Qornini to'ydirdik, ko'tarib yurdik, tagligini alishtirdik, qorin og'rig'idan dori berdik, qorinchasini siladik, grelka qo'ydik, qo'limizda tebratdik, so'rg'ich berib ko'rdik, alla kuyladik, ammo kichkintoy yig'lashda davom etyaptimi? Bolaning qorni to'qligi, unga sovuq yoki issiq emasligi, qorni og'rimayotganiga ishonch hosil qilgan bo'lsangiz, tinchlantirishning boshqa usullarini izlash vaqti kelgan.

  •  
  •  
  •  
  •  

Zamonaviy ota-onalarga internetda to’lib-toshib ketgan bir-biriga zid ma’lumotlar dengizida to’g’ri yo’nalish olish qanchalar qiyinligi hammaga ma’lum. Shuning uchun tahririyatimiz mashhur pediatrlar va mashhur bo’lmasada, aqlli ota-onalarning bolani tinchlantirishga oid tekshirilgan usullarini siz uchun jamladi.

Gamiltoncha ushlash

30 yillik ish tajribasiga ega pediatr Robert Gamilton 3 oygacha bo’lgan go’daklarda, ya’ni qorin og’riqlari bezovta qiladigan davrda yaxshi samara beradigan sodda va samarali usulni ishlab chiqdi.  Ushbu usulni keyinchalik ham qo’llashni hech kim taqiqlamaydi, shunchaki bolaning vazni ortishi bilan uni ushlab turish qiyinlashadi.

Usul ancha oddiy: bolaning qo’lchalarini ko’kragida tutashtirib, ustidan qo’lingiz bilan ushlab turishingiz, ikkinchi qo’lingiz bilan esa bolaning oyoqchalari orasidan ko’tarishingiz kerak. Go’dakni bunday holatda astalik bilan tepaga-pastga yoki bir tomondan ikkinchi tomonga tebratish zarur – u tezda tinchlanadi. Ishonmaysizmi? Videoni ko’ring.

Xarvi Karp usuli

Pediatr Xarvi Karp go’daklarni tinchlantirish bo’yicha usulida bola uchun onasining qornida his qilgan tuyg’ularini qayta yaratishga harakat qiladi. Usul 5 qadamdan iborat:

  1. Yo’rgaklash, chunki qorin ichi tor bo’lgan.
  2. Bolani o’z qo’lida yoniga yoki qorniga yotqizish.
  3. “SH-sh-sh” tovushi yoki oq shovqin.
  4. Onasi yurganida qorinda sezilgan yengil tepaga-pastga tebranish.
  5. So’rish – majburiy emas, ammo maqbul bosqich.

Oq shovqin va h.k.

Katta yoshdagi odam oq shovqinni yoqqanida, bunday narsa bilan qanday uxlash mumkinligini tasavvur qilish qiyin. Biroq, aslida oq shovqin ham, istalgan bir ohangdagi vishillovchi tovushlar ham haqiqatdan tinchlantiruvchi ta’sir ko’rsatib, uyquga ketishga yordam beradi.

Mustaqil ravishda “sh-sh-sh” tovushini chiqarish yoki maxsus ilovalarda variantlarni qidirib ko’rish mumkin: jumladan, fen, changyutgich, kir yuvish mashinasi, ventilyator, sharshara va hattoki poyezdning ovozi ham ajoyib natija beradi.

Oyoqchalar uchun tinchlantiruvchi uqalash

Go’daklar kattalarga nisbatan uqalashga ko’proq ta’sirchandir. Kichkina odamchada ham tinchlantiruvchi silashli to’liq uqalash, ham oyoqchalar uqalashini o’tkazish kerak. Bolaning tovonida uni tinchlantirishga yordam beradigan sohalar mavjud.

Asosiysi – oddiy tavsiyalarga amal qilishdir:

  • ikkala oyoqchani qo’lingizga olib, kaftlaringiz bilan tovonlarni mayin ushlab turing va katta barmoqlaringiz bilan uqalang
  • uqalashni oyoq yuzasining o’rtasidan boshlang va asta-sekin avval teparoqqa, keyin pastroqqa harakatlaning
  • jajji barmoqchalarga ozor yetkazmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan uqalang

“Om” mantrasi

Kaliforniyalik yosh ota Daniel Eyzenman o’zining Facebook tarmog’idagi sahifasida yig’layotgan mitti qizchasini “Om” mantrasi yordamida tinchlantirayotgani olingan videoni joylashtirdi. Video 41 milliondan ortiq marta ko’rilgan va 407 mingta sharh qoldirilgan.

Gap shundaki, mantraning tovushi go’daklarga ular onasining qornida bo’lgan vaqtda eshitgan tovushlarini eslatadi. Agar “Om” sizning farzandingizda ish bermasa, unga yurak urishining tovushlari yoki “qorin ichidagi tovush”ini yoqib berishga urinib ko’ring. Bunday tovushlarni go’daklar uchun tinchlantiruvchi tovushlar yozilgan aksariyat mobil ilovalarda topish mumkin.

Musiqiy asboblar

Agar musiqiy asbobni chala olsangiz, bu ustunlikdan maksimal darajada foydalaning. Albatta, tunlari uyqusiz o’tgan charchagan ota-ona bo’lsangiz, musiqa chalish hayolingizga ham kelmasligi mumkin, ammo bola uchun bu juda foydali bo’ladi. Musiqaning bolalarga ijobiy ta’siri hech kim uchun sir emas, ammo “jonli” asboblar yozilgan kuylarga nisbatan ustunligini yodda tutish darkor.

Masalan, yosh ota Napa Pisut o’zining YouTube tarmog’idagi kanalida rafiqasi bilan birga yig’layotgan qizini tinchlantirish usullarini o’rtoqlashdi. Bu usullar orasida gitarada kuy chalish ham bor. Qizaloq musiqa tovushlaridan soniyalarda tinchlanadi.

Fitbolda tebratish

Agar mittivoyingiz aravacha yoki karavotchasida tebranishni istamasa, qo’llarda uzoq vaqt tebratishning iloji bo’lmasa (chunki bu qiyin), uni fitbolda tebratishga urinib ko’ring. Bolani qo’lingizga olib, u bilan birga koptok ustiga o’tiring. Bolani qo’lda ushlab turish yoki qo’llar tez charchab qolmasligi va vazn og’irligi oyoqlarga tushishi uchun qo’llar holatini o’zgartirmasdan uni tizzalarga tushirish mumkin. Endi fitbolda yengil sakrashni boshlang. Tezlik va balandlikni sinab ko’rish orqali tanlash mumkin.

Aksariyat onalar bu hiylani qo’llaydilar: bola ham tez tinchlanadi, onaga ham uni tebratish ancha oson bo’ladi. Bir yo’la mushaklarni ham mashq qildirish mumkin. Bu usul ham go’dakni uxlatish vaqtida, ham shunchaki tinchlantirishda juda yaxshi samara beradi.

Sizda ham yig’layotgan go’dakni tezda tinchlantirish uchun hiylalar bormi.