Xitoydagi Lyosso platosi hududida bir necha ming yilliklar davomida odamlar g'or-uylarda (yaodun) yashab kelgan.

  •  
  •  
  •  
  •  

Aynan shu joylar Xitoy tamaddunining beshigi hisoblanadi: hududdagi tuproq juda mahsuldor bo’lgani uchun millat ham shu yerda shakllangan. Bugungi kunda mazkur hududda Shansi, Shensi, Gansu va Xenan provinsiyalari joylashgan. Ular uchun hozir ham ana shu g’orlar odatiy sanalib, ushbu imoratlar shunchaki aqlni shoshiradi: ular yer ostida yuzlab metrlarga cho’zilgan bo’lib, ustidan yo’laklar tortilgan butun bir yer osti qishloqlariga aylanib ketgan.

Dastlabki g’or-uylar taxminan 4 ming yil avval paydo bo’lgan, ammo bugun ham qariyb 40 million xitoylik shu kabi g’orlarda yashaydi. Yaodunlar Min va Sin sulolalari hukmronlik qilgan davrlarda keng ommalashgan. Darhaqiqat, ular yanada obodonlashtirilgan, lekin o’tgan asrlardagi uylardan kam farq qiladi. Yaodun o’z nomini xitoy tilidagi yaodong – “g’or uylar” iborasidan olgan. Lyosso platosi hududidagi tuproq uncha qalin bo’lmay, unga ishlov berish oson. Shu bois, yaodun yasha uchun ancha oqilona yo’l bo’lgan.

Xususan, tog’ yoki tepaliklar bag’rida o’yilgan g’or-uylar eng mashhurlari hisoblangan bo’lib, boshqalari aksincha qurilgan: hovli vertikal ravishda kavlanib, undan shundoqqina yer ostiga kirib ketgan bir nechta xona gorizontal tushgan.

Yaodunlar odatda kvadrat yoki to’g’ri to’rtburchak shaklida bo’lib, 6 dan to 11 metrgacha bo’lgan turli chuqurliklarda kavlangan. Ko’pincha uyga kirish yarim doira shaklida bo’lib, uni eshik bilan, kambag’allar esa mato bilan yopib qo’yishadi. O’ziga to’qroq odamlar g’orlarini g’isht bilan mustahkamlaydilar. Ko’pincha yaodunlar atayin yonma-yon quriladi va o’zaro tutashtiriladi. Shu tariqa, katta oila istiqomat qiladigan ko’p qavatli qishloq paydo bo’ladi.

Bugungi kunda aksariyat g’or-uylar modernizatsiyalangan: ularga kommunikatsiyalar ulangan, elektr ham mavjud. Yozda bu joylarda yoqimli salqinlik bo’ladi va havo harorati 20 darajadan oshmaydi. Qishda ham yetarlicha issiq bo’ladi. Ichida vannasi bor uch xonali yaodunning qiymati 46 ming dollardan oshishi mumkin.

2011 yilda g’or-uylar Xitoyning nomoddiy madaniy merosi ro’yhatiga kiritilgan bo’lib, hozirda ular qo’riqlanadi. Mahalliy hokimiyat ularni sayyohlik obidalariga aylantirishni ko’zlamoqda. Biroq, sayyohlar hozir ham yaodunni ijaraga olishlari mumkin: eng oddiy g’orning bir oylik ijara haqqi 30 dollardan boshlanadi.