar” hisoblanadi. Bundan tashqari, oyoqlarni uzatib, uzoq yo’lda dam olish imkonini beradigan kruiz mototsikllari ham sayohatchi sifatida yaxshi o’rnak ko’rsatganlar.

Mototsiklni tanlaganda uzoq masofalar uchun eng yaxshi mototsikl, bu – o’zingizda bori ekanligini unutmang. Yillar davomida orzudagi texnikaga pul yig’ib, umuman hech qayerga bormagandan ko’ra, kam kubaturali yoki yo’l mototsiklida sayohatga borgan ma’qul.

Hujjatlarsiz mototsikl olsa bo’ladimi?

Hujjarlarsiz mototsiklni tanlamaslikni qat’iy tavsiya qilamiz. Bu tanlov ko’plab noqulayliklarga sabab bo’lishi mumkin:

  • Mototsikl o’g’irlangan bo’lishi mumkin va sizni ishtirokchi deb o’ylaydilar;
  • Mototsilni doim o’g’irlab ketishlari mumkin, siz hech qachon huquni himoya qiluvchi organlarga murojaat qilib, qidiruvga bera olmaysiz va bu mototsikl sizniki ekanligini isbotlay olmaysiz;
  • Yo’l harakati xavfsizligi inspeksiyasi doim hujjatsiz mototsikllarga qiziqadi. Siz tinchgina yig’ilishga borish, sayohatga ketish, mavsumning ochilishi va yopilishida kolonnada yurish imkonidan chetda qolasiz. Doim qonun oldida qo’rquv bo’ladi;
  • Agar yo’l-harakati hodisasi yuz bersa, qanday tezlikda yurganingiz va kim o’tkazib yuborishi kerak bo’lganidan qat’iy nazar, doim aybdor bo’lasiz. Siz shunchaki ro’yxatdan o’tmagan transportda umumiy foydalanish yo’lida bo’lmasligingiz kerak edi.
  • Mototsiklni ro’yxatdan o’tkazish – oddiy tartib-taomil bo’lib, ko’p vaqt olmaydi. Asosiysi, avvaldan “toza” mototsiklni sotib olish, uni rama raqami bo’yicha tekshirish, ma’lumotnoma-hisobni olish yoki oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishdir. So’ngra xotirjam bo’lish ham mumkin. Shuningdek, bu yo’ldagi reaksiya va xavfsizlikni oshiradi.

Mototsikl tanlovi juda muhim ish. Bunga butun mas’uliyat bilan yondashing va safardan faqat zavq oling!

Telegram, Facebook, Odnoklassniki va VK-dagi kanallarimizga obuna bo’lishni va do’stlaringiz bilan qiziqarli layfxaklarni ulashishni unutmang!